|
Farg’ona tabiiy Geografik okrugi
|
bet | 52/171 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 1,66 Mb. | | #231734 |
Bog'liq attaestatsiya javoblari50. Farg’ona tabiiy Geografik okrugi
Farg‘ona tabiiy geografik okrugi Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan. Vodiy tabiati go‘zal va maftunkor, noz-ne’matlarga boy, jannatmakon okrug bo‘lib, uni «O‘rta Osiyo durdonasi» deb atashadi.
Vodiyning xaritadan ko‘rinishi bodom shaklida bo‘lib, shimoli g‘arbdan Mo‘g‘ultog‘, Qurama tog‘ tizmalari, shimoldan Chatqol tizmasi, sharqdan Farg‘ona tizmalari, janubdan esa Oloy va Turkiston tizmalari o‘rab turadi. Uning uzunligi g‘arbdan sharqqa 370 km ga cho‘zilgan, kengligi o‘rtacha 190 km, eng tor yeri — g‘arbida eni 9 km bo‘lib, «Xo‘jand darvozasi» deyiladi.
Farg‘ona vodiysining tekislik qismi Farg‘ona botig‘i deyiladi. Uning atrofini adir hamda tog‘lar o‘rab turadi.
Okrug tektonik botiqda joylashib, neogen davrining oxiri va quyi antropogen davrida dengizdan bo‘shab, quruqlikka aylangan. So‘ngra atrofidagi tog‘lardan boshlanadigan daryolar olib kelgan qum, gil, lyossimon jinslar bilan qoplangan.
Farg‘ona botig‘ining atrofini adir va tog‘lar o‘rab olgan bo‘lib, ular geologik tuzilishi jihatidan farqlanadi. Тog‘lar, asosan, paleozoy erasida sodir bo‘lgan gersin tog‘ hosil qilish jarayonida quruqlikka aylangan. Ular, asosan, paleozoy erasining slanes, ohaktosh kabi jinslaridan iborat. Farg‘ona vodiysida qazilma boyliklaridan neft, gaz, oltingugurt, tog‘ mumi, o‘tga chidamli gil, giрs konlari mavjud.
Okrug yerusti tuzilishi jihatidan, markaz tomon hamda sharqdan g‘arbga pasayib boradi. Atrofini o‘rab olgan adirlarning balandligi 600-1200 m bo‘lsa, Farg‘ona shahrida 578 m ga, Andijonda 496 m ga, Namanganda 449 m ga tushib qoladi. Okrugning sharqida mutlaq balandlik (Uchqo‘rg‘onda) 500 m bo‘lsa, g‘arbidagi Qo‘qon shahrida 405 m ga, Xo‘jandda 320 m ga tushib qoladi.
Farg‘ona okrugining markaziy qismi botiqdan iborat bo‘lib, nisbatan tekis. Undan Sirdaryo oqib o‘tib, uchta eski qayir hosil qilgan. Botiqning markaziy qismida Yozyovon va Qoraqalpoq cho‘llari bo‘lib, qum relyef shakllari — do‘nglar, o‘simlik bilan mustahkamlangan tepaliklar va kichik ko‘chib yuruvchi qumlik (barxan)lar mavjud. Hozir o‘sha qum do‘nglari va tepaliklarning ko‘p qismi tekislanib, ekinzorlarga aylantirilgan.
Farg‘ona vodiysining tog‘oldi qismida daryolar tog‘lardan keltirgan yotqiziqlardan paydo bo‘lgan konussimon yoyilmalar keng tarqalgan. Eng katta yoyilmani So‘x daryosi hosil qilgan. Konussimon yoyilmalar qadimdan dehqonchilik uchun o‘zlashtirilgan.
IQLIMI, SUVLARI, ТUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI
Iqlimi. Farg‘ona tabiiy geografik okrugi turli tomondan tog‘lar bilan o‘ralganligi tufayli shimoldan, shimoli sharqdan esuvchi sovuq va g‘arbdan esuvchi nam havo massalarining bevosita o‘tishiga to‘siq bo‘ladi. Shu sababli uning iqlimi issiq, quruq, davomli yoz hamda mo‘tadil qish bilan tavsiflanadi.
Qishda tabiiy okrugning atrofini o‘rab olgan tog‘lardan esadigan sovuq havo Farg‘ona botig‘ining markaziy qismida to‘planib qoladi.
Okrugda qishin-yozin havo harorati g‘arbdan sharqqa tomon hamda markaziy qismidan adirlar tomon pasayib boradi: Qo‘qonda yanvarning o‘rtacha harorati –2,2°C, iyulniki +27,5°C bo‘lsa, Kampirravotda yanvarniki – 4,8°C, iyulniki +24,9°C ni tashkil etadi.
Ba’zi yillari shimol va shimoli sharqdan sovuq havo massalari esib, tog‘lardan oshib o‘tishi natijasida okrug harorati pasayib ketadi. Ana shunday paytda eng sovuq harorat –26 –30°C ga tushadi.
Okrugda yoz issiq va quruq bo‘lib, iyul oyining o‘rtacha harorati +26 +27°C, eng issiq harorat esa +43 +44°C ga yetadi. Okrugda o‘simliklarning barq urib rivojlanish davri (vegetatsiya) 230 — 240 kun davom etib, harorat yig‘indisi 4400-4500°C ga yetadi.
Farg‘ona tabiiy geografik okrugining g‘arbiy qismida yog‘in miqdori 80-250 mm.
Okrugning sharqidagi tog‘oldi va adirlar qismiga yiliga 300-400 mm yog‘in tushadi. Okrugda yog‘inning asosiy qismi bahor va qish oylariga to‘g‘ri keladi. Yog‘inning bir qismi qor holida yog‘ib, u bir yilda 30-38 kun erimay turishi mumkin. Bahor oylarida ba’zan jala yog‘adi va bu selni vujudga keltirib, xo‘jalikka zarar keltiradi.
Okrugda qishda kuchli Bekobod shamoli vodiydan Mirzacho‘l tomon essa, bahor va kuzda Mirzacho‘ldan vodiy tomon Qo‘qon shamoli esib turadi.
Suvlari. Okrugdagi eng katta va sersuv daryolar— Norin, Qoradaryo va Sirdaryo hisoblanadi.
Norin daryosining uzunligi 578 km bo‘lib, qor-muz suvlaridan to‘yinadi. Uning o‘rtacha yillik suv sarfi Uchqo‘rg‘on yaqinida sekundiga 427 m.kub. Suv sarfining 80 foizi mart-sentabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Qoradaryo Farg‘ona va Oloy tizmalaridan boshlanuvchi Тor va Qora G‘ulja daryolarining qo‘shilishidan vujudga kelib, Baliqchi qishlog‘ida Norin bilan tutashadi. Uning uzunligi 180 km bo‘lib, qor-muz suvlaridan to‘yinadi. Yillik o‘rtacha suv sarfi Baliqchi qishlog‘i yonida sekundiga 123 m.kub bo‘lib, suv sarfining 46,4 foizi mart-iyun oylariga to‘g‘ri keladi.
Тabiiy geografik okrugning sharqidagi Farg‘ona tizmasidan Yassi, Ko‘gart, Qorao‘ngur, Moylisuv kabi daryo va soylar boshlanadi. Ular qorlarning erishidan to‘yinadi, eng ko‘p suv oqimi bahorda sodir bo‘ladi.
Okrugni shimol va g‘arb tomonidan o‘rab olgan Chatqol va Qurama tog‘laridan Chodaksoy, Kosonsoy, Namangansoy, Chortoqsoy, Podshoota, Qorasuv kabi daryolar boshlanadi. Ularning suvi may-iyun oylarida ko‘payadi.
Okrugning janubidagi Oloy va Тurkiston tog‘laridan Xo‘jabaqirg‘on, Isfara, So‘x (uzunligi 130 km, suv sarfi sekundiga 42 m.kub), Shohimardon, Isfayramsoy, Aravonsoy, Oqbura, Qurshab kabi daryolar boshlanadi. Bu daryo va soylar muz va qorlardan suv oladi, yillik oqimining 60 foizga yaqini iyul — sentabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Tuproqlari. Farg‘ona okrugining geologik va yer yuzasining tuzilishi, iqlimi, yerosti suvlarining xususiyatlari bir xil bo‘lmaganligi sababli uning tuproqlari ham xilma-xil. Uning markaziy past qismida, Sirdaryo qayirlarida o‘tloq, o‘tloq-botqoq, grunt suvi yuza joylarda botqoq-sho‘rxok, sho‘rxok, Yozyovon va Qoraqalpoq cho‘lida qumoq, qumli tuproqlar hosil bo‘lgan. Okrugning yerosti suvlari chuqur bo‘lgan tekislik qismida va adirlarda och tusli, oddiy (tiрik) va to‘q tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan.
O‘lkaning 300-500 m balandliklarida och tusli bo‘z tuproqlar (chirindi miqdori 1-1,5 foiz), 500-800 m balandliklarda oddiy bo‘z tuproq (chirindi miqdori 1,5-2,5 foiz) tarqalgan. Okean sathidan 800-1400 m balandliklarda to‘q tusli bo‘z tuproqlar (chirindi miqdori 3,5-4 foiz) tarqalgan.
O‘simliklari va hayvonot dunyosi. Okrugning markaziy qismidagi sho‘rxok yerlarda pashmak, baliqko‘z, seta, sho‘ra, yulg‘un, qumli yerlarida esa juzg‘un, quyonsuyak, saksovul o‘sadi.
Sirdaryo qayirlarida yantoq, yulg‘un, qamish, tol, yovvoyi jiyda uchraydi. Adirlarda bahorda rang, qo‘ng‘irbosh, shaytonkavush o‘sadi, ular yozda qurib qoladi, so‘ngra oq kavrak, oq shuvoq, qizil burgan, chalov o‘sishni davom ettiradi.
Okrugga tutashgan tog‘ yonbag‘irlarida archa, terak kabi daraxtlar ham o‘sadi.
Okrugning markaziy qismidagi qumli yerlarda kaltakesak, yumronqoziq, qo‘shoyoq, ilonlar hamda har xil hasharotlar yashaydi. Тo‘qaylarida chiyabo‘ri, qirg‘ovul, g‘oz va o‘rdak uchraydi.
Adirlarda toshbaqa, ilon, sichqon, yumronqoziq uchrasa, tog‘larida bo‘rsiq, bo‘ri, tulki kabi hayvonlar yashaydi. Suv havzalarida zog‘orabaliq, laqqabaliq, cho‘rtanbaliq, daryolarning tog‘li qismida qorabaliq (oybaliq) uchraydi.
|
| |