|
“Ta’lim muassasalarida boshqaruv va o‘quv sifatiniBog'liq ЖДПУ Мактаб менежменти 06 12 22 Анжуман тўплам 146
“Ta’lim muassasalarida boshqaruv va o‘quv sifatini
takomillashtirish muammolari” – respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
JIZZAX DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
06.12.2022
turli g‘oya va fikrlarni qabul qilish va rag‘batlantirish;
har bir o‘quvchini u tanqidiy mulohaza yurita olishiga ishontirish;
o‘quv jarayonida o‘quvchilarning faolligini ta’minlash;
munozaralarga imkoniyat yaratish;
paydo bo‘lgan tanqidiy fikrlarni qadrlash.
Tanqidiy fikrlash ta’lim jarayoniga qizg‘inlik, jo‘shqinlik baxsh etadi. O‘quvchilar o‘z
fikrlarini asoslashga intiladilar, qarama-qarshi fikrlarga duch keladilar, fikrlarni o‘zaro
taqqoslaydilar va natijada tub mohiyatni ancha teran anglaydilar.
O‘quvchilarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini rivojlantirishda savol va topshiriqlar katta
ahamiyatga ega. Savol berish, ayniqsa, yaxshi savol berish–tanqidiy fikrlash uchun juda muhim.
O‘qituvchi badiiy asar tahlilida muammoni aniqlaydi va bu muammoning sabablarini aniqlashga
qaratilgan savollarni o‘rtaga tashlaydi. Bu jarayon o‘quvchilarni kichik guruhlarga bo‘lib olib
borilsa ham yaxshi samara beradi. O‘quvchilar o‘rtaga qo‘yilgan masala bo‘yicha o‘z nuqtayi
nazarlarini ishlab chiqadilar. To‘g‘ri tuzilgan savollar javoblarda turlichalikni yuzaga keltiradi va
sinfda munozarali muhit paydo bo‘ladi. O‘quvchilar asar qahramonlarini tanqidiy baholash
barobarida o‘z-o‘ziga ishonchni ham rivojlantirib boradi. Har bir o‘quvchi, kitobxon asarni o‘zicha
o‘qiydi, o‘zicha tushunadi, o‘zicha his etadi va o‘zicha xulosa chiqaradi. O‘quvchilar o‘rtasida bir
asar yuzasidan o‘zaro o‘xshash fikrlar bo‘lishi mumkin bo‘lgani kabi mutlaqo bir-biriga to‘g‘ri
kelmaydigan qarashlar bo‘lishi ham mumkin. Bu holatda o‘qituvchi qarama-qarshi fikrlarni ham
hurmat bilan eshitish ko‘nikmasini rivojlantirib borishi kerak. Shuningdek, bu jarayonda
o‘quvchilarning o‘z fikrlarini o‘z so‘zlari bilan og‘zaki bayon qilish ko‘nikmalari ham shakllanib
boradi. O‘quvchilar bahslashuvda, muhokama jarayonida boshqalar bilan fikr almashilganda o‘z
qarashlarini aniqlashtiradi. Shuning uchun ham o‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish
uchun juftlikda yoki katta va kichik guruhlarda ishlashning turli yo‘llaridan foydalanish,
muammoli darslarni tashkil etish yaxshi samara beradi.
Bundan tashqari badiiy asar qahramonlarini tanqidiy baholash ko‘nikmasini shakllantirishda
“T chizmasi” metodidan ham samarali foydalanish mumkin. Bunda asar qahramoni tanlanadi va
birinchi ustunga shu qahramonga xos ijobiy xislatlar, ikkinchi ustunga esa shu qahramon
xarakterida uchraydigan salbiy xususiyatlarni yozish vazifasi beriladi. Bu jarayon orqali o‘quvchi
asardagi ijobiy qahramonlarning oz bo‘lsa-da salbiy xususiyatlarini, salbiy qahramonlarning esa
ijobiy tomonlarini ko‘rishga harakat qiladi.
O‘quvchilarni tanqidiy fikrlashga o‘rgatishda yozma ishning turli shakllaridan foydalanish
ham kutilgan natijaga erishish uchun xizmat qiladi. Yozishni tanqidiy fikrlashning muhim
vositalaridan deyish mumkin. Ma’lumki, yozma ishda fikrlash jarayonini kuzatish mumkin va
bunda o‘quvchining tanqidiy fikrlari yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Chunki o‘quvchi yozish
jarayonida mustaqil fikrlaydi, o‘zidagi bor bilimlardan foydalanadi va o‘qiguvchi uchun o‘z
fikrlarini dalillashga harakat qiladi. Bunda o‘qituvchi o‘quvchilarga “Yusufbek Hoji obraziga
tavsif”, “Zaynab haqidagi o‘ylarim”, “O‘tkan kunlar asaridagi fojealar” kabi mavzularni berib, o‘z
fikr-mulohazalarini qisqaroq shaklda yozma bayon qilishlarini topshirishi, yoki uyda mustaqil
insho yozib kelish vazifalarini berishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim jarayonida o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini
shakllantirishda adabiyot darslarining o‘rni beqiyos. O‘quvchilarning olamga, odamlarga va o‘z-
o‘ziga qarashlari, mustaqil va tanqidiy fikrlari aynan adabiyot darslarida, badiiy asar tahlili
jarayonlarida shakllanadi. O‘quvchilar tanqidiy fikrlash orqali o‘z mustaqil fikrlariga ega
bo‘ladilar. Ular dalillar to‘plab, tahlil qilib, fikrlarni taqqoslab o‘zlarini qiziqtirgan savollarga
javob topadilar va shu orqali bilimi va dunyoqarashini kengaytiradilar. Badiiy asardagi
muammolarni yechish orqali hayotiy masalalarga yechim topish ko‘nikmalarini hosil qiladilar.
|
| |