• Habib us-siyar fi azbor afrod ul-bashar” va Ғiyosiddin Xondamirning tarixiy asarlari
  • Abdullanoma” yoki “Sharafnomayi shohiy”
  • Akbarnoma” yoki “Iqbolnoma”
  • Tarixi olamoroyi Abbosiy”
  • Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor”
  • Tarixi kasira” yoki ”Tarixi sayyid Roqim”
  • Nomayi olamoroyi Nodiriy”
  • Tarjimai ahvoli amironi Buxoroyi sharif az amir Doniyol to asri amir Abdulahad”
  • Tarixi salotini Mang’itiya”
  • Tarixi jadidayi Toshkand”
  • Mavzu: O’rta Osiyoning XVI-XIX asrlar tarixiga oid yozma manbalar




    Download 0,99 Mb.
    bet91/113
    Sana29.05.2024
    Hajmi0,99 Mb.
    #256811
    TuriReferat
    1   ...   87   88   89   90   91   92   93   94   ...   113
    Bog'liq
    Tarix” kafedrasi “manbashunoslik va tarixshunoslik”

    6 Mavzu: O’rta Osiyoning XVI-XIX asrlar tarixiga oid yozma manbalar
    O’rta Osiyoning XVI-XIX asrlar tarixiga oid fors-tojik tilidagi yozma manbalar: Mulla Shodiy «Fathnoma», Fazlulloh ibn Ruzbexon «Mehmonnomai Buxoro», Xondamir «Habib as-siyar», Zayniddin Vosifiy «Badoe’ ul-vaqoe’», Mirzo Muhammad Haydar «Tarixi Rashidiy», Hofiz Tanish Buxoriy «Abdullanoma», Mahmud ibn Valiy «Bahr ul-asror», Xoja Samandar Termiziy «Dastur al-muluk», Muhammad Yusuf Munshiy «Tarixi Muqimxoniy», Mir Muhammad Amin Buxoriy «Ubaydullanoma», Abdurrahmon Davlat «Tarixi Abulfayzxon», Mir Muhammad Salim «Silsilat as-salotin», Muhammad Vafo Karminagiy «Tuhfai xoniy», Mir Olim Buxoriy «Fathnomayi sultoniy», Axmad Donish «Navodir al-vaqoe’», Abduazim Somiy «Tarixi salotini mang’itiya», Mirzo Salimbek «Tarixi Salimiy», Muhammad Solih «Tarixi jadidayi Toshkand», Niyoz Muhammad Xo’qandiy «Tarixi Shohruxiy». O’rta Osiyoning XVI-XIX asrlar tarixiga oid eski o’zbek tilidagi yozma manbalar: anonim «Tavorixi guzida» («Nusratnoma»), Muhammad Solih «Shayboniynoma», Zahiriddin Bobur «Boburnoma», Abulg’ozi Bahodurxon «Shajarayi tarokima», «Shajarayi turk va mo’g’ul», Munis va Ogahiy «Firdavs ul-iqbol», Mirzo Olim Toshkandiy «Ansob as-salotin».


    «Fathnoma»
    “Fathnoma” nomli tarixiy mavzudagi she’riy doston mualifi Mulla Shodiydir. Uning hayoti va ilmiy –adabiy faoliyotiga oid ma’lumotlar juda kam. Shayboniyxonning inisi Mahmud Sulton xizmatida bo’lganligi va uning topshirig’i bilan o’zining “Fathnoma” dostonini yozganligi, uni 1502 yili tugatgan bo’lib, ayni shu davrda 55 yoshda bo’lganligi ma’lum, xalos.
    “Fathnoma” tarixiy doston bo’lib, unda Shayboniyxon tavallud topgan 1451 yildan to Dashti qipchoq o’zbeklari tomonidan Samarqandning istilo etilishi, so’nggi marta 1501 yil iyun oyigacha bo’lgan asosiy ijtimoiy-siyosiy voqealar keng yoritilgan. Xorazm va uning Urganch, Vazir va Adoq singari shaharlari, Dashti qipchoqning aholisi, xususan mang’itlarning turish-turmushi, shuningdek, Shayboniyxon askarlarining Turkiston, Andijon, Buxoro, Dabusiya va Qarshi viloyatlarini ishg’ol qilganliklari haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud.
    Asar hozircha bironta tilga tarjima qilinmagan. Uning qo’lyozma nusxalari ko’pgina mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanadi. Rossiya va MDH mamlakatlarida “Fatxnoma” dostonining beshta qo’lyozmasi mavjud. Bulardan ikkitasi Sankt-Peterburg Davlat universiteti kutubxlnasida, ikkitasi Dushanbeda va bittasi O’zR FA Sharqshunoslik institutida (Inv. № 5369) saqlanadi. Toshkentdagi qo’lyozma juda qimmatli bo’lib XU1 asrda ko’chirilgan va unda turli mavzudagi 9-ta ajoyib miniatyura bilan bezatilgan.
    Shayboniynoma”
    “Shayboniynoma” fors tilida bitilgan she’riy doston bo’lib, uning muallifi atoqli shoir va tarixnavis olim Kamoliddin Binoiydir (1453-1512 yy.). Uning asli ismi Ali ibn Muhammad al-Haraviy. Ko’proq Kamoliddin Binoiy nomi bilan mashhur. Hirotda ko’zga ko’ringan me’mor ustod Muhammadxon Sabz oilasida dunyoga kelgan. O’shlik paytlari og’ir sharoitda, Shohruh Mirzo vafotidan keyin mamlakatda kuchayib ketgan toju taxt uchun kurash va o’zaro urushlar sharoitida kechdi.
    Ma’lumki, 1458 yili Qora qo’yunlular sulolasidan32 bo’lgan Jahonshoh (1438-1467 yy.) Xurosonga bostirib kirdi va Hirotni egalladi. Lekin oradan ko’p vaqt o’tmay, 1459 yili Temuriyzoda Sulton Abu Said Mirzo qo’shinlarining tazyiqi ostida poytaxt shahar va mamlakatni bo’shatib chiqishga majbur bo’ldi. Ushanda Jahonshoh yuz nafar hunarmand oilani o’zi bilan birga Fors viloyatiga olib ketdi. Bular orasida me’mor Muhammad Sabz va uning oilasi qariyb uch yil Sherozda istiqomat qilib, 1461 yili yana Hirotga qaytib keldi.
    Manbalarning guvohlik berishiga qaraganda, Kamoluddin Binoiy keng ma’lumotli kishi bo’lib, she’riyat, insho, ilohiyot, musiqa va tarix ilmlarini chuqur bilgan. Bundan tashqari u me’morchilik san’atida ham o’z zamonasining peshqadamlaridan hisoblangan. Muhammad Sabz va uning o’g’li ishtirokida qurilgan binolar Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida juda ko’p bo’lgan. Masalan, 1481 yili hozirgi Afg’onistonning Mozori sharif shahrida, eski nomi Xoja hayron, Ali ibn Abu Tolib (656-661 yy.) mozori tepasiga qurilgan muhtasham maqbara va boshqa binolar shular jumlasidandir. Shoir va olimning “Binoiy” deb taxallus tanlashi ham mana shundandir.
    Binoiy oradan ko’p vaqt o’tmay Tabrizga kelib qoldi va 1492 yilga qadar Sulton Ya’qub Oq Qo’yunlu (1478-1490 yy.) saroyida xizmat qildi. 1492 yili u yana Hirotga qaytdi. 1495 yili ayrim sabablarga ko’ra, o’zining so’zlariga qaraganda, ba’zi hasadgo’ylarning ig’vosi tufayli, Samarqandga ketib qoldi.
    Binoiy dastlab xoja Ubaydulla Ahrorning to’ng’ich o’g’li va sulukda vorisi xoja Qutbuddin Yaxyo, so’ng Zahiriddin Bobur, undan keyin 1501 yili to umrining oxirigacha, Shayboniyxon huzurida uning saroy shoiri va tarixchisi bo’lib xizmat qildi.
    1507 yili Binoiy Shayboniyxon bilan birga Hirotga keldi va1510 yilgacha ona shahrida istiqomat qildi. 1511 yili shaharga Ismoil Safaviy qo’shinlari yaqinlashishi bilan, u yana Movarounnahrga ketib qoldi va Qarshi shahrida kun kechirdi. Kamoluddin Binoiy 1512 yili Qarshi mudofaachilari safida turib shaharni Safaviylardan himoya qildi va o’sha jangda halok bo’ldi.
    Kamoliddin Binoiy iste’dodli shoir va ulkan tarixshunos olim sifatida tarixda qoldi. U Markaziy Osiyo, O’zbekiston va Qozog’istonning XV asrning so’nggi choragi va XV asrning boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’rganishda alohida qiymatga ega bo’lgan “Shayboniynoma” nomli tarixiy dostonini yozdi.
    Binoiyning“Shayboniynoma” asari ham“Tavorixi guzida, nusratnoma” va Mulla Shodiyning “Fatxnoma” asarlari bilan bir rejada yozilgan bo’lib, Shayboniyxon tavalludidan to Dashti qipchoq o’zbeklari tomonidan Movarounnahr va Xorazmni 1505 yili bo’ysundirilishiga qadar zu hududda bo’lib o’tgan tarixiy voqealar haqida hikoya qilinadi. Asar 1505-15-7 yillari orasida yozilgan.
    “Shayboniynoma”da 1450-1505yillar orasida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar qisqa, lekin aniq bayon etilgan. U muhim geografik, masalan, Sirdaryoning o’rta oqimida joylashgan Sabron, Sig’noq, Arquq, O’tror, Yassi, O’zgand, Oqqo’rg’on va Xorazmga tobe shaharlardan Urganch, Vazir, Buldumsoz, Adoq va boshqa joylar haqida hamda etnografik, masalan Dashti qipchoqlik o’zbek qabilalari va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi mavqei haqidagi dalillarga boy asardir. Bundan tashqari, asarda Shayboniy amirlar va askarlarining faoliyati haqida muhim ma’lumotlarni uchratish mumkin.
    “Shayboniynoma” asari matni chop etilmagan. Lekin uning qo’lyozma nusxalari ko’p tarqalgan. Faqat O’zR FA Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalari xazinasida yetti mo’‘tabar nusxa mavjud. Bulardan biri, inv.№ 844, eng qadimgi bo’lib, Shayboniyxon hayot chog’ida uning shaxsiy kotibi Muhammad Mo’min tarafidan ko’chirmlgan, ayrim satrlari esa Shayboniyxonning o’z qo’li bilan ko’chirilgan. Yana bir e’tiborli qo’lyozma raqami № 3422 bo’lib, ushbu asarning xorazmlik mashhur tarixchi va tarjimon Muhammad Yusuf Bayoniy (1858-1923 yy.) tomonidan qilingan o’zbekcha tarjimasidir. Kitobdan ayrim parchalar rus tilidagi majmualarda e’lon qilingan.
    Mehmonnomayi Buxoro”
    “Mehmonnomayi Buxoro” nomli O’zbekiston va Qozog’iston, balki Markaziy Osiyoning XV asr II - yarmi –XVI asr boshlaridagi voqealar bayoni mavjud qimmatli tarixiy asar ijodkori Fazlulloh ibn Ruzbexondir. Uning to’liq ismi Fazlulloh ibn Ro’zbexon al-Isfahoniy bo’lib, ko’pincha xoja Mullo nomi bilan mashhur bo’lgan. Ruzbexon 1457 yili Fors viloyatining Xunji qishlog’ida tavallud topgan. Otasi Jaloluddin Ruzbexon yirik ilohiyot va fiqh olimi, mansabdor bo’lgan.
    Fazlulloh ibn Ruzbexon asosiy ma’lumotni Isfahon maktablari va madrasalaridan birida oldi, so’ng bilimini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish maqsadida ikki marta 1474 va 1482 yillari Arabistonga bordi va yirik ilohiyot olimi shayx Jamoluddin Ardastoniy (1474 yili vafot etgan) hamda misrlik mashhur tarixshunos va tilshunos olim Shamsuddin Muhammad as-Saqaviy (1427-1497 yy.)dan ta’lim oldi.
    Xullas, Fazlulloh ibn Ruzbexon o’rta asr fanining birmuncha sohalarini, xususan, ilohiyot, fiqh, falsafa, tarix va Sharq adabiyotini keng va chuqur egallagan olim bo’lib yetishgan. Bu hol uning Sulton Ya’qub Oq quyunlu (1479-1490 yy.), Sulton Husayn Mirzo (1470-1506 yy.) Shayboniyxon, va, nihoyat Ubaydullaxon saroyida zo’r extibor qozondi va xizmat qildi. Bunda tashqari va eng muhimi, u bir necha fan sohalarida yirik asarlar yozib qoldirdi.
    Fazlulloh ibn Ruzbexon “Halli tajarrid” (“Abstraktsiyaning hal etilishi”), “Ta’liqot bar muxolot” (“Aqlga sig’madigan (narsalar)ning izohi”), “Badi’ uz-zamon fi qissayi Xayy ibn Yaqzon” (“Xayy ibn Yaqzon” qissasida zamon badialari”), “Tarixi olamoroyi Aminiy” (“Aminiyning olamga bezak bo’luvchi tarixi”), “Ibtol najh al-botil va axmol kashf al-o’til” (“Noto’g’ri yo’ldan voz kechish va bid’atni inkor etish”), “Suluk al-muluk” (“Podshohlarning xulq-atvori haqida (risola)”) va “Mehmonnomayi Buxoro” nomli asarlarni yaratgan.
    1509 yili yaratilgan “Mehmonnomayi Buxoro” asari Muhammad Shayboniyxonning 1508-1509 yil qish oylarida qozoq sultonlari Jonish Sulton, Ahmad Sulton va boshqalarning ulusi ustiga uyushtirgan harbiy yurishi tarixini bayon etadi. Bu yurish Fazlulloh ibn Ruzbexon keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, mazkur sultonlarning 1508 yilning kuzida va 1508-1509 yilning qish oylarida Movarounnahrning o’troq tumanlari ustiga qilgan talonchilik xurujlariga javoban u.shtirilgan. Fazlulloh ibn Ruzbexon bu .rishda shaxsan ishtirok etgan, yuz bergan voqealarning ko’pchiligini o’z ko’zi bilan ko’rgan, ba’zilarini esa xon va uning yaqin kishilaridan eshitgan. Asar XV asrning ikkinchi yarmiga oid, shuningdek, o’zbek va qozoq xon va sultonlarining kelib chiqishi hamda ularning o’zaro munosabatlari haqidagi voqealar esa Shayboniyxonning qo’lida bo’lgan “Nasabnoma” yoki “Tarixi Humoyun” deb ataluvchi kitob asosida yozilgan.
    “Mehmonnomayi Buxoro” asarining ko’lyozma nusxalari kam. Hozirgacha dunyoda uning faqat ikkita nusxasi borligi aniqlangan. Ulardan biri muallif dastxati bo’lib, O’zR FA Sharqshunoslik institutida 1414 tartib raqami ostida saqlanmoqda. Ikkinchisi Turkiyada, “Nuri Usmoniya” kutubxonasiga qarashlidir (Tartib raqami 3431). Ushbu qo’lyozma asosida asar matnini eron olimi Manuchehr Setude 1962 yili chop etgan. Ruscha qisqartirilgan tarjimasini R.P.Jalilova Moskvada 1976 yili nashr etgan.
    Asarning biz uchun qimmati shundaki, unda Dashti qipchoq, Turkiston va qozoq ulusi geografik holati, o’zbek va qozoqlarning kelib chiqishi, ularning etnik tarkibi, turmushi, urf-odati, shuningdek, boylarning xo’jaligida qul mehnatidan foydalanish hollari haqida benihoyat qimmatli ma’lumotlar uchraydi.
    Unda Gayboniyxonning qozoqlar ustiga yurishini g’ayridinlar ustiga yurish deb oqlashga harakat qilingan.
    Habib us-siyar fi azbor afrod ul-bashar” va Ғiyosiddin Xondamirning tarixiy asarlari
    “Habib us-siyar fi azbor afrod ul-bashar” (“Inson xabarlari va fardlarida do’stning tarjimai holi”) nomli mashhur tarixiy asar muallifi Ғiyosiddin Xondamirdir (1475-1535 yy.). Uning to’liq ismi Ғiyosiddin Muhammad ibn xoja Burxoniddindir. Otasi xoja Humomiddin Muhammad Temuriylardan Sulton Mahmud Mirzo (1459-1494 yillari Chag’oniyon, Huttalon, Qunduz, Bag’lon va Badaxshon hokimi)ning vaziri bo’lgan. Ona tarafidan tarixchi Muhammad Mirxond nabirasidir.
    Xondamir 15-16 yoshligi chog’ida Alisher Navoiyning e’tiborini qozonadi va uning kutubxonasiga xizmatga qabul qilinadi. U to Navoiy vafotiga qadar, yaeni 3 yanvar 1501 yilgacha xizmatda bo’ldi va boy kutubxonasiga mutasaddilik qildi. Xondamir o’zining keng va chuqur ma’lumotliligi, ilm-fanga chanqoqligi va salohiyati bilan ko’plarning tahsiniga sazovor bo’ldi. Uning haqida Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida mana bularni o’qiymiz: “Mavlono Xondamir Mirxondning farzandidir va salohiyatli yigitdir. Tarix ilmida mahorati bordir...”33
    Alisher Navoiy vafot etgandan keyin Xondamir mamlakatda kuchayib ketgan o’aro kurash, ayniqsa saroy afjiga mingan fmsqu fujurlar oqibatida Balxga ketib qoldi va Badi’uzzamon mirzo (1496-1506 yillari Balx hokimi, 1517 yida vafot etgan)ning shaxsiy krtib sifatida xizmatiga kirdi. 1507 yili Hirot Shayboniyxon tomonidan ishg’ol etilgandan keyin u Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga ketib qoldi. 1512 yili Bobur Movarounnahrdan siqib chiqarilgach, Xondamir Garjistonga bordi va to 1514 yilgacha Pasht qishlog’ida istiqomat qildi. U asosan ilmiy faoliyat bilan mashg’ul bo’ldi.
    1514-1517 yillari Xondamir Balx uchun kurash olib borgan Badi’uzzamon mirzoning o’g’li Muhammad Zamon bilan birga bo’lib, uning kotibi sifatida xizmat qildi. Muhammad Zamon Safaviylardan yengilgach, Xondamir yana Garjistonga qaytib bordi va ilmiy faoliyatini davom ettirdi.
    1521 yili Xondamir vazir Habibullo Sovajiyning taklifi bilan Hirotga qaytib bordi va uning topshirig’i bilan o’zining yirik tarixiy asari “Habib us-siyar”ni yozishga kirishdi. Oradan olti yil o’tgach, 1527 yilning iyuo oyida Xondamir Hirotni tark etdi va bu safar Hindistonga ketib qoldi. Qishni u Qandahorda kechirdi va 1528 yilning 17 sentyabrida Agraga kelib tushdi va Bobur xizmatiga qabul qilindi. Bobur vafotidan so’ng uning to’ng’ich o’g’li va taxt vorisi Humoyun (1530-1542, ikkinchi marta 1555-1556 yy.) bilan birga bo’ldi. Tarixchi Dehlida vafot etdi va vasiyatiga ko’ra mashhur Nizomuddin Avliyo mozorida Amir Xusrav yoniga dafn etildi.
    Xondamir sermaxsul olim edi. Movarounnahr, Turkiston, Yaqin va O’rta Sharq xalqlari tarixi va madaniyatiga oid o’nga yaqin asar yozib qoldirgan. “Xulosat ul-axbor” (“Tarixlar (xabarlar) xulosasi”), “Maosir ul-muluk” (“Podshohlar asrdoshlari”), “Nomayi nomiy”(“Atoqli maktublar”), “Makorim ul-axloq” (“Namunali xulq”) va “Habib us-siyar” shular jumlasidandir.
    Xondamirning ilmiy merosida “Habib us-siyar” nomli yirik tarixiy asari alohida o’rin tutadi va Movarounnahr hamda Xurosonning XV asr oxiri va XVI asrning birinchi choragi dagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’rganishda muhim va qimmatli manbalardan biri bo’lib xizmat qiladi. Asar 1521-1524 yillar orasida yozilgan. Lekin olim Hindistonda turgan yillari ham asari ustida muntaxam ish olib bordi, uni yangi dalillar bilan boyitdi, tahrir qildi. Kitob to’la ravishda 1529 yili yozib tamomlandi.
    “Habib us-siyar” umumiy tarix yo’nalishidagi asar bo’lib, muqaddima (iftitoh), xotima (ixtitom) va uch jild (mujallad)dan iborat. O’z navbatida har bir jild to’rt qism (juz)ga bo’linadi. Asarning I-II- jildlari amda III- jildning 1-2- qism, juzlari Turkiston xonlari, Chingizxon va uning Mo’g’uliston, Dashti qipchoq, Movarounnahr va Eronda hukmronlik qilgan avlodi, Mamlyuklar34, Kirmon Qlraxitoylari, Kartlar va Xuroson sarbadorlari tarixini o’z ichiga oladi. III - jildning 3- va 4- qismlari, juzlari esa yangi bo’lib, Xuroson va Movarounnahrning XV asrning 90- yillaridan to 1524 yilgacha bo’lgan ijtimoiy-siyosiy ahvolini chuqur va atroflicha bayon etadi.
    “Habib us-siyar” asarida katta yer egaligi, iqtisodiy ahvol, tinimsiz urushlar tufayli vujudga kelgan sharoit to’g’risida ayrim, diqqatga sazovor dalillar va ma’lumotlarni uchratamiz. Masalan, asarda o’z aksini topgan 1498 yilgi Samarqand qamali paytidagi shahar xalqining ayanchli ahvoli, 1512 yilgi Safaviylar tomonidan 17:49arshi shahrida uyushtirilgan qirg’in-qatli om, 1514, 1515 yillari Xurosonda yuz bergan qahatchilik va ochlik haqidagi ma’lumotlar ana shular jumlasidandir.
    Xondamirning ushbu asarida muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid, kr egaligi, tarxonlar, suyurg’ol egalari va ularning jamiyatda tutgan mavqei, Temuriylar davlatining ma’muriy tuzulishi haqida qimmatli ma’lumotlar bor. Shuningdek, asar etnografik va geografik ma’lumotlarga ham boydir.
    “Habib us-siyar” asarining qo’lyozma nusxalari ko’p. Asarning matni 1857 yili Bombay shahrida va 1954 yili Tehronda chop qilingan. Undan ayrim parchalar rus, frantsuz va ingliz tillarida turli to’plamlarda e’lon qilingan.
    Tarixi Rashidiy”
    “Tarixi Rashidiy” (1544-1546 yillarda Kashmirda yozilgan) mashhur asar muallifi Boburning kichik xolavachchasi Mirzo Muhammad Haydar bo’lib, uning ota-bobolari O’rtubu, Po’lodchi, Xudoydod, Said Ahmad, Sonsiz Mirzo, Muhammad Haydar, Muhammad Husayn turklashgan mo’g’ul urug’laridan dug’lot (mo’g’ulcha “dog’olot”-cho’loq) qabilasiga mansubdir. Ular Mo’g’uliston xonlari, Chig’atoylar davrida ulusbegi, Koshg’ar hokimi lavozimida turganlar. Olimning otasi amir Muhammad Husayn bir vaqtlar Andijonda Umarshayx Mirzo, so’ngra Toshkent hokimi Sulton Mahmudxon (1487-1508 yy.) xizmatida bo’lgan. U 1495-1503 yillari ana shu Sulton Mahmudxon nomidan O’ratepani idora qilgan.
    1503 yili Sulton Mahmudxon va Sulton Ahmadxon Axsi atrofida Shayboniyxon qo’shinlari tomonidan tor-mor keltirilgani va asir olinganini eshitib, amir Muhammad Husayn Qorateginga, undan Qunduz, so’ng Hirotga, Sulton Husayn huzuriga qochib bordi. Muhammad Husayn ko’p o’tmay Kobulga, Bobur Mirzo huzuriga keldi. 1507 yilgi Boburga qarshi fitnada ayblanib, yana Hirotga qochib bordi. 1508 yili Shayboniyxonning amri bilan Muhammad Husayn qatl etilgan.
    Muhammad Haydar 1500 yili Toshkentda tug’ildi. Otasining o’ldirilganidan keyin Muhammad Husaynga sodiq kishilar uni birmuncha vaqt Buxoroda asradilar, so’ng Badaxshonga olib borib qarindoshi Sulton Uvays Mirzoning, Xon Mirzo deb atalgan, qo’liga topshirdilar. Muhammad Haydar keyincha Kobulga keldi va Bobur xizmatida 1512 yilgacha bo’ldi. 1512 yil kuzida u Andijonga, Sulton Sa’idxon huzuriga keldi va u bilan qo’shilib Koshg’arga ketib qoldi. Sulton Sa’idxon ko’p o’tmay bu yerda Abubakr dug’lot ustidan g’alaba qozondi va Koshg’ar hamda O’rkandni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.
    Muhammad Haydar 1533 yilgacha, ya’ni Sulton Sa’idxon vafotiga qadar, uning xizmatida bo’ldi. Dastlab xonzoda Abdurashidxonga tarbiyachilik-otalik qildi, so’ng yirik harbiy bo’linmalarga qo’mondonlik qildi va xonning Badaxshon, Lodak, Kofiriston va Tibet ustiga qilgan harbiy yurishlarida faol ishtirok etdi.
    Otasi o’rniga o’tirgan Abdurashidxon (1533-1570 yy.) dug’lot amirlarini ta’qib ostiga oldi, ularning ba’zilarini qatl etdi. Bularning orasida Muhammad Haydarning tog’asi Said Muhammad mirzo va qarindoshlarining ko’pchiligi bor edi. Tibetda bo’lgan Muhammad Haydar bundan xabar topib, Badaxshon tarafga qochdi va ko’p mashaqqatlardan keyin Kobulga, Bobur Mirzoning o’g’illaridan Komron Mirzo huzuriga keldi, so’ng u yerdan Agraga, Humoyun podshoh huzuriga bordi va uning xizmatiga kirdi.
    Muhammad Haydar 1541 yili, Humoyunning harbiy yordami bilan, Kashmirni bo’ysundirdi va u yerda qariyb 10 yil hukmronlik qildi. U 1551 yili tog’lik qabilalarning biri bilan bo’lgan to’qnashuv paytida halok bo’ldi.
    Muhammad Haydar zamonasining o’qimishli va keng ma’lumotli kishilaridan edi. Boburning guvohlik berishiga qaraganda, u durustgina shoir, xattot, rassom, shuningdek, nayza va kamon yasovchi usta bo’lgan. Muhammad Haydarning bizning zamonamizgacha ikki yirik asari yetib kelgan. Bulardan biri “Jahonnoma” deb atalib, ertak tarzida yozilgan. Uning yagona qo’lyozmasi Germaniyaning Berlin shahri kutubxonalaridan birida saqlanmoqda.
    Olimning ikkinchi yirik va mashhur asari “Tarixi Rashidiy”dir. Kitob ikki qism, davtardan iborat bo’lib, birinchi qismida Mo’g’uliston xalqlarining tarixi Tug’luq Temur (1348-1363 yy.)dan to Abdurashidxonning taxtga o’tirgani (1533 y.)gacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.
    Asarning birinchi davtari turli naql-rivoyatlar, shuningdek, O’qut Hamaviyning “Mo’‘jam ul-buldon”, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”, Rashiduddinning “Jome’ ut-tavorix”, Jamol Qarshiyning “Mulhaqot us-suroh”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirzo Ulug’bekning “Tarixi arba’ ulus” va nihoyat, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’ us-sa’dayn” kitoblaridagi ma’lumotlar asosida yozilgan. Lekin unda ham Markaziy Osiyoning XIV-XV asrlardagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid yangi, asl nusxada bo’ladigan ma’lumotlar ko’p. Qolaversa, birinchi daftar Koshg’ar, Qozog’iston, shuningdek, Movarounnahr va Turkistonning XIV-XVI asr boshlaridagi siyosiy tarixini mukammal qamrab olishi bilan qimmatlidir.
    Ikkinchi daftar birinchisidan keskin farqli o’laroq, esdalik, xltiralar tarzida yozilgan bo’lib, Koshg’ar, Movarounnahr, Afg’oniston hamda Shimoliy Hindistonning XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini o’rganishda asosiy va qimmatli manbalardan hisoblanadi.
    Muhammad Haydar va uning “Tarixi Rashidiy” asari o’tgan asrning o’rtalaridan beri ilmiy jamoatchilikning diqqat-e’tiborini jalb etib keladi. Uning ayrim qismlari uyg’ur, o’zbek va rus tillariga tarjima qilingan. Asarning qisqartirilgan inglizcha tarjimasi bo’lib, 1895 yili Londonda nashrdan chiqqan. To’la ruscha tarjimasi so’z boshi va zarur izohlar bilan, 1996 yili Toshkentda chop etilgan.
    “Tarixi Rashidiy” asarining qo’lyozmalari Sankt-Peterburg, Toshkent, shuningdek, ko’pgina xorijiy mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda.
    Ahsan ut-tavorix”
    “Ahsan ut-tavorix” 12 jilddan iborat umumiy tarix yo’nalishida yaratilgan yirik asar bo’lib, uning muallifi XVI asrda o’tgan eron tarixchisi Hasanbek Rumludir. Tarixchi yirik harbiy sarkarda oilasiga mansub bo’lib, bobosi Amir Sulton (1539-1540 yili vafot etgan) o’z vaqtida Qazvin hamda Soujbuloq hokimi bo’lgan. Hasanbek 1530-1531 yillari Qum shahrida tug’ilgan, yaxshi o’qib ta’lim olgan va 1541-1542 yildan boshlab otasi bilan birga qurchi bo’lib shoh Tahmosib (1524-1576 yy.)ning harbiy yurishlarida qatnshgan va asarida yozilgan voqealarning ko’plarini o’z ko’zi bilan ko’rgan.
    XII jildli “Ahsan ut-tavorix” asarining faqat XI-XII jildlari saqlanib qolgan bo’lib, ularda 1405-1577 yillar orasida Eronda, shuningdek, Movarounnahr, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon va Gurjistonda bo’lib o’tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar yilma-yil bayon etilgan. Asarning 12 jildi butunlay yangi hisoblanadi va unda asosan Eronning 1495-1577 yillardagi syosiy tarixini o’z ichiga oladi. Asar 1572-1577 yillari yozib tamomlangan.
    Hasanbek Rumluning asarida Safaviylar sulolasiga mansub shohlar ta’riflanadi, ularning faoliyati va bosqinchilik urushlari bir tomonlama yoritiladi. Asarda 1495-1577 yillar orasida qo’shni mamlakatlar, shuningdek, O’rta Osiyo xonliklari, Buxoro, Xiva bilan bo’lgan siyosiy munosabatlariga oid qimmatli ma’lumotlar ko’p. Bobur bilan shoh Ismoil o’rtasida Shayboniylarga qarshi tuzilgan harbiy-siyosiy ittifoq, Shayboniylar bilan Eron shohlari o’rtasidagi Xuroson uchun uzoq yillar davom etgan qurolli kurash va uning oqibatlari, Xorazmning XVI asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli haqidagi maxlumotlar ana shular jumlasidandir.
    “Ahsan ut-tavorix”dan ayrim parchalar rus va gruzin va nemis tillariga o’girilib, to’plamlarda chop etilgan. Forscha matni, inglizcha tarjimasi bilan birga, 1931 va 1934 yillari Ch.N.Seddon tarafidan Hindistonning Baroda shahrida chop qilingan.
    Abdullanoma” yoki “Sharafnomayi shohiy”
    “Abdullanoma” yoki “Sharafnomayi shohiy” asarining ijodkori XVI asrda o’tgan buxorolik shoir va yirik tarixchi olim Hofiz Tanish Buxoriydir. U 1549 yili Buxoroyi sharifda nufuzli mansablor xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Mir Muhammad al-Buxoriy Buxoroning ko’zga ko’ringan boyonlaridan bo’lib, shayboniy Ubaydullaxonning yaqin kishilaridan bo’lgan, 1550 yilning boshlarida Koshg’arga ketib qolgan va oradan ikki yil chamasi vaqt o’tgach, o’sha .rtda vafot etgan.
    Hofiz Tanish Buxoriy o’z davrining chuqur va keng ma’lumotli kishilaridan bo’lib, 1584 yili Abdullaxon soniyning (1583-1598 yy.) yaqin odami Qulbobo ko’kaltoshning tavsiyasi bilan Abdullaxonning xizmatiga qabul qilingan va uning shaxsiy voqeanavisi, tarixchisi vazifasiga tayinlangan. Hofiz Tanish Buxoriy umrining oxirigacha shu lavozimda ishlagan. Maleho Samarqandiyning ma’lumotiga ko’ra, Hofiz Tanish 1589 yili xotini tarafidan zaharlab o’ldirilgan.
    Hofiz Tanish o’zining “Abdullanoma” yoki “Sharafnomayi shohiy” asari bilan nom chiqargan. Kitobda O’zbekiston, Qozog’iston, shuningdek, qisman, Afg’oniston va Eronning XVI asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixi bayon qilinadi. Undan tashqari, asarda Buxlol xonligi bilan Eron, Hindiston, Koshg’ar va Rossiya o’rtasidagi munosabatlar haqida ham qimmatli ma’lumotlar bor. Asar XVI asrning 80-yillari oxirida yozib tamomlangan. Hofiz Tanishning zamondoshi shoir va adabiyotshunos olim Mutribiyning guvohlik berishiga qaraganda, asarning oxirgi qismini, xonning topshirig’i bilan, qozi Poyanda Zominiy (1602 yili vafot etgan) yozgan. Lekin bu fikrni boshqa manbalar tasdiqlamaydi.
    “Sharafnomayi shohiy” asari muallifning rejasiga ko’ra, muqaddima, ikki qism yoki maqola va xotimadan iborat qilib yozilishi mo’ljallangan. Masalan, muqaddima, odatdagidek Allohning madhu sanosi, homiy, oliy hukmdor Abdullaxonning sha’niga aytiladigan ta’rifu tavsif, asarning yozilishi tarixi, Abdullaxonning ota-bobolari, qadimda Markaziy Osiyoda istiqomat qilgan turk-mo’g’ul qavmlari, Chingisxon va uning avlodi haqida ma’lumot, birinchi maqolada Movarounnahrda 1533-1583 yillar orasida sodir bo’lgan voqealar, ikkinchi maqolada esa O’zbekiston, Qozog’istonva qo’shni xorijiy mamlakatlarda 1583 yildan keyin yuz berishi mumkin bo’lgan voqealar, xotimada esa Abdullaxonning olijanob fazilatlari, uning bilan zamondosh bo’lgan shayxlar, olimlar, shoirlar, vazirlar va amirlar, shuningdek, Abdullaxon zamonida qurilgan binolar haqida ma’lumot bkrishi mo’ljallangan. Lekin, asar yozilishi jarayonida reja o’zgargan – birinchi va ikkinchi maqolalar qo’shib yozilgan, xotia esa muallifning bevaqt vafoti sababli yozilmay qolgan.
    Muallif asar muqaddimasini yozishda Narshaxiyning “Tarixi Buxoro”, shayxulislom Safiuddin Abubakr Abdullo Balxiyning “Fazoili Balx”, Istaxriyning “Kitob masolik ul-mamolik”, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”, Raziduddinning “Jome’ ut-tavorix”, Mirxondning “Ravzat us-safo”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” va Muhammad Haydarning “Tarixi Rvshidiy” asarlarida keltirilgan ma’lumotlardan foydalangan. XVI asrning 30-60- yillari orasida yuz bergan voqealar saroyda muntazam yuritib turiladigan kundalik daftar, sodir bo’lgan muhim siyosiy voqealarning shohidi bo’lgan keksa kishilarning og’zaki axborotlari asosida, 70-80-yillar voqealari esa muallifning bo’lib o’tgan voqealarda shaxsan o’zi qatnashib to’plagan daliliy ma’lumotlar asosida yozilgan.
    “Sharafnomayi shohiy” asari nasriy qofiyali, ya’ni saj – murakkab badiiy uslubda yozilgan. Unda she’riy parchalar Firdavsiy, Rudakiy, Sa’diy, Kamoliddin Binoiy, Mushfiqiy va muallifning o’z she’rlari, “Qur’oni karim” oyatlari, “Hadis sharif”lardan parchalar ham ko’p.
    Kitobda siyosiy voqealar bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy mavzudagi ma’lumotlar, masalan, yer egaligining iqto, suyurg’ol, tanhoh kabi shakllari, turli-tuman soliq va jarimalar, masalan, xiroj, ixrojot, tag’or, ulufa, qo’nalg’a, madadi lashkar, boj, tomg’a, begar; o’lja va uning jamiyatdagi o’rni, asirni qulga aylantirish hollari; O’zbekistonning yirik shaharlari va hunarmandchilikning umumiy ahvoli; Shayboniylar davlatining ma’muriy tuzulishi, Buxoro xonligi bilan Rossiya, Hindiston va Koshg’ar o’rtasidagi munosabatlar haqida qimmatli dalil va ma’lumotlar mavjud. Bundan tashqari, asar etnografik, masalan, o’zbek xalqi tarkibiga kirgan urug’ va qavmlar nomlari hamda topografik ma’lumotlar, masalan, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Termiz, Ko’lob, Balx kabi yirik shaharlardagi diqqatga sazovor binolar, osoru atiqalar, shuningdek, mazkur shaharlarninggeografik holati va topografiyasi haqidagi axborotlarga nihoyatda boydir.
    Ushbu asarning qo’lyozma nusxalari ko’p, asl matnini uchdan ikki qismini Sankt-Peterbkrglik olima M.Salohutlinova ruscha tarjimasi bilan chop etgan. Kitob 1942-1952 yillari Sodiq Mirzaev va oxirgi qismi Yu.Hakimjonov tomonidan 60- yillarda o’zbek tiliga tarjima qilinib, 1-2- jildlari, zarur tuzatishlar, tadqiqot va izohlar bilan 1966 va 1969 yillari B.Ahmedov tomonidan chop qilingan. 3-4- jildlari bosilmay qolgan edi. 1995-1997 yillari ikki kitob holida B.Ahmedov tomonidan nashr etildi.
    Akbarnoma” yoki “Iqbolnoma”
    “Akbarnoma” yoki “Iqbolnoma” nomli asar muallifi Abulfazl Allomiydir. U XVI asrda Hindistonda yashagan yirik tarixnavis olim va davlat arbobidir. Olimning nomi Abulfazl ibn Muborak bo’lib, bilim doirasi juda keng bo’lgani uchun Allomiy, bilimlar sohibi deb atashganlar. U 1551 yil 14 yanvarida Agrada tug’ilgan. Otasi shayx Muborak ibn Xizr o’z davrining mashhur ilohiyot olimlaridan hisoblangan. Akasi Abulfayz yirik shoir va olim bo’lgan.
    Abulfazl Allomiy 1574-1602 yillari Boburning nabirasi Jaloluddin Muhammad Akbar (1556-1605 yy.)ning Bosh vaziri bo’lgan va Hindistonning XVI asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy hayotida katta rol o’ynagan. 1602 yil 22 avgustda Dekan subasidan qaytib kelayotganida, shahzoda Sulton Salim, bo’lg’usi Jahongir yollagan qotil tomonidan yo’l kstida o’ldirilgan.
    Abulfazl Allomiyning asosiy asari “Akbarnoma” yoki “Iqbolnoma” Hindiston va Afg’onistonning XVI asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixidan baxs yuritadi. Ma’lum darajada “Vaqoe’” yoki “Boburnoma” asarini davomi sifatida yaratilgan bu ulkan asar uch kitobdan iborat. Birinchi kitobda Akbarning tug’ilishi, ota-bobolari – Bobkr, Humoyun, shuningdek Akar podshohligining dastlabki 17 yil ichida bo’lib o’tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar bayon qilinadi.
    Ikkinchi kitob Hindiston va qisman Shimoliy Afg’onistonning 1573-1601 yillardagi tarixini o’z ichiga oladi.
    Uchinchi kitobda Boburiylar davlatining tuzilishi, Hindistonning ma’muriy tarkibi, aholidan yig’iladigan soliq hamda jarimalar va ularning miqdori, hindlarning dini va urf odatlari kabi masalarga keng o’rin berilgan. Uchinchi kitob mustaqil mazmunga ega va uni “Oyini Akbari” (“Akbar qonunlari”) nom bilan ataladi.
    “Akbarnoma” asarining matni 1872-1877 yillari, G. Beverij tomonidan inglizchaga qilingan tarjimasi 1903-1921 yillari Kalkuttada chop etilgan.
    “Akbarnoma” Boburiylar saroyida muntazam yuritilgan maxsus kundalik davtar, rasmiy davlat hujjatlari, shuningdek, bo’lib o’tgan voqealarning ishtirokchilari bo’lgan, yoki o’sha voqealarni bilgan kishilarning og’zaki axborotlari asosida yozilgan. Asarning noyobligi va qimmatligi ham shundandir.
    Abulfazl Allomiy asari Boburiylar davlati va Buxoro xonligi o’rtasidagi siyosiy va madaniy munosabatlarni o’rganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi.
    Musaxxir al-bilod”
    “Musaxxir al-bilod” (“Mamlakatlarni bo’ysundirkvchi”) nomli asarning muallifi Muhammadyor ibn Arab Katagondir. Uning hayoti va ilmiy-adabiy faoliyatiga oid ma’lumotlar kam. O’zining so’zlariga qaraganda, u XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asr boshlarida yashab o’tgan, Shaybniy Abdullaxon soniy va Ashtarxoniylardan Boqi Muhammadxon (1603-1606 yy.)ning xizmatida bo’lgan.
    Muhammad ibn Arab Kattagon va uning “Musaxxir ul-bilod” asari yaqin vaqtlargacha ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum bo’lmagan, qolaversa asar haqida turlicha, ko’p hollarda bir-biriga zid fikrlar hukm suradi. Masalan, K.G.Zaleman (1849-1916 yy.) “Musaxxir ul-bilod”ni Hofiz Tanish Buxoriyning “Sharafnomayi shohiy” asarining qisqartirilgan nusxasi, deb aytgan35 bo’lsa, ingliz sharqshunosi Ch.A.Stori hamda “Sobranie vostochnыx rukopisey AN UzCCR” ketalogini tuzuvchilari uni “Tarixi Shayboniy” deb ataganlar36. Yaqinda Sankt-Peterburglik olima M.A.Salohitdinova “Musaxxir ul-bilod”ni mustaqil asar ekanligini aniqladi va asar hamda uning muallifi haqida qisqa ilmiy axborot e’lon qildi.
    “Musaxxir ul-bilod” Shayboniylar sulolasining Abulxayrxondan boshlab shajarasi bayoni bo’lib, O’zyuekiston va Qozog’istonning XV-XVI asrlardagi tarixini o’rganishda muhim qo’llanmalardan biri hisoblanadi. Asar 1610 yil atrofida yozilgan.
    Kitob tarkibi muqaddima va olti bobdan iborat.
    Birinchi bob Abulxayrxonning o’g’li va taxt vorisi Shoh Bulog’ Sulton, uning o’g’illari Muhammad Shohbaxt, Shayboniyxon va Mahmud Sulton hamda udarning avlodi tarixini o’z ichiga oladi.
    Ikkinchi bobda Ko’chkunchixon (Ko’chumxon) va uning Samarqandda hukmronlik qilgan avlodi tarixi bayon etilgan.
    Uchinchi bobda Suyunchxojaxon va uning Toshkent hamda Turkistonda hukmronlik qilgan avlodi tarixi keltirilgan.
    To’rtinchi bobda xoja Muhammadxon va uning Movarounnahrda podshohlik qilgan avlodi tarixi keltirilgan.
    Beshinchi bob Abdulmo’minxonning taxtga o’tirishi (1598 y.) va qisqa hukmronligi haqida.
    Oltinchi bobda Buxoroning diqqatga sazovor joylari, muallif bilan zamondosh bo’lgan va Buxoroda istiqomat qilgan shayxlar, olimlar va shoirlar haqida qisqacha ma’lumot beriladi.
    “Musaxxir ul-bilod” kam o’rganilgan, qo’lyozma nusxalari ham kam. Hozir uning faqat qo’lyozma nusxasi ma’lum: biri O’zR FA Sharqshunoslik institutida (Inv.№ 1505), ikkinchisi Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg bo’limida (Inv.№ S. 465) saqlanmoqda. Afsuski, ikkala nusxa ham to’la emas. Birinchi nusxada muqaddima va birinchi bobning katta qismi yetishmaydi, ikkinchi nusxaning esa eng kerakli V-VI boblari yo’q.
    Asarning I-IV boblarida XVI asr tarixiga oid manbalarni, xususan “Sharafnomayi shohiy”dek yirik asarlarni ham ma’lum darajada to’latuvchi, ularda bayon etilgan voqealarga aniqlik kirituvchi qimmatli ma’lumotlar ko’p. Shayboniyxon tomonidan 1507 yili o’tkazilgan pul islohoti; Shayboniylar o’rtasida kelishmovchiliklar va o’zaro nizolar, uning sabablari; Shayboniylar bilan qozoq xonlari o’rtasidagi siyosiy munosabatlar; o’sha zamonlarda Sirdaryo bo’yida istiqomat qilgan qoraqalpoqlar va ularning XVI asrning oxiri va XVII asr boshlaridagi ahvoli; Toshkent, Turkiston, Sayram, Andijon va Axsiket kabi shaharlarning XVI asrning so’nggi choragidagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar shular jumlasidandir.
    Haft iqlim”
    “Haft iqlim” (“Yetti iqlim”) nomli geografik-biografik asarining ijodkori mashhur adabiyotshunos olim Amir Ahmad Roziydir. U asli Eronning Ray sharidan, badavlat va o’qimishli xonadondan chiqqan.
    Amir Ahmad Roziy o’z asarini 1594 yili tugatgan bo’lib, unda VII asrdan to XVI asr oxirigacha yetti iqlim mamlakatlari va shaharlarida istiqomat qilgan 1560 nafar yirik shayx, olim, yozkvchi,shoir va davlat arboblari haqida qisqa, lekin qimmatli ma’lumotlar beradi. Muallif o’zigacha bo’lgan davrga tegishli masalarni yoritishda “Suvar al-aqolim” (“Iqlimning ko’rinishi”), “Masolik ul-mamolik” (“Mamlakatlar orasidagi masofalar”), “Tarixi Banokatiy” kabi asarlarga tayangan, lekin ulardan tanqidiy foydalangan, ularni yangi dalillar va ma’lumotlar bilan boyitgan.
    Shaharlar va mamlakatlarni tavsif qilganda ularning geografik o’rni, diqqtga sazovor joylari, osori atiqalari, xalqi va uning hayoti, mashg’uloti va urf odatlari, ba’zida aholisining umumiy soni, xo’jaligiga oid qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Masadan, Chingizxon xurujidan avval Balxda 50 mingdan ortiq odam istiqomat qilgan, XU-XU1 asrlarda Toshkent atrofidagi tog’larda temir, firuza, ohak konlari, Xo’jandda firuza, Badaxshonda la’l konlari ishlab turgan.
    “Haft iqlim”da Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodi davrida Hindiston va O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy ahvoli, Sharqiy Turkston, Koshg’arning XVIasr ikkinchi yarmidagi umumiy ahvoli haqidagi zarur ma’lumotlarni uchratish mumkin.
    Asarda VII-XVI asrlarda O’zbekiston va Xurosonda o’tgan yirik olim va shoirlar haqidagi ma’lumotlar o’ta muhimdir. Bular orasida “shoirlar podshohi” Rashiduddin Votvot (1088-1182 yy.), “Olimlar faxri” Abulqosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy (1074-1144 yy.), buxorolik buyuk hadis olimi Abu Abdklloh Muhammadibn Ismoil al-Buxoriy (810-870 yy.)lar bor.
    “Haft iqlim” asarining qo’lyozma nusxalari mumlakatimizda va xorijiy mamlakatlarning kutubxonalarida ko’p, lekin hali to’liq nashr qilinmagan. Undan tarixchilar yordamchi manba sifatida foydalanishi mumkin.
    Tarixi olamoroyi Abbosiy”
    “Tarixi olamoroyi Abbosiy” (“(Shoh) Abbosning olamni bezovchi tarixi”) nomli asar garchi XVI asrda o’tgan yirik Eron tarixchisi Iskandarbek Munshiy tomonidan yaratilgan bo’lsa-da, unda O’zbekistonning tarixi va uning boshqa mamlakatlar bilan munosabatini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
    Iskandarbek Munshiy o’z asarida keltirgan ayrim dalil va ma’lumotlariga qaraganda, 1561 yoki 1562 yili tug’ilgan. U saroy yumushiga qabul qilingunga qadar kichik moliya xizmatchisi bo’lib ishlagan, keyinchalik devoni inshoga qabul qilingan. Bo’lg’usi tarixchi 1587 yili harbiy xizmatga jalb etilgan va shoh Abbos avval Safaviy (1587-1629 yy.)ning harbiy yurishlarida voqeanavis bo’lib ishtirok etgan, 1593 yili esa saroy munshiysi lovozimiga tayinlangan va umrining oxirigacha shu lavozimda turgan. Iskandarbek Munshiy 1634 yili vafot etgan.
    Iskandarbek Munshiyning “Tarixi olamoroyi Abbosiy” nomli asarida Eronning 1588-1634 yillar orasidagi tarixi xronologik, yilma-yil tartibida yuayon qilingan. Bu asar ham “Akbarnoma” singari saroyda .ritilgan kundalik daftar, rasmiy hujjatlar, bayon etilgan voqealar ishtirokchilarining og’zaki axboroti hamda muallifning shaxsiy kuzatuvlari bilan to’poangan ma’lumotlar asosida yozilgan.
    “Tarixi olamoroyi Abbosiy” asari tarkibi muqaddima, uch jild va xotimadan iborat. Asarning I-II jildlari 1616, uchinchi jildi esa 1628 yili yozib tamomlangan.
    Kitobning birinchi jildi kompilyatsiya, umumlashtiruvchi xususiyatga ega bo’lib, Xondamirning “Habib us-siyar”, Mir Yahyo Qazviniyning “Lubb at-tavorix” (“Tarixlar mag’zi”) va muallif“Tarixi olamoroyi Abbosiy” noma’lum ikki asar “Tarixi shoh Ismoil Safaviy” va “Tazkirayi shoh Tahmosib” hamda boshqa asarlarga tayanib yozilgan. Unda asosan shoh Abbosning ota-boblari, shuningdek, shoh Ismoil avval (1502-1524 yy.), shoh Tahmosib avval (1524-1576 yy.), Ismoil soniy (1576-1578 yy.) va Sulton Muhammad Xulobanda (1578-1587 yy.) hukmronligi yillaridagi tarixi umumiy tarzda bayon etilgan.
    “Tarixi olamoroyi Abbosiy” asarining II-III jildlari mazmuni yangi bo’lib, mustaqil ahamiyatga ega. Ularda Eronning 1588-1628 yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixi keng yoritib berilgan. Uchinchi jild oxirida shoh Abbos avval bilan zamondosh bo’lgan shayxlar, olimlar, shoirlar va xattotlar haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
    Asar O’zbekiston tarixini o’rganishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Unda O’zbekistonning XVI asr oxiri va XVII asrning birinchi choragidagi siyosiy ahvoli haqida noyob ma’lumotlarni uchratamiz. Bundan tashqari, asar XVI asrning oxiri va XVII asrning birinchi choragida Eron bilan Buxoro xonligi o’rtasidagi siyosiy munosabatlarni o’rganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi.
    Asardan ayrim parchalar B.Dorn (matni) va V.V.Velyaminov-Zernov tomonidan matni va qisqartirilgan ruscha tarjimasi nashr etilgan. Kitob matni yana ikki marta Tehronda 1896 yili toshbosma va 1956 yili bosmasi chop etilgan.
    Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor”
    “Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor” (“Olijanob kishilarning jasorati haqidagi sirlar dengizi”) nomli asar muallifi XVII asrda o’tgan balxlik yirik qomusiy olim Mahmud ibn Validir. Uning otasi Mir Muhammad Vali asli farg’onalik, kosonlik bo’lib, Shayboniylardan Pirmuhammadxon avval (1546-1567 yy.) davrida Balxga borib qolgan. U o’qimishli va keng ma’lumotli kishi bo’lib, asosan fiqh ilmida zamonasining peshqadam kishilardan hisoblangan. U Mir Xislat taxallusi bilan she’rlar ham yozgan.
    Mahmud ibn Valining amakisi Muhammad Poyanda (1602 yili vafot etgan) Samarqand hokimi Boqi Muhammad (1603-1606 yillari Buxoro xoni) dnvonida xizmat qilgan. Akasi amir Abulboriy esa fiqh, tafsir va tibb ilmini yaxshi egallagan olim kishi edi.
    Mahmud ibn Vali 1596 yili tug’ilgan. 19 yoshga borganda, ya’ni 1614 yili u yirik fiqh va hadis olimi MMahmud ibn Valirakshoh Husayniyning xizmatiga kiradi va qariyb o’n yil undan saboq oladi. Mirakshoh Husayniyning boy kutubxonasi bo’lib, unda, Mahmud ibn Valining so’zlariga qaraganda, tarix, geografiya, mumtoz adabiyot, fiqh, hadis va boshqa ilmlarga doir juda ko’p kitoblar saqlanar edi. Bu ilmga chanqoq yosh olim uchun bkbaho xazina bo’ldi, albatta. Keymnchalik Mahmud ibn Valining o’zi kutubxonadagi ko’p kitoblarni o’qib ko’p foyda topganini aytadi.
    Mirakshoh Husayniy vafot etgan 1624 yil 13 aprel kunidan keyin Mahmud ibn Vali kitobiy ilmini amaliy bilimlar bilan boyitish maqsadida boshqa mamlakatlarga sayohat qilishga qaror qildi va bir yillik tayyorgarlikdan keyin, 1625 yilning iyul oyida savdo karvoniga qo’shilib Hindiston tomon yo’l oldi. U Hindistonda qariyb yetti yil istiqomat qildi va uning Peshovar, Lohur, Dehli, Agra, Haydarobod, Vijayanagar, Kalkutta, Bixar kabi qator yirik shahar va o’lkalarni borib ko’rdi va ularning aholisi, xalqining urf-odati, tarixi, madaniyati, va nihoyat, osori atiqalari haqidagi qimmatli ma’lumotlar to’pladi.
    1631 yil 20 avgustla Balxga qaytib kelgandan keyin Nadr Muhammadxon (1606-1642 yillari Balx, 1642-1645 yillari Buxoro xoni)ning xizmatiga kirdi va to umrining oxirigacha uning kutubxonasida kitobdor bo’lib xizmat qildi. Mahmud ibn Valining qachon vafot etganligi ma’lum emas.
    Mahmud ibn Vali fanning juda ko’p sohalarini, tarix, geografiya, ilmi nujum, ma’danshunoslik, botanika va boshqa sohalarni qamrab olgan “Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor” yoki “Bahr ul-asror” nomli o’ta qimmatli qomusiy asarini yaratdi. Bundan tashqari u qator ilmiy va badiiy asarlar yaratgan bo’lib, ular bizgacha yetib kelmagan.
    1634-1640 yillar orasida yozilgan “Bahr ul-asror” asari mundarijasida ko’rsatilishicha, yetti jilddan iborat bo’lgan. Uning II-VII jildlari jahon tarixiga bag’ishlangan bo’lib, O’zbekiston va u bilan qo’shni mamlakatlarning qadim zamonlardan to 1640 yilgacha kechgan tarixidan baxs yuritadi. Asarning birinchi jildi ilmi nujum, geografiya, ma’danshunoslik va botanika fanlariga oid ma’lumotlarni o’z ichiga oladi. Afsuski, bu muhim va qimmatli asarning faqat I va VI jildlarigina topilgan, xalos.
    Asarning birinchi jildida yetti iqlim mamlakatlarining, guningdek, O’zbekistonning o’rta asrlardagi shahar va viloyatlarining geografik holati, xalqi va uning turmush tarzi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
    “Bahr ul-asror”ning VI jildi alohida qimmatga ega. Unda XIII-XVII asrning birinchi yarmida Chig’atoy ulusi, O’rta Osiyo, Mo’g’uliston va Shimoliy Afg’oniston tarixi keng va atroflicha yoritilgan.
    Mahmud ibn Vali va uning mazkur asari ilmiy jamotachilikka 1902 yildan beri ma’lum bo’lsa-da, hali juda kam o’rganilgan. Undan ayrim parchalarning ruscha tarjimasi V.V.Bartold, B.AyuAhmedov va K.A.Pishulina tomonidan e’lon qilingan.
    “Bahr ul-asror” asarining olti nafar qo’lyozmasi mavjud. Ularning to’rttasi O’zR FA Sharqshunoslik institutida I jild va VI jildning 1-3 qismlari, ikkitasi esa Angliya va Pokistonda, VI jildning 4 qismi saqlanmoqda.
    Dastur ul-muluk”
    “Dastur ul-muluk” (“Podshohlarga qo’llanma”) nomli qimmatli asar muallifi XVII asr tarixchisi Xoja Samandar Termiziydir. Uning o’z ismi Muhammad Baqoxoja bo’lib, asli nasaf(Qarshi)lik, Mir Haydariy tariqati shayxlaridan biri oilasida dunyoga kelgan.
    Xoja Samandar Termiziy Ashtarxoniylardan Abdulazizxon (1645-1681 yy.) va Subxonqulixon (1681-1702 yy.) bilan zamondosh bo’lgan. U 1702 yilgacha Qarshida raislik lavozimida37 turgan, Abdulazizxon va Subxlnqulixonning harbiy yurishlarida ishtirok etgan. Oxiri ana shu Mir Haydariy tariqati shayxlaridan ba’zilarining ig’vosi bilan 1702 yili raislik lavozimidan iste’voga chiqishga majbkr bo’ldi va umrining oxirigacha, u 1735 yili hali hayot bo’lgan, faqat ilmiy faoliyat bilan mashg’ul bo’lgan.
    Xoja Samandar Termiziy o’z davrining keng ma’lumotli kishilari jumlasidan bo’lgan. O’sha vaqtlarda yozilgan bir qator kitoblar, jumladan “Muzakkiri ahbob”, “Muhit at-tavorix”ning ma’lumotlariga qaraganda, u yetuk shoir, yozuvchi va tarixchi olim bo’lgan, ilohiyot ilmini ham yaxshi bilgan, ko’p sayohat qilib, nazariy bilmini mustahkamlagan.
    Bizning zamonimizgacha olimning ikki muhim asari yetib kelgan. Bulardan biri “Dastur ul-muluk” bo’lib, u 1695 yili va ikkinchisi “Anis ul-fuqaro” (“Faqirlar do’sti”) nomi bilan mashhur bo’lib, 1735 yili yozilgan.
    O’zbekiston tarixini o’rganishda Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari zo’r qimmatga ega. Asar Buxoro xonligining XVII asrning 70-90- yillardagi ijtimoiy-siyosiy ahvolini, shuningdek, Buxoro bilan Xiva xonliklari o’rtasidagi siyosiy munosabatlarni o’rganishda katta ahamiyatga ega. Asarda o’zaro kurashlar, oliy martabali mansabdordar orasida keng tarqalgan buzuqlik, poraxo’rlik, zulm va mehnatkash xalqning og’ir ahvoli haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. “Dastur ul-amal”da o’zbeklarning etnik tarkibi haqida ham muhim dalil va ma’lumotlarni uchratamiz.
    1971 yili “Dastur ul-amal”asarining forsiy matnini, ruscha tarjimasi, zarur izohlar bilan M.A.Salohitdinova chop etdi. Asarning o’zbekcha nashri 1997 yili Jabbor Esonov tomondan amalga oshirildi.
    Tarixi Muqimxoniy”
    “Tarixi Muqimxoniy” nomli tarixiy asar muallifi XVII asrda o’tgan yirik olim Muhammad Yusuf Munshiydir. Asarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganla, asli balxlik bo’lgan va Subxonqulixon (1651-1680 yillari Balx, 1680-1702 yillari Buxoro xoni) hamda Muhammad Muqimxon (1697-1707 yillari Balx xoni) saroyida munshiy bo’lib xizmat qilgan.
    Muhammad Yusuf Munshiy Muhammad Muqimxonga bag’ishlangan “Tarixi Muqimxoniy”nomli asarini yozgan. Mazkur asar 1697-1704 yillar orasida yozilgan bo’lib, Balx va qisman Buxoro xonligining XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon etadi. Muhammad Yusuf Munshiy agar “jahon hodisalarining kuchli shamoli uning (Muhammad Muqimxonning) hayot o’tini o’chirmasa, yo’qsizlik dengizining to’lqinlari o’ynoqi otini o’z girdobiga tortib ketmasa” ushbu asarining ikkinchi qismini ham yozish niyatida ekanligini aytadi. Lekin “Tarixi Muqimxoniy”ning ikkinchi kitobi yozilmay qolgan. Fikrimizcha, bunga qandaydir kutilmagan hodisa, balki muallifning biron falokatga uchrab qolganligi sabab bo’lgan.
    “Tarixi Muqimxoniy” muqaddima va uch bodan iborat.
    Muqaddimada turkiy xalqlarning afsonaviy onasi Alan quva, Chingizxonning ota-bobolari, mo’g’ul qo’shinlari tomonidan Movarounnahr, Balx va Badaxshonning bosib olinishi tarixi qisqacha bayon etilgan.
    Asarning birinchi bobi Shayboniylar davrida Movarounnahrning umumiy ahvolidan hikoya qiladi.
    “Tarixi Muqimxoniy”ning yangi va muhim qismi uning II-III boblaridir. Ikkinchi bobda Balx va qisman Buxoro xonligining XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, shuningdek, Buxoro va Balx xonliklarining Hindiston, Eron, Turkiya va Koshg’ar bilan bo’lgan siyosiy munosabatlari, uchinchi bobda esa 1702-1704 yillar voqealari, xususan Buxoro bilan Balx o’rtasida boshlangan qurolli kurash o’rin olgan.
    Asarda xonlar va katta yer egalari to’g’risida, mexnatkashlar og’ir ahvoli to’g’risida ayrim qimmatli ma’lumotlar uchraydi.
    “Tarixi Muqimzoniy” asarining qo’lyozma nusxalari ko’p va Sankt-Peterburg, Toshkent, shuningdek, xloidiy mamlakatlarning kutubxlnalarida saqlanmoqda. Asar to’la o’zbekchaga 1861 yili tarjima qilingan, unday ayrim parchalar frantsuz va rus tillarida e’lon q
    ilingan. 1956 yili to’liq ruscha tarjimasi chop etilgan.
    Ubaydullanoma”
    “Ubaydullanoma” XU11 asrda o’tgan Mir Muhammad Amini Buxoriy asaridir. U o’qimishli va fozil kishilardan bo’lib, 1645 yilda tug’ilgan, vafot yili ma’lum emas. Ashtarxoniylardan Subxonqulixon va Ubaydullaxon (1702-1711 yy.) saroyida bosh munshiylik vazifasida xizmat qilgan.
    “Ubaydullanoma” Buxoro xonligining 1702-1716 yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti haqida hikoya qiladi. Asar 1716 yildan keyin yozilgan, muqaddima, xotima va 80 bobdan iborat.
    Muqaddimada muallifning hol-ahvoli, ya’ni Subxonqulixon hukmronligining so’nggi yillarida xizmatdan chetlashtirilib, og’ir ahvolga tushib qolganligi va Uaydullaxon xizmatiga qabul qilinishi, Abdulazizxon va Subxlnqulixon davrida Buzoro xrnligining ijtimoiy-siyosiy ahvoli qisqa tarzda bayon qilingan.
    1-80- boblarda Buxoro xonligining qariyb 15 yillik (1702-1711 yy.) ijtimoiy-siyosiy tarixi batafsil yoritilgan. Muallif mazkur asarida katta yer egaligi, aholidan yig’iladigan soliq va jarimalar, Buxoro xonligining ma’muriy tuzulishi, tarqoqlikning kuchayishi, mamlakat boshiga tushgan iqtisodiy qiyinchiliklar va uning afrim sabablari kabi masalalarga keng o’rin bergan. Asarda geografik va etnografik ma’lumotlar ham ko’p.
    Xotimada muallif bilan zamondosh bo’lgan va Buxoroda istiqomat qilgan olimlar, shoirlar, masalan, Sayido Nasafiy, Qosixoja, mulla Sarfaroz, Fitrat, Mulham, mashhur qozilar haqida qisqacha, lekin e’tiborga molik ma’lumotlar keltirilgan.
    “Ubaydullanoma” asarining 10 dan ortiq qo’lyozma nusxasi mavjud. Asar A.A.Semenov tomonidan rus tiliga tarjima qilingan va 1957 yili Toshkentda nashrdan chiqarilgan.
    Tarixi kasira” yoki ”Tarixi sayyid Roqim”
    ”Tarixi kasira” yoki ”Tarixi sayyid Roqim”, “Tarixi sayyid Roqim Samarqandiy” nomlari bilan mashhur bo’lgan asarni Mulla Sharafuddin A’lam yaratgan. U XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asrning birinchi choragida yashab o’tgan shoir va tarixchi olimdir. V.R.Rozen va A.A.Semenovlar keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, Mulla Sharafuddin A’lam asli andijonlik, yosh paytida Samarqandga, otasi huzuriga kelib qolgan. Otasining ismi mullo Nuriddin bo’lib, xalq orasida oxund mulla Farhod nomi bilan mashhur bo’lgan.
    Mulla Sharafuddin yoshligidan mehnatsevar vailmga chanqoq bo’lgan. Otasining yordami bilan yaxshi o’qidi, turli ilmlarni kasb etdi va keng ma’lumotli olim va shoir bo’lib yetishdi. V.R.Rozen va A.A.Semenovlarning tadqiqotlaridan anglishilishicha, mulla Sharafuddin Samarqandning eng ma’lumotli olimlaridan mulla Boqijon Buxoriyning xizmatida bo’lgan va uning vafotidan keyin o’rniga a’lamlik vazifasigao’tirgan. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, u qozilik mansabida ham turgan.
    Olim “Tarixi kasira” asari bilan mashhur. Unda mashur shaxslarning hayotiga oid mamlakatda bunyod etilgan katta binolar, usti yopiq bozor, timlar, hammamlar qurilishi va mashur kishilar hayoti bilan bog’liq sanalarga bag’ishlangan tarix-xronogrammalar majmuidan iboratdir. U Amir Temur tavalludi(1336 y.)dan to XVIII asrning o’rtalarigacha kechgan voqealarni o’z ichiga oladi.
    “Tarixi kasira” asarining qo’lyozma nusxalari va toshbosma nashrlari ko’p. Asarning birinchi toshbosma nashr olim va yirik davlat xizmatchisi Mirza Salimbek tarafidan 1913 yili Toshkentda amalga oshirilgan. Shu yerda mazkur asarni “Tarixi tomm” nomi bilan 1998 yili bosmadan chiqqanligini eslatib o’tmoqchimiz.
    “Tarixi kasira” ba’zi muhim voqealar tarixini aniqlashda qimmatli manba rolini o’ynaydi. Dalil sifatida bir necha misollar keltiramiz.
    Yirik tarixnavis olim va vazir Rashiduddinning o’ldirilishi voqeasi 1318 yil 27 oktyabr kuni sodir bo’lgan.
    Shoir Kamol Xo’jandiyning vafoti 1391 yili yuz berdi.
    Amir Temur zamonida o’tgan yirik alloma Taftazoniy haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgadi. 1322 yili tavallud topgan. 18 yoshlik paytida Ғijduvonda “Sharxi Zandoniy” asarini yozgan. 1347 yilning 10 iyun kuni Jom viloyatida “Sharxi mulaxxas al-miftax” kitobini yozib tamomlagan. 1373 yil 23 may kuni Samarqandda “Maqosid ul-kalom va sharhi maqosad” kitoblarini yozib tamomlagan. Vafoti 1392 yili sodir bo’ldi.
    “Tarixi kasira”da Amir Temur davrida o’tgan yana bir yirik olim Mir Sayyid Sharif Jurjoniy haqida quyidagilarni o’qiymiz. Asli Mozandaronning To’un qishlog’idan. 1377 yili tug’ilgan. Sherozdagi “Dor ush-shifo” o’quv yurtida mudarrislik qilgan. Amir Temur Sherozni ishg’ol qilgan 1393 yili Samarqandga ko’chib kelgan va hazrat sohibqironning inoyat va marhamatlariga sazovor bo’lib, uning saroyida xizmat qilgan. 76 yoshida Sherozda vafot etgan.
    Movarounnahrlik ilohiyot olimi xoja Muhammad Porsoning vafoti 1419 yili yuz bergan.
    Mirzo Ulug’bekning birinchi muallimi shayx Ozariy, haqiqiy ismi Hamza ibn Abdulmalik at-Tusiy 1440 yili vafot topgan. “Tarixi kasira”da uning haqida yana quyidagilar aytiladi. Otasi sarbadorlar jamoasiga mansub bo’lgan. O’z davrining yetuk olimi va shoirlari jumlasidan bo’lgan. She’rlari mashhur bo’lib, nazm va nasrda bir necha asar yozib qoldirgan. “Javohir al-asror”, “Tug’royi humoyun” va “Ajoyib ul-g’aroyib” shular jamlasidandir.
    Shayboniylar, xususan, Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullaxon soniy davrida, Movarounnahr va Balx shaharlarida bir talay katta qurilishlar, madrasalar, masjidu xonaqolar, timlar, yirik suv inshoatlari qurib ishga tushirilgan. “Tarixi kasira”da bular haqida ham muhim ma’lumotlarni uchratamiz. Bir necha misol:
    Kesh(Shahrisabz)da Oqsaroy binosining qurilishi asosan 1382 yilda tamomlangan38.
    Mirzo Udug’bekning Samarqanddagi madrasasi 1425 yili qurib bitkazilgan.
    Mirzo Ulug’bekning rasadxonasi 1429 yili qurib ishga tushirilgan.
    Alayka ko’kaltoshning Samarqanddagi jome’ masjidida Ko’chkinchixon tarafida qurilgan marmar minbar 1528 yili bitkazilgan.
    Buxoroda Ubaydullaxon tarafida Mir arab madrasasining bino qilinishi 1536 yili sodir bo’lgan.
    Mavlono Mir muftiy tarafidan Buxoroyi sharifda qurilgan kutubxona 1558 yili bitkazilgan.
    Juvonmard Alixon tarafidan Buxoroda hammom qurilishi 1574 yili poyoniga yetgan.
    Muhtar Qosim tarafidan Ғijduvon yonida, Ko’hak daryosi ustiga qurilgan ko’p oshiyonalik suv ayirg’ich inshooti 1576 yili qurilib ishga tushirilgan.
    Abdullaxon soniy tarafidan Buxoroda bunyod etilgan chorbog’ 1584 yili qurib tamomlandi.
    Mazkur xon tarafidan Buxoroda Chorsu bozorining qurilishi 1587 yili tamomlandi.
    Karmina yonida, Ko’hak daryosi ustiga ko’prik qurish ishlari 1587 yili tamomlandi.
    Kitobda mashhur asarlarning yozib tamomlangan vaqtiham ko’rsatilgan. Masalan, Ulug’bek mirzoning “Ziji jadidi ko’ragoniy” kitobi 1437 yili, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asari 1469 yili, “Husni Husayn” kitobi 1606 yili yozib tamomlangan.
    “Tarixi kasira” asari, uning qiymati va idm-fan uchun zarurligi keltirilgan misollardan ham ko’rinib turibdi.
    Tarixi Abulfayzxon”
    “Tarixi Abulfayzxon” asarini Ubaydallaxon va Abulfayzxon (1711-1747 yy.) saroyida xizmat qilgan munajjim, shoir va tarixchi olim Abdurahmon Davlat yozgan. Muallif ko’proq Abdurahmon Tole nomi bilan mashhur.
    Mazkur asar hajm jihatdan kichik, 161 varaq bo’lib, “Ubaydullanoma”ning davomi hisoblanadi va Buxoro xonligining 1711-1723 yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’z ichiga oladi. Ma’lumki, XVIII asrning birinchi choragida Buxoro xonligining iqtisodiy va siyosiy ahvoli zaiflashadi, ulus boshliqlarining, ya’ni mahalliy hukmdorlarning mustaqillik uchun olibborgan harakati kuchaydi, ularning ayrimlari, masalan, Balx va Samarqand markaziy hukumatga bo’ysunmay qo’ydilar, Farg’ona XVIII asr boshlarida, 1709 yili Ashtarxoniylar davlatidan ajralib chiqdi va o’lkada mustaqil Qo’qon xonligi tashkil topdi, 1722 yili Samarqand ham mustaqillik e’lon qildi va Rajabxon ismli kimsani xon qilib ko’tardilar (1722-1728 yy.), o’zaro urushlar boshlanib ketdi.
    “Tarixi Abulfayzxon” asarida mana shu masalalar keng yoritib berildi. Bundan tashqari, asarda Buxoro xonligining ma’muriy tuzulishi va o’zbek xalqining o’sha yillardagi etnik tarkibi haqida ham ayrim, diqqatga sazovor dalil va ma’lumotlar bor.
    “Tarixi Abulfayzxon”ning to’la ruscha tarjimasi, zarur izohlar bilan 1959 yili A.A.semenov tarafidang Toshkentda nashr qilingan.
    Cilsilat us-salotin”
    “Cilsilat us-salotin” Xoji Mir Muhammad Salimning asaridir. Uning qo’lyozma nusxalari juda kamyob bo’lib, bir nusxasi Angliyaning Oksford shahridagi Bodli kutubxonasida (raqami № 269) saqlanmoqda.
    Xoji Mir Muhammad Salim hech bo’lmaganda biron kichik viloyatga hokim bo’lish sharafiga muyassar bo’lolmagan va boshidan ko’p og’ir kunlarni kechirgan Ashtarxoniylar jumlasidandir. Uning bobosi Tursun Muhammad sulton 1578-1598 yillari Samarqand hokimi bo’lgan. Uning to’ng’ich o’g’li Poyanda Muhammad Sulton Balx xoni Nadr Muhammadxonga yaqin bo’lgan, xonning singlisi Zubayda bonuga uylangan va 1611-1642 yillari Qunduz viloyatiga hokimlik qilgan. Ana shu Poyanda Muhammad sulton bilan Zubayda bonydan tug’ilgan Muhammadyor sulton Xoji Mir Muhammad Salimning bobosidir. U 1645 yilgacha Shahrisabz viloyatiga hokim bo’lgan va Nadr Muhammadxon Buxoro taxtini o’g’li Abdulazizxonga qoldirib ketgandan keyin u bilan birga Balxga qochib borgan. Oradan bir yil o’tgach, 1646 yili, Balx Boburiylardan Shohi jahon qo’shinlari tomonidan ishg’ol etilganlan so’ng, xonning onasi Shahribonu hamda Nadr Muhammadxonning boshqa oila a’zolarini olib Buxoroga qochib keldi, Abdulazizixonning qaomoqlar, qoraqalpoq va qozoq sultonlariga qarshi harbiy yurishlarida ishtirok etdi, toju taxt oldida ko’rsatgan katta xizmatlari uchun Shahrisabzga hokim qilib tayinlandi. Muhammadyor sulton 1647 yilning 14 iyunida Avrangzeb qo’shini bilan Balx qishlog’i-Temurobodda bo’lgan jangda halok bo’lgan. Xoji Mir Muhammad Salimning otasi Muhammad Rustam sulton 1645 yili hali yosh bo’lgan va Abdulazizixon unga iqto’39 tarzida Samarqandga qarashli Saripul tumanini in’om qilgan, unga otaliq40 qilib esa Mir Shohxoja Shavdariyni tayinlagan. Lekin 1671 yili Abdulaziz undan xavfsirab ko’ziga mil torttirib ko’r qilgan. Muhammad Rahim sulton orada ko’p vaqt o’tmay, amir Muhammadyor ltadiqning vositachiligi bilan, xondan ruxsat olib Hajga jo’nagan. Lekin, Dekan viloyatida davom etib turgan urush harakatlari sababli, bandargoh shaharlaridan birontasiga o’tolmay, Shohijahonobodga qaytib kelgan va oradan ikki yil o’tgach, o’sha yerda vafot etgan.
    Mir Muhammad Salimning o’ziga kelsak, u, asarda bayon etilgan voqealarga qaraganda, otasidan keyin Buxoroda qolgan. 1711 yili Ubaydullaxon o’ldirilgandan keyin, haj qilish bahonasi bilan Arabistonga jo’nagan. Bir yilcha Isfahonda istiqomat qilib, 1712 yili Turkiyaga borgan. Sulton Ahmad 111 (1703-1730 yy.) uni ehtirom bilan kutib olgan. To’rt yilcha Turkiyada turib, mazkur sultonning harbiy yurishlarida qatnashgan. Mir Muhammad Salim 1716 yili Makkaga borgan va haj marosimini ado etgandan keyin, dengiz orqali Hindistonga kelgan va Boburiy Nosiruddin Muhammadshoh (1719-1748 yy.)ning xizmatiga kirgan. “Cilsilat us-salotin” asarini Nosiruddin Muhammadshohning topshirig’i bilan yozgan. Xoji Mir Muhammad Salimning qachon va qaerda vafot etganligi aniqlanmagan.
    “Cilsilat us-salotin” 1731 yilda yozilgan bo’lib, muqaddima va to’rt qismdan iborat.
    Muqaddimada asarning yozilishi haqida so’z boradi va muallifning 1711 yildan keyingi hayoti haqida ayrim, diqqatga sazovor ma’lumotlar keltiriladi.
    Birinchi qismda islomiyatdan avval o’tgan payg’ambarlar, qadimgi turklar va mo’g’ullar, xususan barloslar va Amir Temurning ota-bobolari, Amir Temur va Temuriylar, shuningdek, hazrat sohibqironning Hindistonda hukmronlik qilgan avlodi tarixi qisqacha bayon etiladi.
    Asarning ikkinchi qismi Mo’g’ulistonning Tug’luq Temurxon(1348-1363 yy.)dan to Suyurg’atmishxongacha (1370-1388 yy.) o’tgan davrdagi tarixini o’z ichiga oladi.
    Muqaddima va I-II qismlarni yozishda muallif o’zidan avval yozilgan asarlardan, masalan, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”, Rashiduddinning “Jome’ ut-tavorix”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirzo Ulug’bekning “Tarixi arba’ ulus”, Xondamirning “Xulosat ul-axbor”, “Habib us-siyar” va “Maosir ul-muluk” asarlari, Abulfazl Allomiyning “Akbarnoma”, Hofiz Do’stmahammad ibn O’dgorning “Majma’ ul-ajoyib” (1606 yili yozilgan) va boshqa 20 ga yaqin kitoblardan foydalangan.
    “Cilsilat us-salotin”ning III-IV qismlari favqulodda ahamiyatga ega bo’lib, O’rta Osiyo, xususan O’zbekistonning XVI-XVIII asrning birinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon qiladi.
    Asarda Buxoro xonligining Eron, Hindiston va Koshg’ar bilan bo’lgan aloqalari, Buxoro xonligida hokimiyatning Shayboniylardan Ashtarxoniylar qo’liga o’tishining aniq tafsiloti, XVII asrda Balx va Badaxshon, shuningdek, O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti, Shohijahonning Balx va Buxoro xonligi ichki ishlariga qurolli aralashuvi va Boburiylar qo’shinining Balx va unga tobe bo’lgan yerlarni bosib olishi, Xoraxmning XVI-XVII asrlardagi siyosiy ahvoli xususida boshqa manbalarda uchramaydigan qimmatli dalil va ma’lumotlar keltiriladi. Asarda ulus tizimi, tiul va solona kabi soliqlar, O’zbekiston shaharlari, ularning aholisi va turmush tarzi haqida keltirilgan ma’lumotlar ham alohida qimmatga egadir.
    Xoji Mir Muhammad Salim Buxoro xonlari, Abdullaxon II, Abdulmo’minxon, Dinmuhammadxon, Imomqulixon, Abdulazizxon, Subzonqulixonning Hindiston, Eron va Turkiya hukmdorlari bilan yozishmalarining 20 nafar maktubi nusxalarini ham keltirgan. Bu maktublar, shubhasiz, Buxoro xonligi bilan mazkur mamlavatlar o’rtasidagi munosabatlartarixini o’rganishda muhim ma’no kasb etadi.
    Nomayi olamoroyi Nodiriy”
    “Nomayi olamoroyi Nodiriy” (“Nodirshohning olamga bezak bo’luvchi tarixi”) asarining muallifi XVIII asrda o’tgan marvlik mashhur tarixchi olim Muhammad Kozimdir. U 1721 yili Marvda tug’ilgan. Otasi, 1737 yili vafot etgan. U mashhur fotih Nodirshoh(1736-1747 yy.)ning yaqin kishilaridan bo’lib, uning dastlabki harbiy yurishlarida qatnashgan va muhim diplomatik topshiriqlarini bajargan. Keyincha u Nodirshohning inisi Ibrohimxon, dastlab Xuroson, so’ngra, 1736 yildan, Ozarbayjon hokimi saroyida xizmat qilgan.
    Muhammad Kozim boshlang’ich ma’lumotni Marvda oldi, so’ng 1731 yili otasi uni Mashhadga olib keldi va bu yerdagi madrasalardan biriga o’qishga berdi. Muhammad Kozim bu yerda sayid Mir Shamsuddin Ali Mozandaroniydan ta’lim oldi. 1736 yili u Darbandga, Ibrohimxon huzuriga chaqirtirib olindi va 1739 yilgacha xonning yasovuli lavozimida xizmat qildi. 1739 yili Muhammad Kozim Nodirshohning o’g’li Rizoquli mirzo xizmatiga qabul qilindi va 1741 ymlgacha lashkarnavis, harbiy kotib vazifasida xizmat qildi. 1744 yildan u Nodirshoh huzurida xizmat qila boshladi, 174401747 yillari moliya mahkamasida kotib va 1747 yildan podshoh qurol-yarog’ omborining mutasaddisi, vazir bo’lib ishladi. Muhammad Kozim taxminan 1752 yili vafot etdi.
    Muhammad Kozim o’zining tarixiy asari “Nomayi olamoroyi Nodiriy”ni 1750-1753 yillari yozgan. Asar uch jilddan iborat.
    Birinchi jildi Eronning 1688-1736 yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’z ichiga oladi.
    Ikkinchi jildda 1736-1743 yillari Eronda, shuningdek, O’rta Osiyo va Kavkaz orti mamlakatlarida bo’lib o’tgan voqealar bayon etilgan.
    Asarning uchinchi jildi Eron va qisman, O’rta Osiyo, Hindiston, Turkiya va Kavkaz orti mamlakatlarining 1743-1747 yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixiga bag’ishlanadi.
    O’zbekistonning XVIII asrdagi tarixini o’rganishda “Nomayi olamoroyi Nodiriy”ning II va III jildlari asosiy manbalardan biri o’rnini o’taydi. Ayniqsa, asarda Eron qo’shinining 1737 yili O’zbekiston hududiga bostirib kirishi va Ғuzor, Qarshi, Shulluq va boshqa shahar va tumanlarning talon-taroj qilinishi, 1740 yili Buxoro xonligining Nodirshoh tarafidan bo’ysundirilishi, 1746 yildagi Xorazmning og’ir ahvoli, 1747 yili Eron askarlarining O’rta Osiyo shahar va qishloqlariga yana bostirib kirishi va oqibatda mehnatkash xalqning ayanchli ahvolga tushib qolishi, 1741-1742 yillarda Ko’lob, Xisori shodmon, Badaxshon, Balx va boshqa viloyatlar xalqining katta yer egalarining zulm va chet el bosqinchilariga qarshi qo’zg’olonlari haqidagi ma’lumotlar zo’r ilmiy qimmatga ega.
    “Nomayi olamoroyi Nodiriy”ning qo’lyozma nusxalari kam. Shu paytgacha asar to’la ravishda biron tilga tarjima qilinmagan. Undan ayrim parchalar ba’zi ilmiy to’plam va jurnallarda chop etilgan. II jildning bir qismi, ya’ni Nodirshohning Hindistonga yurishini bayon etuvchi qismi P.I.Petrov tomonidan rus tilida nashr etilgan. 1960, 1965 va 1966 yillari “Nomayi olamoroyi Nodiriy”ning matni fotofaksimil nashri Moskvada N.D.Mikluxo-Maklay tomonidan chop etilgan.
    Tuhfat ul-xoniy”
    “Tuhfat ul-xoniy”(“Xonning tuhfasi”) yoki “Tarix Rahimxoniy”(“(Muhammad) Rahimxon tarixi”) nomli asar Buxoro xonligining 1722-1782 yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’z ichiga oladi. Uni tarixchi olim Muhammad Vafoyi Karminagiy (1685-1769 yy.) yaratgan. Tarixchining to’la nomi Mulla Muhammad Vafo ibn Muhammad Zohir Karminagiydir. U Buxoroning o’qimishli va taniqli kishilaridan biridir. Karminagiy nisbasiga qaraganda, asli Buxoroning Karmana tumanidan bo’lgan. “Ubaydullanoma” kitobining muallifi Mir Muhammad Amin Buxoriyning shuvohlik berishiga qaraganda, Muhammad Vafoyi Karminagiy Ashtarxoniylardan Ubaydullaxon saroyida kitobdor bo’lib xizmat qilgan. Fikrimizcha, u Ubaydullaxondan keyin taxtga o’tirgan Abulfayzxon davrida ham shu lavozimda turgan. Mulla Muhammad Vafo Karminagiy “qozi Vafo” nomi bilan ham mashhurdir. U qozilik lavozimiga yangi sulola-Mang’itlar sulolasining asoschisi Muhammad Rahimxon (1753-1759 yy.) zamonida erishgan.
    Muhammad Vafo Karminagiy 1769 yili “Tuhfat ul-xoniy” nomli asarida faqat 1722-1768 yil voqealarini o’z ichiga olgan qisminigina yozib ulgurgan, xalos. Uning davomini, ya’ni 1768-1782 yillar voqealarini bayon etuvchi qismini nasaflik domla Olimbek ibn Niyozqulibek yozgan.
    “Tuhfat ul-xoniy” qofiyali nasr, saj bilan yozilgan, lekin voqealarning to’la va keng yoritilishi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, geografik hamda etnik dalillarga boyligi bilan birinchi darajadi manbalar qatorida turadi. Asar Buxoro xonligida XVIII asrning 20- yillaridan boshlab kuchayib ketgan iqtisodiy va siyosiy tanglikni, ijtimoiy-siyosiy tarqoqlikning kuchaymshm va buning natijasida markaziy davlat boshqaruvining zaiflashuvi, mang’it hukmdorlarining uluslar va qabilalarni bo’ysundirish maqsadida olib borgan tinimsiz urushlari va buning oqibatida ko’plab shaharlar hamda qishloqlarning vayron etilishi, mehnatkash xalq turmushining og’irlashib borishi va uning asosiy sabablarini aniqlashga yordam berishi mumkin bo’lgan daliliy ma’lumotga o’ta boydir.
    Asarda yana o’zbek qavmlari, ulug’lari va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda tutgan o’rni, Ashtarxoniylar va Mang’itlar hukmronligi davrida o’zbek qo’shini va mang’itlar davlatining tuzilishi, 1722-1782 yillarda Buxoro xonligining Eron, Afg’oniston, Qozoq va Qo’qon xonliklari hamda Koshg’ar bilan olib borgan siyosiy munosabatlari haqidagi ham e’tiborga molik ma’lumotlar ko’p uchraydi.
    “Tuhfat ul-xoniy” asarining qo’lyozma nusxalari ko’p. Masalan, faqat Sankt-Peterburg, O’zbekiston, Tojikiston kutubxonalarida undan 23 qo’lyozmasi mavjud. Asar biron tilga to’la tarjima qilinmagan ham. Asardan kichik bir parcha, ya’ni Muhammad Rahimxonning 1747 yili Saraxs atrofida Eron qo’shinlari bilan to’qnashuvi rus tilida 1938 yili e’lon qilingan, xalos.
    Tarixi Amir Haydar”
    “Tarixi Amir Haydar” XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrning birinchi yarmida o’tgan buxorolik olimlari asaridir. Kitobning noma’lum muharrir tomonidan qisqartirilgan nusxasi yetib kelgan bo’lib, qo’lyozma O’zRFA Sharqshunoslik institutida 1836 raqami ostida saqlanmoqda.
    “Tarixi Amir Haydar” kichik hajmdagi asar, jami 96 varaqdan iborat, muhim tarixiy manbalar asosida yozilgan, Buxoro xonligining Ashtarxoniylar, shuningdek, asosan, Mang’itlar sulolasidan bo’lgan amir Haydar hukmronligi (1800-1826 yy.) davridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’z ichiga oladi.
    Asar 81 bob, yoki dostondan iborat. 1-2- boblari Buxoro shahri tarixiga bag’ishlangan, 3-6- boblarda Ashtarxoniylar tarixi qisqacha bayon etilgan, 7-81- boblarida esa Buxoro amirligi amirzoda Haydarning tug’ilishidan to uning 1826 yil 6 oktyabridagi vafotigacha bo’lgan tarixi hikoya qilinadi.
    Kitob 50- yillarda A.A.Semenov tomonidan rus tiliga tarjima qilingan, lekin nima sababdandir qo’lyozma nashr etilmay qolgan. Tarjima qo’lyozmasi O’zR FA ShI kutubxonasida saqlanmoqda.
    Fathnomayi sultoniy”
    “Fathnomayi sultoniy” (“Sulton fathnomasi”) asari muallifi Mir Olim Buxoriy bo’lib, kitobini Amir Nasrulloh davri (1826/27 – 1869/79 yy.)da Ғuzor hokimi bo’lgan Muhammad Olimbekning xizmatida bo’lgan va uning topshirig’i bilan yozgan.
    “Fathnomayi sultoniy” amir Shohmurod (1785/86-1800 yy.) davridan to Nasrulloh hukmronligining dastlabki yillarigacha Buxoro amirligida bo’lib o’tgan voqealarni o’z ichiga oladi, lekin Shohmurod va amir Haydar davrlari qisqacha (O’zR FA ShI qo’lyozmasi, inv. № 1838, vv.7b-55b), Nasrulloh davri esa batafsil yoritilgan.
    Mazkur qo’lyozma asarning birinchi jildi bo’lib, ikkinchisi bizga ma’lum bo’lmagan sabalarga ko’ra yozilmay qolgan.
    “Fathnomayi sultoniy”ning birinchi qismi marhum O.D.Chexovich tarafidan rus tiligatarjima qilingan. Tarjima qo’lyozmasi O’zR FA Sharqshunoslik instituti kutubxonasida saqlanmoqda.
    Muntaxab ut-tavorix”
    “Muntaxab ut-tavorix” (“Saylanma tarix”) asarining muallifi qo’qonlik yirik tarixchi olim Hakimxon to’radir (taxm.1802-vafot etgan yili maxlum emas). Ota tarafidan naqshbandiya tariqatining yirik namoyondalaridan biri, yirik ilohiyot olimi Mahdumi A’zam Kosoniy (1461/62-1542/43 yy.)ning avlodi, ona tarafidan Qo’qon xoni Norbo’taxon (1770-1800 yy.)ning nabirasidir.
    Otasi sayyid Ma’sumxon to’ra Umarxon davri (1809-1822 yy.)da va Muhammad Alixon hukmronligi (1822-1842 yy.)ning dastlabki yillarida xonlikning shayxulislomi lavozimini egallab turgan. Hakimxon to’ra Muhammad Alixon hukmronligiavvalida Namangan, To’raqo’rg’on va Kosonsoyda hokim bo’lgan. Lekin ko’p o’tmay otasi ham, o’zi ham xonning g’azabiga duchor bo’lib, egallab turgan lavozimlaridan bo’shatilganlar va haj marosimini ado etish uchun Arabistonga jo’natib yuborilgan. Otasi yo’lda, Mozori sharifda 1834 yili vafot etgan. Hakimxon to’ra esa ko’p mashaqqatlar chekib, yetti yildan keyin Rossiya, Turkiya, Iroq, Suriya va Falastin orqali Mkkaga yetib bordi. O’shanda 1834 yili u Orenburgda podshoh Aleksandr 1 bilan uchrashish sharafiga muyassar bo’lgan. Hakimxon to’ra Makka va Madina ziyoratidan qaytgach, 1828 yili, Muhammad Alixondan cho’chib Qo’qonga bormadi va qolgan umrini Kitobda kechirdi. O’zining yozishicha, Kitobda uning qarindoshlari va ozmi-ko’pmi yer-suvi bo’lgan.
    Hakimxon to’ra yirik tarixnavis olim bo’lib, o’zining “Muntaxab ut-tavorix” asarini 1843 yilning 29 may kuni yozib tamomlangan.
    “Muntaxab ut-tavorix”da qadimiy zamonlar, islomiyatdan avval o’tgan payg’ambarlar, qadimgi Eron podshohlari, Xitoy va Yevropaning qadimiy podshohlari, xalifayi Roshidindan to Movarounnahrning Mang’it va Ming sulolasidan chiqqan oliy hukmdorlar zamonigacha kechgan tarixi bayon etiladi.
    Asarda Qo’qon xonligining xonlik asoschisi Shohruhxon(1709-1721 yy.)ning o’g’li va toj-taxt vorisi Abdurahimxon (1721-1724 yy.) zamonidan to Norbo’taxon, Olimxon va Umarxon davri tarixi yaxshi yoritilgan. Ayniqsa, Norbo’taxon, Olimxon va Umarxon davri yaxshi yoritilgan. Asarda muallifning Rossiya, Turkiya, Iroq, Shom (Suriya) va boshqa mamlakatlarga qilgan sayohati chog’ida olgan taassurotlari va o’sha mamlakat xalqlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tarixi va hayot tarzi haqida keltirgan maxlumotlari ham diqqatga sazovordir.
    “Muntaxab ut-tavorix”ning qo’lyozma nusxalari kam. Uning Dushanbeda, Tojikistonda A.A.Semenovning uy muzeyida saqlanayotgan forscha fotonusxasini Ahror Muxtorov 1983 yili ikki kitob holida chop etdi. Asarning o’zbekcha nusxasi ham bo’lib, hozirda O’zR FA Sharqshunoslik instituti xazinasida (raqami № 594) saqlanmoqda.
    Tarjimai ahvoli amironi Buxoroyi sharif az amir Doniyol to asri amir Abdulahad”
    ”Tarjimai ahvoli amironi Buxoroyi sharif az amir Doniyol to asri amir Abdulahad” (“Buxoroyi sharif amirlarining tarjimai ahvoli. Amir Doniyoldan to amir Abdulahadgacha”) asarining muallifi Ahmad Donish yoki Ahmad Kalla nomi bilan mashhur bo’lgan, X1X asrda ko’zga ko’ringan mutafkkir shoir, adib, olim va diplomatdir. Uning to’la ismi Ahmad ibn Nosir ibn Yusuf al-Xanafiy al-Buxloiydir. Bo’lg’usi tarixchi 1827 yili Buxoroda tug’ilgan. U yoshligidan yaxshi o’qib tarix, mumtoz adabiyot, riyoziyot-matematika, ilmi nujum-astronomiya, musiqa va tibbiyot ilmlarini yaxshi o’rgangan, husnixat va musavvirlik sirlarini ham egallangan.
    Ahmad Donish o’z faoliyatini xattotlikdan boshlagan va 50- yil boshlarida amir Nasrulloh xizmatiga qabul qilingan, 1870 yili iste’foga chiqib, ilmiy faoliyat bilan mashg’ul bo’lgan.
    Ahmad Donish 1857 yili amir Nasrulloh, 1869 va 1974 yillari amir Muzaffar (1860-1885 yy.) elchiligi tarkibida Peturburgda bo’ldi va Rossiyaning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti bilan yaqindan tanishdi. Bu safarlar olimning dunyoqarashiga katta ta’sir ko’rsatdi. Lekin u Buxoroning Rossiyaga qaraganda qoloqligining haqiqiy sabablarini tushunib yetmadi. U jamiyatni mavjud qonun va tartiblarini takomillashtirish yo’li bilan, odil podshohning qo’li bilan qaytadan qurish mumkin deb hisoblardi. Olimning bu qarashlari uning “Navodir ul-vaqoe’” (“Nodir voqealar”) nomli asarida o’z aksini topgan. Ahmad Donish ushbu asarida amirga davlatni boshqarish ishlarini qaytadan qurishni maslahat berdi. Lekin amir bundan darg’azab bo’ldi va 70- yillar oxirida Ahmad Donishni poytaxtdan uzoqlashtirdi va Ғuzorga qozi qilib yubordi.
    1885 yili, amir Muzaffar vafotidan keyin, u Buxoroga qaytib keldi va umrining qolgan qismini ilmiy mashg’ulotlar bilan bilan kechirdi. Ahmad Donish 1897 yili vafot etdi.
    Ahmad Donish sermaxsul ijodkor bo’lib, ilohiyot, ilmi nujum, geografiya, adabiyot va tarixga oid 20 ga yaqin asar yozib qoldirdi. “Manozir ul-kavokib” (“Sayyoralarning manzaralari”), “Navodir ul-vaqoe’” va ”Tarjimai ahvoli amironi Buxoroyi sharif” (1885 yildan keyin yozilgan) asarlari ana shular jumlasidandir.
    O’zbekistonning X1X asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotini o’rganishda olimning so’nggi asari katta ilmiy ahamiyatga ega. Kitobda katta so’z boshi, sayyoralarning inson taqdiridagi ahamiyati, din va uning jamiyatdagi o’rni to’g’risidagi fikrlardan keyin qisqa tarzda amir Doniyol (1758-1785 yy.), Shohmurod (1785-1800 yy.), Haydar va amir Nasrulloh hukmronligi yillarida bo’lib o’tgan voqealar bayon etilgan.
    Asarning katta va so’nggi qismi amir Muzaffarga bag’ishlangan. Bu qismda Buxoro xonligining X1X asr ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, shuningdek, chor Rossiyasi qo’shinlari tomonidan 1866 yili Jizzax hamda 1868 yili Samarqandning ishg’ol qilinishi voqealari batafil bayon etilgan.
    ”Tarjimai ahvoli amironi Buxoroyi sharif” asarining qo’lyozma nusxalari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Dushanbe kutubxonalarida mavjud. Asarning matni A.Mirzoev tomonidan chop etilgan. 1960 yili kitobning qisqartirilgan ruscha tarjimasi Dushanbeda nashr qilingan.
    Tarixi salotini Mang’itiya”
    “Tarixi salotini Mang’itiya” (“Mang’it sultonlarining tarixi”) asari buxorolik mashhur tarixchi olim va shoir Mirzo Abduazim Somiy Bo’stoniy (1838/39-1914 yildan keyin) qalamiga mansubdir.
    Bo’lg’usi tarixchi boshlang’ich ma’lumotni ona yurti Bo’ston qishlog’ida, Buxoroning shimolida, undan 40 km narida olgan, so’ngra Buxoro madrasalaridan birida o’qigan, dastlab viloyat hukmdorlari qo’lida kotib, amir Muzaffar taxtga o’tirgandan keyin uning shaxsiy kotibi, munshiysi bo’lib xizmat qilgan. Amir Abdulahad hukmronligi (1885-1910 yy.)ning so’nggida 1898 yoki 1899 yilda podshohlikka qarshi fikrlari uchun saroydan chetlatilib, umrining oxirini nochorlikda kechirgan.
    Somiy bir necha adabiy va tarixiy asar yozib qoldirgan. “Mir’ot ul-hayol” (“Xayol ko’zgusi”), “Insho”, “Tuhfayi shohiy” (“Podshohning tuhfa”), “Tarixi salotini Mang’itiya” shular jumlasidandir. Bularning ichida tarix ilmi uchun eng muhimi so’nggi ikki asardir.
    1900-1902 yillar orasida yozilgan “Tuhfayi shohiy” va 1907 yili yozib tamomlangan “Tarixi salotini Mang’itiya” bir davr, Buxoro xonligining amir Muzaffar davridagi tarixga bag’ishlangan. Biroq ular ma’lum darajada bir-biridan farq qiladi. Masalan, “Tuhfayi shohiy” to’laroq, lekin oliy hukmdorni ko’klarga ko’tarib maqtash, panegrik ruhida bitilgan.
    “Tarixi salotini Mang’itiya” esa nisbatan xolisona yozilgan. Asarning ilmiy ahamiyati shundaki, unda Buxoro amirligining O’rta Osiyoning Rossiya tarafidan bosib olinishi arafasidagi iqtisodiy va siyosiy ahvoli, shuningdek, Buxoro-Rossiya munosabatlari birmuncha keng yoritilgan. Kitobning qo’lyozma nusxalari ko’p. Uning O’zbekistonlik olima L.M.Yepifanova tomonidan qilingan ruscha tarjimasi, so’zboshi va zarur izohlari bilan birga, 1962 yili, Moskvada chop etilgan.
    Tarixi Salimiy”
    “Tarixi Salimiy” (“Salimiyning tarixi”) asari muallifi X1X asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi choragida o’tgan Mirza Salimbek bo’lib, uning to’la ismi Mirza Salimbek ibn Muhammad Rahimdir. Olim 1850/51 yillari Buxoroyi sharifda badavlat va nufuzli xonadonda tavallud topgan.
    Mirza Salimbek 1871 yili Nahrpoy (Norpoy) va Ziyovuddin hokimiga kotib bo’lib ishga kiradi, lekin olti oydan keyin amir Muzaffarning farmoyishi bilan Toshkentga rus ma’murlarining xatti-harakati va ayniqsa Buxoro xususida tutgan siyosatini kuzatib boruvchi qilib yuborildi.
    Mirza Salimbek Toshkentga choyfurush qiyofasida keldi va bu yerda 12 yml istiqomat qildi. 1880-1883 yillari u amir huzurida, 1884-1885 yillari Turkiston general-gubernatori huzurida Buxoro vakili bo’lib xizmat qildi. 1885 yili Mirza Salimbek Somjin tumaniga amlakdor qilib tayinlandi. Shundan keyin uning martabasi yil sayin ortib bordi. 1881-1893 yillari Buxoro shahrining mirshabi, 1893-1920 yillari Yakkabog’, Nurota, Boysun, Sherobod, Shahrisabz, Chorjo’y viloyatlarining hokimi va bosh zakotchi vazifalarida turdi. 1920 yilgi inqilobdan keyin Mirza Salimbek sho’ro tashkilotlarida, Buxoroda tashkil etilgan «Anjumani tarix» («Tarixshunoslar jamiyatida»)da xizmat qildi. Mirza Salimbekning vafot etgan yili ma’lum emas.
    Mirza Salimbek bir necha yirik tarixiy va adabiy asar yozib qoldirgan. «Kashkuli Salimiy» («Salimiyning kashkuli»), «Jomi’ ul-gulzor» («Gulzorlar majmui»), «Ka’b al-axbor hikoyalari», «Hikoyati Abdulla ibn Muborak», «Tarixi Salimiy» shular jumlasidandir.
    Tarixchilar uchun eng muhimi uning so’nggi asari «Tarixi Salimiy»dir. N.Norqulovning fikriga qaraganda, XX asrining 20- yillarida yozilgan. Uning bosh qismi, Chingizxondan to amir Muzaffar davrigacha bo’lgan tarix umumlashtiruvchi xarakterga ega. Asarning 1860-1920 yillar voqealarini o’z ichiga olgan katta qismi butunlay yangi bo’lib, muallifning o’zi bu voqealarning guvohi bo’lgan.
    Asarda amir Muzaffar davrida Hisor, Ko’lob, Baljuan, Qorategin va Darvozda bo’lib o’tgan isyonlar, Buxoro-Qo’qon va Buxoro-Rossiya munosabatlari, shuningdek, Buxoro amirligining X1X asrning ikkinchi yarmidagi umumiy ahvoli va ma’muriy tuzilishi haqida qimmatli ma’lumotlar bor.
    «Tarixi Salimiy» asarining qo’lyozma nusxalari ko’p. Asar 1968 yili N.norqulov tomonidan rus tiliga tarjima qilingan, lekin hali chop etilmagan.
    Tarixi jadidayi Toshkand”
    “Tarixi jadidayi Toshkand” (“Toshkentning yangi tarixi”) nomli asar Muhammad Solih Toshkandiydir. Uning to’la ismi Muhammad Solih domla Rahim Qoraxoja o’g’li. Tarixchi 1830 yilda tug’ilgan, vafot etgan yili noma’lum. Boshlang’ich ma’lumotni bobosi mulla Abdurahimxojadan, u Qiyot mahallasida joylashgan Bekmuhammadbiy masjidida imom bo’lgan, olgan, so’ng Beklarbegi va xoja Ahror madrasalarida o’qigan. Farg’onaning Qo’qon (1853 y.), Marg’ilon, Namangan va O’sh (1853 y.) shaharlarida, keyinchalik Buxoro, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz va boshqa shaharlarda bo’lib, madrasada olgan bilimini kengaytirdi. 1863 yildan boshlab, ilgari bobosi imomlik qilgan masjidda imom bo’lib xizmat qildi, ayni paytda dars ham berib turdi.
    Muhammad Solih turli ilmlar, tarix, geografiya, adabiyot, tibbdan xabardor bo’lgan keng ma’lumotli kishi edi, lekin uning tarixga rag’bati ko’proq bo’lgan. U Abu Tohirxoja(X1X asr)ning “Samariya”siga o’xshash Toshkent, uning tarixi va osori atiqalariga bag’ishlab bir asar yozishni ko’pdan orzu qilib yurgan va nihoyat, 1863-1888 yillari maqsadiga erishgan. Bu asar “Tarixi jadidayi Toshkand” deb ataladi va ikki jilddan iborat.
    Birinchi jildda qadim zamonlardan to XU asr oxirigacha Sharq mamlakatlarida, shuningdek O’rta Osiyoda bo’lib o’tgan voqealar, ikkinchi jildda esa Qo’qon xonligining XU asr oziridan Zahiriddin Muhammad Bobur davridan to X1X asrning 80- yillarigacha bo’lgan ijtimoiy-siyosiy ahvoli, madaniy hayot haqidagi qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz.
    Asar hali biron tilga tarjima qilinmagan. Qo’dyozma nusxalari mavjud. Faqat Toshkentda, O’zR FA Sharqshunoslik institutida uning uch nusxasi mavjud, tartib raqamlari № 7791, 11072-73, 5732. Kitob va uning muallifi to’g’risida A.O’rinboev, O.Bo’rievlar 1983 yili “Toshkent Muhammad Solih tavsifida (X1X asr)” nomli risola chop etganlar.



    Download 0,99 Mb.
    1   ...   87   88   89   90   91   92   93   94   ...   113




    Download 0,99 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Mavzu: O’rta Osiyoning XVI-XIX asrlar tarixiga oid yozma manbalar

    Download 0,99 Mb.