BuxDU Filologiya fakulteti o‘zbek filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi Roziqova Shaxnozaning “Cho’lpon Ergash – dostonnavis” mavzuidagi malakaviy bitiruv ishiga rasmiy hakam
T A Q R I Z I
XX asrning 50-80 - yillarida hukmron mafkura sharoitida ijodkorlar erk va ozodlik mavzusini, davr bilan bog`liq ijtimoiy muammolarni muayyan timsollar orqali va ramzlar vositasida aks ettirishga harakat qildilar. Mustaqillik yillarida qo’lga kiritilgan hur fikrlilik, erkinlik xalq ongi va dunyoqarashi yangilanishiga olib keldi. Shu bois poetik konstepstiyalar – hayotga, ijtimoiy voqelikka, inson shaxsi va faoliyatiga bo’lgan munosabat o’zgardi. Badiiy ifodadagi sobiq tuzumga xos bo’lgan tantanavorlik o’rnini estetik psixologizm – hayotiylik, haqqoniylik, real tasvirlar egallay boshladi. Zero, chinakam yozuvchi odamlarning dardu g`ami bilan yashashi, xalq ichiga kirib borishi, o’zi uchun ilhomni, yangi mavzularni shu hayotdan, unda bo’layotgan o’zgarishlardan olishi kerakligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Cho’lpon Ergash xalqning dardlarini oshkora aytish qiyin bo’lgan sobiq tuzum davrida ramziylik vositasida poetik fikrni badiiy ifodalashga erishdi. Ayniqsa, bu jihat uning dostonlarida yorqin ko’zga tashlanadi. Cho’lpon Ergash o’zbek adabiyotida turkum dostonlar yozish an’anasini boshlab berdi. “Rahmon vos-vos” turkum dostonlari bu jihatdan ahamiyatli. Qolaversa, shoir dostonlari xarakteriga ko’ra o’ziga xoslik kasb etadi va zamonaviy dostonchilikda yangi yo’nalishni boshlab berdi. Shoir dostonlari xayoliy kechmish xarakteriga egaligi bilan ajralib turadi. Fantastik hikoya, qissa, romanlar qatorida bu asarlar ham o’ziga xos maqom kasb etadi.
Shaxnozaning ushbu MBIda xuddi mana shu holatlar tadqiq etishga harakаt qilgan. Umuman olganda, Cho’lpon Ergashning dostonchilikda qo’lga kiritgan yutuqlari haqida adabiyotshunoslarning fikrlariga suyangan holda oʻz fikrini berishga harakat qilgan. Ishni yozish jarayonida yetarlicha adabiyotlar bilan tanishgani koʻrinib turibdi. Hal qilish maqsadida qoʻyilgan muammolar adabiyotshunos olimlar va bitiruvchining shaxsiy fikrlari orqali asosli tahlil qilinganini aytib oʻtishimiz kerak. Har bir fasl tugagandan keyin, uning xulosa qismida keyingi faslga murojaat qilib, boblararo boʻgʻlikni ta`minlay olgan.
Muallif birinchi bobda Cho’lpon Ergash dostonlarining o’ziga xos xususiyatlari va shu bobning uzviy davomi sifatidagi fasllarda, Cho’lpon Ergashning ijodiy biografiyasi, shoir dostonlarining mavzulari va obrazlari kabi masalalarda ilmiy kuzatishlar olib borgan. Bunda bitiruvchi Cho’lpon Ergash hayoti va ijodiga atroflicha yondashib, uning ijodiy sarhadlarini mavzular olamiga ko’ra ajratishga harakat qilgan. Ikkinchi bobda esa, Cho’lpon Ergash dostonlarining sujeti va kompozitsiyasi, turkumliligi, badiiy olami haqida batafsil fikr yuritgan. Fikrlarini ifodalash jarayonida mavzu uchun muhim deb hisoblagan dostondagi she’riy baytlarni oʻz soʻzlari bilan ifodalab unda mavjud boʻlgan yangi topilmalarni ifodalay olgani diqqatga sazovor hodisadir. Unda bugungi she’riyatning tuzilishi va ichki tartibi haqida jiddiy fikrlarini bildira olgan. BMIning xulosa qismida esa, barcha fikrlarini birlashtirishga harakat qilgan. Quvonarlisi, bitiruvchi bu ishni qaysidir ma’noda uddalay olgan.
Umuman olganda, bitiruvchi tomonidan Cho’lpon Ergash dostonlari jiddiy tahlil qilishga uringanligi seziladi. Yosh tadqiqotchi mavzu mohiyatini juda yaxshi his qila olgan. Mavzu doirasida aytilgan fikrlarni avvalo oʻzi tushungani tadqiqotchining katta yutugʻudir. Albatta, ish bor joyda xato va kamchiliklar boʻlishi tabiiy bir holatdir. Mazkur MBIda ham bazi oʻrinlarida uslubiy, imloviy va ishoraviy ayrim xatoliklar mavjud.Biroq bular ishning umumiy saviyasiga jiddiy soya solmaydi.
Ushbu BMI Davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan shunday ishlar oldiga qo‘yilgan talablarga to‘la javob beradi. Ishni ijobiy baholash mumkin. Uning muallifi bakalavr akademik darajasini olishga arziydi.
RASMIY HAKAM D.Z.RAJABOV
|