2022, № 1 “Pedagogik mahorat” Ilmiy-nazariy va metodik jurnal
47
tashkilot uchun alohida va oʻziga xos boʻladi hamda ichki manbalaridan kelib chiqib imtiyozli raqobat
muhitini yaratadi. HRD (human resource development), inson resurslarini rivojlantirish nazariyasi [17]
umumiy kompetensiyalarni oʻrganishga asoslanadi. Manbada kompetentlik va kompetensiya tushunchalari,
mos ravishda, inson uddalashi mumkin boʻlgan ish sohasi hamda yuklatilgan vazifani kompetentli
uddalashga koʻmaklashuvchi xulqiy tavsif sifatida keltiriladi.
Shuningdek, zaruriy kompetensiyalarning
salmoqli qismi ixtiyoriy kasblar uchun umumiy ekanligi ham koʻrsatiladi.
YUNESKO tomonidan olib borilgan kompetensiya va kompetentlikka oid tadqiqotlar natijalarida esa
ularda kognitiv tarkibning mavjudligi bosh unsur sifatida koʻzga tashlanadi. Ta’lim boʻyicha xalqaro
komissiya ma’ruzachisi J.Delor ta’limning “toʻrt ustuni”ni (bilishni oʻrganish, bajarishni oʻrganish, jamoada
boʻlishni oʻrganish, yashashni oʻrganish) shakllantirish asnosida umumbashariy kompetentlikning mohiyatini
aniqlab berdi. Uningcha, “bajarishga oʻrganish, shu bilan birga nafaqat kasbiy malakaga, balki kengroq
ma’noda kompetentlikka ega boʻlish, turli
vaziyatlarni uddalay olish, jamoada ishlash imkonini beradi”
[2, 37].
Oʻrganishlarimiz doirasi kognitiv kompetensiya va kognitiv kompetentlik sifatlarini aniqlashga
yoʻnaltirilganligi bois quyida, aynan shu tushunchalarni izohlovchi ishlanmalarga diqqat qaratamiz.
Pedagogika va psixologiyaga oid adabiyotlarda “kognitiv kompetensiya” va “kognitiv kompetentlik”
atamalariga oid muayyan ta’riflar berilgan boʻlsa-da, ularga ham “kompetensiya” va “kompetentlik”
atamalariga yagona ma’noni beruvchi tugallangan izoh boʻlmagani singari aniq toʻxtamga kelingan
yondashuvlar mavjud emasligi aniqlandi.
Jumladan, kognitiv kompetensiyalarga quyidagicha ta’riflar berilgan:
“oʻquvchining kasbiy, shaxsiy va ijtimoiy hayotiga doir bilish faoliyatini rivojlantirish,
tashkillashtirish va oʻz-oʻzini rivojlantirishga boʻlgan qobiliyatiga ega boʻlishi darajasida hozirligini
ifodalovchi ta’lim natijasi; ta’lim darajasini doimiy
oshirib borishga tayyorlik; shaxsiy salohiyati,
refleksiyasi hamda yangi bilim va koʻnikmalarni mustaqil oʻzlashtira olishining namoyishi” [10, 301];
“bilim darajasini doimiy oshirib borishga tayyorlik, shaxsiy salohiyatining muhimligini anglashi va
uni namoyishiga ehtiyoji, yangi bilim va koʻnikmalarni mustaqil oʻzlashtirish layoqati, oʻz-oʻzini
rivojlantirish qobiliyati” [4, 63];
“axborotning global manbalaridagi zaruriy ma’lumotlarni
tezkor topish, muhimlarini shu yerda va
hozir ajratib olish, tahlillash, xotiradan ularga yaqin ma’lumotlarni izlash hamda topilganlariga sintezlash,
tasavvur va assotsiativ aloqadorliklarni ishga solish,
muammoni aniqlash, farazni ilgari surish, amaliyotda
sinab koʻrish, yechimni shakllantirish va taqdim etish koʻnikmasi” [7];
“bilish hamda funksional kompetensiyalarni rivojlantirish orqali samarali ravishda fikrlash va
harakatlanish qobiliyati” [10, 298].
Ta’lim sohasini ilmiy oʻrganishga katta hissa qoʻshgan olimlardan biri L.Lyubimov [6, 17] “Umumiy
ta’limni modernizasiyalashning mualliflik konsepsiyasi. Shiorlar, chaqiriqlar va nasihatlarsiz, lekin quyidagi
savollarga javoblar bilan : Nimani bajarish kerak? Nima uchun bajarish kerak? Buni qanday bajarish
mumkin?” nomli tahliliy ishlanmasida kognitiv kompetensiyalar haqida mushohada qilar ekan,
maktab
islohoti va ta’lim sifati monitoringini olib borishga boʻlgan ehtiyoj yuzasidan vujudga kelgan TIMSS,
PIRLS, PISA kabi xalqaro tadqiqotlar natijalarini iqtisodiy yuksalish bilan oʻzaro bogʻliqligi yetakchi
mutaxassislar tomonidan e’tirof etilganligini bildiradi. Uning fikricha, mazkur monitoringlar natijalari
davlatning iqtisodiy oʻsishi va rivojlanishi uchun ahamiyatli boʻlgan aholi intellektining darajasi va
millatning kognitiv kompetensiyalari tengligini aniqlashning muhim vositasi hisoblanadi. Faqatgina maktab
mazkur kompetensiyalar “fabrikasi” boʻlib xizmat qila oladi.
Kognitiv kompetentlik Y.V.Vyazovaning talqinida “oʻquvchining haqiqiy
borliqdagi obyektlarga
nisbatan mustaqil reproduktiv va produktiv bilish faoliyati sohasidagi kompetensiyalar majmuini
egallaganligi” [1, 10] shaklida ifodalansa, L.A.Osipova “shaxsning oʻquv jarayoni yoki boshqa faoliyatidagi
muammoli masalalarni muvaffaqiyatli yechimiga erishishida oʻz salohiyatini (oʻquv faoliyati texnologiyasini
bilishi, bilimini amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmasi, oʻquv faoliyatini mustaqil tashkillashtirish tajribasi)
roʻyobga chiqarishga tayyorligi va intilishini ta’minlovchi integral xususiyati” [9, 8] sifatida e’tirof etadi.
Shuningdek, I.G.Lipatnikova, T.Y.Parshina tadqiqotlarida “shaxsning mustaqil ta’lim, shaxsiy va kasbiy
rivojlanishga boʻlgan tayyorligini ta’minlovchi integral xususiyati” [5, 3], D.V.Dudkoning izlanishlarida esa
“pedagogning kasbiy faoliyatga nazariy va amaliy tayyorgarligining birligi, uni doimiy rivojlantirish, kasbiy
faoliyati davomida ijodiy qarorlar qabul qilish layoqati”, deya izohlanadi [3, 67].