Chig‘anoqli amyobalar (Testacea) turkumi. Chuchuk suv havzalarida keng tarqalgan arsella - Arcella vulgaris chig‘anog‘i qo‘ng‘ir tusli kosacha shaklida bo‘lib, uning markazida joylashgan teshikchasidan psevdopodiylar chiqib turadi. Artsellaning chig‘anog‘i shoxsimon organik moddadan tuzilgan bo‘lib, sitoplazmadan hosil bo‘ladi (16-rasm).
16- rasm. Arcella (Arcella vulgaris) ning tuzilishi
A- arcellaning yon tomonidan ko‘rinishi; B- arcellaning ustki tomonidan ko‘rinishi;
D-arcella chig‘anog‘ining struktura tuzilishi; 1-chig‘anoq devori; 2-sitoplazma;
3-qisqaruvchi vakuola; 4-psevdopodiylar; 5-epipodiy; 6-yadro.
Difflyugiya (Difflugia) noksimon kremniyli chig‘anog‘i asosan tashqi muhitdan olingan mayda qum zarrachalaridan iborat. Bunday chig‘anoq dastlab sitoplazmaga yutilgan zarrachalarning sitoplazma sirtiga chiqib, bir-biriga yopishuvi natijasida hosil bo‘ladi (17-rasm).
17-rasm. Difflyugiya (Difflugia pyriformis) ning tuzilishi
1-psevdopodiya; 2-chig‘anoq devori.
Chig‘anoqli amyobalar ham jinssiz ikkiga bo‘linish orqali ko‘payadi. Dastlab sitoplazmasining taxminan yarmi chig‘anoq og‘izchasidan tashqariga chiqarilib, sitoplazmatik kurtak hosil qiladi. Sitoplazma sirtida esa chig‘anoq hosil bo‘ladi. Yadro ham ikkiga ajralib, ulardan biri yangi hosil bo‘lgan kurtakka o‘tadi. Bu davrda har ikkala chig‘anoq og‘iz tomoni bilan bir-biriga о‘girilgan bo‘lib, sitoplazma ko‘prikchalari orqali o‘zaro bog‘langan. Keyinroq ko‘prikcha ingichkalasha borib uzilgach, har qaysi hayvon mustaqil yashashga o‘tadi
Foraminiferalar (Foraminifera) turkumi. Foraminiferalarning sitoplazmatik tanasi turli shakldagi kremniy (qum) zarralaridan va ohaktosh (CaCo3) dan tarkib topgan chig‘anoq ichida joylashgan. Foraminiferalarning ko‘pchilik turlari murakkab siklda jinssiz va jinsiy avlodlarining almashinuvi orqali ko‘payadi (18-rasm).
|