|
-rasm. O’zbekiston asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlarining o’sish dinamikasi prognozi16
|
bet | 13/14 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 452,47 Kb. | | #235668 |
Bog'liq Bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘zbek modeli va uning o‘ziga xos xususiyatlari9-rasm. O’zbekiston asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlarining o’sish dinamikasi prognozi16
Ijobiy iqtisodiy istiqbollar. Ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston iqtisodiyotining o’sish sur'atlari sekin, ammo ijobiy bo’lib qolmoqda. Islohotlar ishlab chiqarishdagi cheklovchi omillarni (to’siqlarni) bartaraf etish va yuqori o’sish potensialiga ega tarmoqlarni liberallashtirishga yordam beradi. Meva-sabzavotchilik, turizm, oziq-ovqat sanoati, to’qimachilik va kimyo sanoati shunday tarmoqlar qatoriga kiradi. Biznesda soliq yukining sezilarli darajada kamaytirilishi zikr etilgan jarayonlarni yanada qo’llab-quvvatlaydi. 2020 yilda narx-navoning liberallashuvi va oylik ish haqi oshirilishi sababli inflatsiya yuqori darajada saqlanib qoladi. Biroq 2021 yilga borib u pasayishi kutilmoqda (9-rasm). Jahon banki prognozlariga ko’ra, tashqi savdo balansining salbiy saldosi yuqoriligicha qoladi. Sababi, O’zbekiston iqtisodiyoti kelgusi bir necha yilda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun ko’plab mashina va uskunalarni import qilishni davom ettiradi.
Kreditlarning haddan tashqari o’sishi barqarorlikka tahdid solishi mumkin. Jahon banki ma’lumotlariga ko’ra, kreditlarning davomli va haddan tashqari o’sishi inflatsiya bosimini kuchaytiradi va bu makroiqtisodiy barqarorlik uchun asosiy xavflardan biridir. O’zbekiston hukumati moliyaviy intizomni saqlash uchun maqsadli kreditlar hajmini kamaytiradi. Bundan tashqari, barqaror iqtisodiy o’sish va pul o’tkazmalari oqimi mamlakatda asta-sekin qashshoqlikni qisqartirishga yordam berishi ham kutilyapti. Davlatning ijtimoiy siyosatdagi o’zgarishlari kam daromadli oilalarni qo’llab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirish orqali qashshoqlikni kamaytirishi mumkin. 2019 yilda O’zbekiston hukumati ijtimoiy himoya xarajatlarini 50 foiz oshirdi.
Makroiqtisodiy xavflar. Ayrim tovarlar narxining jahon bozorida ko’tarilishi va olib borilayotgan islohotlar tufayli O’zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar ko’payishi uchun qulay istiqbollar mavjud, biroq salbiy omillar xavfi ham saqlanib qolmoqda. Ular quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- O’zbekistonning asosiy savdo hamkorlari: Rossiya, Xitoy va Qozog’istonda iqtisodiy o’sishning ancha zaifligi;
- tarkibiy va tizimli islohotlarni amalga oshirishning kechikishi;
- inflatsiyaning o’sishi.
Mamlakatning yetarli darajadagi valuta zaxiralariga egaligi va davlat tashqi qarzining nisbatan kamligi sabab iqtisodiyotning tashqi barqarorlik xavfi o’rtacha bo’ladi. Islohotlarning keyingi bosqichi davlat korxonalari va moliya sektori, qishloq xo’jaligi uchun mo’ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish va qishloq xo’jaligidagi islohotlar kabi ancha murakkab muammolarni hal qilishga qaratilgan. Ushbu islohotlar iqtisodiy o’zgarishlar, iqtisodiy o’sishni qo’llab-quvvatlash va ish o’rinlarini yaratish uchun muhim ahamiyat ega. Shu bilan birga, ular puxta nazorat qilinishi kerak bo’lgan muhim iqtisodiy va ijtimoiy xavflarni ham qamrab oladi.
Asosiy e'tibor iqtisodiy o’sish va ish o’rinlari yaratishga qaratilishi kerak.
O’zbekiston iqtisodiyotida yiliga qariyb 280 mingga yaqin yangi ish o’rni yaratiladi. Demografik sabablarga ko’ra esa har yili deyarli 600 mingta ish o’rni tashkil etilishi kerak. Shu bois, iqtisodiyotda har yili yaratilayotgan ish o’rinlari mehnat bozoriga kirib kelayotgan yangi ishchilarni band qilish uchungina ikki baravar oshirilishi lozim. Aksariyat ish o’rinlari yangi korxonalarni tashkil etish hamda mavjud korxonalarni yanada kengaytirish hisobiga yaratilishi zarur.
O’zbekiston mehnat bozorida quyidagi tarkibiy va tizimli kamchiliklar mavjud:
- mehnatga bo’lgan rag’batning sustligi;
- xodimlar malakasining yetarli emasligi;
- korxonalarda xodimlarni texnik ko’nikmalarga o’qitish bo’yicha imkoniyatlarning yetishmasligi;
- yoshlar o’rtasida ishsizlik darajasi yuqoriligi;
- iqtisodiy faol bo’lmagan aholi ulushining ko’pligi;
- uzoq davom etayotgan ishsizlik;
- ish kuchining cheklangan safarbarligi.
Iqtisodiy o’sish – yangi ish o’rinlarini yaratish uchun asosiy omil. Yaxshi naf beradigan ish o’rinlari yaratilishi iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirishning muhim shartidir. Mehnat unumdorligi va bandlikning ortishi aholi jon boshiga YaIM singari muhim ko’rsatkichning o’sishiga xizmat qiluvchi ikkita asosiy omildir. Aholi jon boshiga daromadlari eng yuqori bo’lgan mamlakatlarda so’nggi ikki asr davomida mehnat unumdorligi keskin o’sib borayotganini ko’rish mumkin. Mehnat unumdorligining bunday o’sishi “samaraliroq” yoki yuqori maoshli ish o’rinlari yaratilishiga olib keldi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM aslida butun aholi mehnati samaradorligi (unumdorligi) ko’rsatkichidir. Yuqori va past daromad darajasiga ega mamlakatlarda aholi jon boshiga YaIMdagi farqlar mamlakatlar o’rtasidagi mehnat unumdorligi darajalaridagi farqlarni ifodalaydi.
Mehnat unumdorligi ortishi YaIM o’sishining asosiy omili bo’ldi. O’zbekistonda 1996 yildan 2016 yilgacha bo’lgan muddatda aholi jon boshiga YaIMning kumulyativ o’sishi 165 foiz deb qayd etilgan.
Ushbu davrda bir xodimga nisbatan mahsulot ishlab chiqarishning umumiy hajmi, taxminan, 150 foiz oshdi. Ushbu davrda aholi jon boshiga YaIMning o’sishi, asosan, mehnat unumdorligi o’sishi va demografik o’zgarishlar tufayli yuz berdi. Ammo ushbu davrda iqtisodiy faol aholiga nisbatan bandlik darajasi, shuningdek, mehnatga layoqatli aholiga nisbatan iqtisodiy faol aholi darajasi pasaydi. O’zbekistonda mehnat unumdorligi o’sishi tarmoqlar o’rtasidagi resurslar almashinuvi hisobiga emas, asosan, tarmoqlar ichida yuz berdi.
Ish o’rinlarini yaratish sur'ati iqtisodiy faol aholining o’sishidan orqada qolmoqda. 1996 yildan 2016 yilgacha qo’llangan «o’zbek modeli» tez o’sib borayotgan iqtisodiy faol aholi uchun yetarli bo’lgan ish o’rinlari yaratib bera olmadi. Ayniqsa, sanoatning ishlab chiqarish tarmoqlarida yangi ish o’rinlarini yaratish jiddiy muammolardan biri edi. Oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa tarmoqlar shular jumlasidandir. Umumiy bandlikning atigi 13 foizi qazib olish va ishlab chiqarish sanoati ulushiga to’g’ri keladi. 2016 yilda bu ko’rsatkich, boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda, ancha past edi: Turkmanistonda 45 foiz, Belarusda 32 foiz, Ukrainada 25 foiz, Qirg’izistonda 22 foiz va Qozog’istonda 21 foizni tashkil etgan.
Bandlik va mehnat unumdorligining bir paytda o’sishi mukammal uyg’unlikdir. O’zbekistonning qurilish, kimyo va neft-kimyo sanoati, ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish, transport, aloqa va boshqa ko’plab tarmoqlarida bir paytning o’zida bandlik va mehnat unumdorligi o’sishi kuzatildi. Biroq energetika, yoqilg’i va metallurgiya sanoatida yangi ish o’rinlari tashkil etilgan bo’lsa-da, mehnat unumdorligi pasaydi. Qishloq xo’jaligi, mashinasozlik, sanoat qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoati kabi boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligi oshdi, ammo ish o’rinlari qisqardi.
Jismoniy infratuzilmadagi kamchiliklar yo’qotishlarga olib kelmoqda. Jismoniy infratuzilma faoliyatidagi uzilishlar har yili ishlab chiqarishda katta yo’qotishlarga olib kelmoqda. Katta korxonalar bilan taqqoslaganda, kichikroq firmalar elektr energiyasi, gaz va suv ta'minotidagi uzilishlardan, yer maydonlarining yetishmasligidan yoki ishlab chiqarishni kengaytirish yo’lidagi yuqori ijara stavkalaridan ko’proq zarar ko’rmoqda. 2016 yilda jismoniy infratuzilma faoliyatidagi barcha uzilishlardan hosil bo’lgan umumiy yo’qotishlar yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmining 24 foizini, mayda korxonalarda esa 38 foizini tashkil etgan. Hokimiyat idoralari infratuzilma xizmatlari faoliyatini yaxshilash orqali korxonalarda mehnat unumdorligini va bandlik darajasini oshirishi mumkin.
Firmalarning vaqt va resurslardan samarasiz foydalanishi unumdorlikni oshirishiga to’sqinlik qilmoqda. Korxona rahbarlarining vaqti va moliyaviy resurslari ko’pincha ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lmagan faoliyatga chalg’itadi. Yirik korxonalar rahbarlarining qariyb 31 foiz, kichik korxona rahbarlarining esa 26 foiz vaqti besamar byurokratik kelishuvlarga isrof bo’ladi. Markaziy va mahalliy hokimiyat idoralari, vazirlik va muassasalar, tarmoq uyushmalari bilan soliqlar, bojxona tartiblari, tekshiruvlar, sanitariya va ekologiya masalalari yuzasidan va boshqa kelishuvlar shular jumlasidandir. Oqibatda ishlab chiqarish unumdorligi, samaradorlik, malaka oshirish, texnologiyalarni joriy etish va ushbu korxonalar rentabelligini oshirishga vaqt kam qoladi.
Biznes yuritish shartlarini soddalashtirish va bozor munosabatlarini rivojlantirish xususiy sektorni rivojlantirishga yordam beradi. Bozorga kirish va undan chiqish yo’lidagi to’siqlarning bartaraf etilishi, biznes yuritish qoidalarining soddalashtirilishi, davlatning narx belgilashni bosqichma-bosqich bekor qilishi, xususiy mulkka egalik huquqining mustahkamlanishi hamda davlat korxonalari sektoridagi ish samarasizligini yengib o’tish bundan keyin ham umumiy samaradorlikni (unumdorlikni) oshirishga xizmat qiladi. Agar korxonalar moliyaviy bozorlarga, xomashyo va boshqa manbalarga kirish imkoniyatiga ega bo’lsa, raqobatning kuchayishi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishni rag’batlantirishi mumkin. O’zbekistonda biznesni ro’yxatdan o’tkazish nisbatan murakkab emas. (2019 yilda “Biznes yuritish” – “Doing Business” hisobotida O’zbekiston biznes ochishning osonligi bo’yicha dunyoda 12 o’rinni egalladi). Biroq norasmiy cheklovlar, davlat idoralarining samarasiz faoliyati, shaffof bo’lmagan qonun-qoidalar va mulkka egalik qilish bo’yicha huquqning tegishli darajada himoya qilinmasligi katta to’siqlardan bo’lib qolmoqda. Bunday cheklovlar O’zbekistonning to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini ro’yobga chiqarishga va texnologiyalarni rivojlantirishga to’sqinlik qilmoqda.
Islohotlar iqtisodiy o’sish va yangi ish o’rinlari yaratish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. 2017 yildan buyon O’zbekiston hukumati iqtisodiyotini liberallashtirish bo’yicha olib borayotgan islohotlar biznes yuritish yo’lidagi xorijiy valuta konvertatsiyasi yetishmasligi, yuqori import bojlari va soliq stavkalari kabi cheklovlarni bartaraf etmoqda. O’zbekiston hukumatiga davlatning iqtisodiyotdagi rolini maqbullashtirishni davom ettirishni va xususiy sektorni rivojlantirish maqsadida qolgan to’siqlarni bartaraf etishni tavsiya etmoqda. Ushbu cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- investitsiya muhitini yaxshilash;
- soliq ma'muriyatchiligidagi islohotlarni to’liq amalga oshirish;
- davlat budjeti operatsiyalarining, ayniqsa, davlat korxonalariga beriladigan samarasiz yashirin subsidiyalarga nisbatan shaffofligini ta'minlash;
- yerdan foydalanish bo’yicha huquq hamda sanoat, xizmat ko’rsatish va qishloq xo’jaligida mulkka egalik qilish huquqini isloh qilish;
- davlat monopolistik korxonalarini tarkibiy jihatdan (tizimli) qayta qurish, korporativ boshqaruv va moliyaviy hisobotga qo’yiladigan talablarni kuchaytirish;
- davlatning eksportga yo’naltirilganlikni qo’llab-quvvatlashi (jumladan, ISO standarti bo’yicha sertifikatlash, ekspert xatarlarini kamaytirish, diversifikatsiyalash, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo’lish).
O’rta muddatli istiqbolda infratuzilmani (xususan, energetika, transport va logistika) modernizatsiya qilish hamda oliy ta'lim sifatini yaxshilash mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi.
Xulosa
Bozor iqtisodiyoti bu erkin raqobatga asoslangan iqtisodiyot bo’lib resurslarga xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatda va tadbirkorlikda erkinlik, iqtisodiy jarayonlarni tartiblashda va uyg’unlashtirishda bozor mexanizmidan foydalanish bilan tavsiflanadi.
Bozor iqtisodiyoti - tovar-pul munosabatlariga asoslangan, turli mulkchilikka hamda iqtisodiy erkinlikka tayangan va raqobat vositasida boshqarilib turuvchi demokratik iqtisodiyot. Bozor iqtisodiyoti insoniyat taraqqiyotida mavjud bo’lgan eng progressiv va istiqbolli tizimdir.
Bozor iqtisodiyotining asosiy afzalliklari sifatida quyidagilarni keltirishimiz mumkin:
- Rеsurslarni taqsimlashning samaradorligi;
- Iqtisodiy faoliyat va tanlov erkinligi;
- Iqtisodiy sub’еktlar tinimsiz harakat va izlanishlarining ta’minlanishi.
Bozor iqtisodiyotining kamchiliklari va salbiy jihatlari sifatida quyidagilar keltiriladi:
- Atrof muhitni ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlari ta’siridan muhofaza qilish mеxanizmining mavjud emasligi;
- Rеsurslarning qayta tiklanmaydigan turlarini saqlash imkoniyatining yo’qligi;
- Mеhnat qilish bilan bog’liq kafolatlarning mavjud emasligi;
- Fanda fundamеntal va amaliy tadqiqotlarning rivojlanishiga ko’maklashuvning yo’qligi;
- Rivojlanishning bеqarorligi hamda ijtimoiy ishlab chiqarishning pasayish holatlarining mavjudligi.
Bir tizimdan ikkinchi tizimga o’tishning revolyutsion va evolyutsion yo’llari mavjud. Bozor iqtisodiyotiga inqilobiy (revolyutsion) yo’l bilan ya’ni jadal usulda yoki evolyutsion yo’li (tadrijiy) bilan, ya’ni bosqichma-bosqich o’tish mumkin.
Evolutsion yo’l - asta-sekinlik bilan revolutsion to’ntarishlarsiz, bosqichma-bosqich bozor iqtisodiyotiga o’tishni ko’zda tutadi. Revolyutsion yo’li qo’llanganda tub islohotlarni o’tkazish, avvalgi tizimni va tarkib topgan iqtisodiy munosabatlarni birdaniga va batamom sindirish talab etilib, “karaxt qilib davolash” usuli (“shokovaya terapiya”) deb ataladi.
Bozor iqtisodiyoti jamiyatning barcha a'zolarini ishlab chiqarish va iste'mol orqali o’zaro raqobatning ishtirokchilariga aylantiradi. Shu boisdan bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish muttasil takomillashib boradi, mahsulotning sifat darajasi yaxshilanadi, uning miqdori ko’payadi va jamiyat taraqqiyoti tezlashadi.
Mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o’tishga bo’lgan urinishlari natijasida 2019-yilda O’zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi joriy narxlarda 511 838,1 mlrd. so’mni tashkil etdi va 2018-yil bilan taqqoslaganda 5,6 % ga o’sdi. YaIM deflyator indeksi 2018-yildagi narxlarga nisbatan 119,2 % ni tashkil etdi.
2019-yil yakunlariga ko'ra, YaIM tarkibida tovarlar ishlab chiqarishda 300 304,2 mlrd. so'm, xizmatlar ko'rsatish sohasida - 165 053,2 mlrd. so'm miqdorida yalpi qo'shilgan qiymat yaratildi, mahsulotlarga sof soliqlar esa 46 480,7 mlrd. so'mni tashkil etdi.
2019-yilda YaIM o'sishi 2018-yildagi 5,4 % va 2017-yildagi 4,5 % ga nisbatan 5,6 % gacha jadallashdi. YaIM deflyator indeksining o'sishi esa 2018-yildagi 27,5 % va 2017-yildagi 19,4 % ga nisbatan 2019-yilda 19,2 % gacha sekinlashdi.
2019-yil yakunlariga ko’ra, O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o'rtacha yillik kursi bo'yicha hisoblangan YaIM hajmi 57 907 mln. AQSh dollarini tashkil etdi (2018-yilda - 50 397 mln. AQSh doll.).
Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 15 242,0 ming so’mni (yoki 1 724 AQSh doll. ekvivalentida) tashkil etdi va bu ko’rsatkich 2018-yil bilan taqqoslaganda 3,6 % ga o'sdi. Aholi jon boshiga YaIM o'sishi 2017- va 2018-yillarda mos ravishda 2,7 % va 3,6 % ni tashkil etgan.
Kelgusida iqtisodiyotimizda kuzatilishi mumkin bo’lgan quyidagi xavflar mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollariga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
O’zbekiston iqtisodiyotining o’sish sur'atlari sekin, ammo ijobiy bo’lib qolmoqda. Islohotlar ishlab chiqarishdagi cheklovchi omillarni (to’siqlarni) bartaraf etish va yuqori o’sish potensialiga ega tarmoqlarni liberallashtirish orqali samarali olib borilishi mumkin.
Kreditlarning haddan tashqari o’sishi barqarorlikka tahdid solishi mumkin. Kreditlarning davomli va haddan tashqari o’sishi inflatsiya bosimini kuchaytiradi va bu makroiqtisodiy barqarorlik uchun asosiy xavflardan biridir.
Ayrim tovarlar narxining jahon bozorida ko’tarilishi va olib borilayotgan islohotlar tufayli O’zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar ko’payishi uchun qulay istiqbollar mavjud, biroq salbiy omillar xavfi ham saqlanib qolmoqda. Ular quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- O’zbekistonning asosiy savdo hamkorlari: Rossiya, Xitoy va Qozog’istonda iqtisodiy o’sishning ancha zaifligi;
- tarkibiy va tizimli islohotlarni amalga oshirishning kechikishi;
- inflatsiyaning o’sishi.
Mehnat bozoridagi jiddiy muammolar. O’zbekiston iqtisodiyotida yiliga qariyb 280 mingga yaqin yangi ish o’rni yaratiladi. Demografik sabablarga ko’ra esa har yili deyarli 600 mingta ish o’rni tashkil etilishi kerak.
O’rta muddatli istiqbolda infratuzilmani (xususan, energetika, transport va logistika) modernizatsiya qilish hamda oliy ta'lim sifatini yaxshilash mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi.
|
| |