|
Asar yaratilgan tarixiy sharoit
|
bet | 176/301 | Sana | 13.06.2024 | Hajmi | 0,96 Mb. | | #263417 |
Bog'liq Umumiy Pedagogika darslik. 08.09.22Asar yaratilgan tarixiy sharoit. Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asari pedagogika tarixida ta’limiy-axloqiy mavzuda yozilgan barcha asarlarning tamal toshi desak bo‘ladi.
Yusuf Xos Hojib X asrning o‘rtalarida tashkil topgan Qoraxoniylar hukmronligi davrida yashab ijod etdi. Qoraxoniylar Sirdaryodan Yettisuvgacha, Shimoliy Farg‘ona va butun Sharqiy Turkistonda hukmronligini o‘rnatgandan so‘ng Movarounnahrning ichki hududlariga ham kirib borib, Qoshg‘ardan tortib Kaspiygacha bo‘lgan keng maydonda o‘z davlatini tarkib toptirgan edi. Uning markazi Qoshg‘ar (O‘rdukent) bo‘lib, shimolda Bolasog‘un (Quzurda), g‘arbda Samarqand, markazidagi O‘zgand yirik shaharlardan hisoblanardi. Har bir davlatda bo‘lganidek Qoraxoniylar davlatining ham idora qilish usuli, yurgizadigan siyosati, qonunlari, tarbiya tamoyillari ifodalangan qomus — nizomnoma zarur edi.
«Qutadg‘u bilig» asari ham shunday zaruriyat tufayli yaratildi. Bu asarda qoraxoniylar davlatini mustahkamlash, uning idora usullarini yaratish, barcha tabaqa, toifadagi kishilarning xulq-atvori, jamiyatda tutgan o‘rni, davlatni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jihatdan mustahkamlash, davlat mustahkamligining bosh tayanchi — insonni ma’naviy kamolga yetkazish masalalari qamrab olinadi.
Yusuf Xos Hojib bu murakkab vazifani hal etishda faqat donishmand, qomusiy mutafakkir sifatidagina emas, balki tarbiyashunos olim sifatida ham o‘zini namoyon etdi. Shunga ko‘ra u yaratgan «Qutadg‘u bilig» asari ta’lim-tarbiya tarixi, uning nazariy masalalari, komil insonni shakllantirishda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
«Qutadg‘u bilig» asarida hokimiyat Qoraxoniylar qo‘liga o‘tishi munosabati bilan ta’lim va tarbiyaning ham hokimiyatni mustahkamlash va taraqqiy ettirish uchun xizmat etadigan o‘ziga xos talab va tamoyillarni belgilash zarur edi. Shuning uchun ham mazkur asar didaktik, ya’ni ta’limiy-axloqiy uslubda yozildi.
O‘sha davrlarda bunday asarlar (masalan Nizom ul-Mulkning «Siyosatnoma», Kaykovusning «Qobusnoma») yozish an’anaga kirgan bo‘lsa ham, har biri o‘ziga xos yo‘l-uslubga ega bo‘lib, «Qutadg‘u bilig» ulardan ancha oldin yaratilgandir.
Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asari ta’limiy-axloqiy asar sifatida pedagogika tarixida eng yuqori o‘rinlarda turadi.
|
| |