Yaponiya agrar siyosatining xususiyatlari
Agrar siyosatlarni tahlil qilganda Yaponiya agrar siyosatining o’ziga xos jihatlarini ko’rish mumkin.Yaponiya agrar siyosatining faqat ungagina xos bo’lgan xususiyatlaridan biri shundaki, unda hech qachon asosiy masala sifatida eksport masalasi qo’yilmaydi. Agrar tarmoq rivojlanishi va taraqqiyotiga nazar tashlaydigan bo’lsak, Yaponiyada boshqa tarmoqlar singari qishloq xo’jaligida ham hamma vaqt resurslar tanqisligi bosh masala bo’lib kelgan. Shuning uchun ham Yaponiya agrar siyosati oldiga hamma vaqt mamlakat iqtisodiy salohiyatiga samaradorlik nuqtai nazaridan emas, balki mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi masalasini hal qilish vazifasi bosh masala sifatida qo’yilgan.
Yaponiya agrar tarmoғi mahsulotining mamlakat yalpi milliy mahsulot ishlab chiqarishdagi salmoғi 2 % dan kamni tashkil qiladi. Uning tarkibi asosan oziq – ovqat mahsulotlari va qayta ishlash sanoati mahsulotlaridan tarkib topgan. Yaponiya qayta ishlash sanoati resurslarga bo’lgan o’z ehtiyojini import orqali qondiradi. Yaponiya agrar siyosatining asosiy vazifasi oziq-ovqat xavfsizligini qondirish bo’lsada mamlakat hech qachon o’z iste’molini ichki bozor orqali qondira olmagan. 1934 – 1936 yillarda mamlakat xalqi iste’moli uchun kerak bo’lgan guruchning 19 % ini g`allaning 42 % ini, soya va makkajo’xorining 60 % dan ziyodrog`ini, shakar xom– ashyosining 96 % ini bevosita import orqali qondirgan. Yillar davomida oziq–ovqat mahsulotlariga bo’lgan talabni qondirishning eng yaxshi ko’rsatkichiga 1960 yilda erishilgan bo’lib, bu ko’rsatkich 93 % ni tashkil qilgan, bundan keyingi yillarda esa yilma-yil pasayib boravergan. 1965 yilda 88 %, 1970 yilda 83 %, 1975 yilda 79 % va hozirgi kunda 65–70 % iste’mol milliy ishlab chiqarish hisobiga qondiriladi. Mamlakatda oziq- ovqat mahsulotlariga bo’lgan talabni qondirishning darajasini bunday kamayishi asosiy sabablari quyidagilar bo’lib hisoblanadi:
· ishlovchilarning past samarali va ko’p mehnat talab qiluvchi qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi bilan shuғullanishni xohlamay, o’zlarini boshqa ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritishga o’tib ketishganliklari;
· davlat miqyosida yuqori samara berayotgan sanoat, elektronika va shu kabi ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatlash siyosatlari natijasida bu korxonalarning ko’payishi hamda ularning korxona qurilishi evaziga qishloq xo’jalik erlarining kamayib ketishi va yangi erlar ochish imkoniyatining yo’qligi;
· agrar siyosatning qimmat ishlab chiqarish o’rniga arzon mahsulotlar sotib olishga qaratilganligi;
· mamlakat aholisining tabiiy ko’payishi va buning natijasida iste’mol darajasining oshishi.
Bunday holatdan kelib chiqqan holda Yaponiya hukumati agrar siyosatning oldiga har qanday holatda faqat mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini hal qilish vazifasini qo’yadi. Shundan kelib chiqib, Yaponiya agrar siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talabni imkon qadar milliy ishlab chiqarish hisobiga qondirish.
2. Oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror miqdorda va sifatda etkazib berish bo’yicha eksportyor mamlakatlar bilan samarali kelishuvlar olib borish va shartnomalar tuzish.
3. Oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilish va xavfni imkon qadar kamaytirish maqsadida maxsus oziq-ovqat zahiralarini tashkil qilish.
4. Kelgusida samarali shartnomalar tuzish va hamkorlik olib borish imkoniyati mavjud bo’lgan rivojlanayotgan mamlakatlarning qishloq xo’jaligini rivojlantirishga yordam qilish.
Bu vazifalarning samarali amalga oshirilishi natijasida Yaponiya oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talablarini to’la qondirishga erishdi. Yaponiya agrar siyosati yuqoridagilardan ham xulosa qilish mumkinki, xorijiy hamkorlar bilan ish olib borishga qaratilgan va bunga majbur hamdir. Yaponiyanig qishloq xo’jalik mahsulotlari bo’yicha asosiy hamkorlari rivojlangan mamlakatlardan AQSh va Kanada, shuningdek, Lotin Amerikasi va Sharqiy Osiyo davlatlari hisoblanadi.
Yaponiya agrar siyosatida ham boshqa rivojlangan mamlakatlar singari davlatning roli katta o’rin tutadi. Agrar tarmoq davlat tomonidan tartibga
solinadi va qo’llab-quvvatlab turiladi. Ichki ishlab chiqarishni rag`batlantirish maqsadida qishloq xo’jalik mahsulotlari bahosini raғbatlantirish davlat yordamlarining asosiy qismini tashkil qiladi.
Yaponiyada barcha ishlab chiqarilayotgan qishloq xo’jalik mahsulotlarining 80 % ining bahosi davlat tomonidan raғbatlantiriladi, bu ko’rsatkich ғalla ishlab chiqarishda 90 % ni, guruch ishlab chiqarishda 50 % ni, suli ishlab chiqarishda esa 60 % ni tashkil qiladi. Qishloq xo’jaligida fan-texnika yutuqlarini qo’llash asosan ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
Yaponiya agrar siyosatini rivojlantirish va qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini takomillashtirish, shu asosda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi muammosini muntazam hal qilib borish maqsadida agrar siyosatning oldiga doimiy ravishda quyidagi masalalarni hal qilib borish vazifasi qo’yiladi:
· jahon bozorida qishloq xo’jalik mahsulotlariga bo’lgan talab va taklifning holatini va istiqbolini o’rganib borish;
· yaponcha tipda ovqatlanishni tarғibot qilish;
· oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talabni ichki bozorda qondirish salohiyatini tartibga solish va qo’llab-quvvatlash;
· mamlakat ichida ozuqa uchun don ishlab chiqarishni ko’paytirishga imkoniyatlar yaratish;
· oziq-ovqat mahsulotlarini samarali asosda import qilish va oziq-ovqat zahiralarini yaratish;
· oziq-ovqat mahsulotlari bilan yaxshiroq ta’minlanish imkoniyatlarini doimiy ravishda o’rganib borish.
|