233
28-29-mavzu. Ilmiy -tadqiqot matnini yaratish.
Iqtibos keltirish. Parafraza
Nazariy ma’lumot.
Ilmiy ishni yozish haqida
Mavzuning ilmiy-metodik adabiyoti o‘rganilib,
ishlab chiqiladi, mavzu
bo‘yicha faktik material to‘planib, dastlabki tasnif amalga oshiriladi. Shu bilan
ilmiy ish olib borishga tayyorgarlik bosqichi asosan tugab, bevosita ilmiy ishning
o‘zini yozish bosqichi boshlanadi.
Ma’lumki, ilmiy tadqiqot mavzusi tanlanganidan keyin ilmiy ishning xomaki
rejasi tuziladi. Mavzuning ilmiy-metodik adabiyoti sinchiklab o‘rganilganidan
keyin, bu xomaki rejaga turli-tuman o‘zgarishlar kiritiladi. Mavzu bo‘yicha
to‘plangan faktik materialning dastlabki tasnifi ham ish rejasiga o‘zgartirish
kiritish lozimligini ko‘rsatishi mumkin. Ana shunday o‘zgarishlardan keyin
bajariladigan ilmiy ishning mazmun-mundarijasi ancha oydinlashadi.
Ilmiy-tadqiqot ishi, odatda, kirish, asosiy qism, xulosa,
foydalanilgan
adabiyotlar ro‘yxati, mundarija qismlaridan iborat bo‘ladi; mavzuning tabiatiga
qarab ilova qismi ham beriladi.
Ilmiy ishni yozish odatda "Kirish" qismini yozish bilan boshlanadi. Ilmiy
ishning "Kirish" qismi ikki bo‘limdan tarkib topadi:
1. Ishning umumiy tavsifi. 2. Mavzuning o‘rganilish darajasi (ilmiy -metodik
adabiyotlarga tavsif). Ishning umumiy tavsifi bo‘limida mavzuning dolzarbligi
asoslanadi, tadqiqotning maqsadi va vazifalari kabi bir qancha masalalar qisqa
tarzda bayon qilinadi.
"Kirish" qismining ikkinchi bo‘limida dissertatsiya mavzusi bo‘yicha
o‘rganib chiqilgan ilmiy-metodik
adabiyotlarga tavsif beriladi, ularning yutuq va
kamchiliklari tahlil qilinadi. Adabiyotlarga munosabat xronologiyani saqlab
bildiriladi, shunda mavzuning o‘rganilish darajasi bosqichma-bosqich ochiq
234
ko‘rinadi. Adabiyotlarda aytilgan fikr-mulohazalarga xolisona yondashib baho
berish kerak.
Tadqiqot ishining asosiy qismi mavzuning tabiatiga qarab turlicha bo‘ladi. Bu
qismning boshlanishida ilmiy ish qanday boblarga bo‘lingani
qisqa izohlanadi,
so‘ngra sarlavhalar ostida har bir bobning matni boshlanadi. Mavzuning tabiati
talab qilsa, dissertatsiya avval yirik bo‘limlarga ajratilib, keyin bu bo‘limlar
boblarga ajratiladi. Boblar o‘z navbatida turli sarlavhalar bilan qismlarga ajratiladi,
bular o‘z navbatida yana kichik sarlavhalar bilan ajratilishi mumkin. Shundan
keyingi bo‘linishlar raqamlash orqali amalga oshiriladi.
Ilmiy ishning asosiy qismi oldiga qo‘yiladigan talablardan biri - ajratiladigan
bo‘limlar, boblar, sarlavhalar mazmunan asosli bo‘lishi, izchil joylanishi, hajman
ham mumkin qadar mutanosib bo‘lishi kerak.
Xulosalar ikki turli bo‘ladi: 1) Ilmiy ishning har bir bobi o‘z xulosalari bilan
yakunlanadi; 2) Ilmiy ishning oxiriga umumiy xulosalar chiqariladi. Shuni hisobga
olib, muhim xulosalarni boblar oxirida bermay, dissertatsiya oxiridagi xulosalarda
berish lozim. Xulosalar lo‘nda, aniq va ishonarli
bayon qilinishi zarur; bu yerda
ortiqcha so‘zga o‘rin yo‘q. Xulosalar odatda raqamlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatini tuzish alifbo tartibida amalga oshiriladi:
avval birinchi harfi asosida, birinchi harfi bir xil bo‘lsa, ikkinchi harfi asosida,
bular ham bir xil bo‘lsa, uchinchi harfi asosida va hokazo joylanadi. Bir avtorning
bir necha asari ham odatda alifbo tartibida joylanadi.
"Foydalanilgan adabiyotlar" qismidan keyin (agar "Ilova" qismi bo‘lmasa)
"Mundarija" joylanadi. "Mundarija"ni ilmiy ishning boshlanishida (sarlavhasidan
keyin) joylash ham uchraydi. Mundarija dastlab tuzilgan ish rejasini hisobga olgan
holda ilmiy ishning amalda ajratilgan bo‘lim, bob, sarlavhalari asosida tuziladi.
Mundarijada eng yirik bo‘limlarning nomi katta harflar bilan,
ikkinchi darajali
sarlavhalar kichik qora harflar bilan, uchinchi darajali sarlavhalar och kichik
harflar bilan hoshiyadan boshlab yoziladi. Mundarijada qo‘yilgan sahifa raqamlari
ishning shu sarlavhalar aks etgan sahifalariga mos bo‘lishi lozim.
235
Mavzuning tabiatiga qarab ilmiy-tadqiqot ishida "Ilova" qismi ham berilishi
mumkin. Bunday qism mundarijadan oldin joylashadi. Masalan, dissertatsiya
leksik polisemiyani yoritishga bag‘ishlangan bo‘lsa, ishda tahlil qilingan ko‘p
ma’noli leksemalarning sememalar tizimini aks
ettiruvchi izohlar jamlanib, turli
chizmalar tarzida ilova qilinishi mumkin.
Ilmiy tadqiqotning barcha qismlari yozib bo‘linganidan keyin ilmiy ish matni
bir butun holda maxsus kuzatilib, yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar bartaraf qilinadi. Agar
zid fikrlar aks etib qolgan bo‘lsa, shulardan to‘g‘risi saqlanib, noto‘g‘risi
o‘chirilishi va matnning boshqa zarur o‘rinlariga ham bir vaqtning o‘zida
o‘zgartirishlar kiritilishi lozim. Zarur o‘zgarishlar birvarakayiga kiritilmasa, keyin
xotiradan ko‘tarilib, natijada zid fikrlarning izlari saqlanib qoladi va bu holat ilmiy
ishning mazmun-mohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ilmiy ish matnini uslubiy jihatdan ham sinchiklab kuzatish kerak: fikr
bildirishda, so‘z ishlatishda, qo‘shimcha ishlatishda voqe bo‘lgan qaytariqlarni,
uslubiy g‘alizliklarni bartaraf qilish lozim. Ilmiy ishning matni barcha kamchilik-
nuqsonlardan holi qilinganidan keyingina, uni taqriz uchun topshiriladi.