5-MAVZU. FUQAROLIK PROTSESSIDA PROKURORNING ISHTIROKI
Tayanch iboralar: fuqarolik protsessida prokurorning ishtirok etish maqsadi, asoslari va shakllari, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonuniga asosan fuqarolik protsessida prokurorning vazifalari, prokurorning fuqarolik protsessidagi huquq va majburiyatlari, prokurorning birinchi instantsiya, apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instantsiyalari sudida ishtiroki, sud qarorlarini ijro qilish boskichida prokuror ishtiroki.
Dars o‘tish vositalari: mavzu nazariy ahamiyat kasb etishi bilan uni asosan ma’ruza tarzida O‘zbeksiton Respublikasi Prezidenti tomonidan sud -huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan vazifalari hamda Oliy sudning Plenum qarorlarining normalarini sharhlash orqali yoritiladi hamda zaruratga qarab savol-javoblar uyushtiriladi.
Dars o‘tish usullari: darsning mohiyatini ijtimoiy-gumanitar fanlar yutuqlaridan foydalangan holda yorqin tahlil qilish va seminarda har bir talabaning fikrini eshitish bilan yakunlanadi.
Fuqarolik protsessual qonunchilik fuqarolik ishlarini ko‘ruvchi sudlarda uning protsessual ishtirokchilari qatorida prokurorning ham protsessual huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Prokurorning protsessual huquqlari FPK ning 46-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra prokuror boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga ega. Shuningdek prokuror boshqa shaxslar tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rishda boshidan ishtirok etish huquqiga ega.
Qonunda nazarda tutilgan yoki sud ishda prokurorningn qatnashishini zarur deb topgan hollarda fuqarolik ishini ko‘rishda, shuningdek prokurorning arizasi bilan qo‘zg‘atilgan ishlarda prokuror ishtirok etishi shart.
Umuman prokurorning sudlarda ishtirok etish huquqi va tartibi Prokuratura to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuning 33-37-moddalarida ham belgilab qo‘yilgan.
Prokurorning protsessual huquq va majburyatlari FPK ning 47-moddasida belgilangan unga ko‘ra, prokuror FPKning 34-moddasida nazarda tutilagan protsessual huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi hamda bergan arizasidan butunlay yoki qisman voz kechishi, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun o‘zi arz qilgan talablar bo‘yicha sudga tushun tirishlar berishi, ish mazmuni yuzasidan, shunigdek ishni ko‘rish vaqtida kelib chiqadigan ayrim maslalar bo‘yicha o‘z fikrini bayyon etishi, sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori yuzasidan protest keltirish huquqiga ega.
Fuqarolik protsessida prokurorning ishtirok etishi qonunda belgilangan tartibda bo‘lishi mumkin yoki muayan ishda ishtirok etishi sud tomonidan zarur deb hisoblangan holatlarda uning ishtiroki majburiy hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 11-sentyabrdagi, 2002 yil 14 iyundagi 11-sonli qaroriga asosan kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bilan «Bolalar tabiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni ko‘rib chiqishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorning 13-bandida «ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha prokurorning ishtiroki qonunda nazarda tutilganligini e’tiborga olib sudlar bu ishlarni prokuror ishtirokisiz ko‘rishga haqli emasligi» to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan.
Yuqorida keltirilgan qonun prokurorning fuqarolik protsessida ishtirok etishning ikki shaklini belgilaydi: birinchi shakli ariza berish yo‘li bilan ish boshlashni va ikkinchi shaklida manfaatdor shaxs tomonidan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rishda jarayon boshlanishidan boshlab qatnashish huquqiga ega ekanligini belgilaydi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining 2004- yil 11-may 22-sonli «Sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishida prokuror ishtirokiing samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish to‘g‘risida» gi buyrug‘iga muvofiq Fuqarolik protsessual va Oila kodekslarida nazarda tutilgan qo‘yidagi ishlar sudlarda ko‘rilishida prokuror ishtiroki majburiydir deb belgilangan.
Prokurorning protsessda ishtirok etish asoslari FPK ning 19, 310, 330, 346, 349, 351, 364-moddalaridagi va prokuratura to‘g‘risidagi qonunlarda belgilangan huquqlardan foydalanadilar.
Prokuror faqat birgina narsaga haqqi bor va majbur, u ham bo‘lsa hech qanday mahalliy xususiyatlarga va qanday bo‘lmasin mahalliy ta’sirlarga qaramasdan butun Respublikada qonunni va boshqa huquqiy’’ me’yorlarni bir xilda tushun ishning tadbiq etilishini kuzatib borishga qaratilgan. Prokurorning birdan-bir huquq va burchi masalani sud hukmiga topshirish lozimligi yuridik adabiyotlardan ma’lum. Ana shu qoidaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 120-moddasiga ko‘ra prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysinib amalga oshiradilar.
Prokuraturaning tashkiliy faoliyatidagi muhim xususiyati uning har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari, mahalliy organlar va mansabdor shaxslardan mustaqilligidir.
O‘zbekiston Respublikasida Prokuraturaning faoliyati faqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nazoratida bo‘lib, davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari, ularning vakillari, Shuningdek mansabdor shaxslar prokuraturaning qonunlar ijrosi ustidan nazorat qilish, jinoyat ishlarini tergov qilish, shikoyat, ariza va xabarlarni tekshirib ko‘rish hamda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish kabi faoliyatlariga aralaShuvlari man qilinadi.
Prokurorlar o‘z vakolatlari davrida siyosiy partiyalar va siyosiy mansablarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a’zolikni to‘xtatib turish to‘g‘risida qoida belgilangan. Bu qoida mustaqillikka qadar totalitar tuzumi davridagi siyosiy talablar bo‘lib, unga ko‘ra prokuratura idoralari faqat partiyaning talablari va ko‘rsatmalari asosida ish tutib, bu esa partiya bilan birga prokuratura xodimlarining o‘zlarini ham qonunchilikni buzilishida ishtirokchi bo‘lib, inson huquqlarini toptalishiga olib kelgan holatlarni Respublika xalqi hanuz esdan chiqarmagan.
O‘zbekiston Respublikasidagi hamma vazirliklar, davlat qumitalari va idoralari, davlat nazorati idoralari, hokimlar, shuningdek kimga bo‘ysinishidan, kimning tasarrufida bo‘lishidan va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, harbiy qismlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar tomonidan qonunlarni aniq va bir xilda bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh Prokurori va unga bo‘ysinuvchi quyi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqiy demokratik davlat ko‘rish uchun qonun ustuvorligini ta’minlashda qonunlarni aniq va ogishmay bajarish fuqarolar, tashki-lotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari-ning himoya qilinishidek muhim vazifalarni amalga oshirishda prokuratura idoralarining roli katta. Prokuratura idoralarining faoliyati «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatilganidek, qonunning ustunligini har tomonlama qaror toptirishga, huquq tartibotni mustahkamlashga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlangan inson va fuqaroning ijtimoiy, iktisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini, shuningdek davlat mustaqil-ligini, ijtimoiy davlat tuzimini siyosiy va iktisodiy tizimlarni, milliy guruhlar va hududiy tuzilmalarning huquqlarini g‘ayriqonuniy tajovuzlardan muhofaza qilishni ta’minlashga qaratilgandir.
Fuqarolik sud ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan qonunlarning bajarilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi prokuror fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qonuniy va asosli qaror chiqarilishiga sudlarning mustaqilligi va faqatgina qonunga buysunish printsipiga qat’iy rioya etish faoliyatini nazorat qilish bilan odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashadi. qonunda (FPKning 46-moddasida) prokuror boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga ariza bilan murojaat qilishga haqli. Shuningdek prokuror boshqa shaxslar tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rishda protsessning boshidan boshlab ishtirok etish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Fuqarolik ishini ko‘rishda prokurorning ishtiroki qonunda ko‘rsatilgan, prokurorning o‘zi yoki mazkur ishda ishtirok etishi sud tomonidan zarur deb topilgan hollardagina majburiydir.
|