O‘ZBEKISTONDA O‘QUVCHI-YOSHLARNI HARBIY XIZMATGA TAYYORLASH TIZIMI VA ZAMONAVIY TASHKILIY – HUQUQIY ASOSLARI
Egamberdiyev I. Y. –Nizomiy nomidagi TDPU Harbiy ta’lim fakulteti o‘qituvchisi
O‘zbekistonda o‘quvchi-yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimi va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmatga tayyorlash tizimining asosiy qismi hisoblanadi.
Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng qisqa vaqt ichida asosan yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning tashkiliy-huquqiy bazasi yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Mudofaa to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi Qonunlar, “Harbiy Doktrina”, Harbiy qasamyod, harbiy qism Jangovar Bayrog‘i haqida Nizomlar, Umumharbiy Nizomlar respublika vazirliklari va boshqarmalarining normativ qoidalari ishlab chiqildi. Ushbu jarayonlar va me’yoriy hujjatlar bugungi kunda ham, zamon bilan hamnafas tarzda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib borilmoqda. Yangi konseptual asosga ega bo‘lgan konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda, xususan, 2018-yil 23-fevraldagi Vazirlar Mahkamasining 140-sonli “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini” misol qilib ko‘rsatish mumkin. Konsepsiyaning amalga oshirish bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan chora – tadbirlari dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu chora – tadbirlar dasturining 9 bandida “Umumiy o‘rta ta’lim” muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari uchun “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanini, hamda fan rahbari va o‘qituvchilar shtat birliklarini kiritish ko‘zda tutilgan.
Shunga asosan, 2018-yil 20-sentabr sanasidan Xalq ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining qaroriga asosan, umumta’lim maktablarida “O‘quvchilarni chaqiriqqa tayyorlash rahbari” lavozimi joriy qilingan edi. Ushbu shtat birligi asosida maktablarda sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish maqsadida zahiradagi va istefodagi ofitser kadrlar, shuningdek, harbiy ta’lim fakultetini bitirgan yosh kadrlarni mutaxassisligi bo‘yicha ushbu sohaga jalb etish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu o‘z navbatida o‘quvchi-yoshlar ongida Vatanga muhabbat, bobolarimizning jangovor an’analariga sodiqlik, harbiy kasbga qiziqtirish va vatanparvarlik ruhida tarbiya qilishdek eng mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda muhim vosita hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018-yilning 28-dekabr kungi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Yoshlarimizga munosib ta’lim berish, ularning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini ro‘yobga chiqarishimiz kerak. Shu maqsadda, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishimiz, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va o‘quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashimiz kerak”-deb alohida ta’kidlab o‘tdi.1
Shuningdek, davlat rahbarining 2018-yilning 10-yanvar va 28-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishlarida hamda joylardagi harbiy qism va muassasalarga tashriflari chog‘ida ham o‘quvchi-yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni harbiy xizmatga tayyorlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida o‘quvchi-yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu borada mamlakatda o‘ziga xos tizim yaratilgan. Respublikada chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlari asosan, ikki yo‘nalishda, ya’ni harbiy vatanparvarlik va ta’lim-tarbiya yo‘nalishlarida amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlar orasidan harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishiga asosan, chaqiruvga qadar yoshlarni xalqimiz tarixiga va ma’naviy qadriyatlariga nisbatan yuksak hurmat tuyg‘usini shakllantirish, Vatanga muhabbat, fidoyilik, tashabbuskorlik, hamjihatlilik, bag‘rikenglik, adolatlilik, kamtarinlik kabi sifatlarni shakllantirish shuningdek, o‘zining hayotiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan bo‘lajak Vatan himoyachisini tarbiyalash vazifalari yuklatilgan. Shundan kelib chiqqan holda, chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash alohida tizim sifatida olib, mazkur tizimga qo‘yiladigan talablar, tizimning tarkibiy qismlari ya’ni, huquqiy institutlari, obyekt va subyektlari, tizimda foydalaniladigan usul va vositalar hamda tizim faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar o‘rganib chiqildi.
Chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini boshqa tizimlardan farqli jihati yoshlarni aynan harbiy xizmatga tayyorlash vazifasidan kelib chiqib yondashiladi. Mazkur tizimga qo‘yilgan talab chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy xizmatga ma’nan va axloqan tayyorlashdan iborat. Ushbu talabni amalga oshirishda tizimning huquqiy asosini yaratuvchi institutlar va ular tomonidan ishlab chiqilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar tizimning samarali ishlashi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tizimning faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi huquqiy institutlariga quyidagilar kiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Tegishli vazirlik va idoralar (ya’ni, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik xizmati va boshqalar).
Tizimning mazkur huquqiy institutlari o‘z vakolatlari doirasida qonun va boshqa normativ huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Jumladan, Prezident tizim faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha qaror va farmonlar, Oliy Majlis tizimning tashkil etuvchi qonun hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi esa qonun va davlat rahbari qarorlari ijrosi yuzasidan qarorlar ishlab chiqadi. Mazkur qonun va qonunosti hujjatlar asosida Mudofaa va boshqa mutasaddi vazirliklar qo‘shma qaror hamda buyruqlar ishlab chiqadi.
Chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimining huquqiy institutlari faoliyati tizim obyekti hisoblangan harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlarga yetarli darajada harbiy ta’lim va tarbiyani takomillashtirishga yo‘naltirilgan.
Bevosita tizim obyekti hisoblangan harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlar tushunchasini izohlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunining 3-modda1 hamda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi yoshlarini harbiy xizmatga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qaroriga2 binoan harbiy xizmatga chaqiriladigan va tuman (shahar) chaqiruv uchastkalarida qayd etilgan shaxslar va umumiy o‘rta ta’lim maktabalarining 10-11 sinf o‘quvchilari hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining ikkinchi va uchinchi kurs talabalari chaqiriluvchilar hisoblanadi.
|