|
Jahon muzeylaridagi o‘zbek eksponatlari – Buyuk Britaniyada milliy liboslar, Rossiyada noyob namunalar va Yaponiyada “O‘zbekiston burchagi”
|
bet | 7/7 | Sana | 25.01.2024 | Hajmi | 61,41 Kb. | | #145449 |
Bog'liq Muzey kolleksiyasiJahon muzeylaridagi o‘zbek eksponatlari – Buyuk Britaniyada milliy liboslar, Rossiyada noyob namunalar va Yaponiyada “O‘zbekiston burchagi”
Etnografik kolleksiyalar ma’lum bir xalq hayotining o‘ziga xos jihatlarini namoyish etadi, uning etnik genezisi haqidagi ma’lumotlarni jamlaydi va kelajak avlodga yetkazib beradi. Jumladan, O‘zbekiston etnografik kolleksiyalari ham rang-barangligi, turli-tumanligi va ko‘p sonli ekani bilan ahamiyatga molik.
Jahonning yetakchi muzeylarida ham o‘zbek etnografiyasiga bag‘ishlangan boy ko‘rgazmalar mavjud. Jumladan, Rossiyadagi etnografiya muzeyi, Ermitaj muzeyi, Sharq davlat muzeyi, Buyuk Britaniyadagi Viktoriya va Albert muzeyi, Yaponiya etnografiya (Osaka shahri) muzeyi, Germaniyaning Berlin shahridagi etnografiya muzeyini fikrimizga dalil sifatida sanab o‘tishimiz mumkin.
O‘zbekiston amaliy san’atining XIX asr oxiri – XX boshlarida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona shaharlaridan yig‘ib, olib ketilgan nihoyatda boy kolleksiyasi (badiiy ishlov berilgan metall, sopol buyumlar) Stokholm xalq amaliy san’at muzeyi fondida ko‘z qorachig‘idek saqlanmoqda.
2004-yili Vashingtondagi mashhur Frir badiiy galereyasida o‘tgan asrning 60–70-yillarida O‘zbekiston hududidan sotib olingan ikat – abrbandi matolar kolleksiyasi namoyish etildi. Germaniyaning shaxsiy kolleksiyalari va muzeylarida o‘zbek so‘zanalarining nodir namunalari mavjud (O‘zbekiston madaniy merosi // Rossiya etnografiya muzeyi to‘plami. Kitob-albom. Toshkent, 2016. 6-bet).
Rossiya etnografiya muzeyi O‘zbekiston etnografik kolleksiyalarini saqlash va ularni namoyish etish bo‘yicha yetakchi maskanlardan biri sanaladi. Muzeyning oltin fondida Buxoro amiri tomonidan Rusiya hukmdorlariga sovg‘a sifatida jo‘natilgan oltin iplar bilan tikilgan to‘n, ot abzallari, qimmatbaho toshlar bilan ishlov berilgan kamarlar, kandakorlik buyumlari saqlanadi.
Bundan tashqari, doimiy ekspozitsiyada o‘zbek xalqining turmush tarzi, kundalik hayoti, urf-odat va an’analari, mehnat mashg‘ulotlari, turar-joylariga oid nodir manbalar namoyish etiladi. Muzey zallaridan o‘zbek etnografik hayotining faqat moddiy ko‘rinishlarigina emas, balki nomoddiy madaniyati ham o‘rin olgan. Jumladan, o‘zbek marosimlaridan biri hisoblangan sunnat to‘yiga oid videolavha multimedia qurilmalari imkoniyatlaridan foydalangan holda tomoshabin e’tiboriga havola etiladi.
Rossiya etnografiya muzeyida O‘zbekiston etnografik kolleksiyalarining shakllanish davri – muzey tashkil etilgan yil bilan bevosita bog‘liq. Muzey etnografiya bo‘limining ilk ekspeditsiyasi 1900-yilda bo‘lg‘usi muzeyni tashkil etish dasturi tayyorlanayotgan bir paytda O‘rta Osiyoga yo‘naltirilgan edi. Muzeyning O‘rta Osiyo yo‘nalishidagi ekspeditsiya to‘plash ishlarini o‘sha davrning atoqli sharqshunoslari, akademiklar S.Oldenburg, V.Bartold, V.Radlovlar nazorat qilgan.
Samarqand, Buxoro va Toshkentga hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlariga uyushtirilgan ekspeditsiya davomida S.Dudin tomonidan O‘zbekiston xalqlarining turmush madaniyatiga tegishli 2 mingdan ko‘proq buyum, jumladan, turli mehnat qurollari, deyarli barcha turdagi mahalliy kasb-hunarga oid bo‘lgan uskuna va ashyo namunalari, kiyim-bosh va taqinchoqlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va uning ichki bezaklariga oid noyob namunalar to‘plangan. Muzeyning Markaziy Osiyoga doir asosiy etnografik kolleksiyalari o‘tgan asrning 30-yillarida shakllantirilgan. Hozirgi paytda bu yerda O‘zbekistonga oid 20 mingdan ziyod an’anaviy-maishiy madaniyat ashyolari namunasi mavjud. Ular deyarli bir asr mobaynida to‘plangan (o‘sha manba, 22-26-betlar).
Etnografik ixtisoslikka ega bo‘lmagan, masalan, badiiy yoki amaliy san’at ixtisosligiga ega muzeylarda etnografik kolleksiyalar ekspozitsiyasini amalga oshirishda ko‘proq mavzu yo‘nalishi hisobga olinadi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Viktoriya va Albert muzeyida o‘zbek milliy liboslari va matolari shu uslubdan foydalangan holda ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Sankt-Peterburg shahridagi Ermitaj muzeyining Markaziy Osiyo san’ati bo‘limida ham etnografik buyumlar mavzu yo‘nalishini hisobga olish uslubidan keng foydalangan holda tomoshabinlar e’tiboriga havola qilinadi.
Yaponiyaning Osaka shahridagi etnografiya muzeyida “O‘zbekiston burchagi” mavjud. Unga professor Kyudzi Kato asos solgan. XX asrning 60-yillarida O‘zbekistonga tashrif buyurib, yurtimizga mehr qo‘ygan bu olim etnografik turmush tarzini o‘zida ifodalovchi kolleksiyalar yig‘a boshlaydi (o‘sha manba, 6-bet).
Jahonning yetakchi muzeylari ekspozitsiyasidan o‘rin olgan milliy eksponatlar boy madaniy merosimizni keng jahon ommasiga namoyish etib kelmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. ● Muzeyshunoslik fani. Uz
2 ● Ermitaj.Uz
3 ● Muzeyshunoslik Toshkent《TURON-IQBOL》2018
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
Jahon muzeylaridagi o‘zbek eksponatlari – Buyuk Britaniyada milliy liboslar, Rossiyada noyob namunalar va Yaponiyada “O‘zbekiston burchagi”
|