Mujarrad qofiya. Qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra farqlanuvchi turlarini ko‘rib chiqishda davom etamiz. Mujarrad qofiya istilohi arabchadan olingan bo‘lib, “yakka, yolg'iz, tanho” degan ma’nolarni bildiradi. Qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra farqlanuvchi turlaridan biri. Bunday qofiyaning asosiy ikki ko‘rinishi mavjud. Birinchisi, raviy harfi cho‘ziq unlidan iborat bo‘ladi va undan oldin undosh harf keladi. Formulaga solib ko‘rib o‘tsak, con+v ko‘rinishida bo‘ladi.
Ikki jahoningg‘a tilarsen fazo –
Hosil et ushbu ikkisidin rizo. (HA)
Garchiki, shah bazmi erur dilrabo,
Vojib erur aylamak andin ibo. (HA)
Ushbu baytlarda raviy harfi cho‘ziq o unlisi bilan ifodalangan va undan oldin undosh harf kelgan. Agar qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zning oxirgi harfi qisqa unli bilan yakunlansa, bunday qofiya ham mujarrad qofiya turiga kiradi. Chunki qofiya talabiga ko‘ra qisqa unli raviy bo‘lib kela olmasligi bizga ma’lum.
Bir chaman ichra tuzubon xilvate,
Gulrux ila qildi ayon suhbate (HA)
baytida e harfi qofiya bo‘lib kelayotgan so‘zning oxirida kelgan bo‘lsa-da, raviy harfi bo‘la olmaydi. Shuning uchun undan oldin kelgan t undoshi raviy harfi bo‘ladi.
Mujarrad qofiyaning ikkinchi turida raviy undosh bilan yakunlanib, undan oldin tavjih - qisqa unli kelishi asosiy talab hisoblanadi. Agar bu qofiya turini ham formulada ifodalasak, con+v+con ko‘rinishida bo‘ladi.
To‘kdi jahon gulbuni bargi suman,
Ochdi falak bo‘g‘chasi nastaran.
Kimniki bedoding etibdur asir,
Bo‘l anga adl ilgi bila dastgir. (HA)
“Hayrat ul-abror” dostonida murdaf qofiyadan so‘ng eng ko‘p qo‘llanilgan qofiya turi mujarrad qofiya bo‘lib, buning asosiy sababi sifatida mujarrad qofiya yordamida yuzaga kelgan uzviylik va ohangning uyg‘unligini aytish mumkin. Albatta, asarda har to‘rtala qofiya turi ham aralash holda kelgan. Buning natijasida asarda ulug‘vorlik va yaxlitlik ta’minlangan.
Mujarrad qofiya raviy harfidan keyin harflarning qo‘llanilish va qo‘llanilmasligiga ko‘ra muqayyad va mutlaq ko‘rinishlariga ega bo‘ladi. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida mujarrad qofiyaning bir necha turi keng qo‘llanilgan. Mujarrad qofiyaning muqayyad turida qofiya bo‘lib kelayotgan so‘z raviy bilan yakunlanadi. Uning ikki ko‘rinishi mavjud: birinchi ko‘rinishida raviy cho‘ziq unlidan iborat bo‘ladi va unda shu cho‘ziq unlidan keyin boshqa biror harf ishtirok etmaydi
Me’dani xoliliq ila qil to‘lo,
Necha xalo anda safodin malo; (HA)
ikkinchi ko‘rinishi raviyi undosh bo‘lgan mujarrad qofiyadan so‘ng hech qanday harf bo‘lmaydi:
Kim bu sifat savmki topti raqam,
Bo‘lg‘ay izofat necha ish anda ham.
Kimgaki andisha bu surat bo‘lur
Avval anga burch zarurat bo‘lur (HA)
Mujarrad qofiyaning raviydan so‘ng harflar kelishiga ko‘ra turlariga misollar ko‘rib chiqamiz.
Vaslli mujarrad qofiya:
Necha samar sochmoq esa shox ishi,
Ko‘prak otar tosh anga tergan kishi. (HA)
Turfa bukim, johili qotilvashe,
Ko‘rmagi noxush, demagi noxushe. (HA)
Xurujli mujarrad qofiya:
Subh kibi xalq yuziga kulub,
Charx kibi el boshig‘a evrulub. (HA)
Barcha javorih bila a’zoda teng
Surati nav’iyu hayuloda teng. (HA)
Mazidli mujarrad qofiya:
Necha tikon yanglig‘ etib tezlik,
Tong yelidin boshiga gulrezlik. (HA)
Chunki jahon bog‘i vafosiz durur,
Umr guli anda baqosiz durur. (HA)
Noyirali mujarrad qofiya:
Lek bu iqbolning o‘trusida,
Bo‘yla biyik martaba qarshusida.
Zohir aning xoini mutlaqlig‘i
Haq kibi ravshan bari nohaqlig‘i. (HA)
|