|
Reja: Muzey kolleksiyasi
|
bet | 4/7 | Sana | 25.01.2024 | Hajmi | 61,41 Kb. | | #145449 |
Bog'liq Muzey kolleksiyasiMuzeyga 1870-yilda asos solingan. 2013-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, muzeyning yillik tashrif buyuruvchilari soni 6 226 727 tani tashkil etadi. Muzey direktori Maks Xollyayndir.
Muzey tarixi
Muzey 1870-yilning 13-aprelida bir guruh amerikalik ishbilarmonlar va san’at ixlosmandlari tomonidan tashkil etildi va birinchi marta 1872-yil 20-fevralda jamoatchilikka ochildi. Uning birinchi prezidenti Jon Teylor Jonson, ijrochi direktori esa Jorj Palmer Putnem edi. Ilk kirish chiptalari turli rangdagi kichkina dumaloq nishonlar bo‘lib, har bir hafta kunining nishoni turlicha ranglangan. Ularni ust kiyimlariga yopishtirish yoki esdalik sifatida olib qolish mumkin edi. 2014-yilda muzey metall nishonchalardan foydalanishni to‘xtatdi va stikerlarga o‘tdi.
Muzey 1880-yilda amerikalik me’morlar Kalvert Voks va Jeykob Moldlar tomonidan bozar uslubida qurilgan.
Muzey kolleksiyasi
Muzey uchta shaxsiy kolleksiya – 174 ta san’at asari, shu jumladan, Xals, Van Deyk, Tepolo va Pussenning ishlariga asoslangan. Muzey kolleksiyasi juda tez o‘sdi. Jon Kensett vafotidan so‘ng uning shaxsiy kolleksiyasidagi 38 ta rasm muzey tasarrufiga o‘tdi. Ammo faqat XX asrga kelibgina muzey dunyo miqyosida shuhrat qozondi. 1907-yilda muzey Ogyust Renuardan o‘zining birinchi rasmini sotib oldi.
Bugungi kunda “Metropoliten” o‘zining impressionistik va post-impressionistik to‘plamlari bilan faxrlanadi. Muzeyning doimiy to‘plamda ikki milliondan ortiq tasviriy asarlar mavjud. Unda juda katta gravyuralar to‘plami bor. Fotosuratlarning katta to‘plamlari orasida Uolker Evans, Diana Arbus, Alfred Stiglitz va boshqalarning ishlari bor.
2013-yil aprel oyida kolleksioner Leonard Lauder o‘zining kubizm yo‘nalishiga mansub 78 asardan iborat to‘plamini muzeyga sovg‘a qildi, undagi 33 asar Pikassoga tegishli edi.
Har yili muzeyning yangi xaridlarni o‘zida aks ettiruvchi “Yillik hisobot” nashr etiladi. 2017-yil fevral oyida muzey o‘z kolleksiyasidan 375000 ta raqamlangan san’at asarini ommaga taqdim etdi. Ushbu rasm va fotosuratlarni shaxsiy va tijorat maqsadlarida erkin ishlatish mumkin. Bundan tashqari, ularni tahrirlash va yangi kompozitsiyalar tarkibida ishlatish mumkin.
Kostyum instituti o‘zining har yili Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan Met Gala shousi bilan mashhur.
Kostyum san’ati muzeyi Eylin Bernstayn va Ayrin Levison tomonidan tashkil etilgan. 1937-yilda u “Metropoliten” san’at muzeyining tarkibiga kirdi va o‘z nomini Kostyum institutiga o‘zgartirdi. Bugungi kunda uning kolleksiyasida 35000 dan ortiq kostyum va aksessuar mavjud. Institut ilgari muzey binosining pastki qismida joylashgan “Poydevor” laqabli galereyaga ega edi.
Muzeyda Vogue jurnalining bosh muharriri Anna Vintur boshchiligidagi har yili o‘tkaziladigan Met Gala ko‘rgazmasi moda olamidagi nihoyatda ommabop hodisaga aylandi. Ta’kidlash joizki, 2007-yilda ko‘rgazmaga kirish uchun chiqarilgan 700 ta chiptaning har birining boshlang‘ich narxi 6500 AQSh dollarini tashkil etgan. Har bir ko‘rgazma modani ijtimoiy qadriyatlarning ko‘zgusi sifatida namoyish etadi va tarixiy uslublarni, ularning bugungi modaga qarab evolyutsiyasini ko‘rsatib beradi.
2014-yil 14-yanvardan boshlab Kostyum instituti majmuasi Anna Vintur nomi bilan atala boshlandi. Institut kuratori Endryu Bolton hisoblanadi.
Qurol-aslahalar bo‘limi
Muzeyning eng keng bo‘limlaridan biri turli davrlar va madaniyatlarda qo‘llanilgan qurol-aslahalarga bag‘ishlangan. Ushbu kolleksiyaning ilk eksponatlari 1881-yilda sotib olingan. 1904-yilda muzey Yevropa va yapon qurol-yarog‘larining ikkita yirik kolleksiyasini sotib oldi va bu kolleksiyalar tez orada xalqaro miqyosda mashhurlikka erishdi.
Eksponatlar orasida XV-XVI asrlarga oid Eron va Onado‘lidan kelgan qurol-aslahalar, shuningdek, Usmonlilar imperiyasi va mo‘g‘ullar davlatining marvaridlari bilan bezatilgan qurollar mavjud. To‘plam hajmi qariyb 14 ming dona eksponatni tashkil etadi, ular orasida hukmdorlar tomonidan ishlatilgan ko‘plab aslahalar, shu jumladan, Angliya qiroli Genrix VIII, Fransiya qiroli Genrix II va imperator Ferdinand I ning zirhlari ham bor.
Muzey bo‘limlari
Hozirgi kunda “Metropoliten”da quyidagi bo‘limlar mavjud:
Amerika dekorativ san’ati bo‘limi;
Amerika rassomligi va haykaltaroshligi bo‘limi;
Qadimgi O‘rta Sharq san’ati bo‘limi;
Qurol-aslahalar bo‘limi;
Afrika, Okeaniya va Amerika san’ati bo‘limi;
Osiyo san’ati bo‘limi;
O‘rta asr galereyasi bo‘limi;
Kostyum instituti;
Chizmalar va litografiyalar bo‘limi;
Qadimgi Misr san’ati bo‘limi;
Yevropa rassomchiligi bo‘limi;
Yevropa haykaltaroshligi va dekorativ san’ati bo‘limi;
Qadimgi yunon va Rim san’ati bo‘limi;
Islom san’ati bo‘limi;
Robert Leman to‘plami;
Kutubxonalar;
O‘rta asr san’ati bo‘limi;
Zamonaviy san’at bo‘limi;
Musiqiy asboblar bo‘limi;
Fotosuratlar bo‘limi.
|
| |