Zardushtiylikning axloqiy-falsafiy asoslari. Zardushtiylik axloqi ezgulik va
yovuzlik, yorug’lik va zulmat, haqiqat va yolg’on o’rtasidagi kurashni anglatadi.
Axura Mazdaning yaratuvchanligining asosiy maqsadi ezgulikning yovuzlikka
qarshi kurashiga yordamlashishga qaratilgan. Bu, avvalo, taqvodorlarning ezgu
dunyo ideali va tinchligi uchun fazoviy kurashidagi ongli va faol harakatlaridir.
Kurash natijasi insonning o’ziga bog’liq. U Yolg’on yoki Haqiqatni tanlashi, ezgu
dunyo farovonligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishi lozim. Zardushtiylik a’zosi
bo’lgan taqvodor – ashavana faoliyatining mohiyati axloqiy triada: “xumata” (ezgu
niyat), “xuxta” (ezgu so’z), “xvarishta” (ezgu ish) bilan belgilanadi. Bu taqvodorlar
xatti-harakatlarining uch qoidasi g’ayridinlar – durug’vantlar triadasiga: “dushmata”
(yovuz niyat), “dujuxta” (yomon so’z), “dujvarshta” (yomon ish) ga qarshi qo’yiladi.
Zardushtiylik
yaxshiliklar
qatorida
taqvodorlarning
yaratuvchanlik
faoliyatiga alohida e’tibor beradi. Bu erga ishlov berish, molga yaxshi munosabatda
bo’lish: Mazdaga sig’inuvchilar e’tiqodining asosi don etishtirish. Kimda-kim don
47
etishtirsa, u haqiqatga intilib, Axura Mazda e’tiqodini ilgari suradi va ishonchga
sazovor bo’ladi. It eng yaxshi hayvonlardan hisoblanadi, chunki u taqvodorlar
podasi va uyini qo’riqlaydi. Videvdat bo’yicha it huquq borasida salkam odamga
tenglashtiriladi. It o’ldirganlar, unga shikast etkazganlar qattiq jazolangan. Xuddi
shunday it odamga tan jarohati etkazsa unga ham jazo berilgan, uning o’ng yoki chap
qulog’i kesilgan va hokazo. Zardushtiylik, shuningdek, haqiqatgo’ylik, saxiylik, er-
xotin vafodorligi, bola tarbiyasi kabi insoniy munosabatlarni ko’zda tutadi va
boshqaradi.
Zardushtiylik marosimlari turlicha va o’ziga xos. Masalan, marosimda uchta
qurbonlik predmeti mavjud: “Xauma”, inson ruhini marosimga to’la yo’naltiruvchi
muqaddas ichimlik, “draunax” (non) va “myazda” (mayiz yoki mevalar). Ayrim
mualliflar manbada kelgan “myazda” so’zini go’shtli biror narsa deb taxmin
qiladilar. Zardushtiylik ruhoniylari diniy marosim jarayonlarini boshqaradigan va
ularga xizmat ko’rsatadigan maxsus shaxslardir. Mazkur marosimlar olov
ibodatxonalarida o’tkazilib, bunda olov marosim markazi bo’lgan va olov orqali
xudo taqvodorlar duosini “qabul” qilgan. Qadimda ibodatxonalar ochiq erlarda
tabiiy yoki sun’iy tepaliklarda bo’lgan. Keyinchalik maxsus otashkadalar – “olov
uylari” qurila boshlagan. Bosh kohin “zautar” unvoniga ega bo’lgan. Bu islomdagi
imomchilikka o’xshaydi. Avestoda shunday qator bor, unda aytilishicha, zautar
duoni ovoz chiqarib o’qiydi, bilganlar qaytaradilar, bilmaganlar zautarga taqlid qilib
harakat qiladilar. Ushbu holat islom marosimlaridagi “iqtido” (ibodatda imomga
ergashish)ga juda o’xshaydi. Gap shundaki, “Avesto” matnlarida Axura Mazda
bashoratining muqaddas so’zlari saqlanib qolgan, shuning uchun ular ilohiy
so’zlarning muqaddasligi talab qilganidek aniq va ravon talaffuz etilishi lozim edi.
Zardushtiylik bir yilda har biri besh kundan davom etadigan oltita bayramni
belgilaydi. Bayramlar orasida goxanvar – har biri o’ttiz kundan iborat bo’lgan 12
oydan keyingi besh kunlik bayrami asosiy o’rinni egallaydi. Yilning 360 kunidan
qolgan kunlari xursandchilik, diniy marosimlar bilan o’tkazilgan. Shunday qilib
yangi yil – Navro’zning yaxshi kirib kelishiga umid qilingan.
Zardushtiylikda bir kecha-kunduz besh qismga bo’linadi: ratu (belgilangan
ilohiy tartib), xavani (sahardan tushgacha), rapitvina (tushdan soat 3-4 gacha),
uzayyarina (oqshomgacha), avistrutrima (yarim tungacha), ushaxina (tun yarmidan
sahargacha). Sutkaning bu nomlari ham xudoga o’xshatilib, har biriga ibodat
qilinadi – bir kunda besh marta namoz o’qiladi. Zurdushtiylikning dafn marosimlari
ko’pgina tadqiqotlar predmeti bo’lib kelgan va bo’lib qolmoqda. Bunda eng asosiy
qoida murda bilan hayotning to’rt elementi – er, olov, suv va xavoni harom
qilmaslik. Bu o’lganlarni dafn etishda alohida qoidalarga rioya qilishni talab etgan.
Jasadlar suyaklari yumshoq to’qimalardan tozalangunicha qo’yiladigan joylar –
daxmalar qurilgan. So’ng suyaklar yig’ilib qopqoqli sopol tobutlarga – ossuariy
(yoki ostodon)larga solinib saqlangan. Bunday idishlar arxeologik qazilmalar
jarayonida ko’plab uchraydi. Marosimlarning zardushtiylik elementlari, ko’pchilik
odatlarning qoldiqlari ajdodlari tmonidan qadimgi dunyoning ushbu jahon dinini
48
shakllantirgan o’zbeklar, tojiklar, turkmanlar va Markaziy Osiyoning boshqa
xalqlari turmushida saqlanib kolgan.
Hozirgi kunda zardushtiylik Hindistonda joylashib qolgan fors “Mazda
Yasna” jamoalarining an’anaviy dini bo’lib qolgan. Bugungi kunda dunyo bo’yicha
200 mingdan ortiq zardushtiylar mavjudligi qayd etilgan. Ular Eron va Hindistondan
tashqari yana Kanada, AQSh, Angliya, Shri-Lanka, Avstraliya va boshqa
mamlakatlarda istiqomat qiladilar.
|