• Tadqiqotning tuzilishi.
  • I BOB ORIF ARDABIY “FARHODNOMA” VA ALISHER NAVOIYNING “FARHOD VA SHIRIN” DOSTONLARINING QIYOSIY TAHLILI.
  • Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati




    Download 149,64 Kb.
    bet5/25
    Sana03.07.2024
    Hajmi149,64 Kb.
    #266440
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   25
    Bog'liq
    alisher

    Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Qofiya ilmi adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi sifatida ilmlar uchligi doirasida alohida soha sifatida o‘rganilar ekan, uning nazariy jihatlariga doir ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan. Biz esa mazkur magistrlik dissertatsiyamizni bevosita nazariyaning amaliyotga tatbiqi bo‘lgan – qofiyaning dostonlarda qo‘llanilishi va ularning o‘ziga xos xususiyatini ochib berishga harakat qildik. Navoiy ijodidagi qofiya yuzasidan A.Rustamovnning “Navoiyning badiiy mahorati” nomli ilmiy asari orqali “Xamsa” tarkibidagi bosh doston bo‘lmish “Hayrat ul-abror” dostonidan olingan misollar yordamida qofiya ilmi va uning ifodalanishiga doir ko‘plab ilmiy ma’lumotlarni olishimiz mumkin6.
    Ushbu magistrlik dissertatsiyasi o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ilmiy ahamiyat kasb etadi. Uning natijalari kelgusida amalga oshiriladigan tadqiqotlar uchun muayyan nazariy asos bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Magistrlik dissertatsiyasining nazariy xulosalaridan oliy o‘quv yurtlari va akademik litsey hamda kollejlar, o‘rta umumta’lim maktablari uchun O‘zbek adabiyoti tarixi hamda Alisher Navoiyning hayoti ijodiga oid fan bo‘yicha darslik va qo‘llanmalar yaratishda, uslubiy tavsiyanomalar tuzishda, talabalarga maxsus kurslar o‘qitishda foydalanish mumkin.

    Tadqiqotning tuzilishi.
    Ilmiy ishning hajmi va tuzilishi. Magistrlik dissertatsiyasi umumiy quyidagi qismlardan tashkil topgan:

    • Kirish;

    • Asosiy 3 bob;

    • Xulosa;

    • Foydalanilgan adabiyotlar.



    I BOB ORIF ARDABIY “FARHODNOMA” VA ALISHER NAVOIYNING “FARHOD VA SHIRIN” DOSTONLARINING QIYOSIY TAHLILI.


      1. Ilmi qofiyaning yuzaga kelishi, uning turlari va o‘zbek mumtoz adabiyotdagi ahamiyati

    Mumtoz adabiyotimizda shunday unsurlar borki, ular she’rning ohangdorligini, musiqiyligini va she’rda aniq bir tizimni hosil qilishni ta’minlab beradi. Bir o‘ylab ko‘raylik, agar she’r deb atalmish bir san’at asarida go‘zal ohang va musiqiylik, tartibli tizim bo‘lmaganida uni san’at asari sifatida qadrlab bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Chunki bunday she’rning oddiy gapdan farqi bo‘lmaydi. Hozirgi kunda modern adabiyotida yaratilayotgan she’rlar bundan mustasno, buning sababi shundaki, modern adabiyotida shakl emas mazmun birlamchi ahamiyat kasb etadi.


    She’rning asosiy shakliy unsurlaridan biri qofiyadir. Qofiya misra oxirida kelib, baytda o‘zaro ohangdoshlik hosil qiluvchi so‘zlardir.
    Mumtoz Sharq adabiyotining, xususan, arab, fors-tojik va turkiy adabiyotning ilmiy hamda badiiy namunalarida qofiya she’riyatdagi badiiyatning asosiy unsurlaridan biri sanalgan. Turkiy she’riyatning ilk davri yuzasidan tadqiqot olib borgan olimlarimiz esa she’rning qofiya tomonini vazn hamda badiiy san’atlardan ham avvalroq tushunib yetganlar. Buning sababi qofiya she’rda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, qofiya yuzasidan olimlarimiz o‘zlarining nazariy qarashlarini bayon qilganlar. Arab olimlari johiliya davridayoq she’rning qofiya jihatidan tahlil qilingan ayrim fikrlarini ham bildirib o‘tganlar. Islom davrida, birinchilardan bo‘lib, Ibn Qutaybaning “She’r va shuaro”, Qudama ibn Ja’farning “Naqd ush-she’r”, Asmaiyning “Kitobi fuxulat ush-shuaro”, Ibn Xaldunning “Muqaddima” asarlarida qofiya nazariyasiga taalluqli bo‘lgan mulohazalar bildirilganligi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilgan. Shu bilan birga, qadimgi yunon va hind she’r tizimini o‘rgangan buyuk allomlalarimiz – Forobiy va Beruniylarning asarlarida ham qofiya yuzasidan bildirilgan fikrlar mavjud. Biz yuqorida ta’kidlagan Qudama ibn Ja’farning “Naqd ush-she’r” asarida besh jihat yuzasidan nazmiy, ya’ni, she’riy tahlilni amalga oshirish kerakligi tushuntirilgan. Qudama ibn Ja’far aytib o‘tgan besh jihatni sanab o‘tamiz:

    • vazn;

    • qofiya;

    • lug‘at tarkibi;

    • syujet (tartib);

    • naqd ilmi.

    E’tibor qaratadigan bo‘lsak, she’rda o‘rganiladigan asosiy jihatlar keltirib o‘tilgan. “Naqd ush-she’r” asari, asosan, naqd ilmiga bag‘ishlangan hamda yuqorida keltirilgan to‘rt jihat esa boshqa olimlar tomonidan qilingan ishlarda atroflicha yoritilgan. Ammo Qudama ibn Ja’far ham nazmni farqlaydigan va barcha olimlar tomonidan qabul qilingan to‘rt unsurning farqlanishi haqida mulohazalar keltiradi. Ularga: tovush, syujet, vazn va qofiyani kiritadi. Uning qarashlariga ko‘ra ham mazkur unsurlarning turli xil o‘zgarishlar asosida birlashishidan nazm, ya’ni she’r hosil bo‘ladi. Ma’lumki, vazn va qofiyaning asosi bu tovushdir. Qofiya o‘z-o‘zidan mazmun bilan mutlaqo bog‘langan unsur hisoblanadi.7
    Poetika ilmi XI asrdan ilmi adab, ya’ni adabiy ilmlar doirasida faoliyat yuritgan. Mahmud Zamaxshariy ham “Al-Qustos fi’l aruz” asarida adabiy ilmlar haqida o‘zining qarashlarini keltiradi va aruz vazni hamda she’riy unsurlar haqida bahs yuritadi. Mazkur istiloh yuzasidan bildirilgan nazariy qarashlar ilmi qofiya deb ataluvchi maxsus fanda tadqiq etilgan. Muhammad G‘iyosuddin o‘zining “G‘iyos ul-lug‘ot” asarida ilmlarning 12 ta turini keltirib o‘tadi. Bu ilmlar ketma-ketligida qofiya ham alohida ilm sifatida keltiriladi8.
    Shuningdek, Abu Abdulloh Xorazmiy ham qofiya yuzasidan o‘zining ayrim mulohazalarini keltirib o‘tgan. U qofiyaga ta’rif berar ekan, qofiyani she’rdagi misraning oxirgi so‘zi deb ko‘rsatgan hamda bayt ichidagi ichki qofiyalarga ham alohida to‘xtalib o‘tgan. Shu o‘rinda Xorazmiyning qofiya haqidagi qarashlarini tadqiq qilgan olima M. Ziyovuddinova quyidagicha xulosalar beradi:
    Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan uch variantni Xorazmiy quyidagicha farqlaydi:
    1) faqat bitta bayt doirasida ikkita misra qofiyalanishi;
    2) bir necha bayt doirasida misraning oxirlari qofiyalanishi;
    3) bitta bayt doirasida nafaqat ikkita misraning oxiri qofiyalanishi, balki qofiyalanayotgan so‘zlar gohida qofiyalanmaydigan so‘zlar bilan ketma-ket takrorlanib kelishi9. M.Ziyovuddinovaning tadqiqoti qofiya turlarini o‘rganishdagi muhim manbalar sirasiga kirganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
    Shu bilan birgalikda, olimaning fikriga ko‘ra, ba’zida ikkala misrada ichki qofiyaning kelishi kuzatiladi10.
    Jumladan, Xorazmiy ichki qofiya haqida alohida to‘xtalar ekan, birinchi misrada hosil bo‘ladigan ichki qofiya – tasri’, to‘liq bo‘lmagan ichki qofiya – tarsi’, to‘liq takrorlanuvchi ichki qofiya – tasmit kabi turlarni o‘rganib, ular yuzasidan atroflicha ma’lumot beradi. Tadqiqotchi olimaning fikriga qaraganda bu kabi yondashuvlar Xorazmiyning arab olimi Qudama ibn Ja’farning yo‘nalishi va mulohazalarini asos qilib olganligini ko‘rsatadi. E’tiborli jihati shuki, ba’zi adabiyotshunos ijodkorlar singari Xorazmiy ham qofiya ayblariga ham maxsus yondashadi. Qofiya ayblarini yuzaga keltiruvchi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan to‘rt xatolik: iqvo, iyto, sinod hamda ikfo turlari bo‘yicha o‘z qarashlarini bildiradi. Ushbu qofiya ayblari yuzasidan ma’lumot Yusuf Sakkokiyning “Miftoh ul-ulum”, Damanhuriyning “Al-hoshiya ul-kabiri ali matnu kofiy fi ilm ul-aruz val-qavofiy”, Qinoiyning “Mezon uz-zahab fi sinoati she’r ul-arab”, Qudama ibn Ja’farning, Yunus ibn Habibning asarlarida ham yoritilganligini ko‘plab tadqiqotchi olimlar tasdiqlaganlar. Bu kabi izlanishlar keyingi davr arab olimlarining ishlarida yana ham rivojlana borgan.
    Qofiya ilmi haqida fors tilida ham o‘ziga xos ishlar yaratilgan. Xususan, Shamsiddin Qays Roziy, Abdurahmon Jomiy va Vohid Tabriziylarning risolalarida hamda Nosiriddin Tusiy, Shams Faxriy Isfahoniy, Yusuf Aziziy va Husayn Voiz Koshifiyning poetika ilmiga doir asarlarida ham bu ilm haqida ma’lumotlar keltirilgan. Nizomiy Aruziy Samarqandiy aruz va qofiyaga doir maqbul risolalar sifatida Abulhasan Ali Sarahsiy Bahromiy (v. 1106)ning “G‘oyat ul-aruzayn” va “Kanz ul-qofiya” (“Qofiya xazinasi”) risolalarini keltiradiki, qofiya haqidagi ikkinchi asar keyinchalik Shamsiddin Qays Roziy “Al-Mo‘jam…” kitobining yaratilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan11.
    “Al-Mo‘jam” asari besh bobdan iborat. Unda Shams Qays Roziy she’r va qofiya ilmiga doir qarashlarni quyidagicha tasniflaydi:
    “Avvalgi bob: she’r va qofiya ma’nolari zikri hamda uning haqiqati va imkoniyatlari xususida;
    Ikkinchi bob: qofiya harflari zikri va ularning asosi haqida;
    Uchinchi bob: qofiya harflarining harakatlari va ularning nomlanishi haqida;
    To‘rtinchi bob: qofiya hududi va sinflari xususida;
    Beshinchi bob: manzum kalomda ba’zan uchrovchi qofiya ayblari zikri va noma’qul sifatlar haqida”12.
    Yana bir qofiya ilmiga bag‘ishlangan Abdurahmon Jomiyning “Risolayi qofiya” asari 1465-yilda Shamsiddin Qays Roziyning “Al-Mo‘jam…” asariga asoslanib yozilgan degan qarashlar mavjud. Jomiy asaridan keyin qofiya ilmiga doir fors tilida yozilgan asarlarda, ya’ni Nuriddin Ahmad ibn Abdujalilning “Qofiya”, Atoulloh Mahmud Husayniyning “Risolayi dar qavoyidi ilmi qavofi” (“Qofiya ilmi qoidalari haqida risola”) kabi ilmiy asarlarda ma’lumotlar keltirilgan.
    Shu o‘rinda Jomiyning “Risolayi qofiya” asari xususida gapirilganda, uning ichki tuzilishi yuzasidan ayrim mulohazalarni keltirib o‘tmoqchimiz. Jomiy qofiya unsurlarining barchasiga atroflicha to‘xtaladi. O‘zining nazariy qarashlarini g‘azal, ruboiy, qasidalar asosida izohlaydi. Abdurahmon Jomiy ushbu asarida she’r mualliflarining nomini ham keltirib o‘tgan. Asar tuzilishini quyidagicha keltirish mumkin:

    1. Allohga hamd va payg‘ambarimiz s.a.v.ga salovat;

    2. Muqaddima;

    3. Qofiya harflari;

    4. Qofiya harakatlari;

    5. Qofiyaning turlari;

    6. Mutlaq va muqayyad qofiyalar;

    7. Qofiya ayblari.

    Jomiy ikkinchi faslda qofiya haqida ajam shoirlarining ikki xil mulohazasini keltiradi. Bir guruh shoirlar misra oxirida kelgan so‘zlarni qofiya deb atasa, yana bir guruh shoirlar faqat raviy harfini qofiya deb hisoblagan. Shuningdek, ijodkor yettinchi faslda qofiya ayblariga alohida to‘xtalib, ularni mufassal izohlab beradi. Shu ma’noda bu asar ham XV asrda yaratilgan qofiya ilmiga doir qimmatli manbadir.
    Turkiy adabiyotda she’rning shakl jihatini o‘rgangan ijodkorlardan Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” asarida ham qofiya ilmi haqida bildirilgan qarashlar arab va fors she’rshunoslarining fikrlari bilan mutanosib keladi deyishimiz mumkin. “Funun ul-balog‘a” turkiy poetikaga doir bizgacha yetib kelgan ilk asar hisoblanadi. Mazkur asarni 1993-yili Ergash Umarov AQSHdan olib kelgan. Asar 1436-yilda yozilgan bo‘lib, ushbu risola Abduqodir Hayitmetov tomonidan joriy alifboda tabdil qilinib, nashr etiladi.
    Mumtoz poetikaning har uchala tarkibiy qismlari bo‘lgan ilmi bade’, ilmi aruz va ilmi qofiya haqida Shayx Ahmad Taroziyning asari keng ma’lumot beradi. Asarda keltirilgan nazariy izohlar qofiya istilohini har tomonlama yoritib, har bir harf yuzasidan atroflicha to‘xtab o‘tilganligi bilan ham qimmatlidir. Shuningdek, qofiya yuzasidan ma’lum nazariy ma’lumot berilar ekan, unga izoh sifatida turli g‘azallarga murojaat qilinganligini ko‘ramiz. Ba’zi o‘rinlarda esa Firdavsiyning “Shohnoma” asaridan olingan misollarni ham uchratish mumkin. Ayni shu asos ham adib arab-fors ijodkorlarining ushbu ilm yuzasidan yozgan asarlaridan yaxshi xabardorligi, ularning asarlariga va fikr-mulohazalariga tayanganligini ko‘rsatadi. Asar muqaddimadan tashqari she’r qismlari, qofiya va radif, she’riy san’atlar, vazn, muammo kabi besh qismni o‘z ichiga olgan.
    Qofiya badiiy asarga ifodalanishi lozim bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy g‘oyalar, falsafiy mushohadalarni so‘zlarni badiiylashtirish orqali o‘quvchiga yetkazib berish uchun xizmat qiladi. Qofiyalangan so‘zlar o‘zaro ohangdoshlikda musiqiylik kasb etib, o‘quvchi va tinglovchining yodida qolishi uchun ham ko‘maklashadi. Shu ma’noda, qofiya ilmiga doir bir qancha nazariy qarashlar ishlab chiqilgan. Qofiya badiiy asarning asosini tashkil qiladi. U vazn va ritmni yuzaga keltiruvchi asosiy vosita hamdir. “Al-mo‘jam” asarining muallifi Shams Qays Roziy qofiya haqida quyidagicha yozadi: “Bidoniki (qofiya) ba’ze az kalimahoi oxirini bayt boshad ba sharti on ki on kalmia ba aynho (nazarho) va ma’noho dar oxiri abyoti digar mutakkarrar nashavad. Pas agar mutakarrar shaved, anro radif namond va qofiya dar maqobili on boshad”. Tarjimasi: “Bilgilkim, (qofiya) baytning oxiridagi ba’zi so‘zlardir, ammo shu shart bilanki, u boshqa baytlar oxirida ko‘rinishda va ma’noda takrorlanib kelmasin va agar takrorlanib kelsa, uni radif deydilar va qofiya uning (radifning muqobilida turadi)”13.
    She’r va qofiya ma’nolari yuzasidan ta’rif berar ekan, olim she’rni quyidagicha izohlaydi: “Bilgilki, she’r asli lug‘atda “bilim”dir va so‘zning to‘g‘ri idroki ma’nosini berur va istilohiy jihatdan ma’nosi murattabi (tartibga solingan) ma’noviy mazmuni (vaznli), mutakarrir (takrorlanuvchi) va mutasoviy (o‘zaro barobar) va oxirgi harflari bir-biriga monand keluvchi suxandir”14.
    Qofiya ilmi yuzasidan XX asr boshlarida nazariy qarashlar shakllanishining ilk davrida Abdurauf Fitrat va Abdurahmon Sa’diyning ma’lumotlari ham e’tiborga molik.
    Ma’rifatchilik davri ijodkorlarimizdan Fitrat o‘zining “Adabiyot qoidalari” asarida qofiyaga ta’rif berib: “misralarning oxirida tovushlari bir xil bo‘lg‘an so‘z bo‘g‘inlariga qofiya deyiladir”, deb yozadi. Shuningdek, o‘zining qarashlarini Navoiy, Bobur hamda Muhammad Solih asarlaridan misollar keltirish bilan asoslaydi. G‘azal, masnaviy kabi janrlarda yozilgan asarlardan misol keltirish orqali qofiya ilmiga doir o‘zining fikr va xulosalarini o‘quvchiga yetkazishga harakat qiladi.
    Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, rus sharqshunoslaridan P.A.Grintser, I.Y.Krachkovskiy, V.M.Jirmunskiy, A.B.Kudelin, I.V.Stebleva va boshqa olimlar arab, fors hamda turk qofiya ilmini chuqur o‘rganib, so‘ngra mazkur ilm yuzasidan o‘zlarining nazariy qarashlarini bayon qilganlar.
    Bilamizki, qofiya ilmini o‘rganishning ahamiyati katta. Buni biz har bir she’r shaklining yuzaga kelishi aynan qofiyaning ishtirokiga va qo‘llanilishiga qarab belgilanishidan ham bilib olishimiz mumkin. Arab va fors-tojik she’riyatidagi kabi mumtoz she’riyatimizda ham she’riy shakllar qofiya tuzilishi nuqtayi nazaridan 3 turli bo‘ladi:

    1. g‘azal qofiya tuzilishi;

    2. masnaviy qofiya tuzilishi;

    3. musammat qofiya tuzilishi.

    Dostonlar masnaviy qofiya tuzilishiga mansub bo‘lib, biz o‘rganish obyekti sifatida olgan “Hayrat ul-abror” dostoni qofiya tizimi ham masnaviy qofiya tuzilishidadir. Masnaviy tarzida yoziladigan asarlarda, xususan, “Hayrat ul-abror”da ham har qaysi bayt o‘zi mustaqil qofiyalanadi.


    Download 149,64 Kb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   25




    Download 149,64 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati

    Download 149,64 Kb.