Suyuqlik to’yingan bug’ining bosimi.
Suyuqlikning berilgan haroratda erkin bug’lanishi yopiq idishdagi bo’shliqni to’yinish holatigacha to’ldirish uchun kerak bo’ladigan bosim suyuqlik to’yingan bug’ning bosimi deyiladi.
Shunga asosan suyuqlik to’yingan bug’ning bosimi bug’ning yopiq idish ichida suyuqlik bilan muvozanatlashgan holatiga tegishli barqarorlashgan bosimidir. Bu bosim suyuqliklardan yuqori haroratda foydalanish mumkinligini va ularning turli gidravlik qurilmalar, gidrosistemalardagi kavitatsiya xossasini aniqlash uchun foydalaniladi. Suyuqliklarning bug’lanishi sirt bo’yicha ham, uning butun xajmi bo’yicha bug’ pufakchalari hosil bo’lishi (qaynashi) yo’li bilan ham yuz berishi mumkin. Bunda ikkinchi hol, xoxlagan haroratda yuz beradigan sirt bo’yicha bug’lanishdan farqli ravishda, faqat ma’lum haroratda, ya’ni to’yingan bug’ bosimi suyuqlik sirtidagi bosimga teng bo’ladigan haroratda yuz beradi. Bosim ortishi bilan qaynash harorati ortadi, kamayishida esa kamayadi.
Bir jinsli suyuqliklarda to’yingan bug’ bosimi har bir harorat uchun bir xil miqdorga ega bo’ladi, suyuqlik va bug’ning miqdori nisbatiga bog’liq bo’lmaydi.
Suyuqlik aralashmalaridan esa suyuqlikning tarkibidagi turli molekulalar o’zaro ta’siri bug’lanishni qiyinlashtiradi. Bu holda aralashma bug’larida yengil bug’lanuvchi suyuqlik bug’larining nisbati, uning ayrim holatidagi bug’lariga qaraganda ko’proq bo’ladi. Bu holda umumiy bug’ bosimi partsial bug’ bosimlar yig’indisiga teng.
Shunday qilib, aralashmalar bug’langanda suyuq fazoda yengil komponent kamayib boradi, ya’ni yengil komponent suyuq fazadagiga nisbatan bug’ fazada ko’proq nisbatda bo’ladi.
Gazlarning suyuqlikda erishi. Kavitatsiya hodisasi haqida tushuncha.
Tabiatda va texnikada suyuqlik unda havoning tarkibidagi gazlar oz miqdorda erigan holda uchraydi. Bosim ortishi yoki harorat kamayishi bilan erigan gazlar miqdori ortadi va aksincha, bosim kamayganda yoki harorat ortganda ularning miqdori kamayadi. Shuning uchun bosim kamayishi yoki harorat ortishi bilan suyuqlikdagi erigan gazlarning bir qismi ajralib chiqib, pufakchalar hosil qiladi, ya’ni yuqorida aytilganga ko’ra bosim kamayganda suv ham bug’lanadi, lekin yengil komponent sifatida erigan gazlar tezrok ajralib chiqib, pufakchalar hosil qiladi. Boshqacha aytganda-bu holat suyuqlikdagi bosimning undagi gazning to’yingan bug’lari bosimiga teng bo’lganda vujudga keladi. Gaz pufakchalari paydo bo’lishi bilan suyuqlikning tutashligi buziladi va tutash muhitlarga ta’luqli qonunlar o’z kuchini yo’qotadi. Bu hodisa kavitatsiya deyiladi. Pufakchalar suyuqlik ichida past haroratli yoki yuqori bosimli sohalar tomonga qarab harakat qiladi. Agar u yetarli darajada bosimga ega bo’lgan sohaga kelib qolsa, yana erib ketadi (agar bug’ bo’lsa kondensatsiyalanadi). Erigan gaz o’rniga paydo bo’lgan bo’shliqka suyuqlik zarrachalari intiladi va bo’shliq keskin yopiladi. Bu esa hozirgina bo’shliq bo’lgan yerda gidravlik zarbani vujudga keltiradi va natijada bu yerda bosim keskin ortib, harorat keskin kamayadi.
Bunday gidravlik zarba va uni vujudga keltirgan kavitatsiya hodisasi Quvur devorlari va mashinalarning suyuqlik harakat qiluvchi qismlarining buzilishiga olib keladi.
|