43
Boshlang’ich sinflarda o’quvchilar darsda endigina o’rganilgan mazmunning o’zini emas, balki ana
shu mazmunni o’rganishda qo’llangan usullarni takrorlash yo’li bilan yangi tushunchani mustaqil holda
o’zlashtirishga tayyorlanadi. Sinfdagi hamma o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida qandaydir mavzuni
o’rganganlaridan keyin o’qituvchi ularga "teskari yurish" qilishni, ya'ni darsning har bir nuqtasiga qaytishni
va unda nima qilingani hamda qanday qilinganini kuzatishni tavsiya etadi. Bunda eng muhimi darsning
mazmuni emas, balki o’quvchilarning ana shu mazmun ustida qanday ishlashidir. Bu esa ularga ta'limiy
ishning usullarini anglashda yordam beradi. Sinfda qanday masalalar qoyilganini, hodisani tushunishga
yoki muammoni yechishga qanday qilib erishilganini bilib oladilar. Bu ish o’qish usullarini egallash
mashqidir. Mana shu mashqning natijalarini bir o’quvchi doskaga yozadi, qolgan o’quvchilar darsning
qanday o’tganini qayta tiklashda unga yordam beradilar.
Buning uchun doska ikki qismga bo’linadi va uning chap tomoniga darsdagi eng muhim faktlar
hamda fikrlar qisqacha reja ko’rinishida yoziladi. O’ng tomonga masalalar, sinfda bajarilgan barcha ishlar,
aytaylik, kuzatishlar, mo’ljallar, topshiriqlarning yechimlari va hokazolar yoziladi. Bu mashq orqali
nimalarga erishiladi? Darsning asosidagi barcha masalalar, harakatlar va ifodalar darsning umumiy
mazmunidan ajratiladi va shu tariqa o’quvchilarning tushunishi uchun moslashtiriladi. Natijada,
o’quvchilar darsda nima qilish lozim bo’lganini va qanday qilinganini bilishga hamda tushunishga
odatlanadilar. Vaqt o’tishi bilan bilish harakatlarini yangi hodisalarga yoki misollarga ko’chirish
ko’nikmalari tarkib topadi. Lekin bilish harakatlarini ko’chirish mashqi o’quvchilar uchun darsda
materialning o’zini o’zlashtirishga nisbatan ancha qiyinroqdir. Ushbu mashqdan ko’zla-nadigan maqsad
material va o’qitish vositalari orqali aynan bilish jarayonini anglashdan iborat bo’lishi mumkin.
Ko’rsatib o’tilgan izlanishlar topshiriqlari savollarga yodlangan darslik matnidan yoki
o’qituvchining tushuntirishidan tayyor holda olingan javoblarni qaytarish emas, balki har bir savolga
tegishli javob topishni tavsiya qilishdan iboratdir. Ular aslida evristik-ta'limiy savollardir. Ana shu
maqsadda quyidagi topshiriqlarni tavsiya etish mumkin:
kuzatish materiallarini yoki o’qituvchi bergan mavzu boyicha to’plangan faktlarni
tizimlashtirish: asosiy masalalarni ajratish, reja tuzish, faktlarni guruhlashtirish;
taqqoslash va umumlashtirish, xulosa chiqarish va uni asoslash;
bilimlarni qo’llash: yangi faktlar va misollar bilan tasdiqlash, yangi hodisani o’rganilgan
hodisa darajasida tushuntirish.
Kuzatishlar, amaliy ishlar, tajribalar, eksperimentlar davomida yaxshi o’zlashtirilgan bilimlarni
emas, balki ularni qo’llashni ham talab qiladigan savollar va muammolarni o’z ichiga oladi, murakkabroq
izlanishlar amalga oshiriladi.
Darsda bilishdagi mustaqillikning rivojlanishi avval o’qituvchining yordamidan, darslik,
ma'lumotnoma, lug’at, shaxsiy kuzatish va tajribalardan foydalanib, savollarga mustaqil holda javob topish
ko’nikmasini egallash, keyin esa hech qanday yordamsiz o’rganilgan materialga mustaqil holda savollar
qoyish ko’nikmasini egallash asosida amalga oshadi. Keyinchalik o’quvchi boshqacha sharoitda namunaga
taqqoslab, topshiriqlarni hal qilish va savollarga javob berish ko’nikmasini o’zlashtiradi.
Bunda induktiv va deduktiv mushohada yuritish ko’nikmasi tarkib topadi. Umuman olganda,
darsliklar bilan ishlash natijasida o’quvchi fanlar sohalari boyicha bilimlarni egallash bilan birga, milliy
istiqlol g’oyasi va mafkurasining tub mohiyatini tushunib yetadilar. Bunda, ayniqsa, o’qituvchining roli
kattadir.