|
Dehqon xo’jaligini tashkil etish va rivojlanish asoslari
|
bet | 2/8 | Sana | 09.10.2024 | Hajmi | 94,45 Kb. | | #274303 |
Bog'liq Dehqon xo’jalik tashkiliy-iqtisodiy asoslari. 1.1 Dehqon xo’jaligini tashkil etish va rivojlanish asoslari
Dehqon xo’jaligi oilaviy mayda tovar xo’jaligi bo’lib, oila a’zolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshlig’iga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xo’jaligi mahsuloti yetishtiradi va realizasiya qiladi.
Dehqon xo’jaligidagi faoliyat tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi hamda dehqon xo’jaligi a’zolarining istagiga ko’ra yuridik shaxs tashkil etgan holda va yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin.
Dehqon xo’jaligi o’z faoliyatida yollanma mehnatdan doimiy asosda foydalanishi mumkin emas.
Dehqon xo’jaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati va tugatilishi bilan bog’liq munosabatlar dehqon xo’jaligi to’g’risidagi qonun hujjatlari hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Dehqon xo’jaligi a’zolari jumlasiga birgalikda yashayotgan va dehqon xo’jaligini birgalikda yuritayotgan oila boshlig’i, uning xotini (eri), bolalari, shu jumladan farzandlikka olingan bolalari, tarbiyaga olgan bolalari, ota-onalari, mehnatga qobiliyatli yoshga yetgan boshqa qarindoshlari kiradi.
Yuridik va jismoniy shaxslar bilan o’zaro munosabatlarda Dehqon xo’jaligi nomidan shu xo’jalik boshlig’i ish ko’radi.
Dehqon xo’jaligi boshlig’i qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilgan oila boshlig’i yoki oilaning muomalaga layoqatli a’zolaridan biridir.
Dehqon xo’jaligining boshlig’i vaqtincha mehnat qobiliyatini yo’qotgan taqdirda yoki uzoq vaqt bo’lmaganda u o’z majburiyatlarini bajarish vakolatini shu xo’jalik a’zolaridan biriga, Dehqon xo’jaligining a’zosi bir kishidan iborat bo’lganda esa, shartnoma asosida talablariga javob beradigan har qanday shaxsga berishga haqlidir.
Dehqon xo’jaligi ixtiyoriylik asosida, xo’jalik boshlig’ining tuman hokimiga yozma murojaatiga asosan tashkil etiladi. Arizada so’ralayotgan yer uchastkasining joylashgan manzili, maydoni, dehqon xo’jaligining tarkibi hamda qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish uchun yer uchastkasidan belgilangan maqsadda foydalanishning yo’nalishlari ko’rsatiladi.
Yer uchastkalari berish masalalarini ko’rish bo’yicha tuman komissiyasining xulosasini inobatga olgan holda tuman hokimi dehqon xo’jaligini tashkil etish to’g’risida qaror qabul qiladi. Tuman hokimining dehqon xo’jaligini tashkil etish to’g’risidagi qarori tumanning moliyaviy,
bank, soliq va boshqa tuzilmalari uchun majburiy hujjatdir.
Dehqon xo’jaligi belgilangan tartibda davlat ro’yxatiga olingan paytdan e’tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Dehqon xo’jaligining boshlig’ini davlat ro’yxatiga olish dehqon xo’jaligi boshlig’ining doimiy yashash joyidagi tuman hokimligi tomonidan ariza berilgan paytdan e’tiboran uch kun ichida amalga oshiriladi. Dehqon xo’jaligi boshlig’iga yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati hamda davlat ro’yxatidan o’tkazilganlik to’g’risidagi belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Shirkat xo’jaliklari a’zolarining, boshqa qishloq xo’jaligi va o’rmon xo’jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari xodimlarining oilalariga, shunigdek qishloq joylarda yashovchi o’qituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislarning oilalariga dehqon xo’jaligi yuritish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga tomorqa yer uchastkasi imorat va hovli egallagan maydonni ham qo’sh-ganda sug’oriladigan yerlarda 0,35 gektarchaga va sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha o’lchamda, cho’l va sahro mintaqasida va sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlarda 1 gektargacha o’lchamda beriladi.
Fuqarolarga dehqon xo’jaligini yuritish uchun 0,06 gektar doirasida tomorqa yer uchastkalarida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kim oshdi savdosi asosida realizasiya qilinishi mumkin.
Yangi tashkil etilayotgan dehqon xo’jaligi uchun tomorqa yer uchastkasi olish huquqi dan mazkur joyda kamida uch yil mobaynida doimiy yashab kelayotgan shaxslar foydalanadilar (yangi o’zlashtirilayotgan yer maydonlari bundan mustasno).
Dehqon xo’jaligiga ajratilgan yerning chegaralari joyning o’zida yer tuzish xizmati organlari tomonidan mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan rasmiylashtiriladi.
Tomorqa yer uchastkasidan oqilona va samarali foydalanayotgan dehqon xo’jaligiga qishloq xo’jalik mahsuloti yetishtirish va realizasiya qilish, yem ishlab chiqarishni tashkil etish, shunigdek yaylov yaratish uchun qisqa muddatli ijaraga qo’shimcha ravishda yer uchastkalari berilishi mumkin.
Fuqarolarga dehqon xo’jaligi yuritish uchun yer berish yoki yerni realizasiya qilish tartibi O’zbekiston Respublikasining «Yer kodeksi», «Dehqon xo’jaligi» to’g’risidagi va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Dehqon xo’jaligiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan tomorqa yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bo’lishi mumkin emas. Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kredit olish uchun garovga qo’yilishi mumkin.
Tomorqa yer uchastkasining o’lchami va chegaralari faqat dehqon xo’jaligi boshlig’ining roziligi bilan o’zgartirilishi mumkin.
Dehqon xo’jaligiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan tomorqa yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq yer solig’i tariqasida undiriladi.
Dehqon xo’jaliklari uchun suvdan foydalanish limitlari vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.
Dehqon xo’jaligiga beriladigan suvnining sarfini hisobga olish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lash tartibi, shuningdek mazkur soliq bo’yicha imtiyozlar qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Dehqon xo’jaligi tadbirkorlik faoliyatining subyekti tariqasida quyidagi huquqlarga ega:
o’ziga berilgan tomorqa yer uchastkasida dehqon xo’jaligining ishlab chiqarish faoliyatini mustaqil tashkil etish;
yetishtirilayotgan va realizasiya qilinayotgan mahsulotga mustaqil ravishda baho belgilash;
o’zi yetishtirgan mahsulotni, shu jumladan bu mahsulotni iste’molchilarga o’z xohishi bo’yicha realizasiya qilish huquqini tasarruf etish;
xarid etiladigan mahsulotga oldindan haq to’lanadigan fyu’chers bitimlari tuzish;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda foyda olish;
qishloq xo’jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarga sotish uchun va erkin savdoga mo’ljallangan aksiyalarni sotib olish;
o’z mol-mulkini, shuningdek tomorqa yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini, shu jumladan kim oshdi savdosi asosida sotib olingan huquqni garovga qo’yish.
Dehqon xo’jaligi quyidagilarni bajarishi lozim:
tomorqa yer uchastkasidan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanish;
tabiiy obyekt bo’lmish yerga zarar yetkazmaslik;
tomorqa yer uchastkasini asrash, uning unumdorligini saqlash va oshirish yuzasidan sarf- xarajatlar qilish;
yangi berilgan tomorqa yer uchastkasidan, bir yil ichida foydalanishga kirishish;
agrotexnika talablariga, belgilangan rejim, saqlash vazifasi va servitutlarga rioya etish;
dehqon xo’jaligining majburiyatlari va qarzlari bo’yicha tO’la javobgar bo’lish;
xo’jalik a’zolari uchun xavfsiz mehnat sharoitini ta’mishlash.
Dehqon xo’jaligi boshlig’i quyidagi huquqlarga ega:
dehqon xo’jaligi nomidan ishonchnomasiz ish ko’rish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
ishonchnomalar berish;
bankda hisob varaqlar ochish.
Dehqon xo’jaligi boshlig’i dehqon xo’jaligining hamda uning a’zolarining manfaatlarini himoya qilishi, huquqlarini amalga oshirilishini ta’minlashi lozim.
Dehqon ho’jaligi a’zolari:
xo’jalik a’zolari o’rtasidagi shartnoma shartlariga ko’ra birgalikda yoki yakka tartibda foydalaniladigan daromaddan o’z ulushini olish;
davlat ijtimoiy sug’urtasidan o’tkazilish va ijtimoiy ta’minlash, shuningdek tovar qishloq xo’jaligi mahsuloti yetishtirish uchun dehqon xo’jaligida sarflangan ish vaqti O’zbekiston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi xuzuridagi Pensiya jamg’armasiga badallar to’lab borilgan taqdirda mehnat stajiga kiritilishi huquqiga ega.
Dehqon xo ’jaligi:
o’ziga qarashli uy-joylar, xo’jalik imoratlari, qishloq xo’jalik ekinzorlari va ko’chatzorlari, dov-daraxtlar, mahsuldor chorva mollar, parrandalar, qishloq xo’jalik texnikasi, asbob-uskuna va ashyo-anjomlari, transport vositalari, pul mablag’lari, intellektual mulk obyektlariga, shuningdek boshqa mol-mulklarga;
ishlab chiqarish faoliyati natijasida yetishtirilgan mahsulotga;
olingan daromadga (foydaga);
qonunda taqiqlanmagan asosolarda ega bo’linmagan boshqa mol-mulkka mulkdordir.
Dehqon xo’jaligining o’ziga qarashli mol-mulkka bo’lgan mulk huquqi davlat himoyasida bo’ladi.
Dehqon xo’jaligining mol-mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish xo’jalik a’zolarining o’zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Dehqon xo’jaligi mol-mulkni hosil qilish, ko’paytirish, uni ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga olish huquqiga ega.
Dehqon xo’jaligi pul muomalasini yuritish hamda pul mablag’larini saqlab turish va bu mablag’larni erkin tasarruf etish uchun bank muassasasida hisob varaqlar ochish huquqiga ega. Dehqon xo’jaligining hisob-kitob hisob varag’idan mablag’larni faqat uning roziligi yoki sudning qarori bilan hisobidan chiqarish mumkin.
Dehqon xo’jaligining mol-mulki fuqarolik qonun huj-jatlari me’yorlariga muvofiq meros qilib qoldiriladi. Xo’jalikda faoliyatini davom ettirayotgan merosxo’rlar meros huquqi to’g’risidagi guvohnoma berilganlik uchun davlat boji to’lashdan ozod etiladilar.
Dehqon xo’jaligi o’z faoliyati yo’nalishlarini, ishlab chiqarish tuzilishi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi. Dehqon xo’jaligi qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishning qonunlarda taqiqlanmagan har qanday turi, shuningdek qishloq xo’jaligi mahsulotini qayta ishlash va realizasiya qilish bilan shug’ullanishga haqli.
Dehqon xo’jaligi o’zi yetishtirayotgan va realizasiya qilayotgan mahsulot sifatiga oid amaldagi me’yorlar va standartlarga, ekologiyaga, sanitariyaga oid hamda qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan boshqa talab va qoidalarga rioya etishi lozim.
Dehqon xo’jaliklarining xo’jalik faoliyatiga davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, mansabdor shaxslarining aralushuviga yo’l qo’yilmaydi.
Yuridik shaxs tariqasida ro’yxatga olingan dehqon xo’jaligi tashqi iqtisodiy faoliyatini boshqa shakllarda xo’jalik yurituvchi korxonalar bilan teng shartlarda amalga oshiradi.
Dehqon xo’jaligining faoliyati xo’jalik a’zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon xo’jaligidagi muayyan ishni bajarishga boshqa shaxslar mehnat shartnomasi asosida vaqtincha jalb etilishi mumkin.
Dehqon xo’jaligi o’zi yetishtirayotgan mahsulotni realizasiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan ixtiyoriylik asosida xo’jalik shartnomalari tuzish huquqiga ega. Taraflar shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda, qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.
Dehqon xo’jaligi o’z yetishtirayotgan mahsulotga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda baho belgilaydi.
Dehqon xo’jaliklari ixtiyoriylik asosida, shu jumladan ulushli (pay) asosda mahsulot yetishtirish, xarid qilish, uni qayta ishlash va sotish, moddiy-texnika ta’minoti, qurilish, texnikaviy, suv xo’jaligi, veterinariya, agrokimyo, maslahat berish yo’sinidagi va boshqa xil xizmat ko’rsatish
bo’yicha kooperativlarga (shirkatlarga), jamiyatlarga, ittifoqlarga, uyushmalarga va boshqa birlashmalarga birlashish, kirish huquqiga ega.
Dehqon xo’jaligidan yer solig’i tomorqa yer uchastkasining sifatiga, joylashgan manziliga va suv bilan ta’minlash darajasiga qarab, uning kadastr bahosini hisobga olgan holda belgilanadigan miqdorda undiriladi.
Birinchi marta tomorqa yer uchastkasi olgan dehqon xo’jaligi davlat ro’yxatiga olingan paytdan e’tiboran ikki yil muddatga yer solig’i to’lashdan ozod qilinadi.
Yuridik shaxs tashkil etgan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari faoliyatni amalga oshirish uchun kredit olishlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki va pul mablag’larini ixtiyoriylik asosida va shartnoma shartlarida, shu jumladan dehqon xo’jaliklarini kreditni uzishning zarur garov, sug’urta hamda boshqa kafolatlarini ta’minlangan holda imtiyozli kreditlashga jalb etishlari, shuningdek xususiy kichik tadbirkorlik uchun belgilangan imtiyozlarning barcha turlaridan foydalanishlari mumkin.
Dehqon xo’jaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Dehqon xo’jaligi o’ziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xo’jaligi ekinzorlarining (ko’chatzorlarining), ko’p yillik dov-daraxtlarning, yetishtirilgan mahsulotning, xomashyoning, materiallarning yo’qotilishi (nobud bo’lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun o’zining javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sug’urta qildiradi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda sug’urta tovoni oladi.
Davlat qishloq xo’jaligi mahsuloti yetishtirish va uni realizasiya qilish bilan shug’ullanuvchi dehqon xo’jaliklarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi. Davlat organlari dehqon xo’jaligini rivojlantirish va mustahkamlashga ko’maklashadilar.
|
| |