3.4. Qofiya ayblari
Qofiya ayblari to‘rttadir va bular: iqvo25, ikfo26, sinod27, iyto28dan iborat.
XV asrda yashab ijod etgan fors ijodkorlaridan Abdurahmon Jomiy o‘zining “Risolayi qofiya” asarining VII faslini qofiya ayblariga bag‘ishlaydi. U ham qofiya ayblarini to‘rtta deb keltiradi va iqvo, iyto, sinod va ikfo turlarini sanab o‘tadi.
Har bir sohaning o‘ziga xos jihatlari bo‘lganiday, qofiya ilmi ham ijodkordan ba’zi bir ayro jihatlarni talab qiladi. Xususan, sharq, arab, fors-tojik hamda turkiy adabiyotimiz namunalarini kuzatganimizda shoirlarimiz o‘z asarlarida qofiyaning o‘ziga xos jihatlariga alohida e’tibor berganliklarining guvohi bo‘lamiz. Qofiya talablarida, eng avvalo, qofiyalanuvchi so‘z asosiy mazmunni tashiy olishi, asar g‘oyasini to‘la yoritishi, ohangdorlik xususiyatiga ega bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Bu xususiyatlar to‘la-to‘kis qofiya talablarini bajarmaydi. Yana bir jihat borki, qofiya tuzilishi jihatidan ham ma’lum talablarga javob berishi lozim bo‘lgan.
Yuqorida ta’kidlangan qofiyaning tuzilishiga ko‘ra talablarida quyidagicha holat ko‘proq e’tiborga olinadi, ya’ni birinchidan o‘zaro qofiyalanayotgan so‘zlar bir xil raviy bilan ifodalanishi lozim. Agar birinchi qofiyalanuvchi so‘z “n” raviysi bilan yakunlangan bo‘lsa, unda ikkinchisi ham aynan shu harf asosiga qurilishi kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, raviydan oldin joylashuvchi harflar ham bir-biriga mos kelishi lozim. Masalan yuqorida qofiyalanuvchi so‘zning “n” raviysi bilan yakunlanishini misol sifatida keltirdik. Xuddi shunday, “n” raviysidan oldin ifodalanayotgan unli “o” deb faraz qiladigan bo‘lsak, keyingi unli ham aynan shu harf asosiga qurilishi lozim. Chunki bu kabi qofiyalangan so‘z mumtoz she’riyatimizdagi murdaf qofiya turini hosil qiladi. Uchinchidan, qofiyaning muqayyad qofiya turida o‘zaro qofiyalangan so‘zlar qator undosh bilan ifodalanadi. Masalan, “baxt-taxt” so‘zlarini misol sifatida keltiramiz. Bunda “t” undoshi raviy, undan oldingi “x” esa qayd hisoblanadi. Aynan qaydli qofiya turning o‘ziga xos talabi, qaydni ifodalagan harflarning ham o‘zaro muvofiq kelishiga qaratilgan. Bu kabi asosiy talablardan tashqari qofiyaning biz e’tirof etgan qismlaridan bo‘lak boshqa harflari ham qofiyalarda bir-biriga uyg‘un holda kelishiga ahamiyat berilgan.
Tabiiyki, qofiya tuzilishining bu kabi alohida e’tirof etilgan talablarini bajara olmaydigan she’rlar o‘z davrida qattiq tanqid ostiga olingan. Yana bir jihat borki, mumtoz she’riyatimizdagi bir qancha nuqsonlar XV asrgacha bo‘lgan she’riyatimiz namunalarida ko‘plab kuzatilgan. Biz bu kabi holatlarning asosiy sabablari sifatida o‘sha davrda vaznning turlariga, qofiya qo‘llash mahoratiga alohida talablar yoki cheklovlar qo‘yilmaganligidan bo‘lsa kerak deb fikr yuritdik. Ayni shu savolga olimlarimizning asarlaridan javob qidirganimizda ham Anvar Hojiahmedov tomonidan fikrimiz tasdiqlanganining guvohi bo‘ldik. Mumtoz she’riyatimiz bu kabi nuqsonlar bilan qotib qolgani yo‘q. XV asrdan keyingi davr she’riyatini ko‘zdan kechirganimizda biz yuqorida aytib o‘tgan saktaliklarning keskin kamayganligining guvohi bo‘lamiz.
Qofiya qo‘llashdagi ayblar haqida gapirar ekanmiz, bir holatni chetlab o‘tish aslo mumkin emas, Ya’nikim, XV asrgacha bo‘lgan she’riy asarlarda qofiya ayblari ko‘proq ko‘zga tashlangan va bu saktaliklar, asosan, kichik hajmli she’riy asarlarda ham kuzatilganligi uchun bu katta kamchilik sanalgan. Ammo shuni aytib o‘tish joizki, doston – bu hajm jihatdan anchagina yirik asar. Unda tasvirlanayotgan fikrlar va voqealar izchillikni talab etadi. Shunday bo‘lgandan so‘ng mazmundagi izchillikni ta’minlash maqsadida, ba’zi hollarda qofiya ayblariga yo‘l qo‘yilishi tabiiy holatdir. Mazmunni ifodalashda birinchi baytda qo‘llanilgan qofiyaga undan ko‘p ham farq qilmaydigan, ham ohang jihatdan mutanosib, ham mazmunda hech qanday g‘alizlikka yo‘l qo‘ymaydigan ikkinchi qofiyani topib qo‘yishning o‘zi, nazarimizda, ijodkordan katta mahoratni talab qilgan.
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida ham kamdan kam holatlarda qofiya ayblariga duch kelish mumkin. Lekin shoir bunday o‘rinlarda qofiyalarni qo‘llash borasida haqiqiy mahoratini namoyon etgan. “Hayrat ul-abror” dostoni didaktik ruhdagi asar bo‘lganligi uchun va asarda maqolat va hikoyatlar navbat bilan joylashganligi uchun qofiya tanlash yana ham murakkablik kasb etganligi aniq. Qofiya ayblarining har birini izohlab, shu bilan birga, bunda Navoiy ustalik bilan so‘z qo‘llash mahoratini namoyon etganligiga dalillar keltirib o‘tamiz.
Ma’lumki, arab, fors-tojik va turkiy she’riyatda qofiyani yuzaga keltirishda yuz beradigan ma’lum bir xatoliklar alohida o‘rganilgan va ular ham o‘z navbatida nomlangan. Biz ulardan eng muhimlari deb yuritilgan to‘rtta – ikfo, sinod, iqvo hamda iyto turlari yuzasidan to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Ikfo – qofiyalangan ikki so‘zning raviy harfi bir-biridan farqlansa, ya’ni ohangdoshlik kasb etmasa, ushbu turdagi xatolikni yuzaga chiqaradi.
Masalan, “nomsiz – nishonsiz” so‘zlarining qofiyalanish jihatiga e’tibor berilsa, ikki so‘zning asosi “nom – nishon” ekanligining guvohi bo‘lamiz. Qo‘shimchadan ayro holda qo‘llanilganda ular hech qanday muvofiq – ohangdosh emas, balki ikkisi ikki xil ohangni talab qiladi. Xuddi shu kabi qofiya ayblari ikfo atamasi bilan yuritilgan. Abdurahmon Jomiy bu ayb haqida shunday yozadi: “Ikfo deb raviy harfining o‘zgartirilishi aytilur, bunda talaffuzda yaqinlik kuzatiladi, ehtiyot va e’timod kabi. Va shu kabi arab va ajam harflarini jam qilmoq ham chunonchi rag va sagni shak va hakka, chapni tarabga va kajni gazga va pochani xojaga qofiyadosh qilish ham shu jumladandir. Va bu bag’oyat noma’qul ishdur”. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida bu holat deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Diqqat bilan qofiyalarni o‘rganib chiqish asnosida dostonda ikfo nihoyat darajada kam uchragani aniqlandi:
Kim iki hamdamni qarin anglasa,
Vasl evida ayshguzin anglasa. (HA)
Ushbu baytda qarin-ayshguzin so‘zlari qofiya sifatida tanlangan, anglasa so‘zi radif. Qarin-ayshguzin so‘zlarining qo‘shimchasi asos qismi qar-ayshguz. Ikkala so‘zga ahamiyat beradigan bo‘lsak, qar so‘zida raviy harfi “r”, ayshguz so‘zida esa “z”, bu so‘zlar bir-biriga ohang jihatdan mos kelmaydi. Navoiy buni inobatga olgan holda qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlarga bir xil qo‘shimcha qo‘shib, qofiyadoshlikni yuzaga keltirgan. Buning ustiga, baytda qo‘llangan radif ham ohangdoshlikni ta’minlab, baytda qofiya aybiga yo‘l qo‘yilganligini bildirmaslikka xizmat qilgan. Mumtoz she’riyatimiz talablariga ko‘ra raviy turli emas, bir xil undoshlar zamiriga qurilmog‘i lozim. Baytdagi bu saktalik faqatgina bir xil emaslik yuzasidan farqlanadi, ammo baytni o‘qiganimizda biz hech qanday nomuvofiqlikni sezmaymiz.
Shoyad o‘shul shukr ila bir necha dam,
Urg‘ay o‘shul vasl aro bir necha dam.
Keltirilgan baytda qofiyadosh so‘zning o‘zi yo‘q. Lekin bayt o‘qilganda bu aslo sezilmaydi. Qofiya bor bo‘lsa ham shukr ila-vasl aro so‘zlari qofiya bo‘lib, bu baytlarda ohangdoshlik yo‘q. Navoiyning shoir sifatidagi mahoratiga shu o‘rinda qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Baytda bir necha dam radifining qo‘llanilishi hamda o‘shul hojibining qo‘llanilishi tugal musiqiylikni baxsh etgan.
Sinod – qofiya nuqsonlaridan bo‘lib, murdaf qofiyalarda ridf harfining o‘zaro mos kelmasligi, ya’ni cho‘ziq hijolardan biriga ikkinchisining nomuvofiqligini nazarda tutadi.
Masalan “anvor - anbar” so‘zlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bunda “o” va “a” unlilari o‘zaro muvofiq emas. Ma’lumki, ridflarning qofiyalarda aynan bo‘lishi ohangdorlikni ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. Aks holda qofiya jozibasiga jiddiy putur yetishi shubhasiz. Abdurahmon Jomiy sinodga bunday ta’rif beradi: “Sinod deb ridfning ixtilofin aytilur, chunonchi, zamin va zamon so‘zlarini qofiyadosh qilishdir. Va arab shuarosi ridfning ixtilofini “vov” va “yo”ga joiz deb bilurlar, xususan, amo‘d va amidni she’rda keltiradirlar va bu holat ularning she’rlarida ko‘p uchraydi”.
Sen kibi bu gulshan aro toza vard
Umrida ko‘rmay falaki solxo‘rd.
Xoru qamishning tubidin luqmaxo‘r,
Lek berib ta’m anga gulshakar.
Iqvo – raviydan oldin keluvchi unlining nomuvofiqligi asosida yuzaga keladi.
Raviydan oldin cho‘ziq unli yoki qisqa unli qo‘llanilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Negaki, raviydan oldin qisqa unli qo‘llanilsa, ushbu qofiyalanuvchi so‘zlar mujarrad qofiya turini hosil qiladi. Agar raviydan oldin cho‘ziq unli qo‘llanilsa, u murdaf qofiya turini hosil qiladi. Shuning uchun ham qofiya harflarini noo‘rin qo‘llash qofiya ayblarini yuzaga chiqargan. Iqvo deb hazv va tavjihning ixtilof (qarama-qarshi, zid)in ayturlar, chunonki, dur va davr, jast va just, pur va barni bir she’rda jam qilurlar.
Amri etib naxl qadin xush xirom,
O‘ylaki qilg‘ay buti sarkash xirom.
Elga nishon o‘lsa, anga dard erur,
Dard aning jonig‘a darxurd erur.
Anda qayu amrki dilkash durur,
Borchadin ahbob yuzi xush durur
baytida dilkash va xush so‘zlari o‘zaro qofiyalanib kelmoqda. Bu qofiya aybiga yo‘l qo‘yilganda qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra qaysi turga kirishini aniqlash mushkullashadi. Birinchi misra o‘zak tarkibiga ko‘ra mujarrad qofiya hisoblansa, ikkinchi misra murdaf qofiyadir. Sinod ridf bilan bog‘liq ayb sanalgani uchun bu turli ayb mavjud bo‘lgan baytni murdaf qofiya deb olish maqsadga muvofiqdir.
Iyto – faqatgina mutlaq qofiyalarga (qofiya raviy bilan yakunlansa, muqayyad qofiya; raviydan keyin ham harf qatnashsa, mutlaq qofiya deb yuritiladi) tegishli bo‘ladi.
So‘zning o‘zak-negiziga ko‘plik, shax-son, zamon va boshqa qo‘shimchalarni qo‘shish orqaligina qofiya yuzaga keltiriladi. Qo‘shimchalar bir qarashda qofiyani shakllantirganday bo‘ladi, ammo ularni o‘zakdan ajratganimizda ulardagi nomuvofiqlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Iyto ikki na’vli qofiyani ifoda qilmoqdir: jaliy va xafiy. Jaliy uldurkim, uning takrori ochiqdir, chunonchi neko‘tar va zebotar, fusungar va sitamgar. Va guftan va shunidandagi “nun”i masdar hamda yoron va do‘stondagi “alif” va “nun” hamda sifot va koinotdagi “to” ham shundaydir. Va lolaho va g’unchahodagi “alif” va “ho”, xandon, giryon va gardondagi “alif” va “nun”, daste va mardedagi “yo”i tankir29, dihad va baraddagi “dol”i istiqbol30 ham shu jumladandir. Va “nun”i taxsis31 baytlarda, asosan, bir ma’noda takrorlanib kelur, bir harf yoki undan ortiq bo‘lsa ham iytoyi jaliy32ga mansub bo‘ladi. Joiz ermaski, qofiyaning asosini unga qursalar va agar zarurat tug’ilsa, qasidada ikki va undan ortiq kelmas, bunday qofiyani shoygon33 deb atarlar.
Haq azaliy rahmati jovidi sen,
Noma qaro qilg‘on el ummidi sen.
Mazkur baytda “sen” radif, “jovidi – ummidi” so‘zlari o‘zaro qofiyalangan. Bu so‘zlar bir qarashda o‘zaro qofiyadosh emasdek ko‘rinadi, qo‘shimchalarsiz o‘qilganda ham quyidagi holat yuz beradi: “jovid – ummid”. Bu misolda biroz ohangda nomutanosiblik bor bo‘lsa ham, lekin qofiya aybi deb bo‘lmaydi. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida qofiya aybining bu turi uchramaydi.
Keltirilgan qofiya ayblarining iyto turi ayni shu so‘zlarning qofiyalanishini izohlaydi. Ya’ni iyto faqatgina mutlaq qofiyalarga (qofiya raviy bilan yakunlansa, muqayyad qofiya; raviydan keyin ham harf qatnashsa, mutlaq qofiya deb yuritiladi) tegishli bo‘ladi. So‘zning o‘zak-negiziga ko‘plik, shaxs-son, zamon va boshqa qo‘shimchalarni qo‘shish orqaligina qofiya yuzaga keltiriladi. Qo‘shimchalar bir qarashda qofiyani shakllantirganday bo‘ladi, ammo ularni o‘zakdan ajratganimizda ulardagi nomuvofiqlik yaqqol ko‘zga tashlanadi.
|