YOSHLARDA VATANPARVARLIK TUYG‘USINI SHAKLLANTIRISHDAJALOLIDDIN MANGUBERDI
JASORATINING TARIXIY AHAMIYATI
Hoshimova D.F.- O‘zR FVV YOXI,dotsenti
Hozirgi paytda yoshlarimizda vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash, ularni Vatan tuyg‘usini teran anglab yetishga o‘rgatish, vatanparvarlik-yuksak axloqiy fazilat ekanini tushuntirish bugungi kunning dolzarb vazifasi bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev to‘g‘ri ko‘rsatib o‘tganlaridek, “Holbuki, Vatan himoyasida toblangan mard o‘g‘lonlarimiz o‘zining mardlik va jasurlik fazilatlari, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi bilan obro‘-e’tibor qozongan harbiy xizmatchilarimiz yoshlarga har tomonlama ibrat va o‘rnak namunasi bo‘lishi mumkin”1.
Darhaqiqat, vatanparvarlik tuyg‘usining kuchayuviga sabab bo‘luvchi buyuk ajdodlarimiz, xususan, Jaloliddin Manguberdining jasoratlari asrlar o‘tsa hamki, o‘z qadr-qimmatini, ahamiyatini bugun kun nuqtayi nazaridan qaraganda hech ham yo‘qotmagan, aksincha, uning qahramonligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda yorqin namuna bo‘la oladi.
Tarixdan ma’lumki, Jaloliddin Manguberdining yaqin a’yonlaridan biri bo‘lgan, mashhur tarixchi Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy vatanparvarlikning o‘lmas timsoli bo‘lgan Jaloliddin Manguberdini shunday tasvirlagan edi: “…U bug‘doyrang, o‘rta bo‘yli, turkiy qiyofali va turkiyda gapiradigan odam edi, shu bilan birga, forsiyda ham so‘zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak, janglardagi qahramonliklarini eslab o‘tishning o‘zi kifoya qiladi. U sherlar orasida eng zo‘r sher edi, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir edi. U… jahldor emasdi, haqoratomuz so‘zlarni aytmasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi, kam gapirardi…”
Mashhur tarixchi V.V. Bartold Manguberdiga baho berar ekan, buni shunday ifoda etadi: “…Xorazmshoh Alouddin Muhammad keyinchalik Jaloliddin ko‘rsatgan va mumkin bo‘lgan qarshilik harakatining uchqunini ham ko‘rsata olmadi”.
…1218-yilda Movarounnahrga kelgan Chingizxon elchilari Alouddin tomonidan qabul qilindi. Ikki o‘rtada savdo shartnomasi tuzildi. Biroq Chingizxonning savdogarlar karvoni O‘trorga kelganda shu yerning noibi Inolxon ularni qatl etib, mol-dunyolarini tortib oladi. Aslini olganda, qatl etilganlar savdogarlar niqobidagi josuslar ekani ayon bo‘lsa ham, aniq isbotlar yo‘qligi sabab, bu o‘ta jiddiy siyosiy xatoga aylandi. Bu mudhish voqea oqibatda necha-necha minglab musulmonlarning halok bo‘lishiga olib keldi…G‘azablangan Chingizxon Inolxonni berishni talab qilib, Muhammad huzuriga ibn Kafraj Bug‘ra ismli mashhur kishi boshchiligidagi elchilarini yuboradi. Biroq Xorazmshoh Alouddin Muhammad o‘g‘li Jaloliddin Manguberdining so‘ziga kirmay, Inolxonni Chingizxonga bermaydi. Bu ham yetmaganiday, ibn Kafraj Bug‘ra va uning yo‘ldoshlarini qatl qilib yuboradi.
Mo‘g‘ullar bosqini arafasida Xorazmshoh harbiy kengash chaqiradi. Unda atoqli davlat arbobi Shahobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xivaqiy Alouddinga barcha lashkarlar bilan Chingizxonga qarshi chiqish kerak, degan taklifni o‘rtaga tashlaydi. Manguberdi ham foydali maslahat beradi. Uning fikri bo‘yicha, dushmanni Movarounnahrga kiritib, so‘ng mahalliy yerni dushmanga nisbatan yaxshi bilganlikdan foydalanib, uni yakson etish ko‘zda tutilardi. Biroq Alouddin Muhammad bu takliflarni rad etib, barcha qo‘shinini shahar va qal’alarga bo‘lib, parchaladi. Oqibatda, Chingizxonda raqib kuchlarini bittama-bitta, osongina qirib tashlash imkoni tug‘ildi va u buni uddaladi ham.
…Birinchi zarbani Chingizxon 1219-yilda O‘trorga berdi. Buning muhim sababi bor edi: Chingizxonning o‘z hisob-kitobi bo‘lgan Inolxon bu shaharning noibi edi. O‘tror besh oy qamal qilinib, Inolxonning odami Hojib Qoracha xoinligi sabab, ishg‘ol qilinadi. Inolxonni Chingizxon huzuriga olib kelishadi. So‘ng esa, Inolxonning ko‘zlari va quloqlariga kumush erittirib, quyishadi…
Vaziyatning qulayligidan va sarosimaga tushgan, yon-atrofidagi a’yonlariga shubha bilan qaraydigan bo‘lib qolgan Alouddin Muhammadning abgor ahvolidan foydalangan Chingizxon Movarounnahrning dastlab eng yirik shaharlarini bosib ola boshladi, shundan so‘ng, kuchsizroq viloyatlarini osonlik bilan zabt etadi. Tarixda misli ko‘rilmagan qatliomlar ro‘y beradi, musulmonlar qoni daryo bo‘lib oqadi. Tarixchilar aytganidek, “bunda taslim bo‘lganlar ham, qarshilik ko‘rsatganlar ham omon qolmadilar”. Vaziyat shu darajaga yetib keldiki, Balxdan Tusga arang qochgan Alouddin Muhammad Xorazmshoh Davlatobod yaqinida bo‘lib o‘tgan jangda zo‘rg‘a jonini qutqarib qoldi. Izma-iz quvib kelayotgan dahshatli ta’qibdan jonsarak bo‘lib qolgan Muhammad Sulton Hazar (hozirgi Kaspiy) dengizining janubi-sharq qismidagi Abiskin orollaridan biriga yashirindi. U yerda xastalanib, qashshoqlik va xor-zorlikda 1220-yili vafot etdi. Eng fojealisi, bir vaqtlar olamni larzaga keltirgan, qudratli imperiyaning hukmdori, behisob boyliklar egasi Alouddin Muhammadga hatto arzirli bir joy va hatto kafanlik ham topilmadi. Uning mulozimlaridan biri o‘z ko‘ylagini yirtib, kafanlik qilib o‘raydi…
Sulton Alouddin Muhammad o‘limidan bir necha kun oldin o‘g‘illari Jaloliddin, Oqshoh va O‘zloqshohni huzuriga chorlab, “Manguberdidan boshqa o‘chimni oladigan, bu harakatni to‘xtatadigan o‘g‘lim yo‘q. Uni voris etib tayinlayman. Unga itoat etingiz” deydi va qilichini o‘z qo‘li bilan katta o‘g‘lining beliga bog‘laydi.
Xullas, Jaloliddin Manguberdi eng mushkul, tahlikali vaziyatda o‘zi yo‘g‘-u nomigina bor davlatning sultoniga aylandi.Tog‘ bag‘rida gurjilar xuddi zulmat singari yoyilib, Xorazmshohni kutib turardilar. Ularning Sultonni ko‘rgan zahoti qilgan birinchi qiliqlari – osmonni teshib yuborguday qichqirishlari bo‘ldi. Ikki tomon orasida shiddatli jang bo‘lib o‘tdi. Oqibat shu bo‘ldiki, gurjilar mag‘lub bo‘lib, Xorazm qo‘shinidan arang qochib qutuldilar. Mavqeyidan mo‘g‘ullar ham hayiqib qolgan Manguberdi 1227-yilning sentabrida asosiy dushman bilan to‘qnashdi. Jang ayovsiz kechadi. Unda, ayniqsa, mo‘g‘ullar ko‘p talafot ko‘radilar. Biroq jangning eng qizg‘in pallasida Jaloliddinning ukasi G‘iyosiddin Pirshoh unga xoinlik qilib, qo‘shinlari bilan qochib ketadi. Lekin shunda ham Jaloliddin zafar qozonadi, mo‘g‘ullar talafot ko‘rib, qochishga tushadilar. Mo‘g‘ul lashkarboshilaridan biri Taynal no‘yon Jaloliddinning bu jangdagi jasoratini ko‘rib, shunday degan ekan: “Haqiqatan ham u o‘z davrining bahodiri va tengqurlarining dohiysidir!” Jaloliddin Manguberdining Vatani, millati va dinining g‘ururini barcha narsadan ustun qo‘yishini tarixchilarning ushbu qaydlaridan ham bilsa bo‘ladi.…Hirotni qamal qilish paytida Jaloliddin singlisi Xonsultondan xat oladi, u taqdir taqozosi bilan Chingizxonning o‘g‘li Jo‘chining xotini bo‘lgan edi. Maktubda shunday deyilgandi: “Sening qudrating, kuching va mulklaringning ulkanligi haqidagi xabar Xoqonga yetdi. Shuning uchun u sen bilan qarindosh bo‘lishga qaror qilib, mulklaringiz chegarasini Jayhun daryosi bo‘yicha o‘tkazish haqida kelishib olmoqchi. Senga - daryogacha bo‘lgan, unga – daryodan naridagi yerlar. Shuning uchun agar sen ularga qarshi turishga kuch yig‘olsang, qasos ol, agar yengsang, xohlaganingcha ish tutasan. Agar yengishga ko‘zing yetmasa, fursatdan foydalanib, ularning istagi bo‘yicha sulh tuz!” Biroq Xorazmshoh xatga javob ham yozmadi, uni xuddi keraksiz matohday nazarga olmadi, niyatlaridan chalg‘ituvchi undov deb bildi. Xorazmshohning atrofidagi davlatlar hukmdorlari-Qo‘niyo sultoni Qayqubod , Damashq hokimi al-Malik al-Ashraf va yana boshqa hukmdorlar bilan munosabatini ijobiy deb bo‘lmasdi.
Aynan shu omil Manguberdining asosiy dushman – mo‘g‘ullar oldida yakkalanib qolishiga zamin yaratdi. Xorazmshohning oldindan bilib bo‘lmas, tajovuzkor harakatlari oldidagi qo‘rquv Ko‘niyo sultoni Alouddin Qayqubodni unga qarshi ittifoq tuzishga olib keldi: bu ittifoqqa Damashq hokimi al-Malik al-Ashraf, Hilot hokimi Ibrohim Shirkuh, Xartabart hokimi Artuhxon, Halab hokimi Savob, Mayofiriqin sultoni al-Aziz Usmonlar kirdi. al-Ashrafga yuborgan maktubida Qayqubod bunday yozadi: “Jaloliddinni qilichsiz to‘xtatib bo‘lmaydi; unga hushomadgo‘ylik qilib ham bir ish chiqazolmayapmiz. Endi so‘zlarimiz va ishlarimizni kelishuvga olib kelsak va mamlakatlarimizni himoya qilsak bas.” 1230-yil 7-avgustda Arzinjon (Ozarbayjon yaqinida)gi yassi Chaman tekisligida Alouddin Qayqubod va Xorazmshoh o‘rtasida ilk to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. 700 otliq bilan dushmanning 3000 kishilik saralangan suvoriylariga qarshi borgan Jaloliddin g‘olib bo‘ldi, raqibini yakson qildi.
Biroq Xorazmshoh g‘alabadan to‘liq foydalana olmadi: mag‘lublarni ta’qib etib o‘tirmadi va uning bu harakati dushmanni tor-mor bo‘lishdan xalos etdi. Vaziyatdan foydalanib, o‘zini o‘nglab olgan ittifoqdoshlar 1230-yil 10-avgustda jang boshladilar. Oqibatda Manguberdining lashkari mag‘lub bo‘ladi va tarqatib yuboriladi. Xorazmshoh lashkarining yengilganiga qaramay, ittifoqdoshlar harakatlarini uning yerlarigacha davom ettirolmadilar, chunki ular Sultonning chekinishini bir hiyla, deb tushundilar. Ularning qalblarini Manguberdidan qo‘rquv va ehtirom shunchalik qamrab olgan ediki, uni ta’qib etishga jur’at eta olmadilar va ortga qaytdilar. Jaloliddinning Yassi Chaman yaqinida tor-mor etilganini eshitganlar mo‘g‘ullarga Manguberdining zaiflashganini aytishadi va ularni hujumga undaydilar.
Mo‘g‘ullar bu xabarni eshitib, 1230-31-yillarda Ozarbayjonga bostirib kirdilar va sultoni holdan toygan mamlakatni tezda istilo qiladilar. Mag‘rur, qaysar Jaloliddin Manguberdi nochor ahvolda qolganidan turli mamlakatlar hukmdorlaridan, hattoki, avval raqib bo‘lgan davlat hukmronlaridan ham najot istab, yordamga chaqirishga majbur bo‘ladi. Bu ham yetmaganidek, mo‘g‘ullar Jaloliddinning qishlovlarga yuborilgan lashkarlari to‘planmasidan burun Manguberdiga hujum qiladilar. Xorazmshoh bu ayovsiz va og‘ir jangdan bazo‘r qutulib qoladi.
|