Bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish texnologiyasi




Download 2,92 Mb.
Pdf ko'rish
bet19/66
Sana13.01.2024
Hajmi2,92 Mb.
#136647
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   66
Bog'liq
MONOGRAFIYA M.K.Ismailov xorijda nashr etilgan

rivojlantirish modeli 
 
 
Zamonaviy jamiyat hayoti o’zining dinamikligi, o’zgarishlarning intensivligi, 
beqarorligi hamda keskinligi bilan alohida xususiyat kasb etib bormoqda. Mazkur 
holat zamonaviy ta’lim-tarbiya jarayoniga nisbatan yangicha yondashuv zaruriyatini 
va uning mazmunini ham tavsiflab bermoqda. Bu esa, zamonaviy ta’lim jarayoni 
samaradorligini oshirishda, barkamol shaxsni tarbiyalashda barcha uchun o’z hatti-
harakatlari, qiziqishlari, imkoniyatlari, ijtimoiy-psixologik holati, fikrlash odatlaridan 
xabardor bo’lish va ularni nazorat qilish hamda boshqarish imkoniyatini beradigan, 
ijobiy, ijtimoiy stereotiplardan holi, sog’lomlashtiruvchi (sanogen fikrlash, 
Yu.M.Orlovning ta’kidlashicha) fikrlash shaklini rivojlantirishni talab qilmoqda. 
Agar shaxsda sanogen (sog’lom) fikrlash ko’nikmalari rivojlantirilsa bu insonning 
aqliy, jismoniy, psixologik va ma’naviy-axloqiy jihatdan salomatligini ta’minlaydi va 
undagi ijodiy salohiyatni ro’yobga chiqarishga imkoniyat yaratadi. 
Barchamizga ma’lumki, shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan ilm-fan va 
globallashuv jarayoni oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bo’lajak mutaxassis 
kadrlarni erkin, tanqidiy, ijodiy va mustaqil tafakkurga ega, sog’lom fikr yuritadigan, 
siyosiy va ijtimoiy faol, izlanuvchan va omilkor, milliy va jahon madaniyatidan 
xabardor, yuksak ma’naviyatli shaxs bo’lib shakllanishi lozim, degan vazifalarni 
dolzarb qilib qo’ymoqda. Butunjahon muammosiga aylangan kadrlar tayyorlash 
sifatini zamon talablariga moslashtirish bizning respublikamiz uchun ham o’ta 
dolzarb hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur 
muammoning ijtimoiy-iqtisodiy va amaliy ahamiyatini 2020 yil uchun mo’ljallangan 
mamalakatni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlar bo’yicha Oliy Majlisga 
Murojaatnomasida “Ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash – yoshlarning 


64 
ma’naviyatini, tafakkurini shakllantirish asosidir. O’zbekiston yoshlar mamlakatidir. 
Shu jihatdan olib qaraganda, davlatimiz kelajagi, millat taraqqiyoti bugungi 
yoshlarning bilimiga, g’ayrat-shijoatiga, dunyoqarashiga, vatanparvarlik tuyg’usining 
qanchalik yuksakligiga, komillik darajasiga bog’liq”
10
deb asoslaydi. Qolaversa, 
mamlakatimiz Prezidenti o’zining bir qator ma’ruzalarida mamlakatimizda jismonan 
sog’lom, ma’nan yetuk va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh 
avlodni shakllantirish bo’yicha yagona tizimni yaratish muammosiga alohida 
to’xtalib o’tadi. Modomiki, ta’lim tizimining markazida inson kapitali, uni har 
tomonlama rivojlantirish, shaxs resurslarini oshirish, undan samarali foydalanish va 
maqsadli yo’naltirish turar ekan, bunda oliy ta’lim tizimini jamiyatning barcha 
manfaatdor tomonlari, ta’lim jarayonining barcha sub’ektlari bilan yaxlit bir 
butunlikda bugungi kun talablari asosida tashkil etish hamda bo’lajak o’qituvchilarda 
qadriyatlar tizimini shakllantirishga erishish oldimizda turgan muhim 
vazifalardandir. 
Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiya sohasidagi 
strategik vazifalarning asosiy yo’nalishi sog’lom fikr yurita oladigan, jamiyat va 
shaxs manfaatlari uchun zarur bo’ladigan rivojlanish istiqbollarini aniq belgilaydigan 
mutaxassislar tayyorlash masalalariga qaratilganligi bilan tavsiflanadi. Bu esa 
pedagog kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiyalash va uning innovatsion 
pedagogik asoslarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltiradi. 
Tadqiqot muammosini nazariy va amaliy o’rganish oliy ta’lim muassasalari 
talabalarining sanogen tafakkurini rivojlantirishda refleksiv bilim va ko’nikmalar 
mazkur jarayonda yetakchi omillardan ekanligini ko’rsatdi. Bu esa, eng avvalo, uni 
ilmiy jihatdan har tomonlama chuqur o’rganishni va tahlil qilishni taqozo etadi.
Refleksiya – (lotincha “reflixio” – ortga qaytish) bu inson ongi aktlari 
turlaridan biri, ya’ni ong harakati bo’lib, subektning o’z (ichki) psixik tuyg’u va 
holatlarini bilish jarayoni sifatida qaraladi. 
Insonning ijodiy muammolarni hal etishda ro’y beradigan fikrlashidagi 
refleksiyani o’rganib, olimlar uni fikrlovchi sub’ektning o’z - o’zini boshqarish usuli 
10
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil uchun mo’ljallangan mamalakatni 
rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlar bo’yicha Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020 yil 28 yanvar. 


65 
(Yu.N.Kulyutkin, S.Yu.Stepanov), ijodiy fikrlash omili (I.N.Semyonov), nazariy 
jihatdan fikrlashning yuqori ko’rsatkichi (Kovaleva N.B., Kashlev S.S.) sifatida ta’rif 
berib baholaydilar.
I.S.Ladenko refleksiyani intellektual tizimlarning o’z - o’zini tashkil qilishidagi 
ahamiyatini quyidagicha izohlaydi: aqliy faoliyatning malaka va ko’nikmalarini 
takomillashtirish ehtiyoji hamda nutq, xotira, tasavvurlarning ichki va tashqi shakllari 
haqida shaxsiy qarashlarni ishlab chiqish zaruriyati bilan bog’laydi. U “Refleksiya 
ichki tasavvurdan tashqi tasavvurga va aksincha biridan boshqasiga o’tish, fikrlash 
vaqtida ushbu jarayonlarning interiorizatsiya (tashqi omillarning ichki omillarga 
o’tishi)si haqidagi fikrlarni shakllantirish asosi. Refleksiya vositasida nafaqat 
bilimlar, balki tasavvur, ko’nikma va malakalar shakllantiriladi hamda amalda 
qo’llash usullari takomillashtiriladi” deb hisoblaydi. 
Refleksiya - bu har jihatdan inson hayotining ontologik tomonini ifodalaydi va 
insonning o’ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi. “Психология развития 
человека” kitobining mualliflari refleksiya inson sub’ektivligining eng muhim, 
markaziy hodisasi ekanligini bildirib, quyidagi ta’rifni beradi: “... bu insonning o’ziga 
xos qobiliyati bo’lib, u odamga o’z fikrlarini tahlil qilishga va mustaqil bildirishga 
imkon beradi, shuningdek, hissiy holatlar, kechinmalar, odamlarning xatti-harakatlari 
va munosabatlarini aks ettiradi, umuman olganda - alohida e’tibor (tahlil va baholash) 
va amaliy o’zgarish (o’zgarish va rivojlanish)ga imkon beradi. 
Refleksiya hodisasi bo’yicha rus olimlari tomonidan ham ko’plab ilmiy ishlar 
amalga oshirilgan. Aynan, refleksiya hodisasi: 
- individual psixologik xususiyat sifatida (Vigotskiy L.S., Zak A.Z., Kulyutkin 
Yu.N., Semyonov I.N., Fridman L.I. va boshq.); 
- pedagogik jarayon bilan bog’liq holda pedagogik refleksiya xususiyatlari 
(Kashlev S.S., Kovalyev B.P., Stepanov S.Yu. va boshqalar); 
- alohida fikrlash shakli sifatida (Alekseyev N.G., Brushlinskiy A.V., 
Rubinshteyn S.L.); 
- aloqa vositasi sifatida (Andreyeva G.M., Bodalyev A.A.) tadqiq etilgan. 


66 
Mutaxassis kadrlarning amalda fikrlash jarayonini va fikriy amaliyot 
muammosini tadqiq etgan ingliz olimi Donald A’Shon refleksiya jarayoniga alohida 
to’xtalib, quyidagi fikrni bildiradi: “… aks ettirishda shaxs o’zining intuitiv 
bilimlarini va qobiliyatini ochib beradi va ba’zan bu imkoniyatlardan noyob, noaniq 
va qarama-qarshi vaziyatlarni yengish uchun foydalanadi. 
Shuningdek, refleksiya - faqat sub’ektning o’z-o’zini bilishi va tushunishi emas, 
balki boshqalar uning shaxsiy xislatlari, hatti-harakati va kognitiv tasavvurlarini 
bilish hamda tushunishini aniqlab olishni ham anglatadi.
O’qituvchi shaxsini shakllantirish va oliy ta’lim muassasasi talabalarining o’z-
o’zini rivojlantirish muammolarini tadqiq etgan pedagog olim V.A.Slastenin refleksiv 
jarayonlarni izohlashning ikki an’anasi mavjudligini ta’kidlaydi:
- kognitiv va hissiy kechinmalar mohiyatini izohlashga va ularni 
konstruktsiyalashga olib keladigan ongning refleksiv tahlili;
- insonning o’z-o’zini va shaxslararo muloqot mazmunini tushunish refleksiyasi. 
Bu bilan bog’liq ravishda refleksiyaning quyidagi xususiyatlarini farqlab 
ko’rsatishimiz mumkin:
- o’z-o’zini va boshqalarni tushunish;
- o’z-o’ziga va boshqalarga baho berish;
- o’z-o’zini va boshqalarni izohli tahlil qilish. 
V.I.Slobodchikovning fikricha, refleksiya orqali ta’lim-tarbiya jarayoni 
ishtirokchilarining o’z faoliyatiga bo’lgan munosabati muvofiqlashtiriladi va 
hamkorlikdagi faoliyatning shakl va mazmuniga mos ravishda mazkur faoliyatning 
qayta tashkil etilishi ta’minlanadi. 
G.S.Suxobskaya va L.L.Gorbunovalar tomonidan refleksiya o’zini-o’zi anglashi, 
muloqot jarayonida sub’ektning suhbatdosh sifatida qanday qabul qilinayotganligini 
tushunishi, sub’ektning muammoni va uning vujudga kelish sabablarini ko’ra olishi, 
aniqlashi, o’rganishi va tahlil qila olish qobiliyati sifatida keltiriladi. 
G.M.Kodjaspirova va A.Yu.Kodjaspirovlar refleksiya tushunchasini fikrlash, 
o’z-o’zini tushunish, o’zini-o’zi nazorat qilish, o’zining shaxsiy xatti-harakatlari va 


67 
ularning oqibatlarini anglash uchun yo’naltirilgan faoliyat, insonning nazariy 
faoliyatlarining shakli, ya’ni o’tmishga (orqaga) murojaat qilish sifatida talqin etadi. 
D.Xakimovaning qayd etishicha, refleksiya samarali fikrlashning muhim 
mexanizmi, yuz berayotgan hodisani keng tizim kontekstida tushunish jarayonlarini 
alohida tashkil etish (u vaziyat va harakatlarni baholashni, vaziyatlarni hal qilish 
usullari va operatsiyalarini topishni o’z ichiga oladi), xatti-harakatlar va ularning 
oqibatlarini anglash uchun yo’naltirilgan faoliyat, insonning nazariy faoliyatlarining 
shakli, ya’ni o’tmishga (orqaga) murojaat qilish hamda sub’ektning ma’lum bir 
muammoni va uning vujudga kelish sabablarini ko’ra olishi, aniqlashi, o’rganishi va 
tahlil qila olish qobiliyatidir. 
Refleksiya bu maxsus qobiliyat, lekin u bizga nima berishi mumkin? Ushbu 
ko’nikma bizga o’z holatimizni, fikrlash tarzimiz va sezgilarimizni kuzatish, 
shuningdek, diqqat yo’nalishini bilish imkoniyatini beradi. U orqali biz o’zimizni 
kuzatish imkoniga ega bo’lamiz, ya’ni uni mutlaqo notanish odam tomonidan bizning 
xatti-harakatlarimizni, o’y-fikrlarimizni kuzatishi bilan taqqoslash mumkin. 
Refleksiya asosan introspektsiya (o’z-o’zini kuzatish)ga qaratilgan. Shunday qilib, 
uning vositasida biz o’zimizning harakatlarimiz yoki holatimizni baholay olamiz va 
hayotimizdagi turli voqealarni aks ettiramiz. Bunda refleksiyaning kuchi insonning 
o’z-o’zini boshqarish qobiliyati, bilim darajasi, shaxsning axloqi bilan uzviy bog’liq. 
Bizning fikrimizcha, refleksiv ko’nikmalarga yangi g’oyalarning asosiy 
indikatori sifatida qarash mumkin. Agar refleksiya hodisasini muayyan jarayonni 
butunligicha aks ettirish usuli deb hisoblasak, unda u bizga ushbu jarayonni kuzatish 
va kamchiliklarini aniqlash, tahlil qilish imkonini beradi. Bunday introspektsiyaga 
ega bo’lgan shaxs ijobiy yutuqlarga erishadi. Bu orqali biz yashirin fikr va g’oyalarni 
oshkor qilishga imkon beradigan mexanizmni o’zlashtiramiz.
Shuni ta’kidlash kerakki, har qanday insonning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi 
refleksiv jarayon bilan chambarchas bog’liqdir. Bundan tashqari, rivojlanish nafaqat 
kasbiy nuqtai-nazardan, balki jismoniy va intellektual jihatdan ham ta’minlanadi. 
Xullas, refleksiv ko’nikmalar biz nima haqida fikr yuritishimiz, hozir qanday 


68 
faoliyatni amalga oshirayotganimiz va rivojlanish uchun qaysi yo’nalishda harakat 
qilishimiz kerakligini tushunishga sharoit yaratadi. 
Bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish bilan bog’liqlikda 
refleksiyaning quyidagi tur, daraja va shakllarini ajratib ko’rsatish mumkin. 
Rus olimlari S.Yu.Stepanov va I.N.Semenovlar quyidagi refleksiya turlarini 
tavsiflab, mazkur mexanizm shaxsda “Men” obrazining shakllanishida muhim 
ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. 
1.
Kooperativ refleksiya boshqaruv pedagogikasi va psixologiyasiga mansub 
bo’lib, shuningdek, bunday refleksiya turida zarur pedagogik-psixologik bilimlarga 
ega bo’lish jamoaning loyihaviy faoliyatini ta’minlaydi va ularning birgalikda 
faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi. Bunda aks ettirish sub’ektni faoliyat 
jarayonlaridan “ozod qilish”, uning oldingi tugallangan faoliyatiga nisbatan ham 
tashqi, ham yangi pozitsiyaga chiqishi sifatida ko’rib chiqiladi. Buning maqsadi 
hamkorlikdagi faoliyatda umumiy harakatlarni tushunish va muvofiqlashtirishni 
ta’minlashdir. Bunday hollarda, inson psixikasi mexanizmini namoyon qilish 
jarayonlariga emas, balki refleksiya natijalariga e’tibor qaratiladi. 
2.
Kommunikativ refleksiya ijtimoiy rivojlanish va muloqot muammolari bilan 
bog’liq ijtimoiy-madaniy munosabatlarni o’rganishda ko’rib chiqiladi. U intellektual 
va rivojlangan muloqot, shuningdek shaxslararo hissiyotlarning eng muhim tarkibiy 
qismi hisoblanadi.
3. Shaxsiy refleksiya, bunda sub’ekt xatti-harakati va insonning o’z “Men”ini 
uning shaxsiy sifatlari nuqtai nazaridan tadqiq qilinadi. Bunday tahlil shaxsiy ongni 
rivojlantirish, uni tuzatish muammolari va sub’ektning shaxsiy “Men”ini yaratish 
mexanizmi bilan bog’lab olib boriladi. Shaxsiy refleksiyani amalga oshirishning bir 
necha bosqichlari mavjud. Bu ziddiyatlarni boshdan kechirish va qo’yilgan 
vazifalarni anglash hamda inson oldida turgan hal qilib bo’lmaydigan vaziyatlarni 
tushunish tajribasi, shaxsiy stereotiplarni va muammoli vaziyatlarni qayta ko’rib 
chiqishdan iborat. Bunday vaziyatda shaxs o’zini o’zi to’liq anglab yetadi. Qayta 
fikrlab ko’rish jarayonida insonning o’ziga va o’z “Men”iga munosabati o’zgaradi. 


69 
4. Intellektual refleksiya biror ob’ekt va u bilan muloqot qilish usullari haqidagi 
bilimlar bilan tavsiflanadi. Intellektual refleksiya pedagogika va psixologiya fanlarida 
axborotni bilish va fikrlash hamda qayta ishlash jarayonlarini tashkil etish 
muammolari bilan birgalikda ko’rib chiqiladi. Sub’ekt quyidagilarni refleksiyalashi 
mumkin: hamkor jamoaviy guruhlar va ularning tuzilmaviy ahamiyatini bilish; 
jamoadagi biror insonning ichki dunyosini, uning harakatlari va ishlarining 
sabablarini tasavvur qilish; o’z faoliyati va shaxsiy hamda individual “Men”i; biror 
ob’ektni va ularning muayyan vaziyatlarda o’zaro ta’sir etish usullari haqida bilish. 
A.V. Karpov va V.V. Ponomarevalar tomonidan refleksiya jarayoni subektning 
o’z faoliyatini aks ettirishi hamda vaqt bilan bog’liq holda uchta asosiy shaklda 
ko’rib chiqiladi: situatsion (vaziyatli), retrospektiv va perspektiv (istiqbolli) 
refleksiya.
1. Vaziyatli aks ettirish. Ushbu shakl "motivatsiya" va "o’z-o’zini anglash" 
ko’rinishida paydo bo’ladi va sub’ektni vaziyatga bevosita jalb qilishni, uning 
elementlarini tushunishni, hozirgi vaqtda sodir bo’layotgan voqealarni tahlil qilishni 
ta’minlaydi. Mualliflar sub’ektning o’z harakatlarini ob’ektiv vaziyat bilan 
taqqoslash, o’zgaruvchan sharoitlarga muvofiq faoliyat elementlarini 
muvofiqlashtirish, boshqarish qobiliyatini o’rganadi. 
2. Retrospektiv aks ettirish. O’tmishda sodir bo’lib o’tgan voqea-hodisalarni 
tahlil qilish uchun xizmat qiladi. Bu holat o’tmishda to’plangan tajribani yanada 
to’liqroq anglashga, tushunishga va tahlil qilishga qaratilgan. Refleksiyaning ushbu 
shakli mumkin bo’lgan xatolarni aniqlashga, subektning erishgan yutuqlari va 
muvaffaqiyatsizliklarining sabablarini izlashga imkon beradi. 
3. Perspektiv aks ettirish. Refleksiyaning bu turiga kelajakda sodir bo’lishi 
mumkin bo’lgan voqea-hodisa va holatlar haqida fikr yuritish, faoliyat yo’nalishi 
to’g’risida fikrlash, rejalashtirish va kelajakka mo’ljallangan eng samarali usullarni 
bashorat qilish kiradi. 
Muayyan faoliyat subekti alohida shaxs sifatida yoki guruh sifatida taqdim 
etilishiga asoslanib I.S.Ladenko refleksiyaning introsub’ektiv va intersub’ektiv 


70 
shakllarini tavsiflaydi. Introsub’ektiv refleksiya quyidagi ko’rinishlarda namoyon 
bo’ladi: tuzatuvchi, tanlovli va to’ldiruvchi aks ettirish. 
- tuzatuvchi refleksiya tanlangan usulni muayyan sharoitlarga moslashtirish 
vositasi sifatida ishlaydi; 
- tanlovli refleksiya orqali muammoni hal qilishning bitta, ikki yoki undan ortiq 
usullarining tanlovi amalga oshiriladi; 
- to’ldiruvchi refleksiyadan foydalangan holda tanlangan usul unga yangi 
elementlarni qo’shish orqali murakkablashadi. 
Refleksiyaning intersub’ektiv shakli esa quyidagi ko’rinishlarda namoyon 
bo’ladi: 
- kooperativ aks ettirish ikki yoki undan ortiq subektlarning umumiy 
maqsadlariga erishishi uchun birgalikda harakat qilishini ta’minlaydi; 
- raqobatli refleksiya subektlarning kurashish yoki raqobat sharoitida o’z 
faoliyatini to’g’ri tashkil etishiga xizmat qiladi; 
- qarama-qarshi refleksiya biror narsaning ustunligi yoki zabt etilishi uchun ikki 
yoki undan ortiq subektlarning kurashish vositasi sifatida ishlaydi. 
Shuningdek refleksiya shaxs faoliyatining turli sohalarida va o’z-o’zini 
bilishning turli darajalarida namoyon bo’ladi, shu sababli namoyon bo’lish tabiatida 
bir-biridan farq qiladi. Birinchidan, ongni fikriy faoliyatning ma’lum bir sohasiga 
yo’nalishiga qarab beshta refleksiya shakli farqlanadi: 
- shaxsiy aks ettirish - shaxsning hissiy-baholash faoliyati bilan chambarchas 
bog’liq. Shaxsning ichki dunyosini tushunishning ushbu shakli shaxsiyatning muhim 
tarkibiy qismlarini tahlil qilishga qaratilgan: maqsadlar va ideallar, qobiliyat va 
imkoniyatlar, motivlar va ehtiyojlar. 
- mantiqiy fikrlash refleksiyasi – bu kognitiv jarayonlarga yo’naltirilgan va 
xususiyatlarni, diqqatni tahlil qilish va baholash bilan bog’liq bo’lgan aks ettirish. 
Ushbu refleksiya shakli ta’lim faoliyatida muhim rol o’ynaydi. 
- kognitiv refleksiya - asosan bilish va o’rganish sohasida kuzatiladi, ammo 
mantiqiy jihatdan farqli o’laroq, u bilimlarning mazmuni va sifatini, uning jamiyat 
talablariga muvofiqligini tahlil qilishga qaratilgan. Ushbu refleksiya shakli nafaqat 


71 
o’quv faoliyatida bilimlarni boyitishga, balki shaxs dunyoqarashini kengaytirishga 
yordam beradi. Shuningdek, o’z kasbiy qobiliyati va imkoniyatlarini munosib 
baholashda muhim rol o’ynaydi. 
- shaxslararo refleksiya - hayotiy faoliyatimiz davomida boshqa odamlar bilan 
bo’lgan munosabatlarimizni tushunish va baholash, sabablarini tahlil qilish bilan 
bog’liq. 
- ijtimoiy refleksiya – bu jamiyatda boshqalarning bizga nisbatan qanday 
munosabatda bo’lishini tushunishimizda namoyon bo’ladigan aks ettirishning maxsus 
shakli. U nafaqat boshqalar tomonidan bildirilgan baholashlarning mohiyatini, balki 
ular tomonidan amalga oshirilgan xatti-harakatlar mazmunini tushunishimizga ham 
imkon beradi. 
Ikkinchidan, biz shu kungacha to’plagan tajribalarimizni tahlil qilish orqali 
voqealar rivojlanishining keyingi holatlarini oldindan bilamiz, shuning uchun 
baholash faoliyatining vaqt bilan bog’liq bo’lgan refleksiyaning ikkita turini 
ajaratamiz: 
- retrospektiv refleksiya – bu nimalar sodir bo’lganligini tushunish, 
harakatlarning baholanishi, muvaffaqiyatlar va mag’lubiyatlar, ularning sabablari va 
kelajak uchun hosil qilingan xulosalarning tahlili. Ushbu refleksiya shaxs faoliyatida 
muhim ahamiyat kasb etadi, chunki inson o’z xatolaridan saboq olganda ko’plab 
muammolarni aniqlaydi va ularning yechimlarini topishga harakat qiladi. 
- istiqbolli aks ettirish – bu harakatlarning mumkin bo’lgan natijalarini bashorat 
qilish va turli xil mazmunga ega bo’lgan holatlarni baholash. Mazkur refleksiya 
shaklisiz muayyan faoliyatni rejalashtirish va muammolarni hal qilishning eng 
samarali usullarini tanlash mumkin emas. 
Aytishimiz mumkinki, bo’lajak o’qituvchilarning sanogen tafakkurini 
rivojlantirishda refleksiv mexanizmlar muhim omil hisoblanib, ularning 
muvaffaqiyatga erishishi, refleksiya orqali o’z-o’zini tahlil qilishi, o’z imkoniyatlari 
darajasi va kamchiliklarni aniqlash hamda kelajakdagi faoliyat turlarini to’g’ri 
amalga oshirishi uchun zarur bo’lgan muhim aqliy jarayondir.


72 
Hozirda ekzistentsial va sanogen refleksiya tushunchalari ham mavjud. 
Ekzistentsial refleksiya uchun tadqiqot ob’ekti – shaxsning chuqur va ekzistentsial 
fikrlari hisoblanadi. Noqulaylik, muvaffaqiyatsizlik, ayb, uyat va g’azab kabi 
qo’rquvlarga olib keluvchi kechinmalar, negativ hissiy vaziyatlarda paydo bo’luvchi 
refleksiya turi shaxsiy azoblanishning kamayishiga olib keladi. Professor Yu.M.Orlov 
bunday aks ettirishni “sanogen refleksiya” deb hisoblaydi. Mazkur refleksiyaning 
asosiy vazifasi insonning hissiy-ruhiy holatini tartibga solishdir. 
Yu.M.Orlov sub’ektning shaxsiy va kasbiy o’sishining "chegaralarini" 
aniqlovchi va muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qiluvchi maxsus shaxsiy 
refleksiya turiga alohida e’tibor qaratadi. Uning nazarida, mazkur refleksiv ko’nikma 
shaxsni o’z-o’zini belgilash va nazorat qilish vazifasini bajaradi. Shaxsiy refleksiya 
sub’ektning o’sishi, rivojlanishi, o’ta shaxsiy ta’lim sifatida, hayotiy faoliyatning 
muayyan qismida amalga oshiriladigan aniq xatti-harakatlarning mohiyatini anglash 
jarayonida ro’y beradi. Bu esa, shaxsning salomatligini ta’minlash, hamda uning o’z 
fikrlarini, fiziologik faoliyati hamda hissiy-ruhiy holatini nazorat qilish imkoniyatini 
beradi. Shundan kelib chiqib, Yu.M.Orlov va S.N.Morozyuklar mazkur aks ettirish 
turini "sanogen refleksiya" deb nomlashadi. 
S.N. Morozyuk o’z tadqiqot ishida oliy ta’lim muassasalari talabalarining 
shaxsiy va xarakter xususiyatlarini psixodiagnostik jihatdan tahlil qilib, “sanogen 
refleksiya”ni sog’lom tafakkurning tarkibiy qismi sifatida belgilaydi. Sanogen 
refleksiya – bu turli xil vaziyatlarda to’g’ri xulq-atvor usullarini tanlashga imkon 
beruvchi, insonning o’z-o’zini, hissiy kechinmalarini, fikrlari va muammolarini 
ob’ektiv ko’rish va baholash qobiliyati. 
Demak, shaxsning sanogen aks ettirishi bu o’z-o’zini anglash va o’zini o’zi 
boshqarish jarayonlarining samaradorligi hamda muvaffaqiyatini, avvalgi shaxsiy 
tajribani qayta ko’rib chiqishni, uni yangi ma’lumotlar bilan boyitishni 
ta’minlaydigan ichki aloqaning asosiy mexanizmi bo’lib hisoblanadi. 
Bugungi kunga qadar S.N.Morozyuk, V.V.Lisenkolar sanogen refleksiya 
imkoniyatlarini o’quv faoliyatining samaradorligini oshirish omili hamda shaxsning 
o’z-o’zini boshqarishning tarkibiy komponenti sifatida tadqiq etishgan. 


73 
N.V.Pavlyuchenkova tomonidan olib borilgan tadqiqot ishida emotsional 
kompetentlikka xos bo’lgan shaxsning o’z-o’zini va his-tuyg’ularini boshqarish, 
empatiya, ekspressivlik (ichki va tashqi ta’sir etishdagi faollik) xususiyatlarining 
namoyon bo’lishi sanogen refleksiyaning rivojlanganlik darajasi bilan uzviy 
aloqadorlikda o’rganilgan. Biroq, tadqiqotchi tomonidan olingan natijalar, keltirilgan 
xulosalar sanogen tafakkur mazmunini to’laligicha ochib berishga xizmat qilmaydi. 
Chunki, shaxsning emotsional kompetentligini sanogen tafakkur yuritishning alohida 
tarkibiy xususiyati sifatida e’tirof etishimiz mumkin. 
Sub’yektda ijobiy mazmundagi shaxsiy refleksiyaning yuqori darajada 
rivojlanmaganligi yoki yetishmasligi, bizning fikrimizcha, talabada bilim olish, o’z-
o’zini rivojlantirish, shaxslararo muloqotga kirishishi hamda faoliyat yo’nalishlarini 
to’g’ri tanlashida turli xil muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatda 
esa shaxsda patogen refleksiyaning ustunligi haqidagi xulosaga kelishimizga asos 
bo’ladi. Shu jihatdan, talabalarning sog’lom tafakkurini rivojlantirishda sanogen 
refleksiya sub’ektiv omil sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, uni 
quyidagicha izohlashimiz mumkin: sanogen refleksiya bu insonning o’z-o’zini 
anglashi, o’z dunyoqarashini, fikrlash tarzini tushunishni hamda orttirilgan 
tajribalarni qayta aks ettirish va yangi ma’lumotlar bilan to’ldirishni o’z ichiga oladi. 
Shu bilan birgalikda, ayni vaqtda bajarayotgan va kelajakda amalga oshirmoqchi 
bo’lgan faoliyat shakllarini hamda boshqa subektlar bilan bog’liqligimizni va ular 
bizga qanday aloqasi borligini sanogen aks ettirish vositasida to’g’ri asoslash va 
baholash amalga oshiriladi. Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, mazkur refleksiyada 
shaxs muayyan vaziyatning xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilangan faoliyat 
modellarini o’zgartirishi yoki o’zgartirishlarni amalga oshirmasligi ham mumkin. 
A.V.Karpov refleksiya shaklining mazmuni va murakkabligiga qarab uning 
quyidagi bir nechta darajalarini ajratib ko’rsatadi: 
1-daraja – shaxsning hozirgi vaziyatni aks ettiruvchi bahosi, muayyan vaziyatda 
ularning o’z fikrlari va his-tuyg’ularini baholashi, shuningdek boshqa subektning 
holatidagi xatti-harakatlarning bahosidan iborat; 


74 
2-daraja – boshqa subektning xuddi shu vaziyatda o’zini qanday his qilganligi, 
vaziyat va uning o’zi to’g’risida nima deb o’ylaganligi to’g’risidagi masalalarni o’z 
ichiga oladi; 
3-daraja – boshqa shaxsning subektni qanday qabul qilishi haqidagi fikrlarini 
o’zida ifodalaydi; 
4-daraja – subektning muayyan vaziyatdagi xatti-harakatlariga nisbatan boshqa 
bir sub’ekt tomonidan shaxsiy munosabatning bildirilishi va ushbu holatning birinchi 
sub’ekt tomonidan to’g’ri idrok etilishi g’oyasini o’z ichiga oladi.
Sanogen refleksiya talabalarda o’z-o’zini anglash, kuchli va kuchsiz tomonlarini 
aniqlash hamda o’z qobiliyatlaridan maksimal foydalana olishi uchun samarali 
usuldir. Biroq, sanogen refleksiya nafaqat hayotda o’zimiz haqimizda kerakli 
bilimlarni beradi, balki quyidagi bir qator muhim funktsiyalarni ham bajaradi: 
1) Kognitiv funktsiya - bu o’z-o’zini bilish va introspektsiyadan iborat. 
2) Rivojlanish funktsiyasi, shaxsni shakllantirishga, bilimlarni to’plashga, 
ko’nikma va qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan maqsad va vazifalarni 
belgilashda namoyon bo’ladi. Refleksiyaning ushbu funktsiyasi har qanday yoshda 
insonning individual o’sishini ta’minlaydi. 
3) Tartibga solish funktsiyasi, ya’ni ehtiyojlar, harakatlarning sabablari va 
oqibatlarini baholash faoliyatni tartibga solish uchun sharoit yaratadi. 
4) Mazmunli funktsiya, insonning barcha xatti-harakatlari va fikrlari muayyan 
mazmunga ega. Ya’ni, biz biron harakatni amalga oshirgan holatda yoki shunchaki 
fikrlash orqali ham muayyan savolga javob berishimiz mumkin. 
5) Loyihalash va istiqbolni belgilash funktsiyasi, amalga oshirilgan faoliyat va 
uning natijasida o’zlashtirilgan tajribalarni tahlil qilish bizga keyingi jarayonlarni 
loyihalashtirish imkonini beradi. Refleksiyaning ushbu funktsiyasi muvaffaqiyatli 
kelajak uchun model yaratish hamda o’z-o’zini rivojlantirishning zaruriy sharti 
sifatida baholanadi. 
Bo’lajak o’qituvchilarning sanogen tafakkurini rivojlantirish o’z-o’zidan 
talabalarda sanogen refleksiya qobiliyatining shakllanganlik darajasi bilan uzviy 
bog’liqlikda kechadi. Chunki, bizning tadqiqotimiz uchun qiyinchiliklarni bartaraf 


75 
etishdagi refleksiv mexanizmlar eng dolzarbdir. Ushbu holat shu bilan izohlanadiki, 
bo’lajak mutaxassislar amaliy-kasbiy ta’lim va hayotiy faoliyat jarayoni sub’ektlari 
sifatida turli xil muammolarga duch keladi, ham ijobiy, ham salbiy kechinmalarni his 
etadi va bu orqali o’z refleksiv imkoniyatlarini rivojlantiradi. Bunday holatda esa, 
refleksiya bevosita ilmiy-bilish va amaliy faoliyat usullarini shakllantirish vositasi 
sifatida namoyon bo’ladi. 
Refleksiv jarayon mohiyati, uning shakl va turlari tahlilidan kelib chiqqan holda, 
sanogen refleksiyaning tarkibiy komponentlarini quyidagicha belgilashimiz mumkin 
(2.1.1-rasmga qarang). 

Download 2,92 Mb.
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   66




Download 2,92 Mb.
Pdf ko'rish

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish texnologiyasi

Download 2,92 Mb.
Pdf ko'rish