13. Tashqi va ichki fanlararo bog‘liqlik:
Fizioterapiya fani bo‘yicha ta'lim berish vertikal integratsiya bo‘yicha normal anatomiya, normal va patologik fiziologiya, biofizika, biokimyo, farmakologiya, ichki kasalliklar propedevtikasi, gorizontal integratsiya bo‘yicha fakultativ va gospital terapiya, travmatologiya va ortopediya, fakultativ va gospital jarrohlik, doya-ginekologiya, nevrologiya, LOR kasalliklari, pediatriya fanlari bilan uzviy bog‘langan.
14. Mashgulot mazmuni
14.1. Nazariy kismi
Yorug‘lik bilan davolash
Tibbiyot amaliyotida kasalliklarni davolash va oldini olish maqsadida infraqizil, qizil (ko‘rinuvchi) va ultrabinafsha nurlari keng qo‘llaniladi. Yorug‘lik oqimida ularning to‘lqin uzunligi har xildir, ya'ni infraqizil nurlarniki 400 mkm – 760 nm, ko‘rinuvchi nurlarniki 760 nm – 400 nmgacha, ultrabinafsha nurlarniki 400 nm – 180 nmgacha. Yorug‘likning fiziologik ta'siri murakkab va xilma xildir. Ularning ta'siri asosida reflektor mexanizmlar yotadi. Yutilgan yorug‘lik energiyasining to‘qimalar bilan o‘zaro ta'sir qilishi natijasida yuzaga keladigan mahsulotlar terida joylashgan retseptorlarning ta'sirlanishiga sabab bo‘ladi, buning natija-sida kelib chiqadigan impulslar markaziy nerv sistemasiga beradi. Terida morfologik o‘zgarishlar ro‘y beradi va biologik aktiv moddalar hosil bo‘ladi, masalan, oqsil parchalanishidan hosil bo‘ladigan mahsulotlar va h.z. Ular qon va limfa oqimiga tushib, organizmga ta'sir ko‘rsatadi. Nurlarning bir qismi teridan qaytariladi, bir qismi esa organizmga yutiladi va boshqa turdagi energiyaga – issiqlik hamda kimyoviy energiyaga aylanadi. To‘lqin uzunligi har xil bo‘lgan nurlarning odam organizmiga yutilish darajasini o‘rganish katta ahamiyatga ega, chunki faqat yutilgan energiya biologik ta'sir ko‘rsatadi. Ko‘rinadigan nurlarning to‘lqin uzunligi qancha kam bo‘lsa, bu nurlar teriga shuncha chuqur kirib boradi va aksincha. Infraqizil nur issiqlik hosil qilish xususiyatiga ega, shuning uchun uni issiqlik energiyasi ham deb ataladi. Ular organizmga ancha chuqur kirib boradi (4-5 sm). Teri retseptorlari issiqlik ta'siri natijasida tomirlarni reflektor yo‘l bilan kengayishiga va arterial qizarishiga sabab bo‘ladi. Shu sababdan infraqizil nurlari og‘riqni kamaytirish maqsadida qo‘llaniladi. Ta'sir etilayotgan sohada qon shaklli elementlarining ko‘payishi va oksidlanish jarayonlarining kuchayishi almashinuvning yaxshilanishiga hamda patologik mahsulotlarning tezroq so‘rilib ketishiga olib keladi. Nur bilan ta'sir to‘xtatilganda teridagi qizarish yo‘qoladi. Ko‘rinuvchi nurlar organizmga 1-2 smgacha ichkariga kirib, issiqlik va fotoelektrik ta'sir ko‘rsatadi. Ultrabinafsha nurlari boshqa nurlarga qaraganda faol ta'sir etadi. Ular organizmga ta'sir etganda issiqlik sezgisini keltirib chiqarmaydi va terining eng yuza qatlamida yutiladi, ya'ni 1 mmgacha ichkariga kirishi mumkin. Uning ko‘p qismi epidermisga yutiladi va kam qismigina terining so‘rg‘ichli qatlamiga va yuzadagi tomir chigallariga yetib boradi. Terida pigmentlarning bo‘lishi uning yutilishini ko‘paytiradi, teri kapillyarlarini kengaytiradi, terining rangini o‘zgartiradi. Ultrabinafsha nurlari fotoelektrik va fotokimyoviy ta'sir qilish xususiyatlariga egadir.Bunda organizm to‘qimalaridagi har xil atomlarga ta'sir etib, ularni qo‘zg‘atadi va u yerda kimyoviy modda almashinuvining kuchayishiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida biologik aktiv moddalar hosil bo‘lib, qonga so‘riladi va organizmda javob reaksiyalarini yuzaga keltiradi. Shu bilan birga organizmga ta'sir etib, raxitga qarshilik ko‘rsatadigan maxsus modda – vitamin D hosil bo‘ladi. Shuning uchun ultrabinafsha nurlari raxit kasalligining oldini olinishda qo‘llaniladi. Ular bakteriotsid ta'sir qilish xususiyati-ga ega, bunda nurlar jarohat yuzasidagi, shilliq pardadagi, shuningdek havodagi bakteriyalarga bevosita, to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadi, ya'ni ularni o‘ldiradi. Organizmga infraqizil va ultrabinafsha nurlari bilan ta'sir etilganda terida qizarish yuzaga keladi. Ular bir-biridan quyidagilar bilan farq qiladi :
A)infraqizil nurlanishda hosil bo‘ladigan qizarishga xos belgilar :
-qizarish nur ta'sir etish vaqtida yuzaga keladi, ta'sir tugagach yo‘qoladi;
-chegarasi aniq emas;
-rangi toshmaga o‘xshash;
-nurlanishdan so‘ng dog‘lar qolmaydi.
B)ultrabinafsha nurlanishda hosil bo‘ladigan qizarishga xos belgilar :
-qizarish 4-6 soatdan so‘ng paydo bo‘lib, o‘zining maksimal cho‘qqisiga 18-24 soatdan keyin chiqadi va terida 2-3 kun saqlanadi;
-chegarasi aniq;
-rangi yaqqol qizil;
-nurlanishdan so‘ng terida dog‘lar qoladi (zagar).
Nurlar tabiiy va sun'iy yorug‘lik manbalaridan olinadi. Tabiiy yorug‘lik manbai quyoshdir, sun'iy yorug‘lik manbalariga har xil apparatlar kiradi. Infraqizil nurlarini olish uchun Minin, Solyuks lampalari va yorug‘lik-issiqlik vannalaridan foydalaniladi. Ko‘rinuvchi nurlar qizuvchi lampa va kunduzgi lampalar orqali, ultrabinafsha nurlar simob-kvars trubkali lampalar yordamida olinadi.
Infraqizil va ko‘rinuvchi nurlarga ko‘rsatmalar : o‘tkir osti va surunkali yallig‘lanish jarayonlari (infiltratning so‘rilishini tezlatish maqsadida), og‘riqlarning bo‘lishi, jarohatlar, yaralar (yara yuzasini quritish va mikroorganizmlarga noqulay sharoit yaratish maqsadida).
Ultrabinafsha nurlarini umumiy usuli qo‘llaniladi : raxitda, madorsizlikda, asab sistemasining kasalliklarida. Mahalliy usuli : trofik yaralarda, nevralgiya, teri, bo‘g‘im va suyak sildan zararlanganda, zotiljam va h.z.
Nurlatishga qarshi ko‘rsatmalar : xavfli o‘smalar, kaxeksiya, qon ketish va unga moyillik, o‘pka silining aktiv shakli, nefrit, o‘tkir ekzema va h.z.
Hozirgi vaqtda tibbiyot amaliyotida lazer nurlari keng qo‘llanilmoqda, shuningdek fizioterapiyada. Ular yuqorida ko‘rib chiqilgan nurlardan quyidagilar bilan farqlanadi :
-monoxromatikligi bilan, ya'ni optik spektorda 1 to‘lqin uzunligi bo‘lgan diapozonda bo‘ladi;
-kogerentligi bilan, ya'ni nurlanish elektromagnit tebranish chastotalari bilan mos tushadi va bir-birining ta'sirini kuchaytiradi;
-nurlar parallel holatda tarqaladi, shuning hisobiga boshqa nurlarga qaraganda yorug‘likni juda kam miqdorda yo‘qotadi;
-kichik bo‘lgan sohada katta quvvatli, yuqori bo‘lgan energiya hosil qiladi (jarrohlikda optik skalpel ravishda qo‘llaniladi);
-nurlanish juda yaxshi fotosirovka qilinadi, ya'ni ta'sir etish sohasiga aniq boradi.
Lazer nurlari to‘qimalarni termik jarohatlash, ya'ni kuyishga o‘xshash va mexanik effekt hosil qilib ta'sir ko‘rsatadi.Bu to‘qimalardagi bosimning oshishiga sabab bo‘lib, “to‘lqin zarbasi”ni hosil qiladi. Natijada endotoksinlar hosil bo‘ladi, to‘qimalarda ionizatsiya jarayonlari yuzaga keladi va elektromagnit maydoni to‘planadi. Shu bois katta quvvat hosil bo‘ladi, ular o‘smalarni parchalashda, to‘qimalarni kesishda, to‘r pardani yamashda keng qo‘llaniladi. Fizioterapiyada past quvvatli lazer nurlari qo‘llaniladi. Bu nurlar fermentlarni faollashtiradi, epitelial va suyak to‘qimasi regeneratsiyasini, modda almashinuvini yaxshilaydi. Nurlar og‘riq qoldirish, kavernaning bitishi va ustini kapsula bilan qoplash, trofik yaralarning bitishini tezlashtirish, yallig‘lanishga qarshi ta'sir qilish va boshqa xususiyatlarga ega. Lazer nurlari optik, kvant generatorlari yordamida olinadi. Bu maqsadda fizioterapiyada LG-75, OKG-12, LT-1 (yagoda) app-ratlari keng qo‘llaniladi.
|