-mavzu: Dunyo hamjamiyatining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash tajribasi




Download 114,61 Kb.
bet10/13
Sana30.12.2023
Hajmi114,61 Kb.
#129140
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
Dinshunoslik 3-JN JAVOBLARI

14-mavzu: Dunyo hamjamiyatining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash tajribasi
1.Xalqaro tashkilotlarning terrorizmga qarshi kurashi.
2. Shanxay hamkorlik tashkiloti va mintaqaviy antiterror tuzulmasi faoliyatining ahamiyati.
3.O’zbekistonda diniy terrorizmga qarshi «Jaholatga qarshi ma’rifat» g’oyasining ahamiyati. geosiyosiy jarayonlarda diniy omilning aks etishi.
Jahonda 1,5 milliarddan ortiq kishi islomga e’tiqod qiladi. Musulmonlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i Osiyoda, qariyb 30 foizi Afrikada yashaydi. Dunyodagi musulmon jamoalari mavjud bo‘lgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining ko‘pchiligini tashkil qiladi. Jumladan, Indoneziyada 210, Pokistonda 150, Bangladeshda 110, Nigeriyada 80, Eron va Turkiyada 65, Misrda 60, Marokash va Jazoirda 30, Saudiya Arabistonida 17 milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladi. Hindistondagi musulmonlarning soni 140 milliondan ortgan. Bulardan tash-qari, Kavkaz (Ozarbayjon) hamda Rossiyaning Tatariston, Boshqirdiston, Shimoliy Kavkaz (Checheniston, Ingushetiya, Kabardin-Balqar) kabi bir qator mintaqalari, Markaziy Osiyo davlatlarida ham musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etishini qayd etish lozim.
Hozirgi kunda islom omili tobora katta kuchga aylanmoqda. U davlatlarning ichki va tashqi siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, davlatlararo va xalqaro munosabatlarga ta’sir etib kelmoqda. Hozirda siyosatchilar musulmon olamiga dunyo hamda xalqaro munosabatlar istiqboliga ta’sir ko‘rsatuvchi kuch sifatida qaramoqdalar.
Islom omilining kuchayishida musulmon mamlakatlari hududlarining kattaligi, ya’ni jo‘g‘rofiy-strategik imkoniyatlarining ham o‘ziga xos o‘rni bor.
Ayni paytda, musulmon aholi sonining tez o‘sishi, ya’ni demografik omilni ham nazardan qochirmaslik kerak. Musulmon mamlakatlarida aholining o‘sishi har yili o‘rtacha 2,6% (dunyo buyicha - 1,7%, rivojlangan davlatlarda – 0.9%)ni tashkil etmoqda. Islom dunyosida “demografik port-lash” kuzatilmoqda.
Musulmon mamlakatlarining neft, gaz va bosh-qa tabiiy resurslarning ulkan zahiralariga egaligi o‘arb iqtisodiyoti uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega. g‘arb dunyosining Yaqin va O‘rta Sharqdagi uglevodorod resurslariga bo‘lgan bog‘liqligi yaqin istiqbolda ham saqlanib qoladi. Buni anglagan musulmon davlatlari tabiiy resuslardan maksimal ravishda foydalanib, o‘z iqtisodiyotlarini rivojlantirishga harakat qilmoqdalar.
Bir qator musulmon mamlakatlarida chet eldan yangi qurol-yarog‘ sotib olish hamda zamonaviy harbiy infratuzilma yaratish orqali o‘zining harbiy kuch-qudratini oshirish, hatto, ommaviy qirg‘in quroliga ega bo‘lishga intilish jarayonlari tobora kuchayib bormoqda. Pokiston yadroviy qurolga ega bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali yirik musulmon mamlakatlari milliy sanoatni rivojlantirib bormoqda.
Oxirgi paytda ayrim musulmon mamlakatlarining, ayniqsa, Pokiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Misr va Indoneziya kabi davlatlarning xalqaro maydondagi ta’siri kuchayib bormoqda. Ayni payt-da, xalqaro maydonda birlashib, yakdil siyosat olib borish yo‘lidagi harakatlar chuqurlashib bormoqda Shu bilan birga, xalqaro islom tashkilotlarining nufuzi ham ortib bormoqda. 1969 yilda tuzilgan Islom konferensiyasi tashkiloti hozirda o‘z safiga 57 mamlakatni qamrab olgani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
XX asrning ikkinchi yarmida xalqaro miqyosda o‘zini baralla namoyon etayotgan xatarli voqeliklardan biri bo‘lgan diniy ekstremizm va undan oziqlanayotgan hamda diniy shiorlar bilan niqoblangan terrorizm ana shu mintaqalar va mamlakatlar hayotiga birdek tahdid solmoqda. Keng ko‘lam va xilma-xil ko‘rinishlar kasb etayotgan ushbu tahdidga qarshi kurash nafaqat musulmon mamlakatlari, balki butun dunyo uchun ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Dastlab saltanat sohiblari va davlat arboblariga qarshi qurolli hujumlar shaklida paydo bo‘lgan siyosiy terrorizmni bugun har qadamda uchratish mumkin. XX asrning 60-yillaridan boshlab, dunyoning butun-butun mintaqalari turli-tuman terrorchilik tashkilotlarining o‘chog‘iga aylana boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo bo‘yicha 500 ga yaqin terrorchilik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Zamonaviy terrorizmning ikkita alohida xatarli belgisini ajratib ko‘rsatish mumkin: bir tomondan, u tobora shafqatsizroq g‘ayriinsoniy mohiyat, ikkinchi tomondan, aqlga sig‘dirish qiyin jug‘rofiy ko‘lamlar kasb etib bormoqda. Hozirda har kuni dunyoning u yoki bu burchagida kimlarnidir qo‘rquvga solish orqali muayyan maqsadlarga erishishni ko‘zlagan qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilmoqda. Va, afsuski, ularning soni muntazam oshib bormoqda.
Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazibgina qolmasdan, turli diniy e’tiqod vakillari bo‘lgan xalqlar, hattoki, sivilizatsiyalar orasidagi o‘zaro ishonchga ham soya tashlamoqda, jahon taraqqiyotining tamal toshi bo‘lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.
Ekspertlarning fikricha, dunyoda faoliyat ko‘rsatayotgan terrorchilik tashkilotlarining yuzdan oshig‘i eng zamonaviy qurollar bilan yaxshi ta’minlangan yirik uyushmalardan iborat. Ular turli qo‘poruvchiliklarni sodir etish jarayonida o‘zaro hamkorlik qiladilar, ma’lumotlar almashadilar, zarur hollarda, bir-birlariga harbiy, moliyaviy va boshqa shakldagi yordamni ko‘rsatadilar. Bunday tashkilotlarning eng yiriklari qatoriga “al-Qoida”, “Al-Jihod al-islomiy”, “At-Takfir val-hijra”, “Abu Sayyof” (Filippin), “Ozod Achex” va “Lashkari jihod” (Indoneziya), “Qurolli islomiy harakat” (Jazoir) kabilarni kiritish mumkin. Oxirgi yillarda xalqaro miqyosda amal qilayotgan yana bir islomiy tashkilot – “Hizb at-tahrir al-islomiy” ham asosli ravishda dunyoning turli mamlakatlarida terrorchilik amaliyotlarni sodir etgan deb hisoblanmoqda.
Dinni qurol qilib olgan bunday ekstremistik harakatlar bugun umuman kishilik jamiyati hayotiga jiddiy tahdid solmoqda. Masalaning yana bir taassufli jihati shundaki, diniy liboslarga o‘ralgan terrorchi tashkilotlarning mutlaq ko‘pchiligi muqaddas islom dinini o‘ziga niqob qilib olgan.
Bayon etilganlarni nazarda tutib fikr yuritilsa, mustaqillik davrida turli ko‘rinishlarda amalga oshirilgan qo‘poruvchilik xurujlari kuchli tashkiliy tuzilmalar va ulkan moliyaviy imkoniyatlarga ega yirik terrorchi tashkilotlar va ularning sheriklari tomonidan xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qo‘poruvchiliklarning uzviy qismi ekaniga ishonch hosil qilish mumkin.

Mutaxassislar fikricha, «islom» ekstremizmi va u bilan bog‘liq terrorizm dunyoning 15 dan ortiq mamlakatlariga alohida tahdid solmoqda. Yer kurrasining turli qit’alarida joylashgan bunday mamlakatlarni shartli tarzda bir necha guruhga bo‘lish mumkin.


Birinchi guruhga mansub Shimoliy Afrikada joylashgan ayrim arab mamlakatlari, jumladan, eng katta arab davlati bo‘lgan Misr Arab Respublikasi uchun diniy ekstremizm bilan bog‘liq terrorchilik harakatlari haqiqiy muammoga aylandi. 1970–1980- yillarda bunday jarayon Tunisni ham qamrab oldi.
Mazkur mintaqada joylashgan yana bir arab davlati – Jazoirdagi diniy ekstremistik tashkilotlarning qo‘poruvchilik faoliyati tufayli o‘n minglab begunoh insonlar halok bo‘lgan bo‘lsa, radikal oqimlar Sudanda ichki ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning mutlaqo izdan chiqishiga, Darfur mintaqasining dunyoning eng fojiali nuqtalaridan biriga aylanishiga sabab bo‘ldi.
Ikkinchi guruhga Osiyo qit’asida joylashgan yana bir necha arab davlatlarini kiritish mumkin. Turli-tuman siyosiy, iqtisodiy va diniy-mafkuraviy sabablarga ko‘ra, Falastin hududlari, Iroq Respublikasi diniy ekstremizm bilan bog‘liq terrorchilik harakatlaridan katta talafot ko‘rmoqda. Saudiya Arabistoni Podshohligida ham terrorizm o‘zining mudhish qiyofasini namoyon etmoqda. Vaziyatning keskinlashib ketishi diniy arboblarning aksilterror siyosatini faol qo‘llab-quvvatlashga jalb qilinishiga olib kelmoqda. Xususan, 2003 yilning fevralida Saudiya Arabistoni ulamolar Kengashi Podshohlikdagi chet el fuqarolariga hujum qilishni taqiqlovchi fatvo chiqardi. Unda chet elliklarga “kofir” deb qarash islom tamoyillariga mutlaqo zid ekani ta’kidlanadi.
Diniy ekstremistik faoliyatning uchinchi o‘chog‘i Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida joylashgan de-yish mumkin. Ushbu xatarning olovli nafasi, ayniqsa, Pokiston, Indoneziya, Malayziya hamda Hindiston va Filippinning ayrim hududlarida o‘zining halokatli oqibatlarini namoyon etmoqda. Boshqacha ayt-ganda, qadim-qadimlardan buddaviylik, hinduiylik, islom va boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilar tinch-totuv yashab kelgan ulkan hududda ham ekstremizmning qo‘poruvchilik salohiyati o‘zini ko‘rsatmoqda.
Islom mafkura sifatida musulmonlarni birlashtiruvchi kuchli omil bo‘lib kelgan. Asrlar davomida turli ijtimoiy tabaqalar va millatlarni qamrab olishi natijasida, bugungi kunda islom o‘z rivojlanishida katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Islom dini doirasida yuzaga kelgan turli qarama-qarshiliklar oqibatida jangari millatchilik va diniy ekstremizmga asoslangan siyosiy kuchlar va ittifoqlar paydo bo‘lmoqda.
Ikki tizimli voqelikning yo‘qqa chiqishi sharoitida aholi turmush darajasining pasayishi, ma’naviy qashshoqlashuvi o‘arb urf-odatlari va madaniyatining kirib kelishi va mahalliy urf-odatlarning asta-sekin siqib chiqarilishi kabi omillar islom bayrog‘i ostidagi diniy fundamentalizm va ekstremizmning rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Murakkab ichki ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolar yuki ostida qolgan musulmon mamlakatlari aholisining ko‘pchiligi hayotda hech qanday istiqbolni ko‘ra olmasligi sharoitida, islomning “oltin davri” atalmish Muhammad payg‘ambar va to‘rt xalifa davri vaqtiga qaytishga intilish kayfiyati ustuvor bo‘lib bormoqda. Natijada muayyan siyosiy kuchlar tomonidan jamiyatga “davlat din asosida qurilishi kerak, siyosiy hokimiyat esa Allohning vakili-xalifaga berilishi lozim” degan navbatdagi xayoliy uydurma gaplar singdirilmoqda.
Islom bayrog‘i ostidagi ekstremizm o‘z navbatida din va dinning tozaligi yo‘lida “kofirlarga” qarshi kurash, murosasizlik, kerak bo‘lsa, kuch ishlatish lozimligini asoslovchi radikal musulmonlarning mafkurasi va siyosiy amaliyoti bo‘lib qolmoqda. Ular o‘z tamoyillari va g‘oyalarini jamiyatga singdirib, shariat asosida boshqariladigan islomiy davlat tuzishni niyat qilib qo‘ygan.
Diniy ekstremistlar dunyoviy jamiyatga nafrat ruhi bilan yo‘g‘rilgan, o‘arb madaniyatini inkor etishga asoslangan g‘oyalarni odamlarning ongiga sing-dirishga harakat qilmoqdalar. Ular iqtisodiy qi-yinchiliklar, aholi moddiy ahvolining og‘irlashuvi, siyosiy kuchlarning qutblashuvi kabi muammolardan foydalanib, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi kurash olib bormoqda. Bunday kurash ochiqdan-ochiq to‘qnashuv shakllari (ko‘cha namoyishlari, norozilik chiqishlari, ish tashlash)ni qo‘llab-quvvatlash hamda aholining turli tabaqalari o‘rtasida noqonuniy tar-g‘ibot uslublaridan foydalanib, davlat tizimiga qarshi qo‘poruvchilik olib borish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Zamonaviy islom radikallariga xos bo‘lgan xususiyatlar ichida dunyoni “oq-qoraga” bo‘lish, odamlar va jamiyatni “o‘zimizniki-begona”larga ajratish “agar kim biz bilan bo‘lmasa, u bizga qarshi” g‘oyasini olg‘a surish hamda hukumat va jamiyatni kufrda (xudosizlikda) ayblash alohida o‘rinni egallashini ta’kidlash zarur.
Xalqaro maydonda islom radikallari ko‘pincha panislomizm, ya’ni “butun dunyoga islomni tarqatish va islom davlatlarini birlashtirish lozimligi” haqidagi g‘oyaga suyanib kelmoqda. Ularning asosiy maqsadi kurashning turli usullaridan, shu jumladan, kuch ishlatishdan foydalanib, hokimiyatni qo‘lga olish. O‘zlarining g‘arazli maqsadlariga yetish uchun ular, hatto, keskin choralar, masalan, jihod e’lon qilishga ham tayyordirlar.
Islom bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘pchilik ekstremistik tashkilotlar bitta reja asosida ish olib borishadi. Bunda qonuniy tuzumni beqarorlashtirish, aholini keng ko‘lamda hokimiyatga qarshi chiqishlarga gij-gijlash, mamlakat rahbariyatini hokimiyatdan chetlatish, islomiy hukumatni shakllantirish (boshida boshqa muxolifat kuchlar bilan birgalikda, keyin esa hokimiyatni o‘z qo‘liga to‘laligicha olish) markaziy o‘rinni egallaydi.
Mazkur rejani amalga oshirishda ekstremistlar terrorchilik amaliyotlarini o‘tkazishga alohida e’tibor berishadi. Bu ularning o‘z maqsadlariga erishishda birinchi navbatda vaziyatni beqarorlashtirishga urinishga harakat qilishlarini ko‘rsatadi. Lekin bunday amaliyotlarning vaqti, ularni o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi, siyosiy oqibatlari inobatga butunlay olinmaydi. Ularning fikricha, vaziyatni tizimli ravishda beqarorlashtirish, jamiyatda norozilik kayfiyatlarini uyg‘otish va shu yo‘l bilan hokimiyatni qo‘lga olish uchun qulay sharoit yaratish muhim hisoblanadi. Ekstremistlar g‘oyasi bo‘yicha bitta muvaffaqiyatli o‘tkazilgan yirik terrorchilik amaliyoti xalq qo‘zg‘oloniga turtki bo‘lishi mumkin.
Diniy ekstremizmni o‘ziga qurol qilib olgan terrorchilarning butun dunyoning nafratini qo‘zg‘atgan 2001 yil 11 sentabrda sodir etgan vahshiyliklari bashariyat tarixidagi eng mash’um sahifalardan bo‘lib qolishiga hech kim shubha qilmaydi.
O‘tgan asrning 70-yillari intihosidan boshlab Afg‘oniston diniy ekstremizm va fundamentalizmning eng yirik o‘chog‘iga aylana boshladi. Ushbu mamlakatdagi siyosiy beqarorlik tufayli turli mamlakatlardan o‘zining xunuk qilmishlari uchun badarg‘a bo‘lgan qora kuchlar Afg‘onistonga oqib keldilar va mustahkam o‘rnashib oldilar. “Tolibon” nomi bilan atalgan ekstremistlar ularga boshpana berdilar. Afsuski, ayrim yirik davlatlar ham o‘zlarining shubhali geosiyosiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish ilinjida Afg‘onistondagi radikal guruhlarni amalda qo‘llab-quvvatladilar. Natijada, ushbu mamlakat eks-tremizm va terrorizmning haqiqiy o‘chog‘iga aylandi. Bu hol nafaqat uning, balki unga tutash mamlakatlarning xavfsizligiga ham tajovuz solgani yaxshi ma’lum.
Ta’kidlash joizki, diniy ekstremizm va u bilan bog‘liq terrorizmning O‘zbekistonga kirib kelishida aynan Afg‘oniston o‘ziga xos darvoza vazifasini o‘tadi. O‘tgan asrning so‘nggi yillarida mazkur mamlakatdan panoh topgan, “Tolibon” harakati va “al-Qoida” tashkiloti bilan mustahkam aloqalar o‘rnatgan diniy-siyosiy guruhlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi barqarorlikka putur yetkazishga intilib kelmoqda.
Ko‘pgina mamlakatlarda yashirin faoliyat olib borishga urinayotgan “Hizbut-tahrir” tashkiloti o‘zini terrorchilik faoliyatiga aloqasi yo‘qdek qilib ko‘rsatishga intiladi. Uning ushbu iddaosini haqiqat deb qabul qilishga tayyor kuchlar ham bugungi dunyoda, afsuski, yo‘q emas. Lekin hizbuttahrirchilar tarqatayotgan varaqalarning mazmuni ushbu guruhning tinch-liksevar ekani haqidagi da’volar haqiqatdan nechog‘lik yiroqligini, uning “beozor siyosiy kuch” ekaniga ishonayotganlar qanchalik xato qilayotganiga hech qanday shubha qoldirmaydi. O‘z umrini yashab, tarix sahnidan tushib ketgan, bugungi voqelikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan xayoliy xalifalikni barpo etish uchun har qanday amaliy harakatlardan tiyilmaslik, jumladan, qurol ishlatishni targ‘ib qilish orqali musulmonlar ongiga eng ashaddiy siyosiy g‘oyalarni singdirishni o‘zining dasturiy vazifasi qilib olgan hamda uni hayotga tatbiq etishga jon-jahdi bilan urinayotgan bunday guruhni terrorchilik faoliyatga aloqador emas deb bo‘ladimi?!
O‘zbekiston diniy ekstremizm bilan to‘qnash kelayotgan birinchi davlat emas. Yuqorida qayd etilganidek, u bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlari xavfsizligiga tahdid solmoqda. Shunga mos ravishda dunyoda diniy ekstremizm va u bilan bog‘liq terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha salmoqli tajriba to‘plangan. Mazkur tajribadan kelib chiqadigan eng asosiy xulosa shuki, diniy ekstremizm va terrorizm bilan kurashda, asosan, huquq-tartibot organlariga suyanish, faqat jazo choralarini qo‘llash orqali unga barham berishga intilish mazkur salbiy hodisaning oqibati bilangina kurashish bilan barobardir. Boshqacha aytganda, bunday yo‘ldan borilganda, diniy ekstremizm va terrorizmni oziqlantirib turgan “ildiz”lar beshikast qolaveradi, vaqt o‘tishi bilan ular yangi “kurtak”lar berishda davom etaveradi. Shuning uchun ham, diniy ekstremizm va terrorizm bilan to‘qnash kelayotgan davlatlar ushbu xatarli hodisaga qarshi kurashishda tobora ko‘proq yalpi va maqsadli yondashuv yo‘lidan borishga harakat qilmoqda.

Biz shunday davrda yashamoqdamizki, uni hech bir mubolag‘asiz, insoniyat taqdirini belgilab beradigan jang sodir bo‘layotgan davr deb atash mumkin. Ushbu jangda foydalanilayotgan vosita tom ma’nodagi qurol emas, balki g‘oyalardir. Yaxshi ma’lumki, g‘oyalar har xil bo‘ladi: azal-azaldan dunyoda bunyodkor g‘oyalar bilan bir qatorda, buzg‘unchilik mafkurasi ham yashab keladi. Aslida, bashariyat tarixi, muayyan ma’noda, bunyodkorlik va buzg‘unchilik o‘rtasidagi kurash tarixidir. Ushbu kurashda bunyodkorlik g‘olib bo‘lgan paytlardagina insoniyat olg‘a bosgan, buzg‘unchilik, yovuzlikning qo‘li baland kelgan vaqtlarda esa, tanazzulga yuz tutgan.


Axborot almashish va yetkazish imkoniyati bugun shunday darajaga yetdiki, ular inson hayotini yaxshilashga xizmat qilish bilan bir qatorda, uning tinchini buzishga ham sabab bo‘lmoqda. Internet kabi ma’lumotlar uzatish vositalari tom ma’nodagi ijobiy jihatini namoyon qilish bilan birga, xalqaro terrorchilar, jumladan, diniy-siyosiy jangarilikning o‘z g‘araz maqsadlari yo‘lida faol foydalanayotgan quroliga ham aylanib qolmoqda.
Bugun muayyan kuchlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishda kiber bo‘shliqdan foydalanishini ifodalovchi “kiberterrorizm” degan tushuncha ham paydo bo‘ldi. U mutaxassislar tomonidan terrorizmning boshqa har qanday ko‘rinishidan ham ko‘ra xavfliroq hodisa sifatida qayd etilmoqda. Xalqaro terrorizmning rivojlanishidagi navbatdagi yangi bosqich kiber urushlar shaklida bo‘lishi shubhasiz ekani ta’kidlanmoqda. Xalqaro ko‘lamdagi, chegara bilmas bunday salbiy hodisaga qarshi kurashning xalqaro tizimini shakllantirish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Darhaqiqat, internet qo‘poruvchilikni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan nishonlar haqida ma’lumotlar manbai, ularni sodir etish uchun lozim mablag‘ni to‘plash va terrorchi tashkilotlar orasidagi ishonch-li tezkor aloqa vositasi, ma’lum belgilar bo‘yicha turli-tuman odamlarni birlashtirish yo‘li, g‘arazli maqsadlarni tashviqot qilish va buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qilish quroli, psixologik terrorizmning tashabbuskori vazifasini o‘tashi mumkin va afsuski, shunday bo‘lmoqda ham. Internet masofadan, ya’ni muayyan mamlakat hududlaridan turib boshqa o‘lkada qo‘poruvchilikni amalga oshirish imkonini bermoqda.
“Bizdan uzoq-yaqin masofalarda joylashgan ayrim islom davlatlarida o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan musulmon xalifaligini tiklashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan muayyan tashkilotlar mavjud”, – deb yozadi I.Karimov. Bugungi kundagi mavjud voqelik, jahon sahnida kechayotgan jarayonlarga teran ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, Yurtboshimizning so‘zlari chuqur mazmunga egaligini anglab yetish mumkin. Zero, musulmon dunyosida qonun doirasida siyosiy, ma’rifiy-madaniy, xayriya ishlari bilan shug‘ullanuvchi rasmiy islomiy tashkilotlardan tashqari, bir qator ekstremistik diniy-siyosiy guruhlar ham faoliyat olib bormoqda. Ularning asosiy maqsadi islom dinini siyosiylashtirgan holda, yagona mafkuraviy makon barpo qilish asosida hokimiyatni qo‘lga kiritishdir.
Ushbu maqsad yo‘lida ular targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan bir qatorda, terrorchilik amaliyotidan ham keng ko‘lamda foydalanishmoqda. Xususan, davlat rahbarlari, huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlari, jurnalist va siyosatchilar, chet ellik fuqarolarni o‘ldirish yoki garovga olish, yetakchi o‘arb davlatlariga tegishli ob’ektlarda qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirish orqali jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik keltirib chiqarish hamda hukumatning o‘arb dunyosi bilan hamkorligiga putur yetkazishga intilish g‘arazli maqsadlar yo‘lida amalga oshiriladigan harakatlar zanjirining uzviy xalqalari hisoblanadi.
Hozirgi kunda diniy-ekstremistik tashkilotlarning faoliyati yuqorida qayd qilinganidek, Jazoir, Misr, Indoneziya, Hindiston, Filippin, Pokiston, Iroq, Afg‘oniston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining Kavkaz mintaqasi kabi katta jug‘rofiy hududda kuzatilmoqda.
Diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat bar-qarorligi va rivojiga salbiy ta’siri xalqaro terrorchilik tizimida yetakchi o‘rinlarni egallab turgan ba’zi tashkilotlarning mohiyati tahlil qilinganda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular sirasida bunday tashkilotlar vujudga kelishiga asos va namuna bo‘lgan “Musulmon birodarlar” guruhining faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.

XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Misrda jamiyatda islomning o‘rni masalasida turlicha yondashuv va qarashlar shakllandi. Jumladan, ba’zilar jamiyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar dinga bo‘lgan munosabatda ham qo‘llanishi zarur deb hisoblasalar, boshqalar, aksincha, o‘tgan asrning 20-yillarida mamlakatda ro‘y bergan iqtisodiy turg‘unlikni musulmonlar hayotiga kirib kelgan g‘arb sivilizatsiyasiga xos “yangiliklar” bilan bog‘lab, mamlakatda shariatga asoslangan teokratik davlat tuzumini o‘rnatish orqaligina taraqqiyotga erishish mumkin, degan da’vat bilan chiqdilar.


Aynan so‘nggi yo‘nalish tarafdorlarining g‘oyalari asosida Hasan al-Banno tomonidan 1928 yilda “Jamoat al-ixvon al-muslimin” “Musulmon birodarlar jamoasi” tashkilotiga asos solindi.
Hasan al-Banno o‘arb madaniyatining musulmon dunyosiga kirib kelishi islomning inqiroziga sabab bo‘lgani uchun musulmonlarni saqofiylik ruhida qayta tarbiyalash zarur, deb hisoblardi.
Dastavval, islom alohida bir davlatda tinch (islom qadriyatlarini targ‘ib qilish, xayriya ishlari o‘tkazish, diniy ulamolarning shaxsiy namuna ko‘rsatishi va sh.k.) yo‘l bilan tantana qilishi mumkin, degan g‘oyani ilgari surgan Hasan al-Banno keyinchalik faoliyatiga siyosiy tus berib, 1939 yilda “Musulmon birodarlar”ni Qur’on va sunnani jamiyatni rivojlantirishning yagona asosi sifatida ko‘ruvchi siyosiy tashkilot, deb e’lon qildi. Shundan keyin “birodarlar” “Alloh – maqsadimiz, Payg‘ambar – yetakchimiz, Qur’on – Konstitutsiyamiz, Jihod – buyuk orzuimiz” degan shior asosida faoliyat yuritib, markazi Misrda joylashgan musulmonlarning yagona “buyuk islom davlatini” qurishni asosiy maqsad sifatida e’tirof etdilar.
Ikkinchi jahon urushi davrida jamiyatning quyi va o‘rta tabaqalari vakillari hisobiga tez kengayib borgan tashkilot o‘zining xorijiy bo‘limlari va jangovar faoliyatga mo‘ljallangan maxfiy tizimlarini vujudga keltirdi. 1946 yilga kelib, “Musulmon birodarlar” 5000 ta mahalliy bo‘lim va umumiy hisobda 500000 a’zoga ega yirik tashkilotga aylandi.
1948–49-yillari tashkilot a’zolari Falastindagi Arab–Isroil urushida mustaqil jangovar birlik sifatida Isroil qo‘shinlariga qarshi jang qildi. Urushdan keyin esa “birodarlar” yetakchilari Misr rahbariyatini jur’atsizlikda ayblab, mamlakatda qator terrorchilik harakatlarini amalga oshirdi. Bunga javoban, hukumat tashkilotni qattiq ta’qib ostiga oldi va 1949 yilning fevralida Hasan al-Banno o‘ldirildi.
1950–1960-yillarda “birodarlar”ga rahbarlik qilgan Sayyid Qutb tashkilot faoliyatining yanada radikallashuviga zamin yaratdi. Xususan, u 1965 yilda yozgan “Yo‘ldagi belgilar” kitobida arab jamiyati “johiliya” davriga qaytib, ma’naviy tanazzulga uchradi, bunday vaziyatda asl dindorlar jamiyatdan ajralib, alohida jamoalar tuzishlari hamda johiliyaga aylangan jamiyatni islomlashtirish uchun jihod olib borishlari lozim, degan g‘oyani ilgari surdi. Bunda u “jihod” tushunchasini dinsizlarga hatto, uning talqiniga qo‘shilmagan musulmonlarga qarshi qurolli kurash ma’nosida qo‘llay boshladi.
Bundan tashqari, Sayyid Qutb ilk marta dunyoviy hukumat va o‘ziga qo‘shilmagan musulmonlarga nisbatan “takfir” (kofirlikda ayblash)ni qo‘llagan holda islomga umuman yot bo‘lgan – “fitna” (amaldagi davlat tuzumiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarish amaliyoti)ni yoqlab chiqdi. Shunisi diqqatga sazovorki, hozirda faoliyat yuritayotgan qator diniy-ekstremistik tashkilotlar uchun ham bunday yondashuv mafkuraviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
1950-yillarning boshlarida Misr hukumati “Musulmon birodarlar”ga ochiq faoliyat yuritishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, tashkilot rahbariyatining Misr inqilobiy Kengashi faoliyatiga ta’sir o‘tkazishga intilishi oqibatida bu huquq bekor qilinib, uning ko‘pchilik faollari qamoqqa olindi. Tashkilot a’zolarining bir qismi Saudiya Arabistoni, Suriya, Iordaniya va Livanga qochib ketishga majbur bo‘ldi.
1964 yilda “birodarlar” faollari amnistiya bilan ozodlikka chiqqach, hukumatga qarshi faoliyatni yangidan boshladilar. Ularning Prezident Jamol Abdul Nosirga bir necha bor suiqasd uyushtirishi oqibatida, tashkilot yana tazyiqqa uchradi va 1966 yili Sayyid Qutb boshchiligidagi bir guruh yetakchilar qatl qilindi. Bu “birodarlar” faoliyatidagi terrorchilik unsurlarining birmuncha susayishiga sabab bo‘ldi.
1970–1981-yillarda diniy uyushma sifatida ochiq faoliyat yuritgan “birodarlar”ning jamiyatdagi ta’siri kengayib bordi. Biroq “Musulmon birodarlari”ning rahbarlari Misrning 1978 yildagi Kemp-Devid va 1979 yildagi Vashington shartnomalari asosida Isroil bilan bir bitimga kelishini tan-qid qilgan holda, hokimiyatga nisbatan murosasiz, radikal muxolifatchilik mavqeiga o‘tdilar.
1979–1989-yillarda tashkilot o‘zining faol harakatini ko‘proq xorijda amalga oshirdi. Jumladan, 1979–82-yillar ichida “birodarlar”ning Suriyadagi bo‘linmasi tomonidan harbiy bilim yurtlari va harbiy xizmatga chaqiruv joylarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari natijasida 200 dan ziyod kishi nobud bo‘ldi. 1982 yilning fevralida Xam shahrida “birodarlar” boshlagan qurolli qo‘zg‘olon hukumat qo‘shinlari tomonidan katta talafotlar bilan bostirildi.
Aynan shu davrda tashkilotga mansub jangarilar Afg‘onistonda sho‘ro qo‘shinlariga qarshi janglarda faol ishtirok etdi. Shuningdek, “Musulmon birodarlar”ning Falastin bo‘limi Usoma bin Lodin bilan birgalikda Pokistonda jangovar harakatlar olib borish uchun ko‘ngillilar yollash maqsadida “Maktab al-xidamat” nomli uyushmaga asos solgani ma’lum.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda “Musulmon birodarlar”ning mintaqaviy bo‘linmalari Bahrayn, Misr, Iordaniya, Yaman, Qatar, Kuvayt, Livan, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Sudan, Suriya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Shveysariya, AQSh, Fransiya va Germaniya kabi mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda “Musulmon birodarlar” 28 kishidan iborat qo‘mita tomonidan boshqarilib, uning eng quyi bo‘g‘inini terrorchilik amaliyoti, targ‘ibot-tashviqot ishlari, moliyaviy, moddiy-texnik ta’minot kabi sohalarga ixtisoslashgan, “amir” yetakchiligidagi 20 ga yaqin a’zoni o‘z ichiga oladigan “jamoati islomiya” guruhlari tashkil etadi. Qo‘mita ushbu guruhlarning faoliyatini “usar al-islomiya” (“islom oilalari”) deb ataluvchi o‘rta pog‘ona tizim orqali muvofiqlashtirib turadi.
Tashkilot a’zolari tayyorgarlik o‘tayotgan, biroq Qur’onda qasamyod qabul qilmaganlar – “al-musoid” (yordamchilar), qasam ichgan holda rasman tashkilot safiga kirganlar – “al-mutanosib” (qo‘shilganlar), tashkilot faoliyatida bevosita ishtirok etayotganlar – “al-amil” (faoliyat yuritayotganlar) hamda tashkilot o‘zagini tashkil etuvchi rahbariyat a’zolari va yetakchilari – “al-mujohid” (jihodchilar) kabi to‘rt darajaga bo‘linadi. Shu bilan birga, “Musulmon birodarlar” tarkibida g‘oyaviy rahnamolar vazifasini bajaruvchi, xususan, tashkilot amalga oshirajak harakatlarga fatvo beruvchi “said”lar ham faoliyat yuritishini qayd etish lozim.
Tashkilot jangarilari maxsus lagerlarda terrorchilik amaliyotini tayyorlash va o‘tkazishda zarur bo‘lishi mumkin bo‘lgan xufiya ishlash asoslari, avtomashina haydash, topografik xarita bo‘yicha joy topish, quroldan foydalanish, qo‘l jangi va qo‘poruvchilikni amalga oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘taydilar.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda “birodarlar”ning mahalliy bo‘limlaridan ajralib chiqib, mustaqil faoliyat yuritayotgan bir qator diniy-ekstremistik va terrorchi tashkilotlar mavjud. Ular qatorida Misrda faoliyat yuritayotgan “Al-jamoa al-islomiya”, “al-Jihod”, “at-Takfir val-hijra”, “Jundulloh”, Jazoirdagi “Qurollangan islom guruhi”, “Islom jihodi”, Saudiya Arabistonidagi “Jumaymana al-Uteybiy”, ko‘pchilik davlatlarda ildiz otishga harakat qilayotgan “Hizb at-tahrir al-islomiy” kabi tashkilotlarni ko‘rsatish mumkin.
“Musulmon birodarlar”ning bo‘limlari hamda undan ajralib chiqqan mustaqil guruhlar o‘z maqsadlari yo‘lida asosan yakka terror va portlovchi modda o‘rnatilgan avtomobillarni portlatish usulidan foydalangan holda terrorchilik amaliyotini o‘tkazib kelmoqda. Bunga 1990 yilda “al-Jamoa al-islomiy” guruhi tomonidan Misr parlamenti spikeri R.Maxgub otib o‘ldirilgani ham misol bo‘la oladi.
1990 yillarda “Musulmon birodarlar” tashkiloti Misr davlat budjetining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan sayyohlikka zarba berish orqali iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqarishga harakat qildi. Masalan, 1996 yil 18 aprelda Qohirada 18 grek sayyohi, 1997 yil 17 noyabrda Luqsorda 58 nafar turli davlat fuqarolari otib tashlandi. Bunday harakatlar sayyohlarning ommaviy tarzda mamlakatni tark etishiga va oqibatda mamlakatning turizmdan ko‘radigan foydasiga jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish infrastrukturasida faoliyat yurituvchi, milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi minglab misrliklar ishsiz qolmoqda.
“Musulmon birodarlar” Misrda rasman taqiqlangan bo‘lsa-da, deyarli ochiq faoliyat yuritmoqdaki, buni “birodarlar”dan 16 tasi mustaqil deputat sifatida Misr parlamentidan joy olganida ham ko‘rish mumkin.
Garchi, “Musulmon birodarlar” ko‘pchilik davlatlar tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa-da, guruh o‘zining reaksion mazmunini yo‘qotgani yo‘q. 2004 yilning 12 mayida Misr politsiyasi tashkilotning 54 nafar a’zosini Checheniston, Iroq va Falastinda jangovar tayyorgarlik o‘tish va Misrda davlat to‘ntarishini amalga oshirishni rejalashtirishda ayblab qamoqqa olgani ham fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Yuqorida amalga oshirilgan tahlil “birodarlar”ning uzoq yillar davomida olib borayotgan faoliyati Misrda davriy ravishda ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqarishi bilan bir qatorda musulmon dunyosiga mansub boshqa davlatlarda radikal islomiy tashkilotlar vujudga kelishiga mafkuraviy va tashkiliy zamin yaratgani haqida xulosa chiqarish imkonini beradi. “Hizb at-tahrir al-islomiy” tashkilotining faoliyati bunga misoldir.
Tashkilotga 1953 yilda Taqiyuddin Nabahoniy (1909–1979) tomonidan asos solingan.
Dastavval o‘ziga Falastinni ozod qilishni maqsad qilgan Nabahoniy, keyinchalik musulmon davlatlarini birlashtiruvchi xalifalik davlatini qurishni bosh maqsad deb e’lon qildi.
Ta’limot nazariyasi Nabahoniy va uning izdoshi Abdul Qaddim Zallumning “Islom nizomi”, “Islom davlati”, “Xalifalik”, “Islomiy olamga qaynoq nidolar” va “Hizbut-tahrirning tushunchalari”, “Demokratiya – kufr nizomi” va “Siyosiy ong” kabi asarlarida bayon etilgan. Ularda o‘arb sivilizatsiyasi va dunyoviy davlat tamoyillari qoralangan, demokratiya, konstitutsiya, saylov kabi siyosiy institutlar inkor qilingan holda, turli mamlakatlarda radikal «islom» g‘oyalarini targ‘ib qilish, davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatni qo‘lga kiritish hamda xalifalikka asoslangan tuzumni o‘rnatish asosiy maqsad sifatida ilgari suriladi.
“Hizbut-tahrir” 1960–70-yillarda bir necha bor hukumatga nisbatan fitna tayyorlashda qatnashganidan so‘ng uning faoliyati Iordaniya va Misrda, ke-yinroq Suriya, Iroq, Misr, Liviya, Tunis va deyarli barcha musulmon davlatlarida, 2003 yildan Rossiya va Germaniyada ham man qilindi.
“Hizbut-tahrir” piramida shaklidagi tuzilishga ega bo‘lib, uning quyi pog‘onasini 5 kishilik “xalqalar”ga birlashgan “dorislar” tashkil etadi. Xal-qaga “mushrif” rahbarlik qilib, 4–5 mushrifdan iborat “mahalliy jihoz” “naqib”ga, naqiblar viloyat darajasida “musoid”ga bo‘ysunadilar. Musoidlar faoliyati mintaqaviy rahbar – “mu’tamad” tomonidan boshqariladi. Tashkilot rahbari – “Amirul-a’zam” tashkilotning oliy bo‘g‘ini – “qi’yodat” orqali mu’tamadlarning faoliyat yo‘nalishini belgilab turadi. Bunday tuzilish tashkilotning o‘z faoliyatini mumkin qadar yashirin olib borish imkonini berish bilan bir qatorda butunlay fosh bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.
Hozirgi kunda esa tashkilot rahbarlari tomonidan ilgari surilgan “Arab–Isroil muammolarini hal etishning yagona vositasi – yahudiylarni ommaviy qirg‘in qilishdir”, degan reaksion g‘oya “Hizbut-tahrir”ning haqiqiy mohiyatini belgilab beradi, deyish mumkin.
Yaqin Sharq mamlakatlari hozirgi kunda ham “Hizbut-tahrir” uchun faoliyat markazi sifatida saqlanib qolmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Iordaniya, Livan va Falastin hududlarida tashkilotning 3000–5000 a’zosi faoliyat yuritadi. Tashkilotning Bayrutda chop etiladigan “al-Va’y” (“Ong”) jurnali esa hizbiy g‘oyalarni tarqatishga o‘zining ulushini qo‘shib kelmoqda.
“Hizbut-tahrir”ning faol harakati 1970–80-yillardan buyon Pokiston, Indoneziya, Filippin, 1990- yillar boshidan esa Markaziy Osiyo davlatlarida, 2003–2004-yillardan Qrim yarim oroli va Rossiyaning bir qator mintaqalarida kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, “Hizbut-tahrir” o‘arbiy Yevropadagi bir qator mamlakatlarda o‘z bo‘linmalariga ega. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilotning Buyuk Britaniyada joylashgan bo‘linmasi muvofiqlashtiruvchi markaz vazifasini bajarmoqda.
Garchi “Hizbut-tahrir” o‘z faoliyatida faqat g‘oyaviy kurash usullaridan foydalanishini e’lon qilsa-da, tashkilot mafkurasini ifodalovchi hujjatlar buning aksini ko‘rsatadi. Xususan, “Hizbut-tahrir” tomonidan tarqatiladigan varaqalar va qilinadigan da’vatlarda “musulmon bo‘lmagan hukumatlarga qurolli jihod e’lon qilish zarur”, degan g‘oyaning keng targ‘ib qilinishi, “al-Va’y” jurnalining 2001 yil iyunda chop etilgan 170-sonida islom xalifaligini qurish yo‘lida barcha vositalarni qo‘llash, hatto, qotillik qilishning oqlanishi, begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘luvchi terrorchi-kamikadzelarning “shahidlar” qatoriga kiritilgani ham buni tasdiqlaydi.
“Hizbut-tahrir” faollarining musulmon dunyosiga mansub bir qator davlatlarda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan terrorchilik amaliyotlarida ishtirok etgani ham ularning asl qiyofasini ochiq-oydin namoyish etadi. Jumladan, 1968, 1974 va 1977 yillarda “Hizbut-tahrir” a’zolari Iordaniyada, 1974 yilda esa Misrda harbiy isyon ko‘tarishga uringan. 2000 yil yanvarda esa Suriya huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan hukumatga qarshi g‘alayonlar ko‘tarishga tayyorgarlik ko‘rayotgan tashkilot faollarining 800 nafari qamoqqa olingan.
Shu bilan birga, fitnalarning doimiy muvaffaqiyatsizlikka uchrashi, “Hizbut-tahrir” rahbariyati orasida ushbu harakatlar tashkilotning “ajralib” chiqqan qismi tomonidan amalga oshirildi, degan da’vo bilan aybni bo‘yinlaridan soqit qilishga intilishdek amaliyotni keltirib chiqarganini ta’kidlash zarur.
Voqelik boshqa diniy-ekstremistik tashkilotlar singari, “Hizbut-tahrir” a’zolarining faoliyati ham o‘ta radikal tus olayotganini ko‘rsatmoqda. 2003 yil aprelda tashkilotning Buyuk Britaniyadagi bo‘linmasi a’zolaridan birining Isroilning Tel-Aviv shahrida joylashgan “Mayks Pleys” kafesida o‘zini portlatib yuborishi natijasida 23 kishi nobud bo‘lgani ham buni tasdiqlaydi.
2002 yilda Filippinda qamoqqa olingan tashkilotning bir guruh faollaridan katta miqdordagi portlovchi moddalar va o‘qotar qurollar qo‘lga olinishi barobarida ularning “al-Qoida” terrorchi tashkilotining mahalliy tuzilmalari bilan yaqin aloqada bo‘lgani ham aniqlangan. Bu esa “Hizbut-tahrir” tashkiloti o‘z faoliyatini xalqaro terrorchilik tizimining tarkibiy qismi sifatida tashkil etayotganidan dalolat beradi.

Radikal «islom» g‘oyalariga asoslangan ushbu transmilliy diniy-siyosiy guruhning paydo bo‘lishiga Usoma bin Lodin rahbarligida Afg‘onistonda Sovet armiyasiga qarshi urushda ishtirok etish uchun ko‘ngillilarni yollash va ularni qurol-aslaha bilan ta’minlash maqsadida Pokiston hududida tuzilgan “Maktab al-xidamat” byurosi asos bo‘lib xizmat qilgan.


Tashkilotning dastlabki tuzilmalari o‘arb va AQShning global yetakchiligiga qarshi kurash, islomning fundamental asoslariga qaytish va yagona islomiy xalifat qurishdek maqsadlar dasturiga monand ravishda 1992 yilda Xartum (Sudan)da qayta shakllantirilgan.
“Al-Qoida” rahbariyati g‘oyaviy jihatdan Muhammad ibn Abdul Vahhob va Sayyid Qutblarning asarlarida bayon qilingan tamoyillarga asoslanishini e’tirof qilgan holda, amalda musulmon davlatlaridagi dunyoviy hukumatlarni ag‘darib tashlash va shariatga asoslangan islom davlati qurishdek asosiy maqsadni ko‘zlaydi.
“Al-Qoida” boshqa diniy ekstremistik tashkilotlar kabi qat’iy ierarxiya asosida tuzilgan bo‘lib, unga Oliy kengash (“Majlis ash-shura”) rahbarlik qiladi. Oliy kengashga harbiy, moliyaviy, diniy va huquqiy, axborot va tashviqot qo‘mitalari bo‘ysundirilgan bo‘lib, ular quyi pog‘onadagi guruhlar faoliyatini boshqaradi.
Manbalarda “al-Qoida”ning harbiy lagerlari 2001 yilga qadar Afg‘oniston, Pokiston, Somali, Sudan, Yaman, Bangladesh kabi qator davlatlarning tog‘li hududlarida faoliyat ko‘rsatgani qayd etiladi.
Taxminlarga ko‘ra, hozirgi kunda tashkilotning yashirin guruhlari 33 tadan 88 tagacha mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi, jangarilarining soni esa 3000–7000 kishini tashkil etishi mumkin.
“Al-Qoida”ning dastlabki faol harakati 1992 yil kuz faslida kuzatilgan bo‘lib, tashkilot jangarilari Somalidagi beqarorliklarning oldini olish uchun kiritilgan BMT tinchlikparvarlik kuchlari tarkibidagi AQSh maxsus qo‘shinlarining 18 harbiy xizmatchisini o‘ldirishgan.
1996 yilda “al-Qoida”ning asosiy jangovar kuchlari Afg‘onistonning “Tolibon” harakati nazoratidagi hududlarga ko‘chib o‘tdi. Aynan shu yerda, 1998 yilning fevralida “al-Qoida” yetakchiligida “al-Jamoa al-Islomiya”, “al-Jihod” (Misr), “Jamaati ulame Pokiston”, “Kashmir qo‘zg‘olonchilik harakati” (Hindiston), “Jihod” (Bangladesh) va “Tolibon” harakati vakillari “Yahudiy va salbchilarga qarshi xalqaro islom fronti” uyushmasi tuzilganini e’lon qilishdi. Ushbu uyushma nomidan Usoma bin Lodin o‘arb dunyosiga jihod e’lon qildi.
Shundan so‘ng, qator og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan terrorchilik harakatlari sodir etildi. Jumladan, 1998 yil 25 iyunda “al-Qoida” jangarilari Saudiyaning Daxran shahri yonida joylashgan AQSh Harbiy Havo kuchlarining bazasi oldida amalga oshirgan portlash natijasida 19 kishi halok bo‘lib, 300 dan ziyod kishi tan jarohatini oldi. O‘sha yilning 7 avgustida esa “al-Qoida” jangarilari bir vaqtning o‘zida AQShning Tanzaniya va Keniyadagi elchixonalari oldida bomba ortilgan mashinalarni portlatishi oqibatida esa 242 kishi halok bo‘ldi va 5000 ga yaqin odam shikastlandi.
Va nihoyat, 2001 yilning 11 sentabrida Amerika Qo‘shma Shtatlarida turli reyslar bilan Nyu-York, Boston va Vashington shaharlaridan uchgan to‘rtta “Boing–757” samolyoti “al-Qoida” guruhiga mansub 18 nafar terrorchi tomonidan egallab olinib, ularning ikkitasi Nyu-Yorkdagi xalqaro savdo Markazi joylashgan “egizak” binolarga, bittasi esa AQSh qurolli kuchlari shtabi – Pentagonga yo‘naltirildi. Yana bir samolyot Pensilvaniya shtatidagi Shanksvill rayoniga qulab tushdi.
Umuman olganda, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, “al-Qoida” guruhi jangarilari Afg‘oniston (1992 yildan), Somali (1992–1993-yillar), Bosniya va Gersegovina (1992–1995-yillar), Kashmir (1993 yildan), Shimoliy Kavkaz (1995 yildan), Kosovo (1999 yildan), Markaziy Osiyo (1999 yildan), Pokistonning Janubiy Vaziriston viloyati (2001 yildan) va Iroq (2003 yildan) hududlarida qurolli to‘qnashuv va terrorchilik harakatlarini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng Afg‘onistonda o‘tkazilgan keng ko‘lamli xalqaro aksilterror harakati natijasida “al-Qoida” jiddiy talafot ko‘rgan bo‘lsa-da, u o‘z faoliyatini yangi sharoitlarga moslashtirishga intilmoqda. Jumladan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilot asosiy tizimlarini erkin pushtun qabilalari yashaydigan Pokistonning shimoli-g‘arbiy va Kashmirdagi baland tog‘li hududlarga ko‘chirishga harakat qilmoqda.
Afg‘oniston va Iroqda AQSh harbiylariga qarshi partizan urushida faol ishtirok etish barobarida aksilterror ittifoqiga a’zo davlatlardan ushbu hududlardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni talab qilayotgani tashkilotning bugungi kundagi o‘ziga xos xususiyatidir. “Al-Qoida” aynan shu maqsadga erishish bayrog‘i ostida terrorchilik harakatlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, 2004 yilning 11 martida Madrid (Ispaniya)dagi 4 ta temir yo‘l bekatida umumiy hisobda 6 ta portlatish amalga oshirildi. Natijada, 200 kishi halok bo‘ldi va 1500 dan ziyod kishi yarador bo‘ldi. Politsiyaning taxminiga ko‘ra, portlashlarni “al-Qoida” guruhi bilan yaqin aloqada bo‘lgan marokashlik radikal guruh amalga oshirgan.
Qayd etilgan dalillar ham “al-Qoida”ning xalqaro terrorchilik tizimining markaziy unsuri va jahonning turli nuqtalarida ro‘y berayotgan qurolli to‘qnashuvlar, terrorchilik amaliyotlarini moliyalashtirish, rejalashtirish hamda bevosita amalga oshirishning asosiy bo‘g‘iniga aylanganini ko‘rsatadi.

Amaliyot aksariyat diniy-ekstremistik tashkilotlar rasmiy – ochiq ish olib boruvchi siyosiy hamda xufiya harakat qiluvchi jangovar qanotlar orqali faoliyat yuritishga intilishini ko‘rsatadi. Siyosiy qanot jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, aholi xayrixohligiga erishish, jangovar qanot esa terrorchilik usullari bilan hukumatga tazyiq o‘tkazish uslubidan foydalanadi.


Keyingi yillarda ushbu tashkilotlar o‘z faoliyatiga ko‘proq yoshlarni va ayollarni jalb qilish, terrorchi-kamikadzelardan foydalanish va mumkin qadar ko‘proq qurbonlar bo‘lishini nazarda tutgan holda terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotganini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, diniy-ekstremistik tashkilotlar o‘z faoliyatini uyg‘unlashtirishga va yaxlit tizim sifatida ish olib borishga harakat qilmoqda. Iroq, Afg‘oniston va Chechenistondagi qo‘poruvchilik harakatlarida turli millatga mansub jangarilarning ishtirok etayotgani, terrorchilik harakatlari bir xil shiorlar ostida amalga oshirilayotgani bunga dalil bo‘la oladi.
Diniy-ekstremistik tashkilotlarning reaksion g‘oyalari va qo‘poruvchilik faoliyati barcha mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, mamlakatlar iqtisodiyoti, o‘zaro investitsiya muhitiga jiddiy ziyon yetkazilmoqda. Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, 2001 yil 11 sentabrda amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari AQSh va jahon iqtisodiyotiga bevosita 135 milliard bilvosita 2 trillion dollar zarar yetkazgan. Jazoirda hukumat qo‘shinlari va “Qurollangan islom guruhi” orasidagi urushda esa 1996–2001-yillar orasida mamlakat budjetiga 16 mlrd. AQSh dollari miqdorida ziyon keltirgan.
Ayni paytda, diniy-ekstremistik tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan tashviqot yoshlarning soxta g‘oyaga aldanib qolishi, yurt ravnaqi yo‘lidagi faoliyatdan chalg‘ishi, jamiyatdagi ma’naviy-ruhiy muhitning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Diniy-ekstremistik tashkilotlar faoliyati, shuningdek, musulmon bo‘lmagan mamlakatlar aholisi o‘rtasida islomni “yovuzlik saltanati” va tahdid manbai sifatida qabul qilinishiga, “islomofobiya”ning turli ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga ham zamin yaratmoqda.
Qayd etilgan holatlar ham, diniy ekstremizm va terrorizmning kishilik jamiyatining nafaqat bugungi kuni, balki istiqboliga ham tahdid solayotgan omilga aylanganini, insoniyat bir butun vujud sifatida qarshi kurashga kirishgandagina uni yenga olishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash olib borishda kompleks va tizimli, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy va mafkuraviy chora-tadbirlarni qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Albatta, bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish katta vaqt, tegishli reja va yirik mablag‘larni talab qiladi. Misr tajribasi bunday kompleks yondashuv ijobiy samara berishini ko‘rsatmoqda. Boshqa tomondan, Jazoirda 1990-yillarda sodir bo‘lgan voqealar demokratiyani milliy sharoitlarni inobatga olmagan holda singdirishga intilish aynan ko‘zlangan maqsadlarga zid bo‘lgan natijalarga, shu jumladan, radikal «islomiy» guruhlarning faollashuviga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatganini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Barcha islohotlar mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari va xalq mentalitetidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarur.
Diniy ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro birdamlik va kelishuvlar ham katta ahamiyatga ega. Xususan, o‘z hududida diniy ekstremistlar va terrorchilar faoliyatiga yo‘l ochib bermaslik, ularga hech qanday yordam ko‘rsatmaslik va siyosiy boshpana bermaslik hayotiy-amaliy ahamiyatga ega.
Arab – musulmon davlatlari ichida Misr Arab Respublikasi birinchi bo‘lib terrorizm muammosiga 1940-yillarda, “Musulmon birodarlar”ning o‘z faoliyatida ishontirish usullaridan radikal terrorchilikka – davlat, politsiya va armiyaning ko‘zga ko‘ringan arboblarini jismonan yo‘q qilish yo‘liga o‘tishi natijasida duch keldi. Ushbu davlatning diniy mutaassiblikka qarshi kurashdagi bir necha o‘n yillik tajribasi radikal diniy guruhlarga xayrixohlik bilan qarash, ularni pinhona rag‘batlantirish ekstremistik harakatlarning yanada faollashuviga, yangilarining paydo bo‘lishiga imkon yaratishini ko‘rsatadi.
Prezident Anvar Sadatning o‘zini din va diniy qarashlarning bosh himoyachisi sifatida ko‘rsatishga harakat qilishi, dinni kuchaytirish orqali so‘l kuchlarga qarshi kurashga qaratilgan siyosati natijasida “At-takfir val-hijra” (“Kofirlikda ayblash va jamiyatdan chiqish”) va “Al-Jihod al-Muqaddas” (“Muqaddas jihod”) kabi tashkilotlarning shakllangani, ekstremistlarning ommaviy chiqishlarni amalga oshirgani, xususan, 1980 yilda Qohirada 400 mingga yaqin dindor qatnashgan namoyish uyushtirgani, turli tashkilotlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishga uringani buning isboti bo‘la oladi.
Ayni paytda, bu tajriba yuzaga kelgan qulay vaziyatdan islomchilar zudlik bilan foydalanishga harakat qilishini, Muhammad payg‘ambar hayotidan keltirilgan misollarga tayangan, islomni qutqarish zaruratini ta’kidlagan, mavjud muammolarni ro‘kach qilgan holda davlat va hukumat rahbarlari hayotiga suiqasd uyushtirish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlashga intilishini ko‘rsatadi.
1981 yilning 6 oktabrida harbiy parad vaqtida Anvar Sadat va yana 7 kishi “Jihod” tashkiloti a’zolari tomonidan otib tashlangani, Sadatning o‘limidan so‘ng “Jihod” tashkiloti o‘rta asr islom xalifaligiga o‘xshash islom davlatini tashkil etish maqsadida Asyut shahri ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qilgani ham bunday xulosalarning o‘rinli ekanini tasdiqlaydi.

Musulmon mamlakatlarining diniy ekstremizmga qarshi kurash strategiyasi umuman olganda, har bir davlatga xos bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlar va ustuvor yo‘nalishlardan qat’i nazar, bilvosita va bevosita qarshilik ko‘rsatish usullarini o‘z ichiga oladi.


Bilvosita choralarga rasmiy diniy tashkilotlar bilan hamkorlik, zo‘ravonlikka qarshi kurashda diniy arbob va muassasalarning ahamiyatini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy chora-tadbirlarni amalga oshirishga yordam beradigan dasturlarni kiritish mumkin.
Bevosita qarshilik ko‘rsatish o‘z ichiga huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ko‘riladigan choralarni, aksilterrorchilik qonunlarini qabul qilish, ulardan keng foydalanish kabi tadbirlarni oladi. Shu o‘rinda, masalan, Misr qonunchiligi diniy asosda partiyalar tashkil etishni taqiqlashini ta’kidlash joiz. Bundan tashqari, davlat noqonuniy ravishda qurol saqlaganlar, zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchilar, radikal «islom»ni moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchilarga nisbatan qattiq ma’muriy-jinoiy choralarni qo‘llashini ham qayd etish lozim.
1990-yillarda zo‘rlik va terror harakatlarining kuchayishi esa Misr hukumatini “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun kabi bir qator yangi huquqiy hujjatlarni qabul qilishga majbur qildi. Bunday maxsus Qonunning qabul qilinishi xavfsizlik idoralariga ko‘proq erkinlik berish va ular olib borayotgan faoliyatning samaradorligini ta’minlash bilan bog‘liq edi.
Misr tajribasi haqida gap ketar ekan, yana qu-yidagilarni ta’kidlash zarur.
1970-yillarda boshlangan liberallashtirish siyosati doirasida Misr Arab Respublikasida ko‘ppartiyaviylik tizimi yaratilgan edi. Biroq Misr qonunchiligi diniy asosdagi partiyalar tuzishni taqiqlagani uchun ham islomchilar mamlakat ichki siyosatida qatnasha olmagan edi.
Prezident Muborak tomonidan 1980-yillarda ishlab chiqilgan strategiya “Musulmon birodarlar” va boshqa islom guruhlariga parlamentga yakka tartibda va qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa partiyalar bilan ittifoqqa kirishgan holda parlament saylovlarida ishtirok etish, o‘z gazetalarini nashr etish, OAVda o‘z ovoziga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yib berdi. U islom jangarilari bilan al-Azhar shayxlari o‘rtasida televideniedagi bahslarni moliyaviy ta’minladi.
Biroq radikal islom tashkilotlarining xorijda yashayotgan yetakchilari mavjud tuzumni kuchsiz deb bilar, uni qulatish uchun mamlakat ichida ozgina qo‘zg‘alish bo‘lsa kifoya deb hisoblar edi. Shu sababli radikal islom guruhlari mamlakat ichida ham, tash-qarida ham terrorchilik harakatlari sodir etishning yuqori sur’atini saqlab qolishga intildilar. Jumladan, sayyohlarga nisbatan terror amaliyotini qo‘llash kuchaydi. Islomchilar davlatning iqtisodiy quvvatini izdan chiqarib, so‘ng mamlakatning qonuniy hukumatini qulatishga harakat qilmoqdalar. Davlatga qarshi ochiq qurolli kurash sharoitida islomchilar odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda portlatishlarni amalga oshirish, sayyohlarga hujum uyushtirish, avtobus va poezdlarni o‘qqa tutishda davom etmoqdalar. Davlat tomonidan amalga oshirilgan himoya choralariga qaramasdan radikal islom tashkilotlarining qibtiylar va nasroniylarga qarshi terrorchilik harakatlari ham o‘sib bormoqda.
Radikal islom tashkilotlari faolligi va ular amalga oshirayotgan harakatlarning xavfi o‘sib borayotgani hamda oldin qabul qilingan choralarning yetarli samara bermayotganini inobatga olib, Misr hukumati va huquqni himoya qilish idoralari terrorizm va radikalizmga jiddiyroq yondashishga majbur bo‘ldilar.
Musulmon mamlakatlarining diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash strategiyasida ishsizlik, kam ta’minlangan oilalarning yashash darajasining pastligi, savodsizlik, uy-joy yetishmasligi kabi muammolarni yechishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor berilayotganini qayd etish lozim. Masalan, Misr hukumati mamlakatning qoloq tumanlari va viloyatlarini rivojlantirishga qaratilgan va ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladigan aniq dastur ishlab chiqishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ymoqda. Pokistonda ham terrorchilikni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida, ayniqsa, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarga tatbiqan, qashshoqlik va ijtimoiy qoloqlikni tugatish asosiy masala sifatida e’tirof etilmoqda.
Bundan tashqari, musulmon mamlakatlari diniy eks-tremizm va zo‘ravonlik muammolarini ilmiy va keng qamrovda yechish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etmoqda. Jumladan, ilmiy-tekshirish institutlari va strategik markazlarda bu muammoning ilmiy-tizimli tahliliga katta e’tibor berilmoqda. Misrda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro markaz tashkil etilgani ham fikrimizning isboti bo‘la oladi.

Musulmon mamlakatlarining diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha tajribasi tahlili diniy radikalizmning ijtimoiy-iqtisodiy zaminini yo‘q qilish va yoshlarga tayanishdan mahrum etish, siyosiy, axborot, diniy, madaniy va yoshlar muassasalarining ushbu muammoni hal qilishda o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, diniy dasturlar va fanlarning o‘qitilishini qattiq nazorat qilish orqali islom tashkilotlarining universitetlar, talabalar va kasaba uyushmalari ichidagi ta’sirini jiddiy kamaytirishga alohida e’tibor berilayotganini ko‘rsatadi.


Shuningdek, islomchilarning radikal g‘oyalarining asossizligini ko‘rsatish, tarqalishining oldini olishda sof islomga da’vat qiluvchi, radio va televidenieda tashkil etilayotgan diniy seminar va munozaralarda faol qatnashayotgan, xalq orasida mashhur diniy ulamolarning chiqishlaridan ham unumli foydalanishga harakat qilinmoqda.
Bu jarayonda har bir mamlakatda muayyan o‘ziga xosliklar kuzatilishi, tabiiy, albatta. Masalan, Indoneziyada ekstremizmga qarshi olib borilayotgan kurashda radikal islomchilarning yirik vakillari, jumladan, hozirda qamoqda bo‘lgan Abu Bakar Bashir tomonidan tashkil etilgan islom maktablarini yopish choralari ko‘rilayotgani bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek, 2002 yilda Bali orolida sodir etilgan va 200 dan ortiq kishining umrini xazon qilgan portlashlarning tashkilotchilaridan biri Imom Samudra tomonidan yozilgan va jangarilik g‘oyalariga boy bo‘lgan kitoblarni bosish va tarqatish man etilganini ham qayd etish zarur.
Bunday harakatlar hozirda hukumat va ulamolarning diniy ekstremizmga qarshi birgalikda olib borayotgan ishlarining bir qismi sifatida qaralmoqda. Umuman olganda, Indoneziyada "Politsiya ishtirokida kuchga va musulmon ulamolarining faol ishtirokida mafkuraga tayanib ish olib borish – ekstremizm-ga qarshi kurashning ikki fronti” sifatida e’lon qilinganini ta’kidlash lozim. Radikal qarashlarga qarshi kurash bo‘yicha yetakchi musulmon ulamolari ishtirokida guruh shakllantirilgani ham bu yo‘lda amaliy ishlarga o‘tilganining isboti bo‘la oladi.
Misrda esa hozirgi kunda “xususiy” yoki “xalq masjidlari” deb ataladigan masjidlarning faoliyati va siyosiy faolligi kuchaygani tufayli davlat tomonidan ularning faoliyatini nazorat qilishni bos-qichma-bosqich Vaqf vazirligiga o‘tkazila boshlashi barobarida ularga al-Azhar universitetini bitirganlarni imom qilib tayinlash, qishloqlardagi Qur’onni o‘rganish markazlarida savodsizlikni tugatishni targ‘ib qilish ham davlatning din sohasidagi siyosatining uzviy qismiga aylanib bormoqda.
Davlat dasturiga ko‘ra, barcha masjidlar Vaqf vazirligi qaramog‘iga o‘tkazilishi lozim. Bu tadbirlar ko‘plab xususiy masjidlarni nazorat qiladigan va shu yerda yangi a’zolarni jalb qiladigan radikal islom tashkilotlari va guruhlarining ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.
Uning yana bir maqsadi jamiyatning chalasavod, o‘rta va quyi tabaqalarini radikal diniy g‘oyalar ta’siridan himoya qilishdan iborat. Bundan tashqari, mazkur jarayonda juma namozida o‘qiladigan ma’ruzalar, ularning mazmunan bir xilligini ta’minlash orqali nazorat qilinayotganini ham ta’kidlash zarur. Shuningdek, masjidlar va imomlar faoliyati “Masjidlar faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga binoan xutbalar va diniy fanlarni o‘qitishni majburiy litsenziyalash joriy qilinganini, zakot yig‘ish nazorat ostiga olinganini ham qayd etish lozim.
Biroq ushbu tadbirlarni moliyaviy ta’minlash va al-Azhar universitetini bitirgan yuqori malakali diniy xodimlarning yetishmasligi bilan bog‘liq bir qator sabab va qiyinchiliklar bu siyosatning samaradorligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Zakot qo‘mitalari, xususiy ehsonlar hisobiga moddiy ta’minlanadigan va aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan masjidlarning katta qismini nazorat qilish ham muayyan qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.
Terrorchi tashkilotlar a’zolarining mutlaq ko‘pchiligini jamiyatdagi o‘rni va mavqeini aniqlab belgilab ololmagan (marginallashgan) ijtimoiy qatlamlarga mansub 16–30 yashar yoshlar tashkil qiladi. Shuning uchun ham, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida aholining qashshoqlashuviga terrorizmni oziqlantiruvchi omillardan biri sifatida qaralmoqda va uni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etishga alohida e’tibor berilmoqda. Ekstremistik g‘oyalar yoyilishining oldini olishga qaratilgan maxsus dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Misr hukumati va rahbariyati ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning keskinligini pasaytirishga va 70 foizi qashshoqlikda yashayotgan aholining ahvolini yaxshilashga qaratilgan bir qator dasturlar va tadbirlarni amalga oshirmoqda. Misr hukumati radikal islom tashkilotlarini qashshoqlik, ishsizlik, aholining tabaqalashuvi kabi asosiy tayanch nuqtalaridan va mazkur muammolar uchun javobgarlikni hozirgi hukumat bo‘yniga yuklash imkoniyatidan mahrum qilishga harakat qilmoqda.
Shu bilan birga, davlat aholi uchun asosiy (non, un, shakar, o‘simlik yog‘i va shu kabi) oziq-ovqat mahsulotlari, neft mahsulotlari, elektr energiyasi, oylik maoshga qo‘shimcha to‘lovlar hamda suvdan bepul foydalanish kabilarni dotatsiyalash (davlat tomonidan moliyaviy ko‘maklashish)da davom etmoqda. Shuningdek, hukumat uy-joy, oliy ma’lumot olish, dori-darmonlarga ham o‘rtacha narxni saqlab turishga harakat qilmoqda.
Imtiyozli tibbiy xizmat va dori-darmon bilan ta’minlash, bepul maktab ta’limi kabilarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy dotatsiya va imtiyozlar tizimi ham rivojlantirib borilmoqda.
Umuman olganda, ko‘rilgan bu choralar nisbatan bo‘lsa-da, ijtimoiy adolatni va mamlakat aholisining quyi tabaqasiga yashash uchun zaruriy mablag‘ning eng kam miqdorini ta’minlashga qaratilgan.
Yuqoridagi kabi tadbirlar doirasida muayyan mamlakatlarga xos bo‘lgan xususiyatlar haqida gap ketar ekan, diniy ekstremizmga qarshi kurashning samaradorligini ta’minlashga qaratilgan choralar qatorida 1997 yilda Misrda qabul qilingan “Yerni ijaraga olish to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlash zarur. Mazkur qonun mavjud sulolalar va oilalarning ta’sir quvvatini pasaytirish barobarida hukumatning falloh (dehqon)larning ichki migratsiyasini ta’minlashga yo‘l ochadi.
Sulolaviy aloqalarning susayishi esa, o‘z navbatida radikal islom tashkilotlarining qishloq joylaridagi mavqeini yo‘qqa chiqaradi. Shu yo‘l bilan, mazkur qonun joylardagi keskinlik va ishsizlikning muayyan darajada bo‘lsa-da, pasayishiga zamin yaratadi.

Diniy ekstremizm va terrorizm muammosi bilan duch kelayotgan musulmon mamlakatlari ushbu masalani turli xalqaro forumlarda ko‘tarish bilan dunyo jamoatchiligi diqqatini uni hal etishga qaratib kelmoqda.


Shuningdek, radikal kayfiyatdagi islomchilar yashayotgan davlatlar bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish va jinoyatchilarni almashish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarni imzolashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, arab davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi siyosatni tartibga solish va terrorizm muammosini arab davlatlari Ichki ishlar vazirlari majlislarining dolzarb mavzusiga aylantirish yo‘lidagi harakatlar ham shu yo‘nalishdagi ishlarning uzviy qismi hisoblanadi.
Shu bilan birga, radikal islom tashkilotlari va guruhlari yetakchilari harakatlarini muntazam asosda kuzatib borish, ular joylashgan davlatni bu haqda ogohlantirish kabi yo‘nalishda ham ish olib borilmoqda. Masalaning bu jihati, xususan, Misr uchun nihoyatda muhimdir. Zero, 1990-yillarning boshlarida Afg‘oniston va Pokistonda “Musulmon birodarlar”, “Al-Jihod al-Islomiya” va “Al-Jamoa al-Islomiya” kabi Misr islomiy tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan 20 ga yaqin lagerlar faoliyat olib borgan edi. U yerdan qaytib kelgan jangarilar radikal islom tashkilotlariga qo‘shilib, fuqarolar va mamlakat uchun xavf-xatarning ortishiga olib kelar edi.
Ammo qidirilayotgan terrorchi unsurlar yashiringan xorijiy davlatlar bilan olib borilayotgan muzokaralar doim ham ijobiy natijalar bermayotganini ta’kidlash zarur. Ayrim Yevropa mamlakatlari demokratik tamoyil va erkinliklarga rioya etish bayrog‘i ostida islomchilarga siyosiy boshpana berib, yig‘ilishlar o‘tkazish va faoliyat ko‘rsatish uchun sharoit yaratib bermoqda.
1990-yillarning boshlarida ko‘tarilgan va zo‘ravonliklar zanjirini vujudga keltirgan islom eks-tremizmi to‘lqini bugungi kunda birmuncha susaygandek tuyulsa-da, hamon diniy radikalizm real xavf sifatida saqlanib qolmoqda. Xususan, radikal islom tashkilotlari tomonidan aholi o‘rtasida, ayniqsa, uning chalasavod qatlami orasida millatlararo va dinlararo kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari davom ettirilayotganini ta’kidlash zarur.
Umumiy xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, terrorizmga qarshi kurashning xorijiy tajribasi keng qamrovli hodisa bo‘lib, uni o‘rganish, ibratli jihatlarini o‘zlashtirish hamda hayotga tatbiq etish mavjud davlatlarning barchasi uchun bir xilda foydali va shuning uchun ham, muhim ahamiyatga egadir.


Download 114,61 Kb.
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Download 114,61 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



-mavzu: Dunyo hamjamiyatining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash tajribasi

Download 114,61 Kb.