UMUMIY XULOSALAR
Qofiya badiiy asarda ijodkor ifodalamoqchi bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy g‘oyalarni, falsafiy mushohadalarni va ijodkorning shaxsiy qarashlarini badiiy-estetik jihatdan o‘quvchiga yetkazib berish uchun xizmat qiladi. Qofiyalangan so‘zlar bir tomondan o‘zaro ohangdoshlikda musiqiylik kasb etib, o‘qilayotgan she’riy asarning o‘quvchi va tinglovchining yodida qolishi uchun ko‘maklashsa, ikkinchi tomondan talaffuzda monand so‘zlar orqali mazmuniy tugallikni ham o‘z ichiga oladi. Shu ma’noda, qofiya ilmiga doir bir qancha nazariy qarashlarni o‘rganish, ayniqsa, mumtoz adabiyotimizning durdonalarini obyekt sifatida o‘rganish muhim hodisadir. Qofiya she’riy asarning asosini tashkil qiladi. U vazn va ritm yuzaga kelishidagi asosiy vosita hamdir.
She’r tuzilish jihatdan qofiya asosiga qurilishi bilan xarakterlanib, uni tashkil etuvchi yana boshqa omillar vazn, radif, ritmik urg‘u va badiiy san’atlar kabi unsurlardan iboratdir. Navoiy dostonlarida qofiyaga yuklatilgan vazifa uning mazmun jihatdan ijodkor g‘oyaviy maqsadlarini ochib berishga qaratilgan. Qofiya she’rni tashkil qiluvchi boshqa unsurlar bilan birikishi orqali ritmik muvozanatni hosil qilish bilan birga badiiy asar g‘oyasi, obrazlar tasviri, asarda kechayotgan jarayonlarni ochib berishdagi asosiy unsur sifatida qaraladi.
Xususan, kuzatishlarimiz natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, Alisher Navoiy eng ko‘p foydalangan qofiya turi bu mujarrad qofiyadir. Buning ilmiy asosi shundan iboratki, mujarrad qofiya boshqa qofiya turlariga nisbatan kengroq qamrovga ega. Chunki tilimizda qisqa unlili yopiq bo‘g‘in bilan tugaydigan so‘zlar miqdor jihatdan ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo “Hayrat ul-abror” dostoniga nisbatan bunday xulosani ayta olmaymiz. E’tiborli jihati ham aynan shunda. Tilimizning xususiyatlariga mujarrad qofiya ko‘proq mos tushar ekan, nega unda “Hayrat ul-abror”da eng ko‘p murdaf qofiya qo‘llangan? Buning sababi shundaki, murdaf qofiya o‘zining ulug‘vorligi va qat’iy ohangni hosil qilishi bilan boshqa qofiya turlaridan farqlanib turadi. Biz bilamizki, “Hayrat ul- abror” dostoni didaktik ruhda yozilgan. Didaktik ruhdagi asarlarda esa asosan, inson rioya etishi lozim bo‘lgan axloqiy va ma’naviy mulohazalar beriladi va ular odatda qat’iy belgilangan tamoyillar shaklida bo‘ladi. Ya’ni, haqqoniy hukmni ifoda etadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday mazmunga ko‘proq murdaf qofiya mos kelgani uchun ham Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida murdaf qofiyadan keng foydalangan.
Tuzilishiga va o‘zak tarkibiga ko‘ra turlarning munosabati. Qofiyaning tarkibiy qismini qofiya harflari va harakatlari tashkil qilib, bunday harflar qofiyaning qaysi qismida qo‘llanilishiga qarab o‘zak tarkibiga ko‘ra turlarning tuzilishini o‘rganishda asosiy vositadir.Qofiyani vujudga keltirishda qofiya harakatlari ham ahamiyatga ega. Qofiyaning muqayyad va mutlaq turlarini o‘rganish orqali o‘zak tarkibiga ko‘ra ichki turlarga bo‘linish hodisasini bilib olish mumkin. Bu esa o‘z navbatida har bir qofiya turini alohida tasniflash imkoniyatini beradi.
Alisher Navoiy mumtoz Sharq adabiyotining vakili sifatida o‘z davrida mavjud nazariy qarashlarni chuqur o‘rgandi va ayni paytda uning ijodiy merosi ham adabiyot nazariyasining yanada taraqqiy topishiga xizmat qildi. Bu holat bevosita uning qofiyaning tuzilishiga ko‘ra va o‘zak tarkibiga ko‘ra turlaridan foydalanish mahoratida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qofiya san’atlari haqida xulosa. Qofiya san’atlarini atroflicha o‘rganish, har bir qofiya san’atining badiiylik ko‘lami va imkoniyatlarini ochib berish orqali biz ijodkorning nozik ichki kechinmalari, hayotiy lavhalarini o‘zgacha jiloda tasvirlash imkoniyatini ko‘rsatib berishga muvaffaq bo‘lamiz. Adabiyotshunos sifatidagi faoliyatimizda bu juda ahamiyatlidir. Chunki har bir adabiyotshunosning vazifasi o‘z adabiyoti tarixini chuqur o‘rganishga xizmat qilishdir. Yana bir muhim xulosamiz borki, zamondosh shoirlarimiz mumtoz qofiyani va qofiya san’atlarini o‘rganib, o‘z ijodlarida tadbiq etsa, yangicha ma’naviy qiyofalar kashf etiladi.
Qofiya va vazn munosabati haqida xulosamizni keltirib o‘tamiz:
“Hayrat ul-abror” sari’ bahrida yozilgani uchun vaznning oxiri cho‘ziq unli bilan tugaydi. Cho‘ziq unli bilan tugagandan holatda, albatta, murdaf qofiya yoki mujarrad qofiya ko‘p qo‘llanadi. Ammo radif qo‘llanilgan baytlarga nisbatan bu xulosani bera olmaymiz.
Qofiya va radif munosabati haqida xulosa. “Hayrat ul-abror” dostonida mazkur unsurning yetakchi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Radifning badiiy asardagi vazifasi ijodkorning g‘oyaviy niyat va maqsadini ta’kidlash hamda asardagi maqolat va hikoyat voqealarini bayon qilishga xizmat qilishdan iborat bo‘lganligi uchun pand-nasihat doston bo‘lgan “Hayrat ul-abror” dostonida ushbu she’riy unsurning keng qo‘llanilganligini kuzatamiz. Bundan tashqari dostonda hojibdan ham unumli foydalanilganini alohida ta’kidlash joiz. Asarning ba’zi o‘rinlarida Navoiy radif va hojibni bir paytning o‘zida bir baytda baravar qo‘llagan holatlariga ham duch keldik. Bu esa ayni o‘rinda bayt ohangida o‘ynoqilik va yengil kayfiyatni o‘quvchiga bag‘ishlagan. Ahamiyatlisi shundaki, radif va hojib qo‘llangan baytlarning dostonda ko‘p uchrashi doston didaktik ruhda bo‘lsa-da, o‘quvchini zeriktirib qo‘ymasdan, unga ko‘tarinki kayfiyat ulashishga xizmat qilgan. Bu holatlar doston mazmuni va radif orasida o‘zaro uyg‘unlik borligini ko‘rsatadi.
Qofiya va badiiy san’atlar haqida xulosa. Dostondagi qofiya san’atlari tahlil qilingan vaqtda dostonda tarsi’, zulqofiyatayn, zulqavofe’, tajnisli qofiya, izdivoj, qofiyada takrir, iyhom va boshqa san’atlarning yetakchilik qilishi namoyon bo‘ldi. “Hayrat ul-abror” dostonida tarsi’ san’atining ustunligi mazkur san’at ohangning ta’sirchan va musiqiy chiqishiga olib kelgan va bu san’at ko‘proq asarning hamd, nat’, munojot, hayrat qismlari bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. “Hayrat ul-abror” dostonida yana bir ko‘p qo‘llanilgan zulqofiyatayn san’ati bevosita muallif istagi bilan uyg‘un holda vujudga kelgan. Asarning boshdan oxirigacha bo‘lgan baytlar ohangining yanada yoqimliroq bo‘lishini ta’minlash va bu o‘rinlarga jadal tus berish maqsadida mazkur qofiya turi asos sifatida foydalanilgan. Yana bir dostonda juda unumli foydalanilgan san’at tajnis san’atidir. Ushbu san’at vositasida asarning mazmun tomoni kengroq ifoda ko‘lamiga ega bo‘gan. “Hayrat ul-abror” dostoni “Xamsa”ning boshqa dostonlariga nisbatan lafziy va mushtarak badiiy san’atlardan ko‘p foydalanilgani bilan ajralib turadi. Buning sababi dostondagi ibratli fikrlarni ifodalashdagi Navoiyning o‘zgacha yondashuvi deyish mumkin.
Qofiya ayblari haqida xulosa. Dostonni o‘qish va undagi ohang jihatdan bir-biriga mos jumlalarni o‘qib o‘rganar ekanmiz, ularning biri ikkinchisini ham mazmun, ham shakl nuqtayi nazaridan o‘zaro taqozo etgan deb aytishimiz mumkin. Qofiya turlari ham shunday ketma-ketlikda joylashtiriladiki, biri ikkinchisining xususiyatiga aslo ta’sir o‘tkazmaydi. Qofiya ayblarining dostonlarda uchrashini adabiyotshunos sifatida tabiiy holat deb qabul qilish kerak, chunki dostonlar juda katta hajmli asarlar bo‘lganligi uchun uni yozish ijodkordan o‘ta mashaqqatli mehnat va albatta, mahorat talab qiladi. Yirik hajmli asarlarni yaratishdagi shu kabi murakkab vazifalar ichida ham baytlarga mas’uliyat va talabchanlik bilan yondoshgan Alisher Navoiy ijodi tahsinga sazovor va chuqur o‘rganishga loyiqdir. Dostonni ko‘zdan kechirib qofiya ayblarini topmoqchi bo‘lgan va hatto, topgan taqdirimizda ham baytlar ohanggi, qofiyaviy moslik, vazn va ritmning uyg‘unligi, radif va hojibning o‘rnida qo‘llanganligiga hayratlanmay qolmaymiz. Baytlardagi qofiyalar bir-biriga shu qadar muvofiq kelganki, bu kabi musiqiy ohang vujudga kelishining o‘zi favqulodda bir bebaho talantning natijasi bo‘ladi.
|