Polimer dorivor parda dori turini rivojlanish istiqbollari:
Qator afzalliklariga ega bo‘lgan sababli PDP tibbiyotning turli sohalarida dorivor terapiyaning samaradorligini oshirish imkoniyatini beradi. Birinchi navbatda bu dermatologiya amaliyotiga taalluqli. Ma’lumki, turli jaroxatlarni davolashda va jarrohlik operatsiyalaridan keyingi epitelizatsiya jarayonlarini faollashtirish va jarohatga ikkilamchi infeksiya tushmasligi muhim omillardan biri hisoblanadi. Bu muammoni bartaraf etishda doka asosidagi an’anaviy bog‘lov materiallarining kamchiligi – ular jarohatni bitishini sekinlashtiradi. Bunday kamchilikni yo‘qotish uchun qator gidrofil asosli pardalar taklif etilgan bo‘lib, ular o‘zida turli antibakterial, antiseptik, regeneratsiya jarayonlarini faollashtiruvchi moddalar saqlaydi. Bunga misol sifatida xlorgeksidin biglyukonat saqlovchi turli PDP keltirish mumkin. Hozirda keng qo‘llaniladigan mahalliy antiseptik modda – xlorgeksidin biglyukonat aerob (grammanfiy va grammusbat) hamda anaerob bakteriyalar, Candida zamburug‘i va dermatomitsetda, teri – tanosil kasalligidagi – treponema, gonokokk va trixomonadalarga nisbatan samaralidir. Shuni hisobga olgan xolda xozirda qator majmuaviy xlorgeksidin biglyukonatni saqlovchi PDP taklif etilgan. Dori turlari texnologiyasi kafedrasi ilmiy tekshirish ishlari yo‘nalishlaridan biri bu faol substansiyalarni polimer dori pardalar shaklida ishlab chiqarishdir. Ulardan M.A. Xodjaeva tomonidan antibakterial, antiseptik, yallig‘lanishga qarshi, regeneratsiya jarayonlarini faollashtiruvchi preparatlar majmuasini polimer dorivor pardalar sifatida ishlatish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatildi. Muallif tomonidan tarkibida antibakterial modda levomitsetin, regenerativ jarayonlarni stimullovchi metiluratsil va antiseptik ta’sirni namoyon etuvchi xlorgeksidin saqlovchi “Levomeksidin” shartli nomi ostida turli jaroxatlarni, yaralarni davolash uchun mo‘ljallangan dermatologik polimer parda texnologiyasi ishlab chiqilgan. Mikrobiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, preparatning Escherichia coli, Staphylococcus aureus, Pseudomonas aeruginosa, Candida albicans turidagi mikroorganizmlarga nisbatan mikrobiologik faolligi tasdiqlangan.
Qator magistrlar dissertatsiya ishlari ham shu mavzuga bag‘ishlangan. Masalan, R.A.Abdullaeva dissertatsiya ishi “Jag‘-jag‘ va tirnoqgul va ajratmalari asosida stomatologik pardalar texnologiyasini ishlab chiqish», L.U.Gapparova “Propolis nastoykasi asosida dermatologik polimer dori pardalar yaratish” bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bordilar.
Reshetov I.V. va xammualliflar tomonidan lizotsim va xlorgeksidin biglyukonat tarkibli majmuaviy polimer pardalar yaralarni davolash uchun taklif etilgan.
Boykova Z.K. va xammualliflarning tadqiqotlari natijasida tarkibida yod saqlovchi vinil spirtining sopolimerlari asosida teri kasalliklarida qo‘llash uchun mo‘ljallangan dermatologik PDP lar ishlab chiqilgan.
Hozirda «Op-sayt» nomli shaffof gidrofil polimer pardalar taklif etilgan. Ular jaroxat yuzasiga yopishib qolmasdan, epitelizatsiya jarayonlarini tezlashtirib kislorod o‘tkazish xususiyatiga ega .
Sarimsakov A.A. va xammualliflar tomonidan tarkibida kumushning nanozarrachalarini saqlovchi bioeruvchan PDPlar texnologiyasi taklif etilgan.
Oftalmologiya amaliyotida ko‘z dorivor pardalari mahalliy ko‘z tomchilari o‘rniga va ta’siri uzaytirilgan dori moddasining kon’yuktiv xalta to‘qimasining yuzasida uzoq muddat davomida kontaktda bo‘lishi tufayli keng qo‘llaniladi. Ko‘z dorivor pardalari – steril polimer parlalar bo‘lib, tarkibida ko‘z yosh suyuqligida asta –sekin eruvchi, aniq belgilangan dozadagi dori moddasini saqlaydi. Bunda ko‘z dorivor pardalarining prolongirlangan effektiga ko‘z yosh suyuqligidagi polimer asosini bo‘kish tezligini o‘zgarishi va uni erishi faol substratni boshqariladigan tartibda ajralib chiqishi orqali, organizm biopolimerlari bilan kooperativ o‘zaro ta’sirni namoyon etishi orqali erishiladi.
Hozirda qator oftalmologiyada keng qo‘llaniladigan biologik faol moddalarning PDP lari yaratilgan. Ulardan emoksipin, apilak, florenal, pilokarpin va vitaminlar, atropin, dikain, kanamitsin, sulfapiridazin, fibrinolizin, deksametazon, taufon, va neomitsin sulfat saqlovchi ko‘z pardalarini keltirish mumkin.
Respublikamizda shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Masalan, suvda eruvchan polisaxarid va virusga qarshi xususiyatli, interferonni induksiyalash xususiyatiga ega bo‘lgan SelAgrip substansiyasi asosida ko‘z uchun dorivor pardalar olingan va birinchi marta ushbu pardalar oftalmologiya amaliyotida virusli gerpes kasalligiga qarshi samarali vosita ekanligi aniqlangan. Ushbu ko‘z pardalari GlazAvir deb nomlandi.
Ma’lumki, yurak –qon tomir kasalliklari eng ko‘p uchraydigan va turli og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradigan kasalliklardan biri hisoblanadi. Stenokardiya huruji va yurak etishmovchiliklarida bemorlar doimo o‘zlari bilan dori olib yurishlari, favqulotdagi holatlarda kerakli dozadagi dorini qabul qilib olishlari talab etiladi. Ushbu kasalliklarni davolashda nitrosorbidning 0,02g dozali polimer pardalari olingan. Bu pardalar uzunligi 9 mm, eni 4,5 mm va qalinligi 1,2 mm o‘lchamda bo‘lib, yuqori milk devoriga yopishtirib qo‘yiladi. Uning ta’siri 5 daqiqadan so‘ng boshlanib, 8 soatgacha davom etadi.
Klinik stomatologiyaning erishgan yutuqlariga qaramasdan, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanish kasalliklari aholi orasida keng tarqalgan bo‘lib, bu esa ushbu kasalliklarni davolashda yangi yanada samaraliroq va bezarar dori vositalarini yaratish zaruratini talab etadi.
Applikatsiya holida qo‘llaniladigan stomatologik polimer pardalarning afzalligi, qo‘llash mobaynida hosil bo‘lgan biologik faol modda va polimer eritmasi og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavatlarida preparatning terapevtik konsentratsiyasini ta’minlab, zararlanish o‘chog‘ida bir tekis tarqaladi.
Hozirda qator faol moddalarni saqlovchi stomatologik pardalar ishlab chiqilgan va ularni samaradorligi tasdiqlangan. Tarkibida atropin, dikain, sulfapiridozolin Na, kanamitsin, florenal, diklofenak natriy saqlovchi turli turdagi (xildagi) polimer pardalar - og‘iz bo‘shlig‘ining virusli infeksion kasalliklarida, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatlarining turli ko‘rinishidagi yaralarida, parodontozning oldini olish va davolash uchun tavsiya etilgan.
Stomatologiya amaliyotida PDP larni qo‘llashning yana bir afzalligi, bu ularni mahalliy anestetiklar in’eksiyalarini o‘rniga ishlatish mumkin. Hozirda stomatologiyada keng qo‘llaniladigan anestetik dikainning PDP etarli darajada maxalliy anesteziyani ta’minlab, bemorlarni qo‘shimcha stomatologik manipulyasiyalardan halos etadi.
|