Ma‟lumki, yer inson mehnati mahsuli bo„lmaganligi
sababli almashuv
qiymatga ega emas. Shunga ko„ra, nazariyotchilar yer va boshqa tabiat in‟omlari
narxini
irratsional narxlar deb ataydilar. Yer uchastkasining egasi uni sotishda
olingan summani bankka qo„yilganda, u keltiradigan foiz tarzidagi daromad shu
yer uchastkasidan olinadigan rentadan kam bo„lmagan taqdirdagina yerni sotadi.
Boshqacha
aytganda, yerning narxi kapitallashtirilgan rentadir. Boshqa sharoitlar
teng bo„lganda, xuddi shu renta miqdori yer narxini belgilaydi. U renta miqdoriga
to„g„ri va ssuda foizi normasiga teskari mutanosibdir. Shunday qilib, yerning narxi
ikkita miqdorga bog„liq: 1) yer uchastkasi egasi olish mumkin bo„lgan yer rentasi
miqdoriga; 2) ssuda foizi me‟yoriga.
Renta miqdori o„sib, ssuda foizi me‟yori pasayib borgan taqdirda yerning
narxi o„sib boradi.
Yer narxini aniqlashning bu usuli nazariy ahamiyatga ega. Amalda yer narxi,
yer uchastkasiga talab va taklifga ta‟sir ko„rsatuvchi ko„plab omillarga bog„liq.
Jumladan, yerga narxning o„sishini, unga noqishloq xo„jalik
maqsadlari uchun
foydalanishga talabning o„sishi bilan tushuntirilishi mumkin. Inflyasiya va asosan
giperinflyasiya sharoitida yerga talab keskin o„sadi, bu tegishli ravishda yer
narxining o„sishiga olib keladi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan g„arb
mamlakatlarida XX asr boshlaridan to hozirgi davrgacha yer narxi barqaror o„sish
tamoyiliga ega bo„lib, faqat ayrim davrlardagina uning pasayishi kuzatiladi.