160
Ko‘z – tashqi (oqsil parda-sklera, o‘rta tomirli parda, ichki-to‘r parda), ichki
(ko‘z ichi suyuqligi, gavhar, shishasimon tana) qismlarga bo‘linadi. Sklera yoki oq
pardaning bir qismi qovoqlar ostidan ko‘rinib turadi. Orqa qismidan esa teshikcha
bo‘lib, undan asab tolalari o‘tadi. Sklera ham shox pardaga, ham oqsil pardaga
chegaradosh. Shox pardada qon tomirlar bo‘lmaydi, lekin u “optika”ning eng zarur
elementlaridan biridir. Shox parda hamda rangdor pardaning o‘rtasida kichkina
bo‘shliq mavjud bo‘lib, bunga ko‘zning oldi kamerasi deyiladi. Rangdor parda
bilan gavharning o‘rtasidagi bo‘shliqqa orqa kamera deyiladi. Har bir ko‘ruv
nervida bir millionga yaqin asab tolalari bor.
Rangdor pardada radial va halqa shaklidagi muskullar joylashgan bo‘lib,
halqasimon muskullar qisqarganda ko‘z qorachig’i torayadi, radial muskullar
qisqarganda esa qorachiq kengayadi. Ko‘z soqqasining ichki, ya’ni to‘rsimon
pardasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, uning orqa qismida yorug’likni, ranglarni
qabul qiluvchi retseptorlar joylashgan. Ular maxsus nerv hujayralari bo‘lib,
tayoqcha va kolbacha shaklidadir. Ko‘z soqqasining to‘rsimon pardasida 100
milliondan ortiq tayoqchasimon retseptorlar bo‘lib, ular yorug’lik kamayganda
yoki tun vaqtida qo‘zg’aladi.