|
Sh. O. Xolmurodov, I. R. Abdurazzoqov mediya va axborot savodxonligi
|
bet | 40/84 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 8,31 Mb. | | #230471 |
Bog'liq 1 Media va axborot savodxonligiMedia va ijodkor yoshlar
Media turli ideal, qadriyat va dunyoqarashlarni taklif etadi. Kasbiy nuqtai nazardan, yoshlar taqdim etilayotgan media modellar orqali o‘zining ijodiy qiyofasini belgilab oladi, turli mass-medialarda yetakchilik qilayotgan ustoz-jurnalistlar imiji bilan o‘zini qiyoslab ko‘radi. Teleko‘rsatuv, ijtimoiy media va kontentning boshqa ko‘rinishlari vositasida ijodkor yoshlar shaxsiy kontenti orqali o‘z qadriyatlarini va olam bilan munosabatlarini shakllantiradi.
Yaratilayotgan mediaresurs orqali ular o‘z tengdoshlariga ta’sir ko‘rsatishi, ijtimoiy xulq-atvor va xatti-harakatning ma’lum modellarini taklif etishi mumkin.
Ijodkor yoshlar mediakontenti o‘zlikni anglash va dunyoqarashni shakllantirish omili sifatida
Ijodkor yoshlar boshqa tengdoshlaridan o‘zini namoyon etishga bo‘lgan alohida intilishi bilan ajralib turadi. Ushbu jihat ular shaxsi va kasbiy dunyoqarashining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Medialar esa ular turli rollar, modellar va tajribalar vositasida o‘zining maqsad sari intilishini ko‘rsatish uchun universal makon sifatida xizmat qiladi. Bu o‘rinda gap ijodkor shaxs mustaqilligi, fikr va his-tuyg‘ularining anglanganligini nazarda tutuvchi o‘zlik haqida bormoqda. Shuning asosida ijodkor yoshlarda izchil tarzda yuqori darajadagi mustaqillik, o‘zini anglash va aniq natijalarni ko‘zlash asosida yuzaga keluvchi tanqidiy tafakkur shakllanadi.
Shubhasiz, yoshlarning o‘ziga baho berishi va o‘zligini anglashi tashqi ta’sirlardan holi bo‘lmaydi. Media ularga o‘ziga xos tarzda bosim o‘tkazadi. Chunki odatda, ular o‘zini namoyon etayotgan mediaresurs boshqalarning mehnati mahsuli ham bo‘lishi mumkin. Bunday holatda o‘z ichiga turlicha yo‘nalish va mazmundagi qadriyatlarni olgan mediaxabarlarni tanqidiy ko‘rib chiqish ko‘nikmasining mavjudligi muhim. Mediata’lim ijodkor yoshlarning ongini, o‘ziga va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatini rivojlantirishda, o‘zini olamning bir qismi sifatida tasavvur etishida turli imkoniyatlarni taklif etadi.21
Bu o‘rinda ularning o‘zlikni namoyon etishning qudratli vizual vositasi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga aralashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, ularda taniqli mediashaxslarga taqlid qilishni emas, balki yosh o‘zining fe’l atvorini, kasbiy qiyofasini, ijodiy “men”ini yaratish va mustahkamlashga xizmat qiladigan shaxsiy xatti-harakat modelini shakllantirish muhimdir.
Yosh jurnalistning ijodiy qiyofasi shakllanishiga qahramonlar timsollarining ta’siri Shubhasiz, ijodkorning shaxsiyati shakllanishida qahramon timsollari muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo ularning ta’siriga haddan ziyod tushib qolish ham shaxsiy “men”ning rivojlanishini cheklab qo‘yadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asaridan quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi: “Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimizni Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota–bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Toki yoshlarimiz milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin”
Sog‘lom tafakkur yosh avlodga medialarning atrofidagilarga, ularning xatti-harakati va intilishlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini to‘g‘ri anglab yetishiga yordam beradi. Shu bois, yosh jurnalist mediaqahramonlar timsolini qabul qilishda xuddi badiiy asar qahramonlarida bo‘lgani kabi ham ijobiy, ham salbiy jihatlar mavjudligini anglab yetishi zarur. Xususan, qahramonlar fe’l-atvorining mediakontentdagi talqini retsipiyentning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirishi ham, aksincha, o‘zi va boshqaning timsolini o‘z nuqtai nazaridan baholash qobiliyatini yo‘qqa chiqarishi ham mumkin. Shu tufayli yosh jurnalist doimiy ravishda o‘z ijodiy “men”ini takomillashtirishi uchun tinmay mehnat qilishi talab etiladi.
|
| |