|
I bob orif ardabiy va alisher navoiy dostonlarning kompazatsion qurilishi va syujet xususiyatlari
|
bet | 7/25 | Sana | 03.07.2024 | Hajmi | 149,64 Kb. | | #266440 |
Bog'liq alisherMurdaf qofiya – qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra farqlanuvchi turlaridan biri. Ridfli qofiya deb ham ataladi. Murdaf qofiyada raviy harfidan oldin cho‘ziq unlilardan biri keladi. Murdaf qofiya ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, ridfi asliy qofiya. Ridfi asliy qofiyada raviy harfidan oldin cho‘ziq unlilardan biri keladi va aynan shu cho‘ziq unli ridfi asliy deb ataladi. Bayt misolida ko‘rib o‘tamiz:
Soqiy, olib kel qadahu qilma noz,
Ko‘rki, ne mushtoqdur ahli niyoz. (HA)
Murdaf qofiyaning ridfi asliy turida bayt qofiyalaridagi hijolar cho‘ziq hijo bo‘ladi.
Bir kecha zulmatqa olib koinot
Mehr nihon o‘ylaki aynul hayot. (HA)
Murdaf qofiya raviy harfidan keyin harflarning qo‘llanilish va qo‘llanilmasligiga ko‘ra muqayyad va mutlaq ko‘rinishlariga ega bo‘ladi. Biz yuqorida ko‘rib o‘tgan baytda koinot-hayot so‘zlari o‘zaro qofiya bo‘lib kelmoqda. Har ikkala so‘zda cho‘ziq “o” unlisidan so‘ng “t” harfi raviy bo‘lib kelgan va qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlar raviy harfi bilan yakunlangan. Agar qofiya raviy harfi bilan yakunlansa, ya’ni, raviydan so‘ng harflar qo‘llanilmasa, bunday qofiya muqayyad qofiya deb nomlanadi.
Agar raviy harfidan keyin yana harflar qo‘llanilsa, bunday qofiya mutlaq qofiya deyiladi.
Sham’ yorutub uy ichiyu toshini
Ev iyasi ko‘prak uzub boshini. (HA)
Mutlaq qofiyaga to‘xtalish bilan bir qatorda qofiya ilmiga doir bir qoidani eslab o‘tish joiz. Qofiyadoshlik asosan so‘zning o‘zak qismida hosil qilinadi (vazn talabiga ko‘ra yoki qofiyadoshlik talabidan ba’zi hollarda so‘zning o‘zagi va boshqa misragi so‘zning qo‘shimchasi o‘rtasida; ikkala baytning qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlari qo‘shimchalari o‘rtasida ham qofiyadoshlikni yuzaga keltirish mumkin). Biz keltirgan baytda toshini-boshini so‘zlari qofiya bo‘lib kelmoqda. Toshini-boshini qofiyasida raviy harfi “sh” bo‘lib, undan so‘ng “i”, “n”, “i” harflari ketma-ket kelgan. Raviydan keyin qo‘llanilgan harflar joylashish o‘rniga ko‘ra har biri o‘z nomiga ega. Buni biz keyingi bobda nomma-nom keltirib, har bir qofiya harfining izohini berib o‘tamiz. Raviydan keyin joylashgan “i” harfi vasl deb nomlanadi. Vasldan keyin joylashgan “n” harfi xuruj deb ataladi. Xurujdan so‘ng joylashgan “i” harfi esa mazid deyiladi. Agar maziddan keyin ham harf bor bo‘lsa, u noyira deb ataladi. Demak, ushbu baytni biz shaxsiy mulohazalarimizdan kelib chiqqan holda ridfi asliyi mutlaqi mazid deb nomlab turishimiz mumkin.
Murdaf qofiyaning yana bir turi ridfi zoyid qofiya deb nomlanadi. Bunda qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zning raviy harfi undosh bo‘lib, undan oldin yana bir undosh va undan ham oldin cho‘ziq unlilardan biri joylashadi. Ya’ni cho‘ziq unli va qator undosh keladi. Agar formula ko‘rinishida tushuntiradigan bo‘lsak, taxminan quyidagicha bo‘ladi: con+v+con+con. Bayt misolida ridfi zoyid qofiyani ko‘rib o‘tamiz.
Xayri rusul bo‘lmog‘i Tengriga xost
Harne risolatki qilib borcha rost. (HA)
Niyat aning birla burun rost qil,
G‘ayrin aning ko‘nglunga bexost qil. (HA)
Murdaf qofiyaning ridfi zoyid turidan hosil bo‘luvchi qofiyalarda oxirgi bo‘g‘in o‘ta cho‘ziq hijo deb nomlanadi. Bu hodisalar qofiyaning vazn bilan munosabatini ko‘rsatib turadi. Fikrimizni mufassalroq tushuntiradigan bo‘lsak, qofiya qo‘llash orqali vaznga ta’sir o‘tkazish mumkin. Yoki aksincha holat, vazn talabidan qofiya tanlash ham mumkin.
|
| |