Moturidiylik va ash’ariylik.
Mutakallimlar Qur’on oyatlari, hadislar va
sahobiylarning tutgan yo‘li asosida aqida masalalarini mufassal bayon etib
berganlar. Aqida borasida faoliyat olib borgan olimlar orasida Abu Mansur
Moturidiy va Abul Hasan Ash’ariy alohida o‘rin egallaydi. Bu olimlar Ahli sunna
val jamoa aqidasi bo‘yicha Imom deb tan olindilar. «Ahli sunna val jamoa» to‘rt
fiqhiy mazhabdan biriga amal qilib kelayotgan bo‘lsalar, aqidaviy masalada
moturidiylik va ash’ariylikning aqidaviy ta’limiga asoslanadi. Bunga ko‘ra, hanafiy
mazhabi moturidiylik, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhabi ash’ariylik ta’limotida
deb qaraladi. Shu o‘rinda bu ikki maktab vakillari haqida biroz ma’lumot berib o‘tish
o‘rinlidir. Moturidiylik aqidaviy maktab asoschisi buyuk kalom imomi va fakih Abu
Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy
(853-944) bo‘lib, u asli Samarqandning Moturid qishlog‘ida (hozirgi Jomboy
tumanida joylashgan) dunyoga kelgan va taxallusi Shu qishloqqa nisbatan olingan.
Abu Mansur Moturidiy dastlabki ta’limni o‘z qishlog‘ida olib, keyinchalik
Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda
davom ettiradi. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyodiy,
Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fadl
kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan. Moturidiy fiqh va kalom masalalariga qiziqib,
o‘z zamonasining taniqli hanafiy mazhabi olimlaridan saboq oladi. Shu vaqt
davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo‘lib, bahs-
munozaralari bilan taniladi va shu sohaga oid asarlar yozib qoldiradi. Bunday asarlar
qatoriga «Kitab at-Tavhid», «Kitab al-maqomat», «Kitab rad avoil al-adilla li-l-
Ka’biy», «Kitab al-usul», «ar-Radd ala usul al-Qaromita», «Kitab ta’vilot ahli
sunna» va boshqalarni keltirish mumkin.
Bugungi kunga qadar Abu Mansur Moturidiyning ko‘plab asarlari saqlanib
qolmagan, ulardan etib kelganlari esa asosan xorijiy mamlakatlarning kutubxona va
qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.
Imom Moturidiyning «Kitab ta’vilot ahli sunna» (boshqa bir nomi «Ta’vilot
al-Qur’on») asarida sunniy aqidaga zid qarashlarni rad etish yo‘lidan boradi va Abu
Hanifaning qarashlariga suyangan holda sof aqida yo‘lini tutadi. Moturidiyning shu
birgina asari keyingi davrlarda yashagan ko‘p allomalarning asarlariga xamirturush
vazifasini bajardi.
Musulmon olimlar aqida masalasida asosan ikki manbaga tayanganlar:
birinchisi naqliy dalillar, ya’ni Qur’on oyatlari, hadislar va ularga qo‘shimcha tarzda
sahobiy va tobeiylar ijmosi (mujtahid olimlarning biror fikrga ittifoq qilishi) hamda
ijtihod (olimning biror masaladan shariy hukm olish uchun qilgan urinishi)laridir.
Ikkinchisi esa, aqliy dalillar. Imom Moturidiy ham naqliy, ham aqliy dalillarni
uyg‘unlashtirgan holda ilmiy xulosalar chiqarganiga duch kelamiz. Chunonchi,
ko‘pchilik odamlarning aql-tafakkuri ko‘p hollarda naqliy dalillarni qabul qila
olmaganidan imom Moturidiy o‘z o‘rnida aqliy dalillardan ham foydalangan. Shuni
ham alohida ta’kidlash lozimki, moturidiylik (ash’ariylik ham)da ham aqliy dalillar
naqliy dalillardan keyingi o‘ringa qo‘yiladi. O‘sha davrda mo‘taziliylar naqliy
dalillardan oldinga aqliy dalillarni qo‘yib, agar aqliy dalil naqliy dalilga, ya’ni oyat
va hadislarga qarshi chiqsa, ularni inobatga olmaganlar.
Imom Moturidiyning asosiy xizmatlari shundan iboratki, o‘sha davrdagi
aqidada adashgan oqimlarning salbiy ta’sirining oldini olish, ularning qarashlariga
qarshi asosli va kuchli dalillar keltirib raddiya berish, haqiqiy islom aqidasini
himoya qilish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berish, shu bilan birga
musulmonlar uchun aqida borasida asosli qo‘llanmalar yaratish va tarqatishdan
iborat bo‘lgan deyish mumkin.
Imom Moturidiy ko‘plab shogirdlar etishtirdi, ular o‘z ustozlarining
ta’limotini davom ettirishgani tufayli hanafiy mazhabida kalom ilm bo‘yicha maktab
vujudga kelganini ko‘rish mumkin.
Moturidiy «Imom al-huda» (hidoyat yo‘li imomi) va «Imom al-mutakallimin»
(mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan dovruq qozongan.
Ash’ariy ta’limotining asoschisi Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Ishoq ibn
Solim ibn Abdulloh ibn Muso Abu Muso Ash’ariydir (873-941). U boshlang‘ich
saboqlarni o‘z otasidan oladi, keyinchalik o‘z zamonasining taniqli olimlari Abu
Ishoq Marvaziy va Ibn Surayjdan fiqh ilmini o‘zlashtiradi, Zakariyo ibn Yahyo
Sojiydan hadis ilmini o‘rganadi. U taxminan qirq yoshlaridan keyin Bog‘dodga
ko‘chib kelib, umrining oxirigacha shu shaharda yashab qoladi. U umri davomida
yuzga yaqin asarlar yozgan bo‘lib, ulardan «al-Fusul fi-r-radd ala-l-mulhidin», «ar-
Radd ala-l-mujassima», «Izoh al-burhon fi-r-rad ala ahl az-zayg‘ va-t-tug‘yon», «an-
Naqs ala-l-Jubboiy», «Maqolot al-mulhidin», «Tafsir Abu-l-Hasan», «Imomat Abu
Bakr Siddiq» kitoblari ilm ahlining nazariga tushgan. Imom Ash’ariy aqiydaviy
dalil-isbot keltirishda naqldan va aqldan foydalanib, aqliy va mantiqiy dalillardan
hujjat sifatida foydalanadi. Shuningdek, falsafiy masalalardan ham o‘z o‘rnida
iste’foda etganiga duch kelish mumkin. Chunki Ash’ariy mo‘‘taziliy, faylasuf,
qarmatiy, botiniy, rofiziy va boshqalarga raddiyalar bergani bilan aqida ilmi
sohasida tanilgan allomalardan biridir.
Abul Hasan Ash’ariy ahli sunnat va jamoaning ash’ariya e’tiqodiy ta’limotini
tarqatayotgan vaqtda Samarqandda Abu Mansur Moturidiy ham moturidiya
ta’limotiga asos solgan edi. Bu ikki imom bir vaqtda yashab, bir-birlari bilan
uchrashmagan bo‘lsa-da, ularning aqidaviy qarashlari deyarli bir xil. Bu ikki alloma
qarashlarida ayrim masalalarda lafziy ixtiloflar ko‘zga tashlansa-da, ularning asl
maqsadi bir-biridan farq qilmaydi. Boshqacha aytganda, ikki ta’limot orasidagi ba’zi
ixtiloflar lafziy bo‘lib, mohiyatan bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai
nazardan olib qaraganda, bu ikki alloma o‘zaro bir-birini adashganlikda yoki
bid’atchilikda ayblamaydi hamda o‘zaro bir-birlarini «ahli sunna val jamoa» deb
e’tirof etadilar.
Ash’ariy va moturidiylik orasidagi asosiy farq imon masalasiga borib taqaladi.
Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, imon til bilan iqror bo‘lib, dil bilan tasdiqlashdan
iborat, ammo amal imon tarkibiga kiritilmaydi. Ash’ariylikda esa, imonga amalni
ham qo‘shiladi. Shu sababdan moturidiylik tarqalgan yurtlarda imon keltirgan kishi
musulmon hisoblanadi, ammo amal qilmagani uchun gunohkor bo‘ladi, deb
yuritiladi.
O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, manbalarda «moturidiya mazhabi»,
«ash’ariya mazhabi» degan atamalar uchrab turadi. Bundan imom Moturidiy imom
Abu Hanifaning aqidaga doir ta’limotini rivojlantirgan bo‘lsa, Imom Ash’ariy imom
Shofeiyning e’tiqodiy qarashlarini takomillashtirdi, degan fikrga kelish mumkin.
Hozirgi kunda moturidiylikka hanafiy mazhabi yo‘lini tutganlar ergashsa,
ash’ariylikka molikiy, hanbaliy, shofeiy mazhabidagilar amal qiladilar.
Mazkur ikki allomaning ta’limotlari islom olamida keng tarqaldi va asrlar
davomida musulmonlarni sof e’tiqodda bardavom bo‘lishiga, oyat va hadislarning
ma’nolarini to‘g‘ri anglab, hayotga tadbiq etib kelishlariga, e’tiqodi noto‘g‘ri turli
oqimlar ta’siriga tushib qolmaslikka sababchi bo‘ldi. Abu Mansur Moturidiy va
Abul Hasan Ash’ariylarning sof aqidani musulmonlarga yetkazishdagi xizmatlari
beqiyos bo‘lib, ularning aqidaviy ta’limotiga hozirgacha musulmonlar tomonidan
alohida e’tibor bilan amal qilib kelinmoqda. Ular o‘z asarlarida islom aqidasini
yoritish barobarida adashgan oqimlarga raddiyalar ham berganlar. Shu bois Imom
Moturidiy «hidoyat imomi» deb yuritilsa, imom Ash’ariy «ahli sunna homiysi»
degan nomga sazovor bo‘lganlar.
Moturidiylik kalom maktabi vakillari. Moturidiya ta’limoti vakillariga
Movarounnahrda faoliyat olib borgan bir qancha olimlarni misol keltirish mumkin.
Ularning orasida Abul Muin Nasafiyning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Abul
Muin Maymun ibn Muhammad Makhuliy Nasafiy 1046 yili Nasaf vohasida ziyoli
oilada tavallud topgan. Dastlabki ta’limni otasidan olgan. Nasafiyning bobosi Abul
Muti’ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930 y.) o‘z davrining mashhur mutakallimi va
mutasavvif olimi hisoblangan. Abul Muin Nasafiyning fiqh ilmiga oid asarlari ham
mavjud. U 1114 yilda vafot etgan. Allomaning qabri Qarshi tumanidagi Qovchin
qishlog‘ida joylashgan. U umri davomida o‘ndan ortiq asarlar yozib qoldirgan.
Olimning asarlari orasida «Tabsirat al-adilla», «at-Tamhid li qavoid at-tavhid»
(«Tavhid qoidalariga muqaddima») va «Bahr al-kalom» («Kalom ilmi ummoni»)
kabi asarlari bizgacha etib kelgan.
Abul Muin Nasafiy asarlari orasida «Tabsirat al-adilla» eng muhim va
asosiysi hisoblanadi. Asarning to‘liq nomi «Tabsirat al-adilla fi usul ad-din ala
tariqati Abi Mansur al-Moturidiy» («Abu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan din
usullarini aniq dalillar bilan sharhlash») deb nomlanadi. Abul Muin Nasafiyning
ushbu asarini yozishiga o‘sha davrda moturidiya ta’limoti bo‘yicha «Kitob at-
tavhid» dan keyin bironta ham yirik asar bo‘lmagani sabab qilib ko‘rsatilgan. U
«Tabsirat al-adilla» asarini yozib tugatgach, unga xotima va fihrist sifatida
«Tamhid» va «Bahr al-kalom» asarlarini yozgan.
Yana bir olim Abu Hafs Nasafiy nomi bilan tanilgan Najmuddin Abu Hafs
Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil Nasafiy (1068–1142) bo‘lib, ba’zi
manbalarda unga «Moturidiy» nisbasi berilgani qayd etilgan. Bu esa uning Imom
Moturidiyning ma’naviy shogirdi va moturidiya ta’limotining davomchisi ekanidan
darak beradi. Zero, Abu Hafs Nasafiy o‘zining «Kitob al-qand fi zikri ulamoi
Samarqand» («Samarqand olimlarini zikr etish bo‘yicha qanddek (shirin) kitob»)
asarining bir qancha o‘rinlarida Imom Moturidiy nomini o‘zining ma’naviy ustozi
sifatida hurmat bilan tilga oladi. Shuningdek, Abu Hafs Nasafiy o‘zining «Aqoid an-
Nasafiy» («Nasafiy aqidalari») asarida moturidiya ta’limoti qarashlarini aks ettirgan.
Abu Hafs Nasafiyga «Moturidiy» nisbasi berilishiga uning Imom Moturidiy
yurti Samarqandda umrining asosiy qismini o‘tkazganini ham sabab qilib
ko‘rsatiladi. Jumladan, o‘rta asr alloma va mashhur kishilarining nisbalarini yoritib
beruvchi «Kitob al-ansob» («Nasablar kitobi») nomli qomusiy asar muallifi Abu
Sa’d Sam’oniy (vaf. 1167 y.) bu allomani Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy
Moturidiy, deb atagan.
Najmuddin Nasafiy o‘rta asr Sharq olimlariga xos qomusiy bilim sohibi
bo‘lib, zamonasining mashhur tarixchisi, faqihi, mufassiri, tilShunosi, geografi,
faylasufi hamda shoiri bo‘lgan. Uning yozgan asarlari mundarijasi nihoyatda keng
va rang-barang bo‘lib, bir qismigina bizgacha etib kelgan. Najmuddin Nasafiy
tilshunoslik, tarix, fiqh kabi ilmlarga bag‘ishlab yuzdan ortiq asarlar yaratgan. Abu
Sa’d Sam’oniy Abu Hafs Nasafiy bilan maktublar orqali ilmiy muloqotda bo‘lib
turgan. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, uning bizgacha o‘ntacha kitobi etib kelgan.
Ayniqsa, moturidiya kalom maktabiga oid «Aqoid an-Nasafiy» asari katta shuhrat
qozongan. U moturidiya ta’limotida Abul Muin Nasafiyning «Tabsirat al-adilla»
asaridan keyingi o‘rinda turadi. Najmuddin Nasafiyning falsafa va aqoidga doir
ko‘plab asarlari mavjud bo‘lgan. Ayniqsa, uning «Manzumot an-Nasafiy fi-l-
xilofiyot» («Ixtiloflar haqida Nasafiy manzumasi») nomli she’riy asari mashhur
bo‘lgan.
Keyingi olim Sadr al-islom Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn
Abdilkarim Pazdaviy 1030 yilda tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni otasi Abul Hasan
Muhammad Pazdaviydan olgan. Bobosi Abdulkarim ibn Muso, Imom Moturidiy
shogirdlaridan biri bo‘lib, unga ustozlik ham qilgan. Bundan tashqari, Pazdaviy bir
qancha hanafiy olimlardan ham tahsil olgani manbalarda aytilgan. Pazdaviyning
ustozlari orasida Abu Ya’qub Yusuf ibn Muhammad Nishopuriy va Abul Xattob
kabi olimlarning xizmati katta bo‘lgan. Abu Hafs Najmuddin Umar Nasafiy va Abul
Muin Nasafiy Pazdaviyning eng mashhur shogirdlari hisoblangan. Manbalarda qayd
etilishicha, u 1099 yilda Buxoroda vafot etgan.
Pazdaviyning asarlari orasida «Usul ad-din» («Din asoslari») asari muhim
ahamiyat kasb etadi. Mazkur asar 96 masaladan tashkil topgan va mazmun-
mohiyatidan ahli sunna val jamoa yo‘nalishi va moturidiya maktabi qarashlarining
mohiyatini ochib berish va Movarounnahrda tarqalgan bid’at va xurofotlar jamoasi
(ahl az-zayg‘ val bida’) ta’sirini kamaytirish maqsadida yozilgan. Shuningdek,
Pazdaviy Imom Muhammad Shayboniyning «al-Jomi’ as-sag‘ir» («Kichik
to‘plam») asariga sharh sifatida «Ta’liqot» («Sharhlar») hamda fiqhga oid «al-
Voqiot» («Voqealar») va «al-Mabsut» («Keng ma’nolar») asarlarini yozib qoldiradi.
Pazdaviy Movarounnahrda, ayniqsa, Buxoroda hanafiy mazhabi hamda moturidiya
kalom maktabi rivojida ulkan xizmat ko‘rsatgan olim hisoblangan.
Alloma Alouddin Samarqandiy ham moturidiya ta’limotining yirik
namoyandasi Abul Muin Nasafiyning eng yaqin shogirdlaridan bo‘lib, fiqh sohasida
ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan olimdir. Uning to‘liq ismi Muhammad ibn Abi
Ahmad Abu Bakr Alouddin Samarqandiy bo‘lib, tug‘ilgan yili haqida manbalarda
ma’lumotlar uchramaydi. Shunday bo‘lsada, olimning vafoti ko‘p manbalarda 1143
yil deb ko‘rsatilgan.
Alouddin Samarqandiy Abul Muin Nasafiydan fiqh va kalom ilmlarini
o‘rgangan va shu asosda o‘zining fiqhga oid «Tuhfat al-fuqaho» («Faqihlar tuhfasi»)
nomli mashhur asarini yozib qoldiradi. U nafaqat fiqh, balki kalom hamda tafsir
ilmlari borasida ham samarali ijod qilib, moturidiya kalom maktabini qo‘llab-
quvvatlagan. Natijada Abu Mansur Moturidiyning «Ta’vilot ahli sunna» («Ahli
sunna ta’villari (tafsiri)») nomli tafsiriga «Sharh ta’vilot ahli sunna» («Ta’vilot ahli
sunna tafsiri») nomli sharhini bitadi.
Allomaning ushbu sharhni yozishida Abul Muin Nasafiyning xizmati
nihoyatda katta. Chunki Alouddin Samarqandiyning o‘zi Nasafiy bilan
Moturidiyning «Ta’vilot» asarini birga mutolaa qilganini va Nasafiy joiz, deb topgan
o‘rinlarga sharh yozib ilova qilib borgani va keyinchalik ushbu sharhlarni alohida
kitob holiga keltirgani haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, Alouddin Samarqandiy
Abul Yusr Pazdaviydan ham ilm o‘rgangan. Uning eng yaqin shogirdi o‘z qizi
Fotima bint Alouddin bo‘lgan. Fotima bint Alouddin mashhur faqiha olima
darajasiga etib borgan. Alouddin Samarqandiy qizini o‘zining yaqin shogirdi
Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud ibn Ahmad Kosoniyga nikohlab bergan. Kosoniy
ustozining «Tuhfat al-fuqaho» asariga sharh tarzida «Badoi’ as-sanoi’ fi tartib ash-
sharoi’» («Shariat tartibida ajoyib san’atlar») nomli kitobini yozgan. Kosoniy Abul
Muin Nasafiyning shogirdlaridan biridir.
Ibrohim ibn Ishoq Saffor Buxoriy (vaf. 1139 y.) Abul Muin Nasafiydan
Buxoroda kalom ilmidan ta’lim olgan moturidiya kalom maktabi vakilidir. Dastlab
u o‘zining «Risola fiha masoil suila anha ash-Shayx as-Saffor fa ajaba anxa»
(«Shayx as-Saffor javob bergan masalalar haqida risola») nomli risolasini yozgan.
Ushbu risolada Abu Mansur Moturidiyning qarashlariga keng to‘xtalgan. Olim
buxoroliklar uchun kalom ilmi bo‘yicha «Kitob talxis al-adilla li qavoid at-tavhid»
(«Tavhid qoidalariga oid dalillarning qisqacha bayoni») nomli o‘quv qo‘llanmasini
yaratadi. Nuriddin Ahmad ibn Mahmud ibn Abi Bakr Sobuniy (vaf. 1184 y.) ham
Ibrohim Saffor bilan Buxoroda moturidiya kalom maktabining keng tarqalishida
jonbozlik ko‘rsatgan olimlardan biridir. U Abul Muin Nasafiydan kalom ilmini
o‘rgangan. Nuriddin Sobuniy Buxoroda ash’ariya maktabi vakili Faxruddin Roziy
bilan muloqotda bo‘ladi. Olimning «al-Bidoya fi usul ad-din» («Boshlang‘ich din
asoslari») nomli o‘quv qo‘llanmasi hozirga kelib qadr-qimmatini yo‘qotmagani bois
ko‘p marotaba nashr etildi.
Yana bir olim Abul Fath Alouddin Muhammad ibn Abdilhamid ibn Umar ibn
Hasan ibn Husayn Samarqandiy Asmandiy bo‘lib, u 1095 yili Samarqand atrofidagi
Asmand shahrida dunyoga kelgan. Bu shahar Usmand yoki Samand deb ham
atalgan. U «Tuhfat al-fuqaho» asari muallifi Alouddin Muhammad ibn Ahmad
Samarqandiy bilan chalkashtirilgani bois, manbalarda unga Asmandiy nisbasi ham
qo‘shib ataladi. Asmandiy Ashraf ibn Muhammad Alaviydan fiqh ilmini o‘rgangan,
«as-Sadr ash-shahid» nomi bilan mashhur Burhon al-aimma Umar ibn Abdulaziz
ibn Moza Buxoriydan (vaf. 1142 y.) hadis rivoyat qilgan, Ali ibn Umar Harrotdan
hadis ilmini o‘rgangan. Asmandiy Abul Muin Nasafiyning ilmiy merosidan kalom
ilmiga oid asarlarini yozishda foydalangan. U Abul Muin Nasafiy asarlarini
zamondoshi Alouddin Samarqandiydan o‘rgangan. Asmandiyning kalom ilmiga oid
birgina asari haqida ma’lumotlar bor. Ba’zi manbalarda uning nomini «Lubob al-
kalom» («Daqiq kalom ilmi») deb atalgan bo‘lsa, ba’zi manbalarda «al-Hidoya fi
usul al-e’tiqod» («E’tiqod asoslarida hidoyatga erishish») yoki «al-Hidoya va-l-
kalom» («Hidoyat va kalom ilmi») deb keltirilgan. Ushbu asar kalom borasida yosh
tadqiqotchilarga yo‘llanma berish uchun yozilgan. Hanafiy faqihlari orasida o‘ziga
xos obro‘ga ega alloma XII asrda Movarounnahrda kalom ilmi rivojiga salmoqli
hissa qo‘shgan va 1157 yil Buxoroda vafot etgan.
|