|
9-Mavzu. Davlat shakllari tushunchasi va uning tarkibiy elementlari Reja
|
bet | 1/8 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 40,82 Kb. | | #251537 |
Bog'liq Davlat va huquq nazariyasi 9-mavzu
9-Mavzu. Davlat shakllari tushunchasi va uning tarkibiy elementlari
Reja:
1.Davlatning shakllari tushunchasi va uning tarkibiy elementlari.
2.Davlatni boshqarish shakllari: respublika va monarxiya.
3 Davlatning to`zilish shakllari: unitar, federativ va konfederativ.
4.Siyosiy rejim: tushunchasi va turlari.
Tayanch tushunchalar: davlatning shakllari, unitary, federatsiya, monarxiya, respublika boshqaruvi, mutlaq monarxiya, cheklangan monarxiya, noan’anaviy monarxiya, Dualistik monarxiya, parlamentar monarxiya, prezidentlik respublikasi, parlamentar respublika, unitar,federativ, konfederativ,avtoritar siyosiy rejim, Avtokratik siyosiy rejim, jamoaviy avtokratiya, nodemokratik, oligarxiya, totalitar, avtoritar, avtokratik rejim, jamoaviy avtokratiya, nodemokratik, oligarxiya rejimida.
1.Davlatning shakllari tushunchasi va uning tarkibiy elementlari.
Davlat uzoq tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi, shu davr ichida u shakllanib, rivojlanib, o‘zgarib keld. Tabiiyki, davlat insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida har xil shakllarga ega bo‘lgan. Davlatni uning shakli nuqtayi nazaridan o‘rganish – avvalo, davlat to`zilishi, uning asosiy tarkibiy qismlari va ichki strukturasini, shuningdek davlat hokimiyatini o‘rnatish va amalga oshirishning asosiy usullarini anglashni nazarda tutadi.
Aholi hayot tarzini yaxshilash maqsadida turli xil inqilobiy o‘zgarishlar, hatto fuqarolik urushlari yoki qo‘zg‘olonlar asosida davlat to‘ntarishlari o‘tkazib, o‘ziga qulay bo‘lgan davlat shaklini yaratishga intiladi. Jamiyatning rivojlanishi va aholi ongining o‘sishi natijasida davlat shakllari o‘zgarib turadi va takomillashib boradi, bu haqda tarix jonli guvohlik beradi.
Davlatning shakllari muayyan tarixiy sharoitlarga, jamiyatning ijtimoiy tuzumiga, jug‘rofiy, iqlim va boshqa sharoitlariga, aholining ijtimoiy tarkibiga, siyosiy kuchlar nisbatiga bog‘liq ravishda turli-tuman bo‘lishi mumkin. Zero, «har bir davlat betakror ijtimoiy hodisadir. U har qaysi xalq tarixiy va ma’naviy taraqqiyotining hosilasidir, uning o‘ziga xos, o‘ziga mos madaniyati rivojining natijasidir»1.
Davlat shakli haqidagi masala muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Davlat shakli tushunchasi davlat va huquq nazariyasi fanining predmeti sifatida, huquqshunoslikning eng muhim, sermazmun mavzularidan biri bo‘lib, uning ma’nosini anglash va izohlashga jiddiy yondashuv talab etiladi. Ushbu fikrning tasdig‘i sifatida huquqshunos olim I. Ilin quyidagilarni ta’kidlaydi: «Davlat shakli – murakkab va g‘oyat mas’uliyatli masaladir, uni ehtiyotkorlik va mutlaqo xolis fikr bilan o‘rtaga qo‘yish zarur. Eng avvalo, davlat shakli xalqlar hayotiga daxlsiz bo‘lgan «mavhum tushuncha» ham, «siyosiy chizgi» ham emas, balki hayot tarzi va xalq hokimiyatining jonli tashkil etilishidir»2 .
Xalq o‘z hayot tarzini tushunishi, aynan «shunday» tashkil etilishini uddalashi; shu tuzum qonunlarini hurmat qilishi hamda shu tashkilotga ixtiyoriy Davlatning shakllari hissasini qo‘shishi zarur. Boshqacha aytganda, aynan xalqning jonli huquqiy ongi davlat shaklini belgilab beradi, unga hayot, kuch baxshida etadi; binobarin, davlat shakli, eng avvalo, xalqning huquqiy ongi darajasiga, uning to‘plagan tarixiy-siyosiy tajribasiga, iroda kuchi va milliy xususiyatiga bog‘liqdir1 .
«Davlat shakli» iborasini bir guruh olimlar «davlat tuzumi»ning sinonimi sifatida qo‘llaydilar va davlat shakli tushunchasiga davlat boshqaruv shakli, davlatning to`zilish shakli va siyosiy rejim kiradi, deb hisoblaydilar. Ikkinchi guruh olimlar davlat shakliga davlat boshqaruv shakli va davlat to`zilishi shakli kiradi deb, unga siyosiy rejimni qo‘shmaydilar. Yana bir toifa huquqshunoslar davlat shakli – davlat hokimiyatining to`zilishi shaklidir, deydilar. Shunday qilib, davlat shakli uch tushunchani: davlat boshqaruv shakli, davlat to`zilishi shakli va siyosiy rejimni o‘z ichiga oladi.
Davlat boshqaruv shakli davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining shakllantirilishi va tashkil etilishi tartibi, ularning o‘zaro hamda aholi bilan aloqadorligidir. Bu tushuncha orqali mamlakatda kim hukmron va u hokimiyatni qanday boshqaradi, degan savollarga javob olinadi. Boshqaruv shakliga qarab davlatlarning monarxiya va respublika shakllari farqlanadi. Davlat to`zilishi shakli orqali davlatning hududiy tarkibi, markaziy va mahalliy hokimiyat idoralarining o‘zaro munosabati (nisbati) ifodalanadi.
Davlatlar to`zilishi shakliga ko‘ra, oddiy (unitar) va murakkab (federativ, konfederativ) turlarga ajratiladi.
Siyosiy (davlat – huquqiy) rejim davlat hokimiyatini amalga oshirish usullari (metodlari) va vositalari yig‘indisidir. Davlat hokimiyatini amalga oshirish usul va vositalari toifasiga ko‘ra demokratik va avtoritar siyosiy rejimlar farqlanadi.
Lekin shuni ta’kidlash joizki, bular hozircha davlat shaklini tushunishga bo‘lgan umumiy yondashuv, ilk tanishuvdir. Uni batafsilroq tushunish uchun davlat shaklini tashkil etuvchi har uch jihatni diqqat bilan o‘rganish, ularning o‘zaro bog‘liqligi, o‘zaro ta’sirini kuzatish hamda nazariy, siyosiy-huquqiy tafakkur yuz yillar davomida davlatni o‘rganar ekan, davlat shaklining aynan shunday mazmunini nega alohida ajratib ko‘rsatganligini tushunishga harakat qilish lozim.
Davlat shaklini bunday tushunishning shunchaki tarkib topmaganligi va ayrim olimlarning hozir ham unga qo‘shilmasliklarini qayd etib o‘tish joiz. Uzoq vaqt davomida davlat shakli boshqaruv shakli va davlat to`zilishi shaklidan (biz keltirgan tarkibdan dastlabki ikkitasidan) iborat deb hisoblab kelingan. Keyinchalik unga siyosiy idora usuli qo‘shilgan.
«Davlat shakli» va «siyosiy usuli» o‘rtasiga tenglik alomatini qo‘yuvchilar ham, bunga asos ham bo‘lgan. Buni keyinroq «siyosiy (davlat) idora usuli» tushunchasini batafsil ko‘rib chiqish vaqtida mufassal izohlab o‘tamiz. Shunga qaramay, hozirgi kunda davlat hokimiyati tashkiloti uch qism – boshqaruv, davlat (ma’muriysiyosiy) to`zilishi hamda davlat (siyosiy) idora usuli – birligidan tashkil topadi, degan fikr keng tarqalgan.
Davlat shakli davlat hokimiyatining qanday prinsiplarga asosan tashkil etilganligini va hududiy jihatdan qay tartibda to`zilganligini umumiy, yaxlit tarzda ifodalaydi. Davlat shakli davlatning asosiy organlari (parlament, hukumat, davlat boshliqlari)ning faoliyat tartibi va ular o‘rtasidagi munosabatlar prinsiplarini, davlatning tarkibiy qismlari va ularning yuridik mavqelarini, shuningdek davlat hokimiyatini amalga oshirish metodlarini hamda fuqarolar bilan munosabatlaridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita aloqalarini tavsiflaydi.
Davlatning mohiyatini tushunishda davlat boshqaruvi shakli alohida ahamiyatga ega. Boshqaruv shakli davlat hokimiyatini tashkil etish tartibi va mazmunini anglatadi.
Davlat shakllarini o‘rnatish masalasiga turli nuqtayi nazarlardan turib yondashish mumkin. Ilmiy-tahlil (gnoseologik) yondashuvi davlat shakllarini o‘rganishda davlat shakllari bilan uning to`zilishi hamda mohiyati o‘rtasidagi aloqadorlikni ochib beradi. Bu masala bilan asosan davlat va huquq nazariyasi fani shug‘ullanadi.
Davlatning tashkil topish chog‘idagi shart-sharoitlar (masalan, AQSh davlati hududiy-siyosiy qurilishining federativ shakli), tarixiy an’analar (Buyuk Britaniyadagi monarxiya), ichki siyosiy kuchlar kurashi (qator Afrika davlatlarida davlat shakllarining bir necha marta o‘zgartirilishi), jamiyat ma’naviy – mafkuraviy tizimida diniy-axloqiy qadriyatlarning hukmronlik qilishi (Erondagi teokratik respublika) kabilar davlat shakliga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu jarayonga subyektiv omil ham ta’sir etishi mumkin. Masalan, general Sharl de Golning Fransiyadagi Beshinchi Respublika institutlariga ko‘rsatgan ta’sirini eslashning o‘zi kifoya.
Davlat shakli tushunchasi davlat hokimiyatini tashkil etishning eng muhim jihatlarini qamrab olganligi bois, o‘z mazmuniga ko‘ra ancha murakkab hodisadir. Bu tushuncha qaysi organlar davlat hokimiyatini ifoda etishini, bu organlarning shakllanish tartibini, ular vakolatlari ko‘lami va muddatlarini, davlat organlari (mahalliy va markaziy organlar) o‘rtasidagi munosabatlarni, va nihoyat, davlat hokimiyatini amalga oshirishning usul va vositalarini qamrab oladi.
Jamiyat boshqaruvi tashkil etishning qaysi jihati tadqiqot obyekti ekanligiga ko‘ra, davlat shaklining uch elementi bir-biridan farqlanadi: birinchidan, boshqaruv shakli; ikkinchidan, davlat to`zilishi (hududiy-siyosiy) shakli; uchinchidan, siyosiy (davlat – huquqiy) rejim.
|
| |