|
Rus mustamlakachiligi va islom
|
bet | 46/67 | Sana | 07.01.2024 | Hajmi | 405,29 Kb. | | #131565 |
Bog'liq Ijtimoiy- gumanitar fanlar-fayllar.orgRus mustamlakachiligi va islom. Rus hukmron tabaqalari «islom shiori» ostida ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan xalq isyonidan bir oz cho‘chir edilar, shu bois ular Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlari, Farg‘ona vodiysi kabi bosib olingan hududlarda diniy doiraning ma’muriy va iqtisodiy ta’sirini sindirishga urinardilar. XIX asr so‘nggida dastavval Toshkent, Jizzax va Samarqandda, keyinroq 1900 yilda esa Farg‘ona vodiysida Qozi kalon va SHayx ul-islom lavozimlari tugatildi, diniy muassasalarning vaqf mulklari yuzasidan bir necha marta o‘ziga xos «taftish» o‘tkazildi. Lekin xonlikda norozilik kayfiyati uyg‘otmaslik uchun bu «taftish» qisman bajarildi (1893 yildan 1916 yilga kadar bosqichma-bosqich amalga oshirildi). SHu ma’noda Imperiya qo‘liga o‘tgan joylarda savdo-sotiq ishlarida olinadagan an’anaviy zakot o‘rniga imperiya soliqlari joriy qilindi.
Bu o‘rinda yana bir diqqattortar masala bor: SHarq tarixini yorituvchi rus publitsistlari qaydlarida go‘yo sufiylik tariqatlaridan keluvchi «xavf» to‘g‘risida so‘z boradi, ammo, buni ko‘proq o‘ylab topilgan va bo‘rttirilgan holat deb tushunmoq lozim. Bunday norozilik kayfiyati asosan 1898 yili tariqat peshvosi Dukchi Eshon boshchiligidagi isyondan keyin kuzatiladi. Ushbu isyondan so‘ng general-gubernator S.M.Duxovskiy (1898-1901) tomonidan «islom masalasi» (yoxud «Turkistonda muhammadiylikning rus hukmronligiga tahdidi») qayta ko‘rib chiqildi. Natijada yangi general-gubernator tomonidan «Musulmonlar diniy ishlarini boshqarishga oid muvaqqat qoidalar» ishlab chiqildi, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad «markaziy hukumatning qattiq va beshafqat qo‘li bilan musulmonlikka qarshi muntazam kurashish» edi. Lekin bu hujjat tasdig‘ini topmadi, bunga Rus imperiyasining Turkistondagi yuqori tabaqadagi vakillarining islomga ehtiyotkorona yondoshuvlari sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.
SHuni ham nazarda tutmoq kerakki, Dukchi Eshonning «Islom davlati» barpo etishga chaqiruvi uning «qora xalq»dan chiqqan muridlari uchun ayni muddao bo‘ldi. Bunga yana mahalliy rus ma’muriyatining erli xalq talablariga javob bera olmagan tartibsiz siyosati ham turtki bo‘ldi.
Rus istilochilari bilan munosabatning nozik tomonlarini tilga olgan ulamolardan yana biri Ishoqxon to‘ra Junaydulloh Xo‘ja Ibratdir. U 1862 yilda Farg‘ona vodiysida tavallud topgan, shu erda 1908 yildan qozilik qilgan. Ibrat ko‘p martalab sayohatga chiqqan, YAqin SHarq mamlakatlari, Qora dengizning shimoliy qirg‘oqlaridagi Evropa mamlakatlari, Xitoy, Hindiston, Rossiyada bo‘lgan. Uning «Mezon az-zamon» asarida «dor al-harb» yoxud «jihod» masalalariga e’tibor berilmaydi. Buning o‘rniga musulmonlar uchun yanada muhimroq sanalgan boshqa masala – ularning texnika va ilm sohasida nechog‘li ortda qolayotganliklari muallifni tashvishlantiradi. Buni uning ruslar hamda evropaliklar bilan ko‘p va yaqin muloqotda bo‘lganligining samarasi deb baholash mumkin. O‘z an’analariga sodiq qolgan Ibrat bu qoloqlikni shunday izohlaydi:
«Musulmonlar evropaliklardan farqli o‘laroq, o‘z muqaddas kitoblarida ko‘rsatilganidek, ilm olishga intilmadilar, diniy bilimlar esa rivojlanmay, quruq safsataga, mutaassiblikka aylanib qoldi».
Xristianlar tomonidan ishlab chiqarilgan buyumlar va texnika yangiliklarini Ibrat qabul qilish o‘rinli bo‘lgan «bid’ati xasana» deb atadi. Bundan tashqari, u ruslar bilan yanada ochiqroq, bag‘rikenglik bilan muloqotga chorlaydi, buni er yuzidagi barcha insonlar «Odam Ato va Momo havodan» tarqaganligi haqida so‘z yuritilgan Qur’on oyatlari va hadislar bilan asoslaydi. Bundan boshqa har qaysi yo‘lni ummat uchun xavfli sanaydi. Ibrat ruslarga qat’iy baho berishdan chetlanadi, o‘z zamondoshi Mirza Olim ibn Mirza Rahim Toshkandiydan farqli ravishda, u ruslarni kufrda aylab bo‘lmaydi, chunki Iusus (Iso) Qur’oni Karimda payg‘ambar sifatida tan olingan, deydi.
Ruslarga nisbatan ana shunday fikrda bo‘lgan Ibrat ular bilan yaqin aloqalar mamlakatning ilm-fan va sanoat taraqqiyotini G‘arb darajasiga etkazish vositasidir, deb biladi. Musulmonlarning siyosiy mavqei xususida gap ketganda, Ibrat qarashlari birmuncha qiziq. Masalan, uning fikricha, «bu dunyodagi barcha insonlar bir ota va bir onadan bino bo‘lganlar, shu bois ular bari odil sulton panohida yashashlari kerak». Bu degani, Ibrat fikricha, «hamma uchun umumiy» hukmdor bo‘lishi kerak, ya’ni u – aql, fuqaro – tana bo‘ladi. «Aql» – «podshoh» demak. Xulosa shuki, tananing hech bir a’zosi o‘z holicha mavjud bo‘la olmaydi, bu bilan u boshqaruv tizimi (podshoh) jamiyat mavjudligining shartidir, demoqchi bo‘ladi, musulmon va g‘ayridinlarning «bir hukmdor qo‘li ostida» yashashi mumkin deb hisoblaydi, hukmdorning kim bo‘lishi, qay dinda bo‘lishi xususida hech bir fikr aytmaydi.
Mahalliy ziyolilarning uchinchi guruhi (asosan, jadidlar) amalda Rossiya imperiyasiga tobe bo‘lsa-da, siyosiy jihatdan mustaqil deb tan olingan Buxoro amirligidan chiqqan. Ular fikricha, xonlik «Dor as-salom» va «Dor al-ahd» (ya’ni tinchlik va birlik eri) bo‘lib qoladi. Bu guruhning eng ko‘zga ko‘ringan vakili Buxoro modernistlari lideri Abdurauf Fitratdir (1886-1938). Umuman, Fitrat shaxsi ziddiyatga to‘la, buni uning qarashlari modernistik qarashlar bilan ateistik qarashlar o‘rtasida tebranib turganidan bilish mumkin.
Fitratning «Rahbari najot» asari uning ruslarga munosabatini ko‘rsatuvchi qiziqarli manbadir. Asarning asosiy g‘oyasi – musulmonlarni nafaqat kelajak uchun, balki hozirgi kun uchun ham harakat qilishga, o‘z turmushining va jamiyatning farovonligi uchun o‘z ijodiy va aqliy salohiyatini yuksaltirishga o‘ziga xos chaqiriqdan iborat. Muallif o‘z fikrlarini o‘quvchilar darajasidan kelib chiqqan holda diniy jihatdan asoslab beradi.
Uning mustamlakachilikka va ruslar bilan munosabatga doir qarashlari o‘ziga xos edi. Birinchidan, u mustamlakachilikka va o‘lkaning CHor imperiyasiga siyosiy qaramligiga tabiiy holat deb qaraydi, bunga sababni sivilizatsiyalardagi notenglikda ko‘radi. Mustamlakachilik, Fitratga ko‘ra, kuchlining ojizni bo‘ysundirishiga asoslangan. Zamonaviy davlatlarning kuchi esa ularning texnika, ilm-fan, savdo-sotiq, aloqa vositalari va hokazolarning yuksak taraqqiy etgani bilan bog‘liq. SHu boisdan, Fitrat musulmonlar biror natijaga erishmoqchi bo‘lsalar, g‘arb va rus texnologiyasi, savdo ishlari, ishlab chiqarish usullari va boshqalardan o‘rnak olishlari kerak, deydi. Uning o‘zi ko‘proq Evropa sivilizatsiyasiga moyil edi, rus madaniyatini ayni sivilizatsiya samarasi o‘laroq ko‘rardi. Ilg‘or rus yoki g‘arb dunyosiga yaqinlashish shartlari sifatida Fitrat quyidagilarni sanaydi:
1. Eng avvalo musulmonlar (mazhablaridan qat’iy nazar) o‘zaro va g‘ayridinlar bilan bahamjihat yashashga erishishi kerak bo‘ladi. SHuning barobarida Fitrat musulmonlarning ilm o‘rganishi yo‘lidagi diniy cheklashlardan voz kechishga da’vat qiladi. Ilm deyilganda faqatgina diniy ilmlar bilan chegaralanib qolmay, balki mineralogiya, handasa va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy bilimlarni ham nazarda tutmoq kerak. SHu ma’noda Fitratning evropacha usuldagi ma’rifatparvarlikni targ‘ib etuvchi g‘oyalari tahsinga loyiq.
2. Ayni paytda u Evropadan va ruslardan o‘rganishni targ‘ib qilar ekan, ularning dinini o‘zlashtirishni nazarda tutmaydi, aytadiki, xristianlar bilan ilmiy va texnikaviy munosabatlarda dinni aralashtirish kerak emas, binobarin, musulmonlar ham bu katta olamning bir bo‘lagidir. Musulmonlar kelishuv yo‘lini tutmay, shu xilda ketaversalar, bu ularning yanada qoloqlashuviga va ziddiyatlarga olib keladi, xolos. SHunisi ahamiyatliki, Fitratning sivilizatsiyalar jimslashuviga doir qarashlari jahonning turli mamlakatlari bilan savdo-sotiq ishlarini olib boruvchi mahalliy savdogarlar, ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
YUqorida nomlari tilga olingan ziyolilar qarashlarida bir umumiy xususiyat bor: bir ovozdan mustamlakachilarga mutlaq g‘araz saqlovchi diniy ulamolarni qoralaydilar, ularni zamonga moslasha bilmaslikda ayblaydilar hamda mavjud shart-sharoitni dinni saqlab qolish, uning farz va sunnatlarini bajarish uchun etarli imkoniyatdir, deb biladilar.
Bu davrda tanqid qilinayotgan sufiy shayxlar va diniy ulamolar qarashlari ham manbalarda aks ettirilgan, lekin bular birmuncha tanqidiy ruhda. Ular uchun Rus Turkistoni erlari «dor ul-harb» (ya’ni g‘ayridinlar bilan kurash) eridir, ruslarning bu hududda musulmon fuqarolarning diniy hayotiga erk berishlari jihodni bekor qilishga yohud bu masalani ochiq qoldirishga asos bo‘la olmaydi. Bundagi ulamolar, «g‘ayridinlar» keltirgan yoxud ishlab chiqargan buyumlardan foydalanishni man etganlar, ishlatish majburiyati tug‘ilganda ham nihoyatda ehtiyotkorlik bilan, islom diniga mos kelish-kelmasligini avval bilib keyin foydalanishni tavsiya etganlar. Ular ruslar bilan bo‘ladigan har qanday munosabatni istisno qilganlar, faqat noiloj qolgandagina aloqa qilish mumkin, deganlar.
SHu tarzda aytish mumkinki, Qo‘qon xonligining istilo etilishi (1876 yil, fevral) mahalliy ulamolar tomonidan turlicha qabul qilindi. Aytaylik, andijonlik Mahmud Aliboy singari ayrim ulamolar «g‘ayridin»lar bilan imkon qadar ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak, chunki ularning qo‘li baland, shu bois «biror chora ko‘rishning iloji yo‘q», so‘nggi chora esa – chidash, deganlar. Boshqa guruh ulamolar esa tarixdan shunga o‘xshash misollar keltirib, islom ummati ba’zan bundan-da og‘ir sharoitlarga tushganini aytadilar (Toib), shu tufayli tinchlikni saqlash uchun ruslar hozircha yaratib bergan imkoniyatlardan (masalan, diniy ta’limga, islom huquqiga yo‘l berilganidan) foydalanib qolish kerakligini lozim topadilar. Uchinchi turkum (ayniqsa, jadidlar) uchun qanday bo‘lmasin ruslar bilan yaqinlashish yo‘lini topish muhim edi. CHunonchi, ular nazdida, texnika va iqtisod jihatdan ustun sivilizatsiya bilan bog‘lanish uchun “tabiiy” (garchi kuch ishlatilgan bo‘lsa ham) imkoniyat tug‘ilgan ekan, bu tarixiy imkoniyatdan o‘z taraqqiyotimiz uchun foydalanishga harakat qilishimiz kerak bo‘ladi.
Eski tuzumni yoqlovchi ma’lum bir siyosiy guruh va omma vakillari yangi iqtisodiy va siyosiy tuzumga moslasha olmaganliklari bois o‘zlarini yangi vaziyatga ko‘niktira olmadilar, ular mustamlakachilarga qurol bilan qarshi chiqdilar. Biroq bunday harakatlar garchi g‘azavot deb e’lon qilingan bo‘lsa-da ko‘p tarafdorlar topa olmadi, shu sababdan ham biror natija bermadi. Oddiy dindorlarning bu kabi tarqoq va uyushmagan isyonlariga ko‘proq qishloq xo‘jaligida ish yuritishning o‘zgarganiga, kirib kelayotgan kapitalizm sharoitida oddiy hol sanalgan mayda va o‘rta hunarmand guruhlarning sinishiga qarshi norozilik deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Bunga yorqin misol sifatida 1898 yilda Andijonda ko‘tarilgan Dukchi Eshon qo‘zg‘olonini keltirish mumkin. Biroq bu qo‘zg‘olon uning talaygina zamondoshlari va biz yuqorida keltirgan mualliflar tomonidan keskin tanqidga uchradi.
Agar mahalliy ziyolilardan chiqqan mualliflar (Toib, Ibrat, Fitrat va boshq.) fikriga tayanadigan bo‘lsak, ularning muholiflari fikrini aqlsizlik yoxud mutaassiblik deb ham baholash mumkin. Biroq, bu masalaga, chamasi, kengroq, boshqacha qilib aytganda, «ichkari»dan turib qarash kerak bo‘ladi. «G‘ayridinlar»ga yashirin nafrat ortida siyosiy mustaqillikni yo‘qotishni istamaslik, madaniyatlar jipslashuvini ro‘yi-rost xushlamaslik holatlari ko‘zga tashlanadi; mustaqillik boy berilgan ekan, hech bo‘lmaganda diniy, etnik, etik, madaniy va hatto, ma’lum darajada, maishiy hayotdagi erkinlikni himoya qilish zarur bo‘ladi. O‘ziga xoslikka intilish va o‘zini «madaniyatlar assimilyasiyasi»dan asrab qolishga urinishning bunday shakllari musulmonlar jamiyatidagi ma’lum guruh diniy elitaning va oddiy dindorlarning tafakkurini belgilovchi omillardan biridir, deyish mumkin.
Mahalliy musulmon ziyolilar orasidan chiqqan modernistlar bunga o‘xshash muammolarni keng va erkin muhokama qilganlar. Ilmiy adabiyotlarda ular «jadidlar» deb nomlanadilar. Bu nom ularning yangi o‘quv usullarini faol targ‘ib qilish bilan bog‘liqdir. Ular tavsiya etgan usuli jadidiyyaga ko‘ra, o‘qituvchi bolalarga dars materiallarini ovoz bilan tushuntirib beradi va eng muhimi o‘quvchilar ham eshitganlarini ovoz chiqarib takrorlaydilar. SHuning uchun bu usul «usuli savtiyya» deb atalgan. Ma’lumki, bu yangi usulni rad etuvchilar fikriga ko‘ra, arabcha jumlalarni (eng avvalo, Qur’oni Karim va hadislardan olingan kalimalar nazarda tutiladi) noto‘g‘ri talaffuz qilishga yo‘l qo‘yish mumkin emas, shuning uchun ularni avval ichda yod olish kerak. Bu usul samarasiz bo‘lsa-da, o‘z tarafdorlariga ega edi va ular «qadimchilar» deya ataldilar.
Jadidlar to‘g‘ri aytganlaridek, faqat ilm o‘rganish orqali ijtimoiy taraqqiyotga erishish mumkin edi. YUqorida keltirilgan taniqli ziyolilar sirasiga yana Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919), Abdulvohid Burhonov (1875-1937), Abdulla Qodiriy (1894-1938), Fayzulla Xo‘jaev (1896-1937) va boshqa ko‘plab olimlarni kiritish mumkin.
Jadidlar harakatining kuchayishi, asosan, XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi, biroq ularning vujudga kelishi va shakllanishiga aynan XIX asr o‘rtalaridagi ijtimoiy holat turtki bo‘lgan. CHunonchi, o‘sha davr mahalliy davlatlar va xalqlarning jahon sivilizatsiyasidan qanchalik ortda qolganini ko‘rsatib turar edi. SHu bois ham jadidlar endi asta-sekinlik bilan texnika sohasidagi, ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot omillarini dinga chog‘ishtira boshladilar. Ayrim jadidlar (Abdurauf Fitrat va Fayzulla Xo‘jaev boshchiligida) xalqni qoloqlikdan chiqarish uchun faqat ta’lim tizimini isloh qilishning o‘zi etarli emas, deb sanadilar. Ular necha asrlardan beri hududda amal qilib kelayotgan islom dini va sunna tarkibiga zamonlar o‘tishi bilan «zararli» va «konservativ» qarashlar ham kirib qolgan, bu holat musulmon jamoalarining taraqqiyot jihatdan g‘arbdan ortda qolib ketishiga olib kelgan, deb qaraydilar. Bu harakat jadidchilikda «isloh» nomi bilan atalgan.
Jadidlarning Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi boshqa bir guruhi (Ibrat ham shu guruhda), jamiyatini isloh qilishda sunna imkoniyatlari cheksiz, faqat uni yaxshilab o‘rganish va shu asosda islom ko‘rsatmalaridan chetga chiqmagan holda ko‘proq rivojlangan jamiyatlardan maqbul yangiliklarni, ya’ni «bid’ati hasana»ni qabul qilish orqali islohotlarga tutinish mumkin, deb hisoblagan edilar.
Markaziy Osiyoda jadidlar harakatining yuzaga kelishi, aytish mumkinki, sivilizatsiyalar to‘qnashuvining o‘ziga xos tabiiy hosilasi edi. SHu sababdan unga XIX asrda Usmoniylar imperiyasidan tortib Hindistongacha bo‘lgan juda katta hududda musulmon jamoalari doirasida davom etgan islohotchilik harakatining bir bo‘lagi deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Musulmon islohotchilar aynan ta’lim tizimidagi zaiflik, texnika va iqtisod sohalaridagi qoloqlik musulmon o‘lkalarni rivojlangan davlatlarning mustamlakachilik siyosati qurboniga aylantirdi, deb hisoblaganlar.
Umuman, aytish mumkinki, Markaziy Osiyoda mustamlakachilik siyosati, o‘zining barcha salbiy va ijobiy asoratlari bilan bo‘lsa-da, mahalliy xalq uchun yangi g‘oyalar, an’analar, diniy qarashlar maydoni bo‘ldi. Evropa olami bilan zaif aloqalar kolonizatsiyadan keyin ijobiy tomonga siljidi. Rossiya imperiyasi bilan yaqin muloqotlar maishiy va huquqiy hayotga yangiliklar olib kirdi. Tabiiyki, bu holat xalqda turlicha (ko‘pincha salbiy) kayfiyat uyg‘otdi, binobarin, har bir yangilikni joriy qilishdan oldin unga shariat nuqtai nazaridan baho berish, mos kelsa, «bid’ati hasana» sifatida qabul qilish, ba’zan inkor qilish yoxud izoh berish hollariga duch kelindi. SHu bois bu davr xususida so‘z yuritganda, yangiliklar (hatto ilg‘or bo‘lsa ham) xalq tomonidan darhol ijobiy kutib olingan deb baholash qiyin. Zero, odatdagi, singigan an’analardan voz kechib yangisini qabul qilish har holda anchagina mushkullik tug‘dirar edi.
|
| |