2022, № 1 “Pedagogik mahorat” Ilmiy-nazariy va metodik jurnal
45
xosliklarini aniqlashda koʻrinadi. Unga muvofiq, kompetensiya tayanch xulq sohasi yoki uning tavsifini
ifodalab, bajarilgan ishlarning natijasida aks etadi hamda uning muayyan qismi mazmuni, tashqi muhit ta’siri
va kasbiy faoliyatning oʻziga xos jihatlariga bogʻliq boʻladi.
Aslida, kompetensiya atamasi mazkur maktab mahsuli boʻlib, dastlab R.Uaytning (Robert W. White)
ilmiy izlanishlarida uchraydi. U oʻzining “Motivatsiya tushunchasini qayta koʻrish: kompetensiya
konsepsiyasi” [23] nomli maqolasida mazkur tushunchani insonning atrof-muhit bilan samarali oʻzaro
ta’sirga
kirishish qobiliyati, deya ta’riflaydi hamda kognitiv kompetensiyalar va qadriyatli-motivatsion
tarkibning oʻzaro aloqadorligi muhimligiga urgʻu beradi.
Yoritilayotgan oqimning yana bir vakili D.MakKelland (David C. McClelland) R.Uaytning
nazariyasini ijtimoiy psixologiya nuqtayi nazaridan davom ettiradi hamda kompetensiyalarni ta’lim
jarayonida shakllantirish va oʻstirish mumkin boʻlgan xulqiy tabiati haqida fikrlarini bildiradi. Uning
“Intellektni emas, kompetensiyalarni testdan oʻtkazish” [21] nomli ilmiy maqolasi komptensiyalarning
amerikacha konsepsiyasi yaratilishining tamal toshi boʻlishi evaziga personalni boshqarishda
kompetensiyaviy yondashuvning rivojlanishini belgilab berdi. Tadqiqotchining yaratgan testlari oʻsha davrda
an’anaviy boʻlgan intellektual qobiliyatlarni oʻlchashdan farqli oʻlaroq, kasbiy
faoliyatning muvaffaqiyati,
samaradorligi va natijadorligini baholashga yoʻnaltirilganligi bilan xodimlarni tanlab olish amaliyotini
butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.
Shuningdek, xulqiy yondashuvda tayanilgan gʻoyalar R.Boysis (Richard E.Boyatzis) [15], L.Spenser
(Lyle M. Spencer), S.Spenser (Signe M. Spencer) [12], M.Armstrong (Michael Armstrong) [8], G.Hamel
(Gary P.Hamel), K. Paraxard (C.K.Prahalad) [18], A.Lyuchiya (A.Lucia), R.Lepsing [13] va boshqalarning
tadqiqotlarida munozaralarga talaygina boy boʻldi hamda mazmunan takomillashtirildi. Nazariy farazlar va
amaliy tajribalar uygʻunligi samarasida ish beruvchilarning talablariga mos mutaxassislarni tanlash, yuqori
samaradorlikka ega va oʻrtacha
xodimlar darajasidagi farqlar, shular asosida shaxsning xarakter
xususiyatlari, individning oʻz faoliyatini a’lo darajada uddalashiga ta’sir koʻrsatuvchi tayanch sifatlari, inson
xulqining faoliyati natijalariga sezilarli bogʻliqligi, ishchilar kasbiy tayyorgarligining yakuniy natijalari
koʻrsatkichini bashoratlash, bir kishining kompetensiyasi butun tashkilotning kompetensiyasida aks etishi,
jamoa a’zolarining
liderlik, tahliliy qobiliyat, kommunikativ koʻnikmalarga oʻxshash muhim fazilatlarini
rivojlantirishga ustuvorlik qaratildi.
Mazkur tadqiqotlar AQSh ta’lim tizimida jiddiy oʻzgarishlarni kiritishga turtki berdi va
kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan oʻqitish modelining shakllanishiga zamin yaratdi. Model quyidagi
tarkibiy qismlardan iborat: xulqiy maqsadlarni aniqlashtirish; oʻqitish
strategiyasini ishlab chiqish;
toʻgʻridan-toʻgʻri kasbiy tayyorgarlikni amalga oshirish; ta’lim xizmatlari sifatini baholash tizimini ishlab
chiqish va tatbiq qilish. Yakuniy maqsadlarga muvofiq ta’lim standartlari aniqlanadi, bunda kompetensiyalar
test sinovlari hamda portfolio koʻrinishida baholanadi.
Kompetensiyalar konsepsiyasi tadqiq qilinganda, Buyuk Britaniya va Shotlandiyada birmuncha
kengroq tasavvurlar maydonga kelganligining guvohi boʻlish mumkin. B.Mensfildning (B. Mansfield) [20]
mushohadasiga koʻra, funksional yondashuv ushbu davlatlarda Milliy ishlab
chiqarish malaka tizimining
kiritilishi va unda belgilangan talablar oqibatida yaratilganligi bilan dalillanadi. Tizim boshqaruvchilar va
ijrochilarning turfa xil vazifalarining funksional tahlili natijasida shakllantirilgan kompetentlikning kasbiy
standartiga asoslanadi.
Kompetentlikning kasbiy standartlarida ishchi faoliyatini batafsil yorituvchi kasbiy kompetensiyalar
jamlanmasi aniqlangan, u tayanch kasbiy vazifalarni toʻliq qamrab oladi. Yondashuvning e’tiborga
molik
jihati shundaki, unda eng yaxshi xodimlarni aniqlash va tanlab olishga emas, balki kasbiy koʻnikmalar
shakllangan malakali ishchi kuchini oʻqitish, tayyorlash va saralashga urgʻu beriladi. Ya’ni, moʻljal shaxsiy
xususiyatlar bilan birga koʻproq mutaxassisga qoʻyiladigan talablarga yoʻnaltiriladi.
Funksional yondashuvning yirik namoyandalari G.Beaumont (G.Beaumont) [14], L.Mitchell
(L.Mitchell), S.Perri (S.Perry), R.Mirabile (R.Mirabile) [13], J.Raven (J.C.Raven) [11], D.Chivers
(D.Chivers), G.Chitxemlar (G.Cheetham) [16] tomonidan uning nazariy va amaliy holatlari, kompetensiya
tushunchasi,
tuzilmasi, tizim tashkil etuvchilari, insonning qadriyatli-motivatsion tavsifini yuzaga
chiqaruvchi modellari yaratildi. Jumladan, G.Beaumont nazarida kompetensiya kasbiy vazifalar, shuningdek,
ularning yechimidan kutiladigan yakuniy natijalar toʻplami sifatida ifodalanadi hamda uning bayoni
oʻqitishning milliy tizimini shakllantiradi. J.Ravenning mulohazasiga koʻra, kompetentlik tuzilmasi koʻplab
oʻzaro mustaqil tarkibiy qismlardan iborat boʻlsa-da, oʻrni almashishi mumkin boʻlgan kognitiv va hissiy
tashkil etuvchilarni inkor qilmaydi. Zero, bu tashkil etuvchilar samarali xulqning unsurlarini bildiradi.