|
“Ta’lim muassasalarida boshqaruv va o‘quv sifatiniBog'liq ЖДПУ Мактаб менежменти 06 12 22 Анжуман тўплам 274
“Ta’lim muassasalarida boshqaruv va o‘quv sifatini
takomillashtirish muammolari” – respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
JIZZAX DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
06.12.2022
hosil qilishi kerak. Bu erda “shunday bo‘lish kerak” yoki “buni bilsangiz hayotda foydali bo‘ladi”
qabilidagi so‘zlar talabaning o‘quv jarayoniga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotishiga olib keladi, chunki
talaba oliy ta’lim muassasasiga birinchi navbatda o‘zini kasbiy bilimlar sohasida shaxs sifatida
anglash, shakllantirish uchun keladi, shunchaki rasmiy ravishda bilim olish uchun emas. Shuning
uchun o‘qituvchi kelajakda haqiqatan ham foydali bo‘ladigan ma’lumotlarni to‘g‘ri taqdim etishi
muhimdir.
Talaba natijalari asosida baholanishi emas rag‘batlantirilishi kerak. Talabani nafaqat fanga
qiziqtirish, balki uning uchun bilimlardan amaliy foydalanish imkoniyatlarini ochish kerak. Bu
holatda o‘qituvchi tomonidan o‘tkaziladigan integratsiyalashgan darslar qiziqarli bo‘ladi, ularda
ta’lim va maxsus fanlar o‘rtasidagi aloqani kuzatish mumkin.
Talaba-o‘qituvchi munosabatlari. Bu yerda professor – o‘qituvchilar shuni tushunishlari
kerakki, talaba o‘qituvchini nafaqat “o‘qituvchi” sifatida, balki auditoriyada ham, auditoriyadan
tashqari faoliyatda ham yordam berishga tayyor bo‘lgan murabbiy sifatida qabul qilsa, ta’lim
jarayonining samaradorligi ancha yuqori bo‘ladi. Shu sababli professor – o‘qituvchilar
talabalarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni shakllantirishlari, o‘quv jarayonida yanada sifatli
hamkorlik qilish uchun ishonchli, ijobiy munosabatlarni rivojlantirishlari kerak bo‘ladi.
Talabalarga nisbatan hurmat. Har qanday talaba o‘ziga nisbatan hurmatni saqlagan holda
munosabatda bo‘lishlarini talab qila oladigan shaxsdir. D. Karnegi shunday deb yozgan edi: “...
komplementlarni ayamang, uning afzalliklarini (hatto mavjud bo‘lmaganlarini ham) tan oling,
undagi ijobiy o‘zgarishlarni tez – tez ta’kidlab turing. Shunda shogirdingiz siz kutayotgan natijaga
tezroq yetishishi mumkin bo‘ladi.
Kasb(fan)ga qiziqtiring. Talabalar darslarga qatnashishlari uchun ular ushbu darslarga
qiziqishlari kerak. Buning uchun ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda talabalarning ta’lim
faoliyatida faol ishtirok etishini nazarda tutadigan muayyan shart-sharoitlarni yaratishingiz
mumkin:
talabalarga o‘z fikrlarini himoya qilishlari uchun imkoniyat bering;
berilgan muammoning bir nechta yechim(muqobil variant)larini bering;
munozaralarda ishtirok etishga chaqiring;
muammoli topshiriqlarni talabalarga ma’lum bo‘lgan usullarni kompleks qo‘llash orqali hal
qilishga harakat qiling va hokazo.
Shaxsiy namuna orqali motivatsiya berish. Talabalarning kasbiy motivatsiyasini
shakllantirish uchun nafaqat o‘rganilayotgan fanlarga qiziqish uyg‘otish kerak, balki o‘qituvchi
o‘z ishini jiddiy va mas’uliyat bilan bajaradigan, o‘quvchilarning nazorati, mustaqil va amaliy
ishlarini o‘z vaqtida tekshiradigan, xayrihoh shaxs sifatida tavsiflanishi mumkin bo‘lgan shaxsiy
namunaga aylanishi kerak.
Talabalar uchun maksimal tanlash imkoniyatini taqdim etish. Talabalarning mustaqil ta’lim
olish motivatsiyasini shakllantirish uchun haftada bir yoki bir necha kunni mustaqil ta’lim kunlari
sifatida belgilash. Bunda siz talabaga o‘zining bilim va ko‘nikmalarini baholash mezonlari va
shaklini, individual mustaqil ishni bajarish shaklini, hisobot mavzusini yoki topshiriq variantini
mavjudlari orasidan tanlash yoki ishlab chiqishni taklif qilishingiz mumkin. Ta’lim jarayoniga jalb
qilish, shuningdek, unda bevosita ishtirok etish talabalarning ishtiyoqini oshiradi.
Talabalarning yutuqlarini e’lon qilish orqali ularning natijalarini qadrlang. Omma
(universitet jamoasi va talabalar) oldidagi maqtov, ayniqsa uning fazilatlari va o‘ziga xos
xususiyatlarini tavsiflash, talabaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi, uning ichki
motivatsiyasini va shunga o‘xshash natijaga yana erishish istagini kuchaytiradi[6].
Shunday qilib, o‘qituvchilar oliy o‘quv yurtida o‘qish uchun shunday sharoit yaratishi
kerakki, unda talaba nafaqat nazariy jihatlarni tez o‘zlashtirib borishi, balki ularni amaliyotda
kreativ qo‘llagan holda amaliy ko‘nikmalarni ham egallashi mumkin bo‘lsin. Shuningdek, oliy
ta’lim muassasasining asosiy vazifasi ma’lum bir “qolip”ga tushgan talabalarni tayyorlash emas,
balki o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashga qiziqqan, amaliyotda qo‘llaniladigan mustahkam va
barqaror bilimga ega bo‘lgan professional talabalarni tayyorlashdir [6].
|
| |