|
Zulqofiyatayn va zulqavofe’ san’atlari
|
bet | 13/25 | Sana | 03.07.2024 | Hajmi | 149,64 Kb. | | #266440 |
Bog'liq alisher2.2. Zulqofiyatayn va zulqavofe’ san’atlari
“She’riy san’atlar, avvalo, qadimiy va bezavol she’riyatimizning yuksak badiiyatidan, ijodkorlarimizning beqiyos san’atkorlik dahosidan dalolat beradi. Shoirlarimiz …o‘z asarlarining faqat g‘oyaviy jihatdan emas, ayni vaqtda, badiiyat nuqtayi nazaridan va shakliy jihatdan ham barkamol bo‘lishiga alohida diqqat qilib, xilma-xil she’riy san’atlardan barakali foydalanib, nafis va serjilo obidalar yozib qoldirganlar”.18
“Hayrat ul-abror” dostonida qo‘llangan yana bir qofiya san’ati zulqofiyatayndir. Zulqofiyatayn istilohi “qo‘sh qofiya” degan ma’noni bildirib, misrada bir emas ikkita so‘z qofiya bo‘lib keladi.
Shavqida ko‘ksumni shikof ayladim,
Jildig‘a ko‘nglumni g‘ilof ayladim.
Bu baytni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, Navoiy unda ikkita so‘zni qofiyadosh qilib keltirgan : ko‘ksumni-ko‘nglumni, shikof-g‘ilof va natijada zulqofiyatayn san’ati yuzaga kelgan.
Zulqofiyatayn san’ati ikki turli bo‘ladi. Birinchisi, mutakarrin qofiya- misradagi har ikkila qofiya bo‘lib kelayotgan so‘z ketma-ket keladi.
Masjidi qandili sipehri asir
Shu’la bu qandil aro mehri munir
baytida sipehri-mehri, asir-munir so‘zlari o‘zaro qofiyadosh bo‘lib kelgani holda sipehri asir hamda mehri munir so‘zlari ketma-ket joylashgan.
Borcha jahon ahlig‘a zoti nihon,
Mazhari asmou sifoti jahon.
Bu baytda ham zoti nihon va sifoti jahon birikmalari zulqofiyataynni ifodalaydi.
Mutakarrin qofiya faqat misralarning oxirida emas, balki misra o‘rtasida ham kelishi mumkin:
To‘rt sadaf gavharining durji ul,
Yetti falak axtarining burji ul.
Keltirilgan baytda gavharining durji qofiyalari va axtarining burji qofiyalari ketma-ket joylashgan. Har ikkala misrada ham qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlardan keyin ul-ul radifi kelgan va qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlardan oldin ham To‘rt sadaf va Yetti falak so‘zlari kelgan. Demak, bu yerda zulqofiyatayn misralarning o‘rtasida joylashgan.
Zulqofiyataynning ikkinchi turida qofiyadosh ikki so‘z misralarda yonma-yon emas, balki ikki o‘rinda keladi, ular mahjub qofiya deyiladi.
|
| |