16
shakllanishi animizm, totemizm, fetishizm va shama-
nizm kabi bosqichlarda yuzaga kelganini ta’kidlaydilar.
Animizm. Qadimgi odamlar atrofdagi dunyoda hay-
vonlar, o‘simliklar, tabiat hodisalari kabi har narsaning
joni, ya’ni ruhi mavjud deb tasavvur qilganlar. Qadim-
gi Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan af-
sonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan yer, olov, o‘rmon, suv,
tog‘ va uyning odamsimon «ruhlari» ham shundan kelib
chiqqan.
Jumladan, daraxtga sig‘inish ham animizmning bir
turi hisoblanadi. Shu sababli bo‘lsa kerak, «Hayot da-
raxti» mavzusi O‘zbekiston xalq hunarmandchiligi-
da muhim o‘rin tutadi. Xalqlarda insonning jismoniy
o‘limidan so‘ng uning ruhi yashab qolishiga bo‘lgan
ishonch va e’tiqod dafn etish bilan bog‘liq qator maro-
simlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Totemizm. Ibtidoiy jamoalar qavm-qarindoshlik aso-
siga qurilgan. Odam ijtimoiy munosabatlarning ushbu
ko‘rinishini tashqi muhitga – tabiatga ham ko‘chirgan.
Urug‘ning jonivorlar va o‘simliklar olami bilan aloqasi-
ni ular bilan qondoshlik alomati deb tushunilgan.
1938-yili Surxondaryo viloyati Boysuntog‘ tog‘lari-
dagi Teshiktosh g‘oridan topilgan neandertal bola qabri
hozirgi O‘zbekiston hududidagi totemizm e’tiqodiga
aloqador eng qadimiy yodgorliklardan biridir. Bolani
ko‘mishdan avval uning atrofi tog‘ echkisi – arxarning
shoxlari bilan o‘ralgan, bu uning totem jonivor bilan
bog‘liqligi to‘g‘risidagi taxminni ilgari surish imkonini
beradi.