shakllar.
Jahon pedagogika fani va amaliyotida ta’limni tashkil etishning turli shakllari bor. Jamiyat rivojining har bir yangi bosqichi ta’limni tashkil etishga o’z ta’sirini o’tkazadi.
Ayni vaqtda ta’limning quyidagi shakllari ajratilib ko’rsatiladi:
individual;
individual-guruhli;
sinf-dars;
ma’ruza-seminarli;
sinfdan tashqari;
auditoriyadan tashqari;
maktab va maktabdan tashqari.
Ulardan ta’lim oluvchilarni qamrab olishi, ta’lim oluvchilar faoliyatini tashkil etishi, jamoaviy va individual shakllarining nisbatlari, mustaqiligi darajasi va o’qish jarayoniga rahbarlik qilish xususiyatlari kabi belgilariga ko’ra quyidagi asosiy turi iste’molda foydalanib kelinmoqda:
individual;
individual-guruhli;
sinf-dars;
Qadim zamonlarda mavjud bo’lgan o’qitishning eng qadimgi shakli individual ta’lim hisoblanadi. Bu orqali hayotiy tajribalarni ajdodlardan-avlodlarga uzatish ibtidoiy jamiyatdayoq yuzaga kelgan edi. Yozuv paydo bo’lishi bilan qavm boshlig’i turli belgilar yordamida o’zining tajribalarini keyingi avlodga uzatgan. Ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilarning bevosita va individual aloqasiga hozirda misol sifatida repetitorlikni ko’rsatish mumkin. Ta’limni tashkil etishning individual shakli antik davr va o’rta asrlarda yagona usul bo’lgan, undan ba’zi mamlakatlarda XVIII asrgacha keng foydalanib kelingan.
Individual ta’lim bir qator afzalliklarga ega. Shuning uchun bu usulni bizning davrimizgacha repititorlik shaklida saqlanib qolgan. Uning ustunligi o’quv faoliyati mazmuni, metodi va suratini to’la individuallashtirish, aniq bir masalani hal etishda uning har bir harakati va operatsiyalarini kuzatib borishga imkon berishdan iborat. Individual ta’lim beruvchining yuqori pedagogik malakaga ega bo’lishini talab etadi.
Individual ta’limning kamchiliklari: vaqtning tejamli emasligi; ta’lim beruvchi ta’sirining cheklanganligi. (Bunda ta’lim beruvchining vazifasi ta’lim beruvchiga topshiriq berish va uni tekshirishdan iborat bo’ladi); boshqa ta’lim oluvchilar bilan hamkorlikda ishlash imkoniyati cheklanganligi (bu ta’lim oluvchining yoki ta’limning ijtimoiylashishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi); jamoada ishlash tajribasini shakllanmasligi va shu kabilardan iboratdir.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish natijasida XVI asrdan boshlab ta’limning individual-guruhli shakli paydo bo’ldi. Bu ta’lim turidan XVI asrga kelib Evropada keng foydalana boshlandi. Markaziy Osiyo davlatlarida bu ta’lim turidan qadim davrlarda ham foydalanganlar. Bunga Avesto davri misol bo’la oladi. Bu davrda ta’lim oluvchilar uchun asosiy o’quv qo’llanma zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” (Eramizdan avvalgi VII-XVI asrlar) bo’lib kelgan. Avesto davri jamiyatidagi maktablarda individual o’qitish jamoaviy o’qitish bilan birga olib borilar edi. Ta’lim beruvchi “Avesto” kitoblaridan birini ochadi va ta’lim oluvchilar navbatma- navbat kelib ovoz chiqarib o’qiydilar, keyin esa hamma birgalikda o’qilganni takrorlaganlar, mashqlarni maxsus taxtachalarda
yozganlar. Aqliy mashqlar ta’lim beruvchining ta’lim oluvchi bilan erkin suhbati davomida olib borilgan.
XI asrdayoq Abu Ali ibn Sino o’zining “Tadbiri manzil” nomli ilmiy asarining maxsus “Amuzish va parvarishi modrasas farzand ” (“Bolalarni maktabda o’qitish va tarbiyalash”) bo’limida ta’lim oluvchilarga jamoaviy o’qitish haqida quyidagi tavsiyalarni beradi:
agarda ta’lim oluvchilar birgalikda o’qisalar, ular zerikmaydilar, fanni o’rganishga qiziqish kuchayadi; ularda bir- birlaridan ortda qolmaslik uchun o’zaro musobaqalashish istagi rivojlanadi, ular bolaning o’qishi yaxshilanishiga yordam beradi.
o’zaro suhbatlarda ta’lim oluvchilar kitobdan o’qish yoki kattalardan eshitgan qiziqarli ma’lumotlarni bir-birlariga aytib beradilar.
bolalar birgalikda yig’ilganlarida bir-birlari bilan do’stlashadilar va bir-birlarini hurmat qiladilar; ular faqatgina musobaqalashmaydilar; balki bir-birlariga o’quv materiallarini o’zlashtirishda yordam beradilar; bu bilan bolalar mag’rurlanadilar, bir-birlaridan yaxshi odatlarni o’rganadilar [Rahimov S.R. Abu Ali ibn Sinoning psixologik-pedagogik qarashlari.-Toshkent: O’qituvchi, 1987.-103 b].
Burhoniddin Zarnuji (XII asr) “Bilim olish yo’lida o’quvchiga maslahatlar” nomli o’zining ilmiy asarida dars olib borish bo’yicha tavsiyalar beradi. uning ko’p yillik dars o’tish tajribalari asosida mazkur ilmiy asar yaratilgan va XX asrgacha o’ziga xos pedagogika darsligi sifatida Markaziy Osiyo madrasalarida foydalanib kelingan. Asarda maktabda dars tahminan bir soatlar davom etishi kerakligi yoziladi. Ta’lim beruvchi maktabda darsga tushunish va o’zlashtirish mumkin bo’lgan o’quv materiallarini tanlab olishi, darsda o’rganiladigan materiallarni tushuntirib berish kerak. O’quv materialini Shunday tanlash kerakki, u ikki marotaba takrorlanganda o’zlashtirilsin. Shuning uchun u katta matnlarni qismlarga bo’lish va boshqa darslarda uni albatta takrorlashni taklif etadi.
XV asrda jamoaviy o’qitishni tashkil etish g’oyasini Muhammad Tarag’ay Mirzo Ulug’bek davom ettiradi. U o’zining madrasalarida individual mashg’ulotlar tizimini bekor qiladi va jamoaviy sinf-dars tizimiga yaqin bo’lgan shaklni joriy qiladi. Umumiy ma’ruzani 50-70 nafar kishidan iborat katta guruhga odatda, o’z sohasida mashhur bo’lgan olim mudarris (o’qituvchi - professor) o’qiydi, amaliy
mashg’ulotlarni esa 10-15 kishidan iborat kichik guruhga kichik mudarris (o’qituvchi) olib boradi.
O’sha paytdagi ta’limning asosiy metodlari munozara va tortuvshuvlar hisoblangan. Samarqand madrasalarida ma’ruzalarni allomaning o’zi va Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad Ali qushchi, Avaz Karmani va boshqa shu kabi mashhur olimlar o’qiganlar.
Muhammad Tarag’ay Ulug’bek va uning izdoshlari tomonidan matematika (algebra, geometriya, triganometriya), metofizika, astranomiya, geografiya, tarix va shu kabi fanlardan yangi darsliklar yaratildi. Bu darsliklar oddiy va tushunarli shaklda yozilgan.
Mazkur ta’lim tizimida ham o’ziga xos salbiy tomonlar bo’lgan, ya’ni jamoaviy usulda XX asr maktablarida mashhur bo’lgan guruhli- labaratoriya metodida bo’lgani kabi o’zlashtirishni individual xususiyati hisobga olinmagan. Yaxshi o’zlashtirmagan ba’zi ta’lim oluvchilar ham ilg’orlar qatorida bir qo’llanmani o’rganishdan boshqasini o’rganishga o’z-o’zidan o’tavergan, kerakli bilimni egallay olmagan holda madrasani bitirib chiqadilar.
Ta’lim individual-guruhli shaklida ta’lim beruvchi mashg’ulotlarni bir ta’lim oluvchi bilan emas, balki tayyorlik darajasi turlicha bo’lgan turli yoshdagi bolalar guruhi bilan olib boradi. Bunda ta’lim beruvchi navbat bilan har bir ta’lim oluvchidan o’tilgan materialni so’raydi, yangi mavzuni (materiallarni) tushuntiradi, mustaqil ishlashi uchun individual topshiriqlar beradi, boshqa ta’lim oluvchilar o’z ishlari bilan shug’ullanadilar. O’qishni bunday tashkil etishda, ta’lim oluvchilar mashg’ulotlarga yilning turli davrlarda hamda kunning turli vaqtlarida kelishlari mumkin bo’lgan.
XV-XVI asrlar davomida Evropada ishlab chiqarishning rivojlanishi kuzatildi va uning natijasida ta’lim berishning ommaviy shakli yuzaga keldi. Ulardan biri ta’lim oluvchilarni o’qitishning guruhli (jamoali) turi deb ataladi. Ular g’arbiy Rossiya (Hozirgi Belorussiya va Ukrainaning g’arbiy qismlari) dagi birodarlik maktablarida ilk bor qo’llanilgan va undagi o’qish sinf-dars shaklining asosi bo’lgan. Bu tizimlar XVII asrda Yan Amos Komenskiy tomonidan “Buyuk didaktika” asarida nazariy jihatdan asoslab berildi va ommalashtirildi. Olim pedagogikaga o’quv yili, o’quv kuni, dars mashg’ulotlari orasidagi tanaffus, o’quv ta’tillari kabi tushunchalarini kiritgan.
|