|
Tarbiyachi – pedagoglarda kreativlikni tarbiyalash mezonlari
|
bet | 92/99 | Sana | 27.05.2024 | Hajmi | 450,5 Kb. | | #255115 |
Bog'liq Jami ma\'ruza matniTarbiyachi – pedagoglarda kreativlikni tarbiyalash mezonlari. Kreativlikni tarbiyalash mezonlari - kasb talablariga javob beruvchi maxsus bilim, ko‘nikma, malaka va shaxs sifatlari majmuasidan iborat. U ijtimoiy foydali natijalarni olishga yo‘naltirilgan bo‘lib, pedagogning o‘z-o‘zini boshqarish natijasida shakllantiriladi.
O’zini o’zi nazorat qilish uchun savollar
Kreativlik deganda nimani tushunasiz?
Multimedia va multimedia mahsulotlari
Pedagog-tarbiyachining ijodkorlik sifatlariga izoh bering.
Kasbiy ijodkorlik metodologiyasi deganda nimani tushunasiz.
48Mavzu :Bola huquqlari kafolatlarining qonunchilik asoslari
REJA:
1.O‘zbekistonda bola huquqlarining himoya qilinishi
2. Bola huquqlarining himoya qilinishi, uning rivojlanish tendensiyalari va huquqiy asoslarining mustahkamlanishi
3.Bola huquqlarini himoya qilishda hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining
27 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda Prezident Sh.Mirziyoev jamiyatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida fikr bildirar ekan: “Biz jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarimizni uzluksiz davom ettirishimiz zarur. Huquqiy tarbiyani maktabgacha ta’lim tizimidan boshlashimiz, bu boradagi ilk ko‘nikmalar ona allasi kabi farzandlarimiz qalbidan umrbod joy olishi zarur”, deb ta’kidladi.
Bu boradagi aniq maqsad va vazifalarni belgilashda quyidagilarni inobatga olish maqsadga muvofiq:
bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan qonunlar va konunosti hujjatlarni o‘qituvchilar va ota-onalarga tushuntirish ishlarining samarali shakl, metod va vositalarini aniqlash, amaliyotga tatbiq etish;
bolalarga ta’lim berish, ularni tarbiyalash va rivojlantirish sifatini oshirish maqsadida uzluksiz ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
mamlakatimizda bolalar farovonligini ta’minlashda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish;
bolalarni bugungi kunda ularning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, huquqbuzarlik, jinoyat va boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishga undayotgan “ommaviy madaniyat” ta’siridan asrash;
bolalar huquqlarining ta’minlanganlik darajasini monitoring qilish tizimini takomillashtirish;
bolalar farovonligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishini yanada kuchaytirish;
bola huquqlari, bola xuquqlarining himoyalanishi, bolalar savdosi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik kabi holatlarni tushunish uchun bolalarda, avvalo, bola huquqlariga oid tushunchalarni shakllantirish talab etiladi.
Bunday tushunchalarni umumiy o‘rta ta’lim tizimining boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan boshlab shakllantirish ularda huquqiy ong, huquqiy madaniyat, huquqiy dunyoqarash shakllanishiga imkon yaratadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda bola huquqlari, ayniqsa, ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Agar mazkur sohada qonunchilik xronologiyasiga murojaat qilsak, birinchi navbatda, bizning e’tiborimizni Konstitutsiyamiz tortadi. Jumladan, ta’lim olish, sog‘liqni muhofaza qilish, mehnat qilish va boshqa bir qator huquqlar O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilab berilgan. Bundan tashqari, 1992 yil 9 dekabrda, ya’ni Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning ertasiyoq, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya O‘zbekiston qo‘shilgan inson huquqlariga oid dastlabki xalqaro hujjatlardan biri bo‘ldi. Bu esa “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishiga asosiy turtki bo‘ldi. Bugungi kunda bola huquqlarining kafolatlanishini davlat siyosati darajasida amalga oshirish va himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solishga oid bir qator qonunlar qabul qilingan bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunlari, “Oila” hamda Mehnat kodekslarida o‘z ifodasini topgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bola huquqlarini ta’minlashga doir qator farmon va qarorlari qabul qilinib, sohalar kesimida ijroga qaratildi. Jumladan, ta’lim tizimida yangi
11 yillik umumiy o‘rta ta’limning majburiy etib belgilanishi, kasb-hunar ta’limining 11 yillik baza negizida qabul qilinishi, bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tashkil etilishi, kasb-hunar ta’limining ixtiyoriyligi, oliy ta’limda kvotalangan o‘rinlarning joriy etilishi, eng muhimi, maktabgacha ta’lim-tarbiyaning alohida yo‘nalishda belgilanishi uchun samarali mexanizm yaratib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentabrdagi “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-3274-sonli, “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3275-sonli, 2017 yil 15 sentabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3276-sonli, 2017 yil 26 sentabrdagi “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3289-sonli, 2017 yil
26 sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun n ‘risiomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘gda”gi PQ-3290-sonli Qarorlari umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
Bola huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi xalqaro huquqiy hujjatlar ro‘yxati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi bilan boshlanadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ratifikatsiya qilingan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlardan biri Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyadir5. Xalqaro huquqda bolalarning ham huquqlarga ega ekanligi Millatlar ligasi tomonidan bu boradagi birinchi xalqaro hujjat – Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan 1924 yildayoq tan olingan edi. Keyinroq, 1948 yilda, BMT tomonidan qabul qilingan inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va mintaqaviy xarakterdagi aynan shu yildagi Inson huquqlari va burchlari Amerika deklaratsiyasi kabi inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarda insonning zo‘ravonlik, qattiq va shafqatsiz muomala hamda ekspluatatsiyadan xoli bo‘lish huquqlari kengroq mazmun bilan boyitildi. Bu huquqlar barcha insonlarga, shu jumladan, bolalarga ham birdek tegishli bo‘lib, 1966 yilda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktda yanada rivojlantirildi va ularning ko‘lami kengaytirildi.
Bola huquqlari haqida alohida va maxsus tartibda aniq-ravshan belgilab berilgan yangi xalqaro hujjat ishlab chiqish zarurati xalqaro hamjamiyat tomonida bir ovozdan e’tirof etilib, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yilda Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilindi6.
Ushbu hujjat orqali O‘zbekiston ham Konvensiya qoidalari va prinsiplariga rioya qilish majburiyatini hamda jahon hamjamiyati oldida javobgarlik masalasini o‘z zimmasiga oldi. Lekin, shunga qaramay, dunyoda bola huquqlarining buzilishi eng ko‘p uchraydigan holat sifatida davom etmoqda. Bola huquqlari ta’minlanishi va ularga amal qilinishini nazorat qilib, kuzatib borishga mas’ul xalqaro toifadagi organ – Bola huquqlari qo‘mitasi huquq tarixida birinchi marotaba ushbu hujjatga ko‘ra tashkil etilgan.
Bola huquqlarining eng sodda ko‘rinishi har bir bolaning o‘ziga yetkaziladigan ziyon (zarar)dan himoya qilinish huquqiga aloqador masalalarni atroflicha muhokama qilishdan iboratdir. Bola huquqlarini himoya qilish keng qamrovli, zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni, jumladan, uy, joy yoki maktablarda kuzatiladigan zo‘ravonlik singari ayrim holatlarni qamrab oladi”7.
Bola huquqlarining buzilishi inson huquqlari buzilishi bo‘libgina qolmay, bolalarning salomatligi va rivojlanishiga qarshi qaratilgan, jamoatchilik tomonidan tan olinmagan hamda ommaga yetarlicha ma’lum bo‘lmagan ulkan to‘siqdir. Zo‘ravonlik, qo‘pol va shafqatsiz muomalaga, ekspluatatsiyaga mahkum etilgan bolalar:
umr qisqarishi;
jismoniy va aqliy salomatlikka putur yetishi;
ta’lim muammolari (bu, o‘z navbatida, maktabga muntazam qatnamaslikni ham o‘z ichiga oladi);
o‘zlarini kelgusi hayotlarida ota-onalik uchun lozim bo‘lgan yetarli malaka va ko‘nikmalariga ega bo‘lmaslik;
uysizlik, daydilik va muqim turar joylaridan haydalish xavfi ostida yashamoqdalar.
Inson tug‘ilishi bilan muayyan huquqlarga ega bo‘ladi. Ammo, bola o‘z haq-huquqini himoya qila oladigan darajaga yetguniga qadar uning manfaatlarini qonun kuchi bilan himoya qilish zarurati paydo bo‘ladi. Jamiyatda bola huquqlarini ta’minlashda ma’lum bo‘shliqlar yuzaga kelayotgani bu borada idoralararo muvofiqlashtirish faoliyati sustligini ko‘rsatdi. Bola huquqlarining turli ko‘rinishlarda buzilishi holatlari bo‘yicha aybdorlarni jazolash bilan samarali natijaga erishib bo‘lmaydi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda bolalar huquqlari eng ko‘p buzilishiga asosiy sabab ham aynan ularning yoshligi bilan bog‘liq. Jumladan, bolalar ovoz berish huquqiga ega emas, sud tizimida o‘z huquqlarini himoya qilishda jiddiy muammolarga duch keladi.
Jahonda har ikki soatda bolalar ombudsmaniga voyaga yetmaganlardan ikkitadan murojaat kelib tushadi. Ular nafaqat bolalarning huquqlari buzilishi holatiga taalluqli, balki murakkab vaziyatlarda maslahat berish bo‘yicha iltimoslar hamdir. Bu kabi holatlar xalqaro huquq tizimida bolalarning huquq, imtiyoz va kafolatlarini qamrab oluvchi “bola huquqlari” degan sohani yuzaga keltirdi va har bir jamiyat oldida voyaga yetmaganlarning huquqlarini qonuniy kafolatlash vazifasini qo‘ydi.
Ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bolalar va yoshlar siyosati yuqorida qayd etilgan hujjatlarda ko‘zda tutilgan qoidalarga asoslanadi. Ular Konstitutsiyamiz, qonunchiligimizda o‘z in’ikosini topgan.
Mamlakatimiz aholisining 30 foizi yoki 12 milliondan ortig‘ini aynan yoshlar va bolalar tashkil etadi. Shu bois xalqaro ekspertlar bu haqida to‘xtalganda, “O‘zbekiston – yosh, mustaqil va dinamik tarzda rivojlanayotgan davlat” ekaniga alohida urg‘u beradi.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda bolalarning bilim olish huquqi, vijdon erkinligi va diniy e’tiqodi huquqi, mehnatga oid munosabatlar, sud amaliyotida himoya qilish, onalar va bolalar sog‘ligini muhofoza qilish borasida katta tajriba to‘plandi.
O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda bolalar farovonligini ta’minlash masalasiga davlat siyosati darajasida qaralib, quyidagi yo‘nalishlar ustuvorlik kasb etdi:
1) bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni barkamol rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;
2) aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, tibbiy xizmat moddiy-texnik bazasini mustahkamlash asosida sog‘lom avlodni voyaga yetkazish ishlarini yanada kuchaytirish;
3) ta’lim sohasi moddiy-texnik bazasini shakllantirish va undan samarali foydalanishni ta’minlash, real iqtisodiyot tarmoqlarida talab qilinayotgan mutaxassislarni tayyorlash, davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish;
4) ta’lim jarayoniga yangi axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni joriy etish, ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya bazasini mustahkamlash, o‘qitish sifatini tubdan yaxshilash;
5) zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada rivojlantirish, ularni har bir oila hayotiga joriy etish va keng o‘zlashtirish;
6) yosh avlodni jismonan barkamol etib tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish ishlarini kuchaytirish, yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, yangi sport majmualarini qurish va ularni jihozlar bilan ta’minlash;
7) yoshlarni, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish;
8) yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish, fanni yanada rivojlantirish hamda iste’dodli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish;
9) yosh oilalar to‘g‘risida g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning huquqiy va ijtimoiy muhofazasini ta’minlash, sog‘lom va mustahkam oila qaror toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
10) yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ularni chetdan kirib keladigan past saviyali “ommaviy madaniyat” illatlarining zararli ta’siri va tahdidlaridan muhofaza qilish;
11) ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekistonda bola farovonligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining maqsadi, mazmuni va ahamiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tizimli asosda tashkil etish.
Ushbu ustuvor yo‘nalishlarda belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda BMT qo‘mitalarining bola huquqlari va xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rni masalalaridagi tavsiyalari, Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasi, “Bolalar yashashi uchun maqbul dunyo” hujjati, Rivojlanish maqsadlarida ko‘maklashish umumiy dasturi (YuNDAF), “O‘zbekiston YuNISEF” hamkorlik dasturi, O‘zbekiston aholisi farovonligini oshirish strategiyasi, “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi tomonidan bolalar farovonligini yanada yaxshilash strategiyasi asosida turli darajadagi dasturlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Dasturlarda bolalar farovonligini ta’minlanishning muhim qoidalari belgilandi:
Birinchidan, bolalar farovonligini ularning huquqiy himoyalanganligi, salomatligi ahvoli, hayotining qulayligi darajasi sifatida baholash lozim. Bu onalar, oila farovonligi bilan uzviy bog‘liq, ya’ni bola sog‘ligining ahvoli ona sog‘ligi, oiladagi ruhiy holat va boshqa omillarga bog‘liq, uning hayoti barqarorligi esa yashash sharoiti, daromad darajasi, oilaning ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlariga qarab hosil bo‘ladi.
Ikkinchidan, bolalar farovonligi darajasi quyidagi masalalar qanchalik to‘liq va sifatli hal qilinishiga bog‘liq: onalar va bolalar huquqlarining ta’minlanishi; oila qurish va to‘laqonli hayot kechirish uchun maqbul sharoit yaratilishi; oila moddiy ahvolining yaxshilanishi; oilaning mehnatga layoqatli a’zolari, ota-onaning bandlik holati, ularning daromadlari darajasi; onalar salomatligining himoya qilinishi; homila, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va barcha yosh guruhidagi bolalar va o‘smirlar salomatligi muhofazasi; (maktabgacha, maktabda, maktabdan tashqari, o‘rta kasb-hunar ta’limida) sifatli ta’lim va tarbiya olish.
Uchinchidan, bolalar farovonligini ta’minlash muammolarining murakkabligi va ko‘p qirraliligi o‘z yechimi uchun korporativ, davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining yanada keng ishtirokini talab etadi.
To‘rtinchidan, bolalar farovonligini yaxshilashni boshqarishda demokratik tamoyillarni kengroq qo‘llash, quyi bo‘g‘inlar tashabbuslarini rivojlantirish, bu jarayonlarga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahallalar va oilalarning o‘zini jalb qilish lozim.
Beshinchidan, bu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bolalar farovonligi muammolarini hal qilishga xorijiy institutlar, donorlar va homiylar salohiyati va resurslarini jalb qilish maqsadga muvofiq.
Yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda bolalar farovonligini ta’minlash bo‘yicha Harakat dasturi qabul qilinib, dasturning asosiy yo‘nalishlari doirasida quyidagi mexanizmlar joriy etildi:
milliy darajada maqsadlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha umumiy sa’y-harakat ko‘lami, ustuvor yo‘nalishlar va mo‘ljallar belgilandi;
milliy maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik hamda mintaqaviy va mahalliy darajada bolalar farovonligini yaxshilash tizimi shakllantirildi;
bolalar farovonligi maqsadlariga erishishni baholash va monitoring qilish mexanizmi yaratildi.
|
| |