Musiqa san'atning ifodali turi tizimiga kiradi. Musiqa ham voqyea-
hodisalarni ifodali aks ettiradi. Ammo u me'morchilikdagi kabi fazo va moddiy
ashyo o'lchovlari bilan belgilanmaydi. Musiqa ko'rish orqali emas, balki eshitish
vositasida idrok qilinadi. Musiqa mavzui o'z xususityatiga ega bo'lib, inson va
voqyelikdagi barcha tomonlarni qamrab ololmagani uchun eng avvalo inson ichki
ma'naviy dunyosini, uning tuyg'u va kayfiyatini ifodalaydi. Musiqada tasviriy
tomon bo'lishi shart emas. Musiqa musavvirlik va haykaltaroshlikdan farqli tarzda
dunyo haqida tasavvurlar emas, balki tuyg'ular va kayfiyatlar hosil qiladi. Musiqa
voqyelikning his-tuyg'uli qiyofasini yaratadi. Musiqada tuyg'ular hayotiy
tuyg'ularning aynan o'zi bo'lmay, ular tanlab olingan, tasodifiy lahzalardan
tozalangan, muayyan orzular nuqtai nazaridan anglangan bo'ladi. Musiqa inson
hissiyotlari holatining barcha rango-rang tovlanishlarini aks ettirishga qodir. U eng
murakkab tuyg'ular, eng nozik kechinmalar va kayfiyat holatlarini ham ifoda eta
oladi. Musiqa vaqt mezoniga amal qilib, kechinmalarning o'zgarib turishlari,
avjlanishi va pasayishi jaraynlarini qamrab oladi.
Musiqa murakkab ijtimoiy tuyg'ularni, eng avvalo, hayotdagi nutq ohanglari
yoki harakat vaznlari aks etadigan ahloqiy (sevgi, nafrat,g'urur, qo'rquv) estetik
(san'at yoki tabiat nafosati, uluqvorlik, fojeali, kulgili) tuyg'ularni ifodalaydi.
Musiqa kayfiyat holatini ifodalashda imkoniyatga ega. Inson kayfiyati
murakkab hissiyot bo'lib, u hyech narsa bilan bog'lanmagan. Kayfiyat
umumlashgan xususiyatga ega bo'lib, undan ikkilamchi tomonlar chiqarib
tashlanadi va insonning voqyelikka bo'lgan tuyg'u munosabatini belgilaydigan eng
muhim tomonlari ajratib olinadi. Musiqaning kuch-qudrati shundaki, u shodlanish,
qayg'urish, xayol surish, bardamlik, tushkunlik va shunga o'xshash inson ruhiy
holatlarini xususiy va umumiy tarzda o'zaro bog'liqlikda, bir-biriga singib ketishida
namoyish qila oladi. O'zbek milliy musiqaning durdonasi bo'lgan «Shoshmaqom»
dastasida xalqning murakkab tarixi, kechinmalari, zavq-shavqi, qayg'u-hasratlari,
orzu-umidlari shu qadar teran, chuqur, nafis jozibali, ehtirosli ifoda topganki, go'yo
shirin xayollar dunyosi bag'riga kirib ketasan kishi.
Ifodali san'at tizimida raqs san'ati ham muhim o'rin tutadi. Raqs qadim
zamonlarda vujudga kelgan bo'lib, dastavval u maishiy turmush bilan bog'langan
ov, jang, e'tiqod timsollari edi. Raqs qadimgi odamlarni birlashtirishga,
uyushtirishga hissa qo'shgan bo'lib, uning bu xususiyatlari hozirgi kunda ham xalq
raqslarida saqlanib qolgan.
Raqs ixtisoslashgan badiiy faoliyatning nozik va murakkab ko'rinishiga,
kasb-koriga aylangan bugungi kunda u san'at turlari bilan hakorlikda amal qiladi.
Raqs musiqasiz namoyon bo'la olmaydi. Musiqa raqs to'qimasidan joy olib, uning
his-tuyg'uga ta'sir etish tizimini belgilab beradi.
Raqs san'ati teatr bilan ham chambarchas bog'liq, u tomoshali teatr
san'atining muhim belgilarini o'zida mujassamlashtirgan holda badiiy qiyofalar
yaratadi.
Raqs uchun inson tanasining mayin-egiluvchanligi asosiy omildir. Raqsni
inson tanasining musiqaviy ifodali harakatlari san'ati, deyish mumkin. Zero, inson
tanasining raqs vositasida nafis-mayin harakatini ifodalash imkoniyati uning badiiy
qiyofasi, «tili» asosidir. Musiqa-tovushlar ohangdorligi bo'lsa, raqs-ohangdor va
qoidalashgan harakatdir. U ohangli va qoidali harakatlar vositasi orqali inson ichki
dunyosini, uning eng nozik va chuqur kechinmalarini aks ettiradi. Raqsda ifoda
ustun darajada namoyon bo'ladi. Tasviriy tomon unga bo'ysunadi. Tasvir raqsda
imo-ishora (pantomima) ko'rinishida aks etadi. Imo-ishora san'ati mustaqil
maqomga ham ega bo'lib, raqs to'qimasiga uzviy bog'lanadi. Raqsda imo -
ishoraning ortiqcha o'rin olishi raqsning estetik imkoniyatlarini, ba'zan raqs
qiyofaliligini pasaytiradi.
Hozirgi zamon raqsi bir necha ko'rinishlarga ega; xalq va bazm raqslari,
sahna raqslari, akrobatik, vaznli, imo-ishorali raqslar va boshqalar. Xalq raqslari
bir vaqtning o'zida ham san'at turi, ham faoliyat turi tarzida namoyon bo'ladilar.
Sahna raqslarida ba'zan tasviriy tomon ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ovrupo
raqs san'atining oliy ko'rinishi balet raqsi hisoblanadi. Baletda raqs teatr va
dramaturgiya (libretto) bilan tarkibiy birlikni tashkil qiladi. Balet ir vaqtda ham
raqs turi, ham sahna asaridir. Balet badiiy qorishmaning eng murakkab xili
hisoblanadi va unda musiqa hamda raqs kuchi mujassamlashgan bo'ladi.
|