XULOSA VA TAVSIYALAR
Ushbu bitiruv malakaviy ishida aloqa operatorlari va internet provayderlar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, aloqa xizmatlari samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida hozirgi kunda ularning manfaatlari sug‘urtalanganlik darajasi, respublikada sug‘urta bozorining hozirgi holati va imkoniyatlari, rivojlangan chet davlatlarda sug‘urta munosabatlarining tashkil etilish tamoyillari o‘rganildi. Tahlillarning asosiy maqsadidan kelib chiqqan holda respublikada sug‘urta sohasining rivoji, sug‘urta kompaniyalarining iqtisodiy ko‘rsatkichlari, OAJ “ALSKOM” sug‘urta kompaniyasining ko‘rsatkichlari, sug‘urta turlari tahlil qilindi va “O‘zbektelekom” AKning “Uzmobile” hamda “Biznesni rivojlantirish markazi” filiallari misolida sug‘urta munosabatlari o‘rganib chiqildi, aloqa sohasida sug‘urta munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Bitiruv malakaviy ishining kirish qismida ish mavzusining dolzarbligi asoslab berildi, mavzuning ilmiy jihatdan tadqiq etilganlik darajasi aniqlandi, ishning asosiy maqsadi va vazifalari, uslubiy asoslari belgilab berildi.
Bitiruv malakaviy ishining birinchi bobida sug‘urta munosabatlarning iqtisodiy mohiyati, ularga bo‘lgan zarurat, sug‘urtaning vazifalari, turlari, sug‘urta bozori va uning professional qatnashchilari, aloqa operator va internet provayderlari faoliyati, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, iqtisodiy ko‘rsatkichlari, mulkiy manfaatlarini sug‘urtalash zarurligi ochib berilgan.
Bitiruv malakaviy ishining ikkinchi bobida O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari, ularning sug‘urta bozoridagi o‘rni, yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari va sug‘urta to‘lovlarining tahlil, sug‘urta kompaniyalarining ustav fondlari miqdori, OAJ “ALSKOM” sug‘urta kompaniyasining sug‘urta turlari, iqtisodiy ko‘rsatkichlarining tahlili, “O‘zbektelekom” AK “Uzmobile” va “Biznesni rivojlantirish markazi” filiallari sug‘urta munosabatlarda qatnashganligi aks ettirildi.
Bitiruv malakaviy ishining uchinchi bobida chet davlarlarda sug‘urta munosabatlarini tashkil etilganligi, sug‘urta kompaniyalarining axborot – kommunikatsiya sohasini sug‘urtalash bilan shug‘ullanishi, sug‘urta turlari haqida ma’lumot berildi hamda aloqa sohasida sug‘urta munosabatlarini rivojlantirishda amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bitiruv malakaviy ish bo‘yicha amaliy tavsiyalar quyidagilardan iborat:
-
Tahlil natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda axborotlashgan jamiyat shakllanayotgan davrda aloqa xizmatlari samaradorligi, sifatini oshirish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida sug‘urta munosabatlarining keng imkoniyatlaridan foydalanish va axborot risklarini sug‘urta qilishni takomillashtirish va ularni baholash uchun me’yoriy hujjat ishlab chiqish taklif etildi.
-
Aloqa korxonalarida aloqa vositalardan foydalanishda xodimlarning kasbiy javobgarlik sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta turini joriy qilish taklifi kiritildi
-
Aloqa sohasida axborot ishlab chiqarishdagi va xizmat ko‘rsatishdagi barcha electron uskunalarni, shuningdek, aloqa uskunalarini ya’ni terminallarini sug‘urtalashni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritildi.
Ushbu ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarning amalga oshirilishi aloqa xizmatlari samaradorligini ortishiga, xususan, innovastion jarayonlarning tezlashishiga, qo‘shimcha xizmat turlarining joriy etilishiga, aloqa operator va internet provayderlar xizmatiga bo‘lgan ishonchning ortishiga, nufuzining ko‘tarilishiga va milliy iqtisodiyotimizda yaratilgan sug‘urta imkoniyatlaridan kengroq foydalanishga zamin yaratadi.
|