Qofiyaning tuzilishiga ko‘ra turlari va ularning o‘zak tarkibiga ko‘ra tasniflanuvchi qofiya turlari bilan munosabati




Download 149,64 Kb.
bet11/25
Sana03.07.2024
Hajmi149,64 Kb.
#266440
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   25
Bog'liq
alisher

Qofiyaning tuzilishiga ko‘ra turlari va ularning o‘zak tarkibiga ko‘ra tasniflanuvchi qofiya turlari bilan munosabati

Qofiya, aytib o‘tganimizdek, misra oxirida yoki radifdan oldin keladi, sharti shuki, talaffuzda mustaqil bo‘lmasdan misraning bir juzvi bo‘ladi. Qofiya she’rning musiqiyligi, ohangdorligi va ta’sirchanligini kuchaytiradi uning yod olinishini osonlashtiradi.
Qofiya mumtoz she’rshunoslikda she’riy ritmni yuzaga keltiruvchi asosiy unsurlardan biri. Vazn ham she’riy ritmni hosil qilishdagi asosiy unsur. Qofiyaning eng zaruriy bo‘lgan talabi uning misralar oxirida kelishidir. She’rlarda misra o‘rtasida yoki misraning istalgan joyida ham qofiyadosh so‘zlar kelishi mumkin, ammo bu qofiyaning asosiy talabiga monelik qilmaydi. Chunki asosiy qofiya bo‘lib kelayotgan so‘z baribir misralar so‘ngida kelaveradi. Birinchi bo‘limda aytib o‘tganimizdek, Sharq musulmon she’riyatining qofiya haqidagi qarashlari ilmi qofiya deb atalgan fan doirasida o‘rganilgan. She’riyatda shoirlarning badiiy mahorati she’rda qo‘llangan qofiyalarning g‘oyalar mohiyati, obrazlar olamini ochib berishdagi ahamiyati, qofiya sifatida tanlangan so‘zlarning ohangdorligi bilan ham belgilanadi. Qofiya turlaridan va san’atlaridan unumli foydalanish ham ijodkorning she’rdagi salohiyatini ko‘rsatib turadi. Bundan tashqari qofiyaning boshqa she’riy unsurlar – vazn, badiiy san’atlar bilan munosabatiga e’tibor qaratish mumtoz ijodkor mahoratining muhim qirralaridan biri hisoblangan. Qofiya ilmining ahamiyati shu qadar muhim bo‘lganligi uchun mumtoz adabiyotimiz vakillari qofiya ilmini maxsus fan sifatida o‘rganganlar, qofiya ilmini chuqur o‘rganish uchun yetuk adabiyotshunoslardan tahsil ko‘rganlar.
Ma’lumki, qofiya har qanday she’riy asarda ifodalangan g‘oyalarni badiiy so‘z vositasida batafsil va hissiy-emotsional aks ettirishning o‘ziga xos va shu bilan birga muhim vositalaridan biridir. Har bir misra yoki bayt tarkibidagi qofiyalarda ijodkorning g‘oyaviy maqsadi o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.
Qofiyaning yana bir muhim xususiyati shundan iboratki, ijodkor o‘zi qo‘llagan qofiya yordamida o‘quvchining diqqatini o‘sha qofiyaga qaratadi va qofiyada asosiy niyatini bildiradi. Bunda kitobxon e’tibori o‘z-o‘zidan qofiyaga qaratiladi va u shoirning badiiy maqsadini tushunib yetadi.
Bizga ma’lumki, o‘tmishda arab yozuvidan foydalanilgan. Shoirlar mumtoz asarlarni arab alifbosi harflarida yozishgan. Shunga ko‘ra qofiyaning tarkibiy qismini harflar va harakatlar tashkil qilgan. Mumtoz poetikaga oid manbalarda yoki ilmi qofiyada “hurufi qofiya” qofiya harflarini bildirib kelgan. Bunday harflar 9 ta. Bu harflar o‘zak tarkibida yoki qo‘shimcha tarkibida qo‘llanishiga qarab 2 turga bo‘linadi:

  1. o‘zak tarkibida keladigan harflar: raviy, ta’sis, daxil, ridf, qayd.

  2. qo‘shimcha tarkibida qo‘llaniladigan harflar: vasl, xuruj, mazid, noyira.

Qofiyani vujudga keltirishda qofiya harakatlari ham ahamiyatga ega. Biz bilamizki, harakatlar qisqa unli tovushlarni ifodalaydi: ras, ishbo‘, hazv, tavjih, majro, nafoz. Bular qofiya takibidagi asosiy turga kirmaydi, qo‘shimcha tur sifatida o‘rganiladi. Harakatlar qofiya tarkibida uchrashi ham, uchramasligi ham mumkin.
Qofiya harflari shunisi bilan ahamiyatliki, ular qofiyaning ikki yirik turini yuzaga keltirishdagi asosiy omildir. O‘zak tarkibida eng so‘nggi keladigan harf – raviyni biz “chegara” deb atashimiz ham mumkin. Raviydan keyin harflar kelmasa, muqayyad qofiya, raviydan so‘ng qo‘shimcha qo‘shilib, harflar davom etsa, mutlaq qofiya turlari hosil bo‘ladi.
O‘zak tarkibida keladigan harflarni ketma-ketlikda ko‘rib chiqamiz.

  1. Raviy – qofiyadosh so‘zlar o‘zagi yoki negizi oxirida aynan takrorlanib keluvchi cho‘ziq unli yoki undosh harf. Mumtoz poetikaga oid manbalarda qofiyaning asosini tashkil qilgan va takrorlanishi shart bo‘lgan harf sifatida tilga olinadi:

Turfa aboye anga istab ko‘ngul,
Rangi saqarlot bila dolu gul.
Ushbu baytda ko‘ngul va gul so‘zlari qofiya, raviy harfi – l.
Mumtoz qofiya talabiga ko‘ra, qofiyadosh so‘zlar o‘zagi oxirida kelgan qisqa unli raviy bo‘la olmaydi, bunday hollarda undan oldin turgan undosh harf raviy hisoblanadi:
Dur topa olmay shajar o‘z tojig‘a,
Borcha borib hodisa torojig‘a.
Aytib o‘tganimizdek, keltirilgan baytda a harfi raviy bo‘lmaydi, undan oldin kelgan g‘ harfi raviy bo‘ladi.

  1. Ta’sis – raviy harfidan oldin bir unli va bir undosh joylashadi. Aynan shu undoshdan oldin keladigan cho‘ziq “o” unlisi ta’sis hisoblanadi. Ta’sis arabchadan olingan bo‘lib, “asoslash” demakdir. Mumtoz poetika talabiga ko‘ra, faqat “o” unlisi ta’sis vazifasini bajarishi mumkin.

Chehrani ochmoq kecha odat anga,
Mash’al o‘lub nuri saodat anga.

O‘tkaribon xayru salomat bila,


Qolmayin ul yo‘lda malomat bila.
Bu baytlarda ko‘rib turganimizdek, odat – saodat, salomat – malomat so‘zlari ta’sisli qofiya bo‘lib kelmoqda.



  1. Daxil – ta’sisdan keyin joylashadigan birinchi undoshdir. Mazkur so‘z ham arabchadan olingan bo‘lib, “oraga kiruvchi” ma’nosida qo‘llanadi. Daxil qofiya tarkibida ko‘pincha takrorlanishi kuzatilgan, ya’ni ta’sisdan keyin bir xil undosh joylashishi she’riyatda ko‘p uchraydi. Ba’zan esa takrorlanmasdan, ikki turli xil undoshning daxil vazifasini bajarishini ham uchratamiz.

Gunbadi ruknig‘a maxorij bo‘lub
Shahr yo‘lidin yo‘li xorij bo‘lub
baytida “maxorij - xorij” qofiyadosh so‘zlari orqali bir xil “r” undoshi takrorlanib kelgan. Mazkur undosh harf daxil hisoblanadi.
Endi daxilning ikkinchi xiliga oid misolni ko‘rib chiqamiz.
Jomg‘a xud men qo‘ya olmon og‘iz
Paxta bila og‘zima uni tomiz
baytdagi o‘zaro qofiyalangan “og‘iz - tomiz” so‘zlarida ikki har xil “g‘” va “m” undosh harflari daxil hisoblanadi.
4. Ridf – raviy harfidan oldin joylashadi hamda uning asosiy xususiyati cho‘ziq unli bo‘lishi lozim. Ridf arabcha so‘z bo‘lib, “izma-iz ergashish” ma’nosini anglatadi. Mumtoz poetikaga doir manbalarda uning ikki turi keltiriladi:
1) ridfi asliy (asosiy ridf) yoki ridfi mufrad (yakka ridf)– raviydan oldin keluvchi cho‘ziq unli harf. Masalan, “kalom – nizom”da “o” unlisi ridfi asliydir:
Alloh-Alloh, bu ne ikki kalom,
Kim ikki olamg‘adur andin nizom.
2) ridfi zoyid (orttirma ridf) – ridfi asliy va raviy orasida takrorlanib keluvchi undosh harf. Masalan, “xost – rost”da “s” undoshi ridfi zoyid hisoblanadi. Ridf qatnashgan qofiya turi murdaf qofiya deb yuritiladi:
Xayri rusul bo‘lmog‘i Tengriga xost,
Harne risolatki qilib borcha rost.
5. Qayd – raviy harfidan oldin joylashgan yana bir undosh harf. Ushbu qofiya harfi qator undosh kelishi natijasida yuzaga chiqadi. Uning yana bir asosiy xususiyati qayddan oldin faqat qisaqa unli kelishi talab etiladi. Aynan mana shu xususiyat orqali qaydli va ridfi zoyidli qofiya turi o‘zaro farqlanadi.
Gar bu sifat sajda bila pok chehr,
Yerga dog‘i kirgasen andoqki mehr.
baytda “chehr” va “mehr” so‘zlari o‘zaro qofiyadosh hamda raviydan oldin kelgan “h” undoshi qayddir. Shuningdek, qayd qatnashgan qofiya turi muqayyad (qaydli) qofiya deb yuritiladi. Jomiy o‘zining risolasida fors tilidagi qayd harflari 10 tani tashkil qilishini ta’kidlaydi. Ularga: b, x, r, z, s, sh, g‘, f, n, h harflarini keltiradi. Alibek Rustamovning tadqiqotida ham mana shu kabi qayd harflarini belgilash holatini uchratamiz. Biz ustozlarning bu kabi nazariy qarashlarini rad etmagan holda, ayrim mulohazalarimizni keltirib o‘tmoqchimiz. Jomiy keltirgan qofiya harflari o‘z tili va o‘sha tilning grammatik qoidalari asosida o‘rinlidir, lekin biz bu harflar to‘laligicha turkiy til grammatikasida ham xuddi shu vazifani bajaradi deb ayta olamaymiz. Bu harflar bilan qayd hosil qilinishi fors-tojik tilidan o‘zlashgan so‘zlarda ko‘proq kuzatiladi. Endi tasnifimizning ikkinchi turini ko‘rib chiqamiz, ya’ni:
Qo‘shimcha tarkibida qo‘llaniluvchi harflar:

  1. Vasl – raviydan so‘ng joylashuvchi unli yoki undosh harf, ya’ni qofiya raviy bilan yakunlanadi va qisqa unli undan so‘ng joylashadi. Vasl arabchadan “ulanish” ma’nosini anglatadi.

Taxting o‘lub davlati javidi mulk,
Soyai charting aro xurshedi mulk.
Yuqoridagi baytda “javidi - xurshedi” so‘zlari o‘zaro qofiyalanib, mujarrad qofiya turini yuzaga chiqargan hamda “d” undosh harfi bu yerda raviy hisoblanadi. Undan keyin keluvchi “i” qisqa unlisi vasl deb yuritiladi.

  1. Xuruj – vasl harfidan so‘ng joylashuvchi unli yoki undosh harf, ya’ni qofiya raviy bilan yakunlanadi. Undan so‘ng vasl joylashadi va undan keyin keluvchi harf esa xuruj deb yuritiladi. Ushbu so‘z ham arabchadan olingan bo‘lib, “tashqari chiqish” ma’nosini anglatadi.

Poku ravonbaxsh havosi aning
Jilvagahi fayz fazosi aning
Ushbu misrada “havosi - fazosi” so‘zlari o‘zaro qofiyadosh bo‘lib, mujarrad qofiya yuzaga kelgan, “o” unlisi – raviy, “s” undoshi – vasl va “i” undoshi – xuruj deb yuritiladi.

  1. Mazid – xuruj harfidan so‘ng joylashuvchi unli yoki undosh harf hisoblanadi. Ya’ni qofiya raviy bilan yakunlanadi. Undan so‘ng vasl joylashadi va undan keyin keluvchi harf esa xuruj deb yuritiladi. Xurujdan keying harf, aytib o‘tganimizdek, mazid hisoblanadi. “Mazid” so‘zi ham arabchadan olingan bo‘lib, “orttirilgan” ma’nosini anglatadi.

Til chekib ul xanjari po‘loddek
Ochilibon savsani ozoddek
baytida qo‘llanilgan “po‘loddek - ozoddek” so‘zlari o‘zaro qofiyadosh bo‘lib, bu yerda “d” harfi – raviy, ikkinchi joylashgan “d” harfi – vasl, “e” harfi – xuruj, “k” harfi – maziddir.

  1. Noyira – mazid harfidan so‘ng joylashuvchi unli yoki undosh harf hisoblanadi. Ya’ni qofiya raviy bilan yakunlanadi, so‘ng vasl joylashadi va undan keyin keluvchi harf esa xuruj deb yuritiladi. Maziddan keyin eng oxirida noyira keladi.

Lek bu iqbolning o‘trusida
Bo‘yla biyik martaba qarshusida
baytida qo‘llanilgan “o‘trusida – qarshusida” so‘zlari o‘zaro qofiyadosh sanaladi. Bu yerda “u” cho‘ziq unli harfi – raviy, “s” harfi – vasl, “i” harfi – xuruj, “d” harfi – mazid, “a” harfi esa noyiradir. Yana bir ma’lumotni aytib o‘tish joizki, she’riyatda noyiradan so‘ng ham harflar kelishi mumkin. O‘z navbatida ular ham noyira hisoblanadi va bayt bir necha noyirali deb yuritiladi:
Chun hashamu xayldin ayrilg‘asen,
Deki, bu a’mol ila ne qilg‘asen.

Ikkisi chun yondashib o‘lturdilar,


Har sori hayrat bila el turdilar.
Ushbu baytlarda raviy harfidan so‘ng yana 5 ta harf kelganini ko‘rish mumkin.
Yuqoridagi qofiya harflari qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra farqlanuvchi to‘rtta turning barchasida qo‘llanilishi mumkin. Nazariy ma’lumotlarga ko‘ra qofiyaning 55 ga yaqin turi qayd etilgan. Shuningdek, M. Akbarovaning ilmiy tadqiqotlari natijasi shuni ko‘rsatadiki, turkiy she’riyatda qofiyaning 25 turidan unumli foydalanilgan, shundan 23 turi Alisher Navoiy qalamiga mansub “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti bilan bog‘liqdir.
Qofiyaning asosini raviy harfi tashkil etadi. Raviy qofiya o‘zagidagi so‘nggi harfdir. Ilmi qofiyada qofiyaning bizga ma’lum o‘zak tarkibiga ko‘ra bo‘lgan to‘rt turi mavjud, bular: mujarrad, murdaf, muqayyad, muassas. Qofiyaning bu to‘rt turini yanada kichik turlarga ajratib ko‘rib chiqish mumkin. Kichik turlarga ajratish qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra va tuzilishiga ko‘ra turlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Qofiyaning tuzilishiga ko‘ra ikki turi mavjud: muqayyad va mutlaq. Muqayyad qofiya turida raviydan so‘ng hech qanday harf mavjud bo‘lmaydi. Mutlaq qofiya turida esa buning aksi, ya’ni raviydan so‘ng harflar keladi: vasl – raviydan keyingi birinchi harf, xuruj – vasldan keyingi harf, mazid – xurujdan keyingi harf, noira – maziddan keyingi harf.
Izoh: O‘zak tarkibiga ko‘ra turga kiruvchi muqayyad qofiya tuzilishiga ko‘ra turga kiruvchi muqayyad qofiya bilan bir hodisa emas.
Ma’lumki, eski o‘zbek yozuvida qisqa unlilar yozuvda aks etmagan. Shunday bo‘lsa-da, qofiya hosil bo‘lishida ularning ham o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan. Agar raviydan so‘ng qisqa unlilar kelsa, uning nomini mumtoz qofiyashunoslikda majro deb atashgan. Xuruj, mazid, noyira harflaridan har biridan keyin kelgan qisqa unli esa nafoz deb nomlangan.


Download 149,64 Kb.
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   25




Download 149,64 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Qofiyaning tuzilishiga ko‘ra turlari va ularning o‘zak tarkibiga ko‘ra tasniflanuvchi qofiya turlari bilan munosabati

Download 149,64 Kb.