|
“Ta’lim muassasalarida boshqaruv va o‘quv sifatiniBog'liq ЖДПУ Мактаб менежменти 06 12 22 Анжуман тўплам 143
“Ta’lim muassasalarida boshqaruv va o‘quv sifatini
takomillashtirish muammolari” – respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
JIZZAX DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
06.12.2022
O‘QUVCHILARNI LUG‘ATLAR ORQALI O‘QUVCHILAR NUTQIY
KREATIVLIGINI OSHIRISH
Tuychiyeva Nargiza
JDPU Ta’lim tarbiya nazaryasi va metodikasi (Boshlang‘ich ta’lim) yo‘nalishi magistranti
dots. Sh.I.Siddiqova
Maktabda o‘quvchilarning nutqiy kreativligini oshirishning muhim vazifalaridan biri lug‘at
ustida ishlashni yaxshilash, tartibga solish, uning asosiy yo‘nalishlarini ajratish va asoslash,
o‘quvchilarning lug‘at boyligini oshirish jarayonini boshqarish hisoblanadi. Lug‘atlardan
foydalanish va ular ustidan ishlash malakasini shakllantirish, avvalo, ularda ehtiyojni
tarbiyalashdan boshlanadi. Chunki ehtiyoj sezilmasa, o‘quvchi lug‘atlarga murojaat qilmaydi.
Ma’lum bir so‘zning imlosi, ma’nosi, ma’nodoshi, qarama-qarshi ma’nosi, uyadoshini bilish
zaruriyati ehtiyojni vujudga keltiradi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining lug‘atlar ustida ishlash
jarayonida kreativligini oshirish uchun quyidagi metodlarni qo‘llash yaxshi samara beradi: 1.
Badiiy asar o‘quvchilar nutqini oshirish uchun eng muhim va ishonarli manbadir. O‘qituvchi hafta
davomida o‘quvchilarga turli ertaklarni o‘qittirib, notanish bo‘lgan so‘zlarni ajratib, uning
ma’nosini tushintirishi va kelasi badiiy asarni o‘qilguncha bu so‘zlarni yozdirib yodlattirishi zarur.
Chunki bolalar o‘zbek tilini yuksak badiiy obrazlar orqali o‘zlashtiradilar.
2. O‘quvchilar lug‘atiga aniqlik kiritish. Bu o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
1) o‘quvchi puxta o‘zlashtirmagan so‘zlarning ma’nosini to‘liq o‘zlashtirish, ya’ni shu
so‘zlarni matnga kiritish, ma’nosi yaqin so‘zlarga qiyoslash, antonim tanlash yo‘llari bilan
ularning ma’nosiga aniqlik kiritish;
2) so‘zning kinoyali ma’nosini, ko‘p ma’noli so‘zlarni o‘zlashtirish;
3) so‘zlarning sinonimlarini, sinonim so‘zlarning ma’no qirralarini o‘zlashtirish;
4) ayrim frazeologik birliklarning ma’nosini o‘zlashtirish;
5) lug‘atni faollashtirish, ya’ni o‘quvchilar ma’nosini tushunadigan, ammo o‘z nutq
faolyatida ishlatmaydigan nofaol lug‘atidagi so‘zlarni faol lug‘atiga o‘tkazish. Buning uchun shu
so‘zlar ishtirokida so‘z birikmasi va gaplar tuziladi, ular o‘qiganlarni qayta hikoyalash, suhbat,
bayon va inshoda ishlatiladi. Adabiy tilda ishlatilmaydigan so‘zlarni o‘quvchilar faol lug‘atidan
nofaol lug‘atiga o‘tkazish muhim. Bunday so‘zlarga bolalarning nutq muhiti ta’sirida o‘zlashib
qolgan adabiy til me’yoriga kirmaydigan, ayrim adabiy asar va so‘zlashuv tilida qo‘llanadigan
sodda so‘z va iboralar, sheva va ijtimoiy guruhga oid so‘zlar kiradi. Adabiy til me’yori degan
tushunchani o‘zlashtirgach, o‘quvchilar yuqorida izohlangan so‘zlar o‘rniga adabiy tildagi
so‘zlardan foydalana boshlaydilar. Adabiy tilga oid malakalari mustahkamlangan sayin shevaga,
jargonga oid so‘zlar, so‘zlashuv tilida ishlatiladigan sodda so‘z va iboralar o‘quvchilarning faol
lug‘atidan chiqib keta boshlaydi [1].
O‘quvchilarning so‘z boyligini takomillashtiruvchi va boyituvchi vositalardan biri bu atrof-
muhitdir. Shuning uchun darsdan tashqari holatlarda o‘quvchilarni turli ekskursiyalarga olib
chiqish juda katta ahamiyatga egadir. Chunki tabiat qo‘yniga, turli joylarga, muassasalarga
ekskursiya vaqtida bolalar narsa va hodisalarni kuzatish bilan ko‘pgina yangi nom va iboralarni
o‘rganadilar. Bu ekskursiyalar yuzasidan o‘tkazilgan suhbat vaqtida ularning bilimi
chuqurlashtiriladi, ayrim so‘zlar ma’nosiga aniqlik kiritiladi.
Ma’lumki, kelajak yosh avlodimiz boshlang‘ich ta’limda bilimlarni mustahkam egallasa,
uning ertangi kuniga poydevor bo‘lishi shubhasizdir. Shuning uchun boshlang‘ich ta’limda bolaga
bilim berishda va badiiy olamini boyitishda lug‘atlardan foydalanish samarali natija beradi.
O‘quvchilar so‘z boyligini oshirish ona tili mashg‘ulotlarining ajralmas tarkibiy qismlaridan biri
ekanligi, ularni turli lug‘atlar bilan tanishtirish va bu lug‘atdan foydalanish malakasini
shakllantirish bilan bir qatorda ularning badiiy olamini yuksaltirish muhim masala hisoblanadi.
Shu bois ham lug‘at ustida muntazam ishlash o‘quvchilarning imlo savodxonligini oshirish, so‘z
boyligini kengaytirish va badiiy olamini yuksaltirishning muhim omilidir.
|
| |