1.2. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra turlarining qo‘llanilishi
Lirik asardagi har bir qofiya turi ijodkorning fikrini ifoda etishga xizmat qiladi. Qofiya yaqqol ko‘zga tashlanuvchi she’riy unsur bo‘lib, bayt oxirida keluvchi ohangdosh so‘zdir. Qofiyada shoirning asosiy fikri ifodalanadi. Qofiyadosh bo‘lib kelgan so‘zlar tuzilishiga qarab qofiyaning turlari kelib chiqadi. Asarda ifodalangan ruhiyat va kayfiyatni yuzaga keltirishda ham qofiya turlari alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun ham har bir ijodkorning qaysi qofiya turidan samarali foydalanishini o‘rganish muhimdir. Xususan, Navoiy aynan qaysi qofiya turlaridan samaraliroq foydalanganini aniqlash maqsadida uning “Xamsa” asarining poydevori bo‘lgan “Hayrat ul-abror” dostoni qofiya tizimini ko‘rib o‘tamiz.
Dostondagi har bir baytni alohida o‘rganib, qaysi qofiya turlari qo‘llanilganligi ketma-ketlikda berib o‘tamiz.
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida eng unumli foydalanilgan qofiya turlari:
Mujarradi muqayyad -1 ( raviyi cho‘ziq unli)
Mujarradi muqayyad -2 (raviyi undosh)
Mujarradi mutlaq –vasl
Mujarradi mutlaq –xuruj
Mujarradi mutlaq –mazid
Mujarradi mutlaq –noira
Ridfi asliy muqayyad
Ridfi asliy mutlaq –vasl
Ridfi asliy mutlaq –xuruj
Ridfi asliy mutlaq –mazid
Ridfi asliy mutlaq –noira
Ridfi zoyid muqayyad
Ridfi zoyid mutlaq –vasl
Ridfi zoyid mutlaq –xuruj
Ridfi zoyid mutlaq –mazid
Ridfi zoyid mutlaq –noira
Qaydli muqayyad
Qaydli mutlaq –vasl
Qaydli mutlaq –xuruj
Qaydli mutlaq –mazid
Qaydli mutlaq –noira
Ta’sisli muqayyad
Ta’sisli mutlaq – vasl
Ta’sisli mutlaq – xuruj
Ta’sisli mutlaq – mazid (HA 121).
Jahon klassik adabiyotida Sharq she’riyatining, xususan, turkiy mumtoz lirikaning o‘rni beqiyos. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, she’riy asarlarni yuzaga keltirishda qo‘llanilgan so‘zlar, ularning mazmun va ohang mutanosibligi ijodkorning mahoratini ko‘rsatib turadi. Shu o‘rinda qofiya shoir mahoratini yuzaga chiqarishdagi asosiy vositalardan biri ekanligi barchaga ma’lum. Qofiya haqidagi asar, risolalar yoki tadqiqotlarning deyarli barchasida qofiyaga beriladigan ta’riflar o‘xshash.
Qofiya misralar oxirida keluvchi qo‘shimcha, so‘z yoki so‘z birikmalarining o‘zaro ohangdoshligidan hosil bo‘ladi. Qofiya misralarning oxirida yoki radifdan oldin keladi:
Jumla jahon shahlig’idin ori bor,
Kimki gadodir dog’i bir yori bor.
Ey karaming ollida ko‘hi gunoh,
Yelga uchib o‘ylaki bir parri koh.
Bo‘lsa ne maqsudg‘a mayli aning,
Haqdin o‘lub barcha tufayli aning.(HA)
Mumtoz Sharq she’riyatida ilmi qofiya deb atalgan fan mavjud bo‘lganki, unda qofiyaning xususiyatlari, tuzilishiga ko‘ra turlari, o‘zak tarkibiga ko‘ra turlari kabilar o‘rganilgan. Ma’lumki, qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra to‘rt turi bor. Bular quyidagilar:
Murdaf
Mujarrad
Muqayyad
Muassas
Ushbu qofiya turlarining aynan “o‘zak tarkibiga ko‘ra” deb nomlanishi qofiya bo‘lib kelayotgan so‘z tarkibidagi raviy harfi bilan bog‘liq. Chunki qofiyaning asosini aynan raviy harfi tashkil etadi. Raviy harfi qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zning aynan o‘zagidagi eng oxirgi undosh yoki cho‘ziq o, o‘, u unlilaridan biri bo‘lishi mumkin.
Ko‘ngli aning maxzani asrori ishq,
Nutqi aning abri guharbori ishq. (HA)
Baytda ishq so‘zi radif, asrori – guharbori so‘zlari qofiya bo‘lib kelmoqda. Bu so‘zlarning raviy harfi – r undoshi.
Eslatib o‘tamiz: i, a, e qisqa undoshlari raviy bo‘la olmaydi. Agar qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zlarning o‘zagi yoki asosi qisqa unlilarning birortasi bilan tugayotgan bo‘lsa, u holda qisqa unlidan oldin joylashgan undosh harf raviy sifatida olinadi va qofiya turi ham shunga qarab belgilanadi.
Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan “Hayrat ul-abror” dostonida to‘rtala qofiya turini ham uchratish mumkin. Shu asosiy to‘rt tur yordamida hosil bo‘lgan qofiya turlari ham talaygina. Bular orasida dostonda eng ko‘p uchraydigani murdaf qofiya ekanligi e’tiborga molik. “Xamsa”dagi boshqa dostonlarda qofiyaning mujarrad turi ustunlik qiladi. Fikrimizning isboti sifatida qofiya bo‘yicha tadqiqotchilarning statistikasini keltirib o‘tamiz. Xususan, “Layli va Majnun” dostonida mujarrad qofiya – 46%, murdaf qofiya – 39%, muqayyad qofiya – 8%, muassas qofiya – 6% qo‘llanilgan. Bizning kichik tadqiqotimiz natijasida esa “Hayrat ul-abror” dostonida biroz boshqacha holat yuzaga keldi. “Hayrat ul-abror” dostoni 63 bob, 3988 bayt, 20 maqolat va 20 hikoyatdan tashkil topgan. Dostonda qo‘llanilgan qofiya turlarini o‘rganishimiz asnosida, jadvaldagi holat yuzaga keldi.
T/r
|
Qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra turlari
|
qo‘llanilish soni
|
% hisobida
|
1
|
Murdaf
|
1834 bayt
|
46%
|
2
|
Mujarrad
|
1594 bayt
|
40%
|
3
|
Muqayyad
|
360 bayt
|
9%
|
4
|
Muassas
|
200 bayt
|
5%
|
Murdaf qofiya “Hayrat ul-abror” dostonida eng ko‘p qo‘llanilgan qofiya turi ekan, buning sababini aniqlash uchun ushbu qofiya turi haqida ma’lumotlarni keltirib o‘tishimiz maqsadga muvofiq.
|