Qofiya va badiiy san’atlar munosabati




Download 149,64 Kb.
bet18/25
Sana03.07.2024
Hajmi149,64 Kb.
#266440
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   25
Bog'liq
alisher

3.3. Qofiya va badiiy san’atlar munosabati
Sharq mumtoz adabiyotining, shu jumladan, o‘zbek mumtoz she’riyatining o‘ziga xosligini, milliyligini, latofati-yu nazokatini, rang-barangligini, estetik go‘zalligini, jozibadorligi-yu ta’sirchanligini namoyon qiluvchi vositalardan biri bu badiiy san’atlardir. She’r san’atlari o‘zbek mumtoz adabiyotida shu qadar ko‘p va rang-barangki, ularning umumiy miqdorini aniqlash qiyin. Shuni aytish lozimki, barcha she’rlarda qo‘llangan she’r san’atlarining umumiy bog‘liqlik jihatlari ko‘p, ammo arab, fors-tojik va turkiy she’r san’atlarining mushtarak jihatlari ko‘p. Sharq poetikasiga oid tadqiqotlarda arab va fors she’riyati san’atlari tahlil qilingan bo‘lsa-da, ular o‘zbek she’riyatidagi badiiy san’atlarni o‘rganishda ham qo‘l keladi. Chunki, yuqorida qayd etilganidek, she’r san’atlari borasidagi kuzatishlar, umumiy qonuniyatlar Sharq musulmon xalqlari uchun bir xildir. O‘zbek she’r san’atlari hali atroflicha tahlil qilingani yo‘q, lekin ayrim ilmiy kuzatishlar mavjud. Masalan, V.Rahmonovning “She’r san’atlari” o‘quv qo‘llanmasi, M.Shayxzoda, A.Rustamov, N.Mallayev, A.Hayitmetov, Y.Is’hoqov, B.Sarimsoqov, U.To‘ychiyev va boshqa olimlarning qilgan ishlari mavjud. Ammo bular kam. Chunki she’r san’atlarini ham nazariy, ham amaliy jihatdan bilmasdan o‘zbek adabiyotini, ayniqsa, she’riyatini o‘rganib bo‘lmaydi. Shuningdek, badiiy san’atlarning qofiya bilan aloqadorligini hisobga olgan holda bu ilmni yaxshi anglamasdan turib qofiya ilmini ham to‘liq o‘rganib bo‘lmaydi.
Navoiy “Xamsa”si dostonlarida qo‘llanilgan she’riy san’atlar haqida A.Rustamov, Y.Is’hoqov, A.Hojiahmedov kabi olimlarimizning tadqiqotlarida ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, A.Rustamovning “Navoiyning badiiy mahorati” nomli tadqiqotida Navoiy dostonlarida qo‘llanilgan tavzi’, izdivoj yoki tazmini muzdavaj, tajnis, iyhom, ishtiqoq, tardi aks, iltifot, takrir, tasdir, iltizom, tanosub, irsoli masal, mubolag‘a, tazod, mubolag‘a, tashbih, istiora kabi she’riy san’atlar dostonlardan olingan misollar yordamida chuqur tahlil qilingan.
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida qo‘llanilgan badiiy san’atlar ham alohida o‘ringa ega bo‘lib, ular ritmni, qofiyani yuzaga keltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Anvar Hojiahmedov badiiy san’atlarga quyidagicha baho beradi: “Ma’lumki, she’riy san’atlar badiiy asardan o‘rin olgan g‘oyalarning hayotiyroq, ta’sirchanroq ifodalanishiga, lirik va epik timsollarning yorqinroq gavdalantirilishiga, misralar, baytlar, bandlarning lafziy nazokati, musiqiyligi, jozibadorligini ta’minlashga xizmat qilgan”21.
“Xamsa”da tashxis san’atining qo‘llanishi, masnaviy shakli va epik tasvirning imkoniyatlari bilan bog‘liq holda, ancha keng va o‘ziga xos xususiyatga ega. Shuni aytish mumkinki, Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror”da tashxis san’atidan foydalanar ekan, har bir muhim detalni nazardan chetda qoldirmaydi, har bir predmetga, shaklga, uning bajarayotgan vazifasiga alohida ahamiyat beradi. Bitta badiiy tafsil – ramziy belgi yoki xususiyatni har jihatdan izchil tasvirlab, musalsal (zanjirli) tashxis san’atini vujudga keltiradi:
O‘pmadi ilgingni chu nolon qalam,
Motamiy aylabtur oni bu alam.
Birinchi misraning ma’nosi: Qalam nolalarini bayon aylamoqchi bo‘lganda sen uni qo‘lingga ushlamading.
Ikkinchi misraning ma’nosi: Sening bu ishingdan alam chekkan qalam motam holatida qoldi. Baytdagi asosiy funksiyani bajarayotgan predmet “qalam” bo‘lsa, baytda tasvirlanayotgan ruhiy holat uning “alam” chekayotganligidir. Zanjirli – musalsal tashxis deyishimizning sababi qalam bu o‘rinda birin-ketin ikkita vaziyatni boshdan kechiryapti. Birinchisi, qalamning yor qo‘lidan o‘pa olmagani va nolalarini yoza olmaganligi, ikkinchisi, o‘z nolalarini yoza olmaganligi uchun dard-alam chekishi. Endi tashxis san’atining qofiya bilan munosabatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, baytda asosiy ma’no “qalam” va “alam” so‘zlari doirasida yuzaga chiqyapti. Shoir aynan shuni hisobga olgan holda o‘quvchining diqqat markazida turadigan qofiya sifatida shu ikki so‘zni tanlagan.
Yuqorida berilgan baytda mujarrad qofiya baytlarning shakliy va mazmuniy go‘zalligini yaratishda asosiy vazifa bajargan. Tashxis san’ati ramziy-ishoraviy tasvirning detallar bilan yuzaga chiqadigan asosiy ko‘rinishlaridan bo‘lib, shoirdagi fikr yuritish boyligi va shoirona mahoratning yuksakligini ifodalaydi.
Mumtoz badiiy san’atlar ilmidan ayonki, bir baytda bir nechta san’at bir vaqtning o‘zida qo‘llanilishi mumkin. Mavzuyimizga aloqador bo‘lgan, ya’ni qofiya bilan uyg‘unlikda yuzaga chiqadigan she’riy san’atlarning bir nechtasi bir baytda qo‘llanganlik holatini ko‘rib chiqamiz:
O‘t kibi yer mijmari ostida mehr,
Yopib etak mijmara uzra sipehr.
Baytda ham tashxis, ham tashbeh san’atlari mavjud. Avvalo, baytning mazmuniga to‘xtalib o‘tamiz.
Birinchi misraning ma’nosi: Quyosh xuddi olov kabi yer cho‘g‘donining ustida
Ikkinchi misraning ma’nosi: osmon uzra yerni etak bilan yopib qo‘ygandek turadi.
Bu baytda bir necha tashbeh – o‘xshatishlar bor: quyosh olovga, yer cho‘g‘donga, quyoshning nur sochishi etak bilan yopib qo‘yishga o‘xshatilyapti. Shu bilan birga mehr, ya’ni quyosh etagi bilan yerni yopib qo‘yganligi tashxis – jonlantirish san’atini yuzaga keltiryapti. Alisher Navoiy koinotdagi holat tasvirini ham izchillik va aniqlikda so‘zlar bilan go‘zal chizgilarda aks ettiradi. Qofiyadosh so‘zlar mehr-sipehr shoirning badiiy niyatini amalga oshirgan.
Tabiat – tasvirlarida muassas va qaydli qofiya turlaridan ham foydalanish mumkinligini ushbu bayt ko‘rsatib turibdi. Bizningcha, bu qofiya turlari, lirik qahramon kayfiyati va holatini izohlash bilan bir qatorda, turli tasvirlarni berishda ham shoirga ko‘proq qo‘l kelsa kerak. Chunki biz bu kabi mulohazalarni avvalgi boblarda chiqargan xulosalarimiz misolida keltirdik.
Aytishimiz mumkinki, qofiya turlari va badiiy san’atlar uyg‘unlikda dostonning yuksak mahorat bilan yaratilishiga zamin hozirlagan. Qofiya shoir qalbiga aynan ma’lum bir so‘zni yozishga majbur qilmagan. Yuqoridagi baytda ham tabiat tasviri zo‘rma-zo‘raki qofiya asosida yaratilmagan. Qofiya ham, badiiy san’at ham, vazn ham birgalikda shoir shuurida quyilib kelayotgan satrlar silsilasini hosil qilgan. Bu kabi poetik unsurlarnining barchasi dostonning ham shakily ham mazmuniy go‘zalligini ta’minlashga birdek yordam bergan.
Tashbeh san’atiga to‘xtalar ekanmiz, uning dostondan olingan yana bir namunasini ko‘rib o‘tamiz.
Bo‘ldi raiyat galavu, sen shubon
Ul shajari musmiru sen bog‘bon.
Bu parchada ham murdaf qofiya yetakchilik qiladi. Tashbeh san’atini yuzaga keltirishda shoirga aynan murdaf qofiyaning ohangi, kayfiyat berishi asos qilib olingan. Murdaf qofiya bilan hamisha yonma-yon yuruvchi mujarrad qofiya ham baytlarning shakliy va mazmuniy go‘zalligini yaratishda asosiy vazifa bajargan. Tashxis san’ati ramziy tasvirning yorqin ko‘rinishlaridan bo‘lib, shoirdagi mushohada quvvati va poetik mahoratning yuksakligini ko‘rsatadi.
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining podsholar haqidagi bobida keladigan ushbu misralar “Agar xalq bir pod abo‘lsa, sen shu podaning cho‘ponisan, agar xalq mevali daraxt bo‘lsa, sen bog‘bon bo‘lasan” degan ma’noni beradi. Demak, baytdagi o‘xshatishlar ham o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ldi. Raiyat, ya’ni, xalq – poda, gala; shubon, ya’ni, cho‘pon – podsho, shajari musmir – mevali daraxt, bog‘bon – yana podsho.
Shakldosh so‘zlarga asoslangan she’riy san’atlardan yana biri juftlash san’ati bo‘lib, bu san’at sharq she’rshunosligida tazmini muzdavaj yoki qisqa qilib izdivoj deb nomlanadi. Ushbu she’riy san’atda raviydosh so‘zlar yonma-yon beriladi. Ya’ni, ushbu san’at hosil bo‘lishi uchun ohang jihatdan muvofiq bo‘lgan so‘zlar ketma-ket berilishi kerak. Masalan, “Hayrat ul-abror”dan olingan quyidagi baytlarda, aynan, izdivoj san’atidan unumli foydalanilganini ko‘rishimiz mumkin.
Qo‘pti gulchehr yuz niyoz bila,
Demayinkim niyoz, noz bila.

Ishlarin gar shikasta basta dedim,


Yuzidin birin jasta-jasta dedim22.
Birinchi baytning birinchi misrasida “yuz” va “noz” so‘zlari raviydosh hisoblanib, ularning birga qo‘llanilganidan izdivoj san’ati yuzaga kelgan. Ikkinchi baytda ham xuddi shu holat asnosida “niyoz” va “noz” so‘zlaridan raviydosh so‘zlarni juftlash san’ati namoyon bo‘lgan.
Ikkinchi baytdaning birinchi misrasida qofiyadosh “shikasta” va “basta” so‘zlarining yonma-yon kelishi izdivoj san’atini hosil qilgan bo‘lsa, ikkinchi misradagi jasta so‘zining takrorlanib qo‘llanilishida takrir san’ati yuzaga kelgan.
Tajnis san’ati ilmi bade’da alohida o‘ringa ega bo‘lgan san’at hisoblanadi. Ilmi bade’da “jinos” deb ham ataladi, ma’nosi “jinsdosh so‘zlarni qo‘llash”. Ushbu san’atda shakldosh so‘zlarni qo‘llash orqali baytda ijodkorning badiiy mahorati ko‘rsatib beriladi. Tajnisli qofiya deb nomlangan she’riy san’at ham mavjud. Bu san’at ham tajnisning ichiga kirib ketadi. Ko‘p hollarda esa qofiya san’atlari qatorida alohida o‘rganiladi. Tajnis faqat lafzdosh so‘zlargina emas, shakliy o‘xshashligi bo‘lgan so‘z birikmasi va iboralar ko‘rinishida ham ifodalanadi. Navoiyshunos olim Alibek Rustamov tajnisning qofiyada ham ishlatilishini ta’kidlab, “Qofiya tajnisi turkiy xalqlarning og‘zaki adabiyotida juda qadimdan ishlatilib kelingan”23ligini aytib o‘tadi.
Alisher Navoiyning biz izlanish olib borayotgan “Hayrat ul-abror” dostonidan tajnisli qofiyaga misollar keltirib o‘tamiz. Ta’kidlab o‘tish joizki, “Hayrat ul-abror” dostonida tajnisli qofiya juda ko‘p qo‘llanilgan. Shu o‘rinda bir muhim xulosani berib o‘tishimiz juda muhim: “Hayrat ul-abror” dostoni har qanday she’r ilmlari uchun juda ko‘plab misollar keltirish mumkin bo‘lgan xazina asardir.
Zulm o‘zunga fisqdur, ey hushyor
Gum qil ani, bo‘lsa sanga hush yor.
Baytning mazmuni: Zulm senga yomon nom keltiradi, hushyor bo‘l, agar zulm sening hamrohing bo‘lsa, uni o‘zingdan yo‘qot. Birinchi misradagi “hushyor” so‘zi “ogohlik” ma’nosida, ikkinchi misradagi “hush yor” birikmasi esa “hamroh” ma’nosida kelyapti. Baytda “hushyor” so‘zi orqali mujarrad qofiya hosil qilingan.
Ilmi badi’ga doir asarlarda tajnis san’atining bir necha turlari farqlanadi. Xususan, Umar Roduyoniy yozgan “Tarjumon ul-balog‘a” (11-a.) asarida tajnisning to‘rt turi: tajnisi mutlaq, tajnisi murakkab, tajnisi zoyid, tajnisi muraddad, Rashididdin Vatvotning “Hadoyiq us-sehr” (12-a.), Shams Qays Roziyning “Kitob ul-mo‘jam fi-maoyiri ash’or ul-ajam” (1218- 1233) va Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” (1436-1437) asarlarida yetti turi (tajnisi tom, tajnisi noqis, tajnisi zoid, tajnisi mukarrar, tajnisi murakkab, tajnisi mutarraf, tajnisi xat) keltirib o‘tilgan. Turkiy adabiyot, xususan Alisher Navoiy ijodida tajnisning asosan quyidagi turi keng qo‘llanilgan: Tajnisi tom yoki mutlaq tajnis – to‘liq shakldoshlikka (harflar tarkibi jihatidan) asoslangan:
Sahnida yuz gul chiqorib bir yig‘och,
Har gulining atri borib bir yig‘och. (HA)
Sher ilmiga bag‘ishlangan asarlarda tajnisning turlarini sanab, ularning izohlari ham berib o‘tiladi:

  1. Tajnisi noqis (nuqsonli tajnis) – shaklan yaqin so‘zlar o‘zaro faqat unli tovushlar jihatidan farqlanuvchi.

  2. Tajnisi zoyid (orttirilgan tajnis) – shaklan yaqin so‘zlarning birida bir-ikki harfning ortiqcha bo‘lishiga asoslangan.

  3. Tajnisi muzori’ – shaklan yaqin so‘zlarning bir-biridan bir yoki ikki undosh tovush bilan farqlanishi natijasida vujudga keluvchi tajnis.

  4. Tajnisi xat – arab yozuvidagi so‘zlarning faqat nuqtalar orqali farqlanishiga asoslangan tajnis.

  5. Tajnisi mukarrar – shaklan bir-biriga yaqin ikki so‘zning misra oxirida yonma-yon kelishiga asoslangan tajnis.

  6. Tajnisi murakkab – shakldosh so‘zlarning biri yaxlit bir so‘zdan, ikkinchisi ikki so‘zdan iborat bo‘lishi orqali vujudga keladigan tajnis.

Xonaqoh ichraki solib bo‘riyo,
Rang anga zarq o‘lubon bo‘ – riyo.
Ushbu baytda “bo‘riyo” so‘zi tajnisli qofiyadir. Birinchi misrada bir so‘z bilan ifodalanayotgan bo‘lsa, ikkinchi misrada ikki so‘z bilan ifodalangan.
Xanjarining barqidin o‘t chaqilib,
Raxshi dag‘i tezlik o‘tcha qilib.

Odam aro ko‘r ne tafovut turur,


Qibla anga tengri, munga but turur.

Chun azaldin shohi jahon sizsiz,


Bo‘lmasun bir nafas jahon sizsiz.

Ko‘ngluma qo‘yding ikki g‘am dog‘i,


Demasam ham yomon, desam dog‘i. (HA)

Alisher Navoiy dostonning ba’zi o‘rinlarida bayt misralarini qofiyadosh so‘zlar vositasi bilan mohirona ikkiga bo‘lib, bu o‘rinda turoqni hosil qiladi va shu bilan esda qoladigan, ta’sirchan va jarangdor baytlarni yozadi. Bu san’at mumtoz she’rshunoslikda tajziya deb nomlanadi.


Bumi zulmoniy, o‘ldi pinhoniy,
Ko‘r etar oni mehri nuroniy.
Bu bayt qofiyalangan to‘rt qismdan iborat bo‘lib, zulmoniy-pinhoniy-oni-nuroniy so‘zlarining qofiyasi turoqni ham hosil qilgan. Bunday san’at tajziya deb taladi. Ushbu baytda qofiyadoshlik so‘zning o‘zak qismida yuzaga kelib, muassas qofiya turiga mansub deb hisoblanadi.
Quyida dostondan olingan tajziyaning go‘zal namunalarini ko‘rib chiqamiz.
Lek hunar ichra, kamol ichra ham,
Xulqi xushi lutfi maqol ichra ham.
Ushbu baytda tajziya san’ati radif bilan birgalikda yuzaga kelgan hamda turoqni hosil qilgan. Bayt qofiyasi murdaf qofiya turiga mansub.
Quyida yana bir radif yordamida hosil bo‘lgan turoqli baytlarni keltiramiz:
Shohid o‘zi erdi, navosoz o‘zi,
Soqiy o‘zi, zamzamapardoz o‘zi.

Gavhari sarchashmayi jondin yoruq,


Harne yo‘q ondin yoruq, ondin yoruq.(HA)

Ko‘rmasa oni, qolmayin joni,


Kiribon joni, ko‘rgach o‘q oni (HA)
baytida juda sho‘x va o‘ynoqi ohang hosil bo‘lgan. Chunki baytda so‘z o‘yini vositasida turoq hosil qilingan. Qofiya turi murdaf qofiyadir.
Qofiya va badiiy san’atlar munosabatida alohida o‘ringa ega bo‘lgan she’riy san’at iyhom san’atidir. Navoiy davrida “iyhom” termini ikkinchi san’atga nisbatan qo‘llangan ekan. Hozirgi kun adabiyotshunosligida bu terminning ma’nosi o‘zgarmagan, hozirda ham “ikkilantirish” ma’nosida ishlatiladi, ammo qo‘llanilish o‘rni o‘zgargan. Iyhom san’atini qo‘llash orqali o‘quvchini ikkilantirish, chalg‘itish, shubhaga solish maqsadi qo‘yiladi. Iyhom san’ati ham shakli bir xil bo‘lib, har xil ma’nolarga ega bo‘lgan so‘zlardan foydalanishdir. Tajnisdan farqi shundaki, tajnisda bir xil shakldagi ikki yoki undan ortiq so‘z misralarda bir necha marta takrorlanib, alohida-alohida ma’nolarni ifodalaydi, iyhomda esa ikki yoki undan ortiq ma’no bir so‘zda ifoda etiladi.
Alisher Navoiy o‘z asarlarida iyhom san’atidan ko‘p va mohirona foydalangan. Masalan,
Ikkisi chun yondashib o‘lturdilar,
Har sori hayrat bila el turdilar (HA)
baytida “el turdilar” so‘zi bir vaqtning o‘zida ikkita ma’noni bildirmoqda: birinchisi - “el, xalq turdi”; ikkinchisi – “olib borardilar”.
Bo‘lmayin subh za’faroniy chehr,
Charx ko‘rguzmas anga hargiz mehr. (HA)
Bu baytda “shafqat”, “lutf”, “muhabbat” ma’nosidagi “mehr” so‘zi bilan “quyosh” ma’nosidagi “mehr” bir joyda berilgan. Natijada shoir bir necha baytda berilishi kerak bo‘lgan “yuz sarg‘aymaguncha” mehr (shafqat, lutf) ko‘rib bo‘lmaydi va tong yuzi sarg‘aymaguncha osmon unga mehr ko‘rsatib. “mehr”ni – quyoshni ko‘rsatmaydi, degan fikrlarni bir baytda mujassam etgan. Kichik bir baytda bunday ulkan ma’noni ifodalash haqiqiy shoirning mahorati belgisidir. Quyida berilgan baytda ham “bemehr” so‘zi ikki xil ma’noni o‘z ichiga olgan. Bularning biri “mehrsiz”, ikkinchisi “quyoshsiz”:
Chunki mehrin yashurdi sipehr,
Tun ham o‘ldi sipehrdek bemehr. (HA 129)
Biz ko‘rib o‘tadigan yana bir parchada “jon” va “yuruvchi” ma’nolaridagi ikki “ravon” so‘zi birlashtirilgan:
Dema had nozanin niholi bihisht,
Ruh sarmoyasidin anga sirisht.
Jilva qilmoqda kim ravon ko‘runub,
Ruhdin go‘yiyo nishon ko‘runub. (HA 112).

Download 149,64 Kb.
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   25




Download 149,64 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Qofiya va badiiy san’atlar munosabati

Download 149,64 Kb.