Qofiya va radif munosabati
Mumtoz she’rlarimiz qofiya asosiga qurilar ekan, juda ko‘p hollarda qofiyaning radif bilan qo‘llanilishi kuzatilgan. Radif so‘zi “izma-iz” keluvchi degan ma’noni bildirib, qofiyadan so‘ng kelib, aynan takrorlanuvchi so‘z yoki so‘zlar birikmasini anglatadi. Ridflar she’rda ifodalanayotgan yetakchi fikrni ta’kidlash, o‘quvchi e’tiborini badiiy asarda ifodalanilishi lozim bo‘lgan asosiy g‘oyaga jalb etib, ijodkor g‘oya va maqsadlarini kitobxonga yanada ravshanroq yetkazib berishga xizmat qiladi. Ridflarning joylashish o‘rniga e’tibor qaratsak, ular ikki yoki undan ortiq holda kelishi mumkin. Shuningdek, mumtoz adabiyotimizda shunday baytlar borki, ular faqat qofiya va radifdangina iborat bo‘lganlari ham uchraydi.
Alisher Navoiy “Xamsa”sida radif dostonlar ritmini yaratish, baytlarga ohangdorlik berishda muhim o‘rin egallaydi. Dostonlar tarkibida radifning qo‘llanilish hajmi yuzasidan D.Yusupovaning tadqiqotlarida quyidagicha jadval keltirilgan:
T/r
|
Dostonlar
|
Dostonlarning hajmi
|
Radif qo‘llangan baytlar miqdori
|
% hisobida
|
1
|
“Hayrat ul-abror”
|
3988
|
1306
|
32.8%
|
2
|
“Farhod va Shirin”
|
5782
|
999
|
18%
|
3
|
“Layli va Majnun”
|
3622
|
595
|
16.4%
|
4
|
“Sab’ai sayyor”
|
5000
|
1250
|
25%
|
5
|
“Saddi Iskandariy”
|
7005
|
1956
|
27.6%
|
Radif va qofiya masalasi yuzasidan fikr bildirganimizda qofiyaning ham o‘ziga xos xususiyatlarini va ayb-u nuqsonlarini keltirib o‘tishimiz joiz. Mumtoz adabiyotimizda qofiya ayblari yuzasidan ma’lumot ko‘plab ijodkorlarning nazariy asarlarida keltirilgan. Xususan, Yusuf Sakkokiyning “Miftoh ul-ulum”, Damanhuriyning “Al-hoshiya ul-kabiri ali matn-u kofiy fi ilm ul-aruz val qavofiy”, Qinoiyning “Mezon uz-zahab fi sinoat she’r ul arab” kabi asarlarda qofiya ayblarining iqvo turi haqida ma’lumotlar uchratamiz. Shuningdek, iyto va sinod yuzasidan ma’lumotlar Qudama ibn Ja’farning asarlarida bayon qilingan. Yunus ibn Habib, Abbu Amr ibn Ala (VII asr), Mufdaddal va Mubarrad (IX asr) manbalarida ma’lumotlar keltirilishini ko‘plab tadqiqotchi olimlar tasdiqlaganlar. Bu kabi ishlar keyingi davr arab olimlarining ishlarida yana ham rivojlana borgan. Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” (1436- 37) asarida radif forsiy she’riyatga xos bo‘lib, arablarda qo‘llanilmaganligi ta’kidlanadi.
Radif bir so‘z bilan yoki bir necha so‘zlar bilan ifodalanishi mumkin.
Bir so‘zning takroridan iborat bo‘gan radif:
Amr qilibdur necha xizmat sanga,
Ro‘zi etibdur necha san’at sanga.
Ikki so‘zning takroridan iborat bo‘lgan radif:
Har nechakim nomasiyah bo‘lsa ul,
G‘arqai daryoyi gunah bo‘lsa ul.
She’riyatda shoirlarning badiiy mahorati she’rda qo‘llangan qofiyalarning g‘oyalar mohiyati, obrazlar olamini ochib berishdagi ahamiyati, qofiya sifatida tanlangan so‘zlarning ohangdorligi bilan ham belgilanadi. Qofiya turlaridan va san’atlaridan unumli foydalanish ham ijodkorning she’rdagi salohiyatini ko‘rsatib turadi. Bundan tashqari qofiyaning boshqa she’riy unsurlar – vazn, badiiy san’atlar bilan munosabatiga e’tibor qaratish mumtoz ijodkor mahoratining muhim qirralaridan biri hisoblanishini aytib o‘tgan edik. “Hayrat ul-abror” dostonini o‘rganar ekanmiz, radif barcha qofiya turlaridan so‘ng ham samarali qo‘llanishi mumkinligini bilib oldik. Har bir qofiya turidan so‘ng radifning kelishiga misollar ko‘rib o‘tamiz.
Murdaf qofiyadan so‘ng radif kelishi:
Qolsa tirik g‘azv eli maydon aro,
O‘lmak erur chashmayi hayvon aro.
Har kishikim rostini bexost der,
Aytsa yolg‘on dog‘i el rost der.
Mujarrad qofiyadan so‘ng radif kelishi:
Borcha oni begimu mirzo debon,
Xulqini xush, husnini zebo debon.
Yetmagi ham kimsaga mutlaq emas,
Yetmasi ham jazmu muhaqqah emas.
Muqayyad qofiyadan so‘ng radif kelishi:
Lutf qo‘lin holing hamdast etay,
Xasmni sarpanja ila past etay.
Muassas qofiyadan so‘ng radif kelishi:
Kimki shahodatg‘a mujohid durur,
Qoni qizil yuziga shohid durur.
Ranjg‘a solg‘on bu xasorat oni,
Aylamas ozod kaforat oni.
Radif kabi qofiya bilan birga kelib, aynan takrorlanuvchi so‘z yoki so‘zlar birikmasini anglatadigan yana bir unsur borki, uning nomini mumtoz she’rshunoslikda hojib deb atashgan. Hojib xususiyati jihatidan xuddi radifdek bo‘lsa ham, qo‘llanilish o‘rniga ko‘ra radifdan farq qiladi. Bilamizki, radif qofiyadan so‘ng joylashadi. Hojib esa qofiyadan oldin keluvchi aynan takrorlanuvchi so‘z yoki so‘zlardir. Hojib ham she’r ohangining musiqiyligi va o‘ynoqiligida katta ahamiyatga ega.
Berguchi oz-ko‘pga chu Tengri erur,
Kimga berur fathini Tengri berur.
Ushbu baytda erur-berur so‘zlari o‘zaro qofiyalanib kelmoqda, Tengri so‘zi esa hojib vazifasini bajargan. Hojib birdan ortiq so‘z bilan ifodalanishi ham mumkin:
O‘zdin esa tavba bo‘lur o‘yla sust,
Haqdin esa tavba bo‘lur bo‘yla rust.
Baytni tahlil qilar ekanmiz, yana bir bor Navoiyning poetik mahoratiga qoyil qolamiz. Baytda bir paytning o‘zida qo‘sh qofiya – zulqofiyatayn san’atini qo‘llab, shu bilan birga so‘z birikmasi shaklida bo‘lgan hojibdan ham unumli foydalangan. Bunda hojib uchta so‘zdan iborat.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ushbu baytda qofiyaning joylashish o‘rniga ko‘ra uch turi ham ishtirok etgan. Bular anaforik qofiya, ichki qofiya va epiforik qofiyalardir. Birinchi misrada qo‘llangan o‘zdin hamda ikkinchi misrada qo‘llangan Haqdin qofiyalari anaforik qofiya namunasidir. O‘yla-bo‘yla so‘zlari ichki qofiya bo‘lib kelgan. Misralar so‘ngida qo‘llangan sust-rust qofiyalari epiforik qofiyadir.
Shoir mahorati yorqin aks etgan yana bir paytni ko‘rib o‘tamiz.
Shoyad o‘shul shukr ila bir necha dam,
Urg‘ay o‘shul vasl aro bir necha dam
baytida ham radif, ham hojib qo‘llanilgan. Ammo qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlar shukr ila-vasl aro o‘zaro ohangdosh emas. Baytni o‘qigan paytda bu holat umuman sezilmaydi. Chunki qofiyadan oldin hojib, undan so‘ng esa birikmali radif qo‘llangan. Shoir so‘z qo‘llash mahoratini namoyon etib o‘zining badiiy maqsadiga erishgan.
|