2. Buddaviylik ta’limoti Buddaviylik qadimiy hind diniy-falsafiy ta’limotlari
asosida vujudga kelgan, amaliyot va nazariyotdan iborat diniy tizimdir. Budda yangi
diniy qonun-qoidalar, rasm-rusumlar ishlab chiqmagan. Balki har bir inson tug‘ilish
va o‘lim mashaqqatlaridan qutilishi uchun amal qilishi lozim bo‘lgan bir necha
ko‘rsatmalarni ishlab chiqdi, xolos. Uning ta’limoti insoning hayolida, ishlarida va
o‘zini tutishida samimiy olijanoblik g‘oyasini ilgari suradi. U vedalardagi
gunohsizlik ta’limotini inkor qildi, hayvonlarni qonli suratda qurbonlik qilishni
qoraladi, varna (kasta) tizimini va undagi ruhoniylarning boshqalardan ustunligini
inkor qildi.
51
Budda oliy yaratuvchi kuchning borligiga shubha va ishonchsizlik bildirgan.
Uning fikricha, eng muhimi insonning shaxsiy kamoloti va ezgu hayot kechirishidir.
Budda ta’limotining asosi “hayot – bu azob-uqubat” va “najot yo‘li mavjud”
degan g‘oyadir. Buddaviylik qonuniyatlariga ko‘ra, inson o‘ziga moslashgan
mavjudot bo‘lib, o‘zida tug‘iladi, o‘zini-o‘zi halok qiladi yoki qutqaradi. Bu narsa
Buddaning ilk da’vatida mujassamlashgan 4 haqiqatda o‘z ifodasini topgan.
Birinchi haqiqat - “Azob-uqubat mavjuddir” har bir tirik jon boshidan
kechiradi, shuning uchun har qanday hayot – qiynoq, azob-uqubatdir.
Tug‘ilish – qiynoq, kasallik – qiynoq, o‘lim – qiynoq, yomon narsaga duch
kelish –- qiynoq, yaxshi narsadan ayrilish – qiynoq, yomon narsadan ayrilish –
qiynoq, o‘zi xohlagan narsaga ega bo‘lmaslik – qiynoq. Dunyo tuzilishining asosiy
qonuni bir-biriga bog‘liqlik. Hech bir narsa ma’lum sababsiz yaralmaydi. Lekin har
bir hodisa yoki harakatning birlamchi sababini aniqlash mumkin emas. Shuning
uchun buddaviylik dunyoni shu holicha qabul qilishga chaqiradi.
Buddaviylik ta’limotiga ko‘ra, har qanday narsa yoki hodisa u hoh moddiy,
xoh ma’naviy bo‘lsin, dxarma (element)lardan tuzilgan. Bu elementlar esa o‘z
xususiyatiga ko‘ra, harakatsiz bo‘lib, ularni harakatlantiruvchi kuch insonning xayol
va so‘zlaridir. Ob’ektiv haqiqat bu doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi dxarmalar
oqimidir. Harakatdagi dxarmalar mavjudligining 5 formasi – tana, sezgi, his-tuyg‘u,
harakat, anglashni yaratadi. Bu besh forma insonni tashkil qiladi. Inson ular
yordamida yashaydi va borliq bilan aloqa qiladi, yaxshi yoki yomon ishlarni
bajaradi. Bu narsa insonning o‘limi bilan tugallanadi. Insonni tashkil qiluvchi besh
forma (skandx) o‘z navbatida qayta tug‘iladi. Yangi tananing xususiyatlari asos
bo‘luvchi besh natijani beradi: faoliyat, gumrohlik, xohish, istak va norma. Bu
jarayon “hayot g‘ildiragi”ni tashkil qiladi. “Hayot g‘ildiragi”da doimiy ravishda
aylanib, inson abadiy qiynoqqa duchor bo‘ladi.
Ikkinchi haqiqat - “qiynoqlarning sabablari mavjuddir”. Inson moddiy
narsalar yoki ma’naviy qadriyatlardan foydalanib, ularni haqiqiy va doimiy deb
hisoblaydi hamda doimo ularga ega bo‘lishga intiladi. Bu intilish hayot
davomiyligiga olib boradi. Yaxshi yoki yomon niyatlardan tuzilgan hayot daryosi,
orzular va intilishlar sababli kelajak hayot uchun karma hozirlaydi. Demak, qayta
tug‘ilish, yangitdan qiynoqlarga duchor bo‘lish davom etadi. Buddaviylar fikricha,
Buddadan keyin hech kim Nirvana holatiga erisha olmagan.
Uchinchi haqiqat - “qiynoqlarni tugatish mumkin”. Yaxshi yoki yomon
niyatlar, intilishlardan butunlay uzilish Nirvana holatiga to‘g‘ri keladi. Bu holatda
inson qayta tug‘ilishdan to‘xtaydi. Nirvana holati, buddaviylar fikricha, “hayot
g‘ildiragidan” tashqariga chiqish, “men” degan fikrdan ajralib, insonning hissiy
tuyg‘ullarini to‘la tugatishdir.
To‘rtinchi haqiqat - qiynoqlardan qutilish yo‘li mavjuddir. Bu yo‘l - “Sakkizta
narsaga amal qilish, to‘g‘ri tushunish, to‘g‘ri harakat qilish, to‘g‘ri muomalada
bo‘lish, fikrni to‘g‘ri jamlash”. Bu yo‘ldan borgan inson Budda yo‘lini tutadi.
Bu sakkiz narsaga amal qilish meditastiya deb nomlanadi. Buddaviylik
ta’limoti asosan uch qismdan iborat: meditastiya, axloq normalari, donishmandlik.
1. Meditastiya deganda quyidagilar tushuniladi:
52
To‘g‘ri tushunish (e’tiqod qilish) – Buddaning birinchi da’vatida
yuritilgan so‘z to‘rt haqiqatni bilish va unga ishonish;
To‘g‘ri niyat qilish – dunyoviy lazzat-halovatlardan xalos bo‘lishga,
keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar etkazib qo‘yishdan saqlanishga intilish;
To‘g‘ri o‘zini tutish – o‘zingniki bo‘lmagan narsani olmaslik, ortiqcha
hissiyotga berilmaslik;
To‘g‘ri anglash – o‘z tanasi va ruhiga o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan
darajada nazoratda bo‘lish hamda bunda ehtiroslar va iztiroblarga chek qo‘yish;
To‘g‘ri harakat qilish – o‘zidagi yomon tuyg‘ularni jilovlash hamda ezgu
tuyg‘ular va harakatlarni rivojlantirish;
To‘g‘ri hayot kechirish – noma’qul hayot tarzidan saqlanish;
To‘g‘ri fikr yuritish – kamolotning to‘rt bosqichini ketma-ket bosib
o‘tish;
To‘g‘ri gapirish – yolg‘ondan, tuhmatdan, haqoratdan va befoyda
gaplardan saqlanish.
2. Axloq normalari – bu Budda “Pancha Shila” besh nasihati:
Qotillikdan saqlanish;
O‘g‘rilikdan saqlanish;
Gumrohlikdan saqlanish;
Yolg‘on, qalbaki narsalardan saqlanish;
Mast qiluvchi narsalardan saqlanish.
3. Donishmandlik – bu buddaviylikning asosiy maqsadi bo‘lib, narsalar
tabiatini to‘g‘ri tushunishdan iborat.
Yuqorida ko‘rsatilgan uch amaliyot bosqichini o‘tagan inson oxir oqibatda
oliy saodatga, ya’ni nirvana holatiga erishadi. Nirvana so‘zma-so‘z “o‘chish,
so‘nish” ma’nolarini anglatadi. Unda hayotning har qanday ko‘rinishiga intilish
yo‘qoladi.
Buddaviylikning yoyilishida Sangxa - buddaviylik jamoalarining roli katta
bo‘lgan. Ular yilning ob-havosi yaxshi bo‘lgan 9 oyida shaharma-shahar,
qishloqma-qishloq yurib, ular aholisini buddaviylikka da’vat qilib, ularga Budda
ta’limotini o‘rgatib yurishgan. Faqatgina Musson yomg‘irlari tinmay quygan 3
oydagina o‘z ibodatxonalarida muqim bo‘lib ibodat bilan shug‘ullanganlar.
Miloddan avvalgi 273-232 yillarda hukmronlik qilgan Imperator Ashoka
davri buddaviylikning keng hududga yoyilishiga katta imkoniyatlar yaratdi. Ashoka
o‘zining ilk hukmronlik paytidanoq buddaviylikka e’tiqod qila boshladi. U
buddaviylikka, monaxlariga, ularning Hindiston bilan chegaradosh davlatlarga
qilgan missionerlik harakatlariga xayrixohlik qildi. Ular o‘z da’vatlari asosida biron-
bir erlik aholi yoki ruhoniylar tomonidan qarshilikka uchrasalar ham hech qanday
qarshi harakat qilmay, o‘z yo‘llarida davom etganlar. Agar mahalliy aholi
tomonidan o‘zlariga nisbatan xayrixohlik sezsalar, o‘sha erga ko‘proq ahamiyat
berib, ularni ko‘proq da’vat qilishgan.
Buddaviylik jamoalari har qanday boshqa din, madaniyat va urf-odatlar
qamrovida yoki aralashuvda bir necha yuz yillab o‘zlarini saqlab qolish hamda fursat
kelganda ularga o‘z ta’sirlarini o‘tkazish qobiliyatiga egadirlar. Ularning bu
53
xususiyatlari Hindistonda musulmon hukmdorlar davrida, Shri-Lankada portugallar,
gollandlar va inglizlar mustamlakasi davrida, Xitoy va Yaponiya konfustiychilari
davrida, Janubi-Sharqiy Osiyoga buddaviylikning yoyilishida yaqqol namoyon
bo‘lgan.
Buddaviylikning maxayana yo‘nalishi Xitoyga milodning birinchi asrida kirib
kelgan. III-VI asrlarda buddaviylik Xitoy hududida keng tarqaldi. Bu vaqtda poytaxt
yaqinidagi Loyana hamda Chanani kabi shaharlarda 180 ga yaqin budda
ibodatxonalari hamda diniy markazlar faoliyat yuritgan.
Maxayananing shakllanishida Kushon davlatining roli katta bo‘lgan. Mana
shu erdan, Kushon davlatidan, ayniqsa, Kanishkaning hukmronlik davridan so‘ng
buddaviylikning maxayana yo‘nalishi Sharqda, Markaziy Osiyoning davlat va
shaharlariga tarqala boshladi. Buyuk Ipak yo‘li orqali birinchi buddaviylik
targ‘ibotchilari Xitoyga kelgan edilar. Keyingi buddaviylar buddaviylikning
Xitoyda paydo bo‘lishi haqida ko‘plab rivoyatlar va afsonalar to‘qiganlar. Biroq
Xitoy manbalarida ham, buddaviylar rivoyatlarida ham Xitoydagi birinchi buddaviy
haqida biror aniq ma’lumot mavjud emas. Mazkur eslatmalar ichida mashhurrog‘i
imperator Min-Dining tushi haqidagi xabar hisoblanadi. Aytilishicha, u tushida
oltindan yasalgan bir but ko‘rgan, uning Budda ekanligini maslahatchisi Fuidan
so‘rab bilgach, milodning 60-yillarida Budda haqida ma’lumotlar hamda diniy
matnlar keltirish uchun Hindistonga elchilar yuborgan. Shundan so‘ng Xitoyga
Hindistondan bir necha buddaviylik targ‘ibotchilari kelib, ular uchun maxsus
qurilgan “Baymasi” (oq ot ibodatxonasi)ga joylashgan. Biroq tadqiqotchilarning
aniqlashlaricha, bu kabi rivoyatlar ilmiy asosga ega emas. Xitoy hududiga kirib
kelgan birinchi buddaviy kim ekanligi, qachon kirib kelganligi aniq emas.
Buddaviylikning xitoylashuvi va keng tarqalish jarayoni qiyin va murakkab
kechgan. Buddaviylikning ilk g‘oyalari va targ‘ibotchilari Xitoyda paydo
bo‘lgandan boshlab bir necha asrgacha uning tarqalish jarayoni davom etdi.
Buddaviylik Xitoy hududida keng yoyilishi bilan alohida yangi shakl ham kasb etdi.
IV-V asrlarda buddaviylik katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Ushbu ta’limot o‘lkaning
janubiy viloyatlariga yanada chuqurroq kirib bordi. IV asrning oxirida Sharqiy Stzin
davlatining o‘zida 1786 ta buddaviylik ibodatxonasi, 24 ming monax mavjud
bo‘lgan. IV asrning o‘rtalariga kelib Xitoyda ayollar ibodatxonalari, ayol monaxlar
va tinglovchilar paydo bo‘lgan. Sal o‘tmay, IV asrning oxiriga borib, podshohlar
buddaviylik ibodatxonalariga tez-tez katta miqdordagi xayriyalar beradigan
bo‘lganlar. Xususan, imperator Siyaou-di 381 yil birinchi bo‘lib o‘zini buddaviy deb
e’lon qildi va o‘z saroyida ibodatxona barpo qildirib, unga monax keltirishni
buyurdi. Lyao sulolasidan bo‘lgan U-di hokimligi davrida (502-549) buddaviylik
mamlakat janubida rasmiy din etib e’lon qilingan edi.
Shunday qilib, buddaviylik miloddan avvalgi 1 ming yillik oxirlarida Shri-
Lanka, Markaziy Osiyo hamda Old Osiyoni o‘z ichiga olgan Kushon imperiyasiga
kirib keldi. Bizning diyorimizda olib borilgan arxeologik qazilmalar asnosida
O‘ratepa, Dalvarzintepa, Quva, Zartepa, Qorovultepa, Ayritom mavzelaridan
topilgan Shakyamuni sanamlari, hayvon haykalchalari va ramziy g‘ildiraklar
guvohlik berishicha, Kushon imperiyasida buddaviylikka katta ahamiyat berilgan.
54
Buddaviylik milodning I asrida Xitoy, IV asrda Koreya,VI asrda
Yaponiya,VII asrda Tibet, XIII asrdan XVI asrgacha Mongoliya, XVII asrdan XVIII
asrgacha Buryatiya va Tuva, XIX-XX asrlarda Amerika va Evropa qit’alariga kirib
borgan.
Buddaviylik o‘z ta’limotida hech qachon boshqa xudolarga sig‘inishni
taqiqlamagan. Budda ularga ibodat qilish insonga vaqtincha tasalli berishi mumkin,
biroq ular nirvana holatiga olib bormaydi deb aytgan. Shu sababli, buddaviylik
ta’limoti turli joylarda yoyilishi bilan ular ibodat qilib kelgan xudolari yoki
ulug‘langan shaxslari timsollari ibodatxonalarni egallagan.
Masalan, Hindistonning buddaviylikka mansub xudolari “dunyoni yaratuvchi
Braxma”, “chaqmoq va momaqaldiroq xudosi Indra”, “hunarmandchilik ishlari
xudosi Xatimanu”, Tibetda “Tibet eposi qahramoni Baser” timsoli, Mo‘g‘ulistonda
Chingizxon kabi milliy panteon buddaviylik ilohlari sifatiga aylandi. Biroq bu
panteonlar Nirvana holatiga olib bormaydi. Faqatgina Budda nirvanaga olib boradi
va insonni qiynoqdan qutqaradi.
Buddaviylik ta’limoti bir qator devon shakliga keltirilgan to‘plamlarda bayon
qilingan. Ulardan eng asosiysi Tripitaka (yoki Tipitaka) – uch savat ma’nosini
anglatadi. U uch qismdan iborat bo‘lganligi uchun shunday nom bilan atalgan.
Buddaviylikning bu yozma manbasi hozirgi davrda Shri-Lankada saqlanib qolgan.
Ular – budda targ‘ibotining haqiqiy bayoni hisoblangan sutra matnlari – Sutra-
pitaka, rohiblik axloqi va xonaqohlar nizomlariga bag‘ishlangan vinaya matnlari –
Vinaya-pitaka, buddaviylikning falsafiy va psixologik muammolarini bayon qilib
berishga bag‘ishlangan abxidxarma matnlari – Abxidxarma-pitakadan iborat.
Keyinchalik shakllangan sanskrit, xitoy, tibet, kxmer va yapon tillaridagi
buddaviylikka oid adabiyotlar ancha keng tarqalgan, ammo ularning tarixiy qiymati
kamroq. Budda hayotiga tegishli rivoyatlarning barchasi Tripitakada jamlangan.
|