Tasviriy san'at tizimiga musavvirlik, haykaltaroshlik, chiziqli rasm (grafika)
mansub bo'lib, ularning vujudga kelishi insoniyat tarixining eng qadimgi davrlariga
borib taqaladi. qadimgi dunyo musavvirlari o'zlarining manfaat va ehtiyojlariga mos
bo'lgan timsollar yaratganlar. qoyalarda tasvirlangan jonivorlar voqyelik hodisalari,
hayot manzaralari o'rnini bosardi. Dastlabki tasvirdayoq estetik zarralar mavjud
bo'lsa ham, ular foydali-amaliy maqsadlarga bo'ysundirilgan tarzda ifodalagan edi.
San'atning endigina yuzaga kelayotgan shakllarida sog'lom his-tuyg'ular, idrok
yorqinligi va tiniqligi, kuzatish ziyrakligi namoyon bo'lardi. Bunda insonning o'z
atrofidagi olamni qiyofali yaratishga bo'lgan kuchli intilishi boshlang'ich shakllarda
namoyon bo'layotgan edi. Tasviriy san'at foydali-amaliy maqsadlar hukmronligidan
tobora «forig'lanib» badiiy faoliyatning ixtisoslashtirilgan shakliga aylanib bordi, bu
jarayon esa ko'p asrlarga cho'zilib ketdi.
Musavvirlik vositalari tizimida badiiy tuzilma (kompozisiya) katta ahamiyat
kasb etadi, musavvir yozuvchiga o'xshab voqyealarni ketma-ket aks ettirmaydi,
balki tasvirlanayotgan voqyeaning muayyan bir lahzasini ajratib olib, har birining
o'z o'rnini, asosiy belgilarini ko'rsatib beradi. Musavvirlikda badiiy tuzilma
(kompozisiya) fazoli tabiatga molik bo'lsa ham, tomoshabin hissini uyg'otadi.
Musavvir badiiy tuzilma va vazn orqali o'z asarining vaqtli doirasini kengaytiradi.
Musavvirlikning naqqoshlik, yodgorlik va dastgohlik ko'rinishlari mavjud.
Naqqoshlik aslida me'morchilik bilan bog'langan bo'lib, devoriy suratlarda, birinchi
navbatda, suvoq ustiga tushirilgan rasmda ifoda topadi. Bu dastgohlik ko'rinishidan
avval vujudga kelgan bo'lib, rassomchilikda uzoq vaqt yetakchilik qilgan.