Jaloliddin Manguberdini o‘zi esa ta’qiblardan qutulib Kurdiston tog‘lariga chiqib ketgan. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga tushib fojeali halok bo‘lgan.
…Jaloliddin Manguberdi ot choptirib ketdi… Uzoqlarga…
…Uning o‘limidan so‘ng, mo‘g‘ullar bunga ko‘p yillar ishonmay, yurak hovuchlab yurdilar.
Xalq Jaloliddin bu dunyodan ketganiga ishonmadi. Xizrni ko‘rgan Manguberdi darveshlar orasida bir so‘fiy kiyimida Islom mamlakatlarida, xalq ichida kezib yuribdi, degan ishonch bilan uning yana kuch to‘plab bizni himoya qiladi, deb kutdilar. Ular holdan toygan vatanparvarning bir kurd tomonidan nomardlarcha halok etilib qo‘yilishiga ishongilari kelmadi. Bunga hatto hukmdorlar ham ishongilari kelmadi. Iroqi Ajam noibi Sharafuddin ali Manguberdini izlatib ham ko‘rdi. Jaloliddin ular uchun yengilmas, jisman ham o‘lmas qahramon edi…
Ular saltanatning so‘nggi davrlarida xalqning issiqdan va suvsizlikdan qiynalayotganini ko‘rib, yada toshi vositasida yomg‘ir yog‘dirishdek mo‘jiza yaratgan Sultonning o‘lganiga shonmadilar……
…Hattoki, hozir ham Manguberdining tirikligiga ishonuvchilar topiladi. Zero, Jaloliddinning o‘zi shunday degan (M.Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasidagi vatanparvar tarixiy shaxs obrazining so‘zlari):
…Mangulikdan joy olgan - yashar abadiy,
Men-ku, Manguberdiman, olam biladi.
Ko‘klardanmi, suvdanmi, yo yer tagidan,
Balki sahro bag‘ridan, tog‘ etagidan,
Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda,
Yurt shaydosi ko‘milmas g‘urbatda – go‘rda.
Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal,
Kim yurtdan yov quvsa –mendurman o‘shal…
O‘zbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz jasorati, Vatanga va o‘z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” Qaror qabul qildi (1998-yil). Qarorga ko‘ra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o‘rnatildi, yirik ko‘cha, maydon, jamoa korxonalari va boshqalarga uning nomi qo‘yildi. Jaloliddin Manguberdining harbiy yurishlarida hamroh bo‘lgan tarixchi Nasaviy Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlab “Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining holati”) nomli asar, Maqsud Shayxzoda esa “Jaloliddin” (1943-yil) dramasini yozgan. Jaloliddin Manguberdi haqida videofilm, doston, pyesa va boshqalar yaratilgan. 2000-yilning 30-avgustida “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, tarix vatanparvarlik tuyg’usini shakllantirishdagi eng buyuk qurollardan biridir. O‘tmishda ona Vatan himoyasi, yurt tinchligi uchun jonini fido qilishga tayyor turgan Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi kabi tarixiy shaxslar, qahramonlar bo‘lganligining o‘zi ham bizlarda kelajakka ishonch ruhini mustahkamlaydi.
Albatta, Vatan ravnaqi uchun bor bilimi, kuchi, salohiyatini sarflash O‘zbekiston Respublikasi barcha fuqarolarining, ayniqsa yoshlarning muqaddas burchiga aylanmog‘i darkor. Zero, har birimizning baxtimiz, kelajagimiz Vatan ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq.
|